Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:42

Ruslarning o‘ligini to‘plash. Markaziy osiyolik migrantlar ishg‘ol ostidagi Ukrainada ishga yollanmoqda


Rossiya nazorati ostidagi Mariupolda vayron qilingan binolardan biri.
Rossiya nazorati ostidagi Mariupolda vayron qilingan binolardan biri.

Urmat Ukrainada halok bo‘lgan rus askarlari jasadini yig‘ish uchun kuniga 120 dollarcha haq to‘laydigan Rossiya kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.

Ismi oshkor etilishini istamagan qirg‘izistonlik mehnat muhojirining aytishicha, u xavf-xatardan xabardor va buni Ukrainadagi urush zonalarida ishlayotgan qirg‘iz muhojirlari bilan ham gaplashgan.

“Ular menga ba’zan o‘q ostida qolishganini va odamlar o‘lganini aytishdi, – deydi Urmat Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati bilan suhbatda. –[Odamlar] shu ishni qilishyapti, boshqa chorasi ham yo‘q. Ba’zilar qarzga botgan".

Markaziy Osiyodan kelgan yuzlab muhojirlar hukumatlari Ukrainaga bormaslik haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Rossiya firmalari tomonidan Ukrainada ishga yollangan. Kiyev esa bu ishchilar rus bosqinchilariga sherik sifatida ko‘rilishini ta’kidlagan.

Aksariyat muhojirlar Mariupol kabi urushda vayron bo‘lgan shaharlardagi qurilish maydonlarida ishlamoqda. Ayrimlar xandaq qazimoqda, kimlardir jasad to‘plamoqda.

Қамоқ ёки “Вагнер”: Мигрантлар Украина урушига мажбуран ёлланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:52 0:00

Markaziy Osiyodan kelgan bir qancha muhojir ayollarning aytishicha, Ukraina sharqidagi harbiy gospitallar, oshxonalar va fabrikalarga ham ularni ishga taklif qilishgan.

Muhojirlarning asosiy qiziqishi pul ishlash.

Misol uchun, Ukrainaning Rossiya bosib olgan qismlarida qurilish ishlariga oyiga 2000 dollardan 3300 dollargacha bo‘lgan ish haqi bilan odam yollashmoqda, bu Rossiyada topiladigan puldan ancha yuqori.

Garchi Rossiya bo‘ylab mehnat muhojirlarining maoshi har xil bo‘lsa ham, ularning ba’zilari 7-mart kuni Ozodlik radiosiga oyiga 600 dollardan 1200 dollargacha maosh olishlarini aytdi.

Ukrainadagi ish o‘rinlari vebsaytlarda, Telegram guruhlarida va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi. Tojikistonlik ishchi Sorbon K.ga ko‘ra, muhojirlar bo‘sh ish o‘rinlari haqida ish beruvchilaridan yoki vatandoshlaridan eshitishadi.

Sorbonning aytishicha, u yo‘l qurilishida oyiga 1200 dollarga yaqin maosh oladi. U bu ishni o‘zi yashaydigan G‘arbiy Sibirdagi Surgut shahridagi malakasiz mavsumiy ishchilar uchun "eng yuqori maoshli ish" deydi.

“Bu yerda men bilgan muhojirlarning aksariyati Ukrainaga borishdan umuman manfaatdor emas, lekin vaqti-vaqti bilan u yerga kimdir ketganini eshitaman, – dedi u. – Men Mariupolga ishlagani borgan tojikistonlik yigitni bilaman, keyinroq qarindoshlarini ham chaqirgan edi".

Ukrainadagi ish o‘rinlari xavfsiz va yaxshi maoshli deb e’lon qilishadi. Ammo Ukrainada ishlayotgan o‘nlab muhojirlar va’da qilingan maoshni olmayotganidan nolimoqda.

Ukrainadan ketishga uringan ishchilarni Rossiya chegarachilari o‘tkazmayapti.

25-fevral kuni Ukrainadagi Rossiya shirkatlaridan birida ishlayotgan Qirg‘iziston fuqarosi Ozodlik radiosiga chegarachilar Rossiyaga qaytishiga to‘sqinlik qilganini aytdi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismini oshkor qilishni istamagan bu odam Mariupolga 400 ga yaqin ishchi, jumladan, 20 Qirg‘iziston fuqarosi bilan 2022 yilning may oyida kelganini aytdi.

«Rossiyaning qurilish kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganimdan so‘ng Mariupolga keldim va bu yerda sakkiz oydan ortiq ishladim”, deydi u Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga. “24-fevral kuni Ukrainadan ketmoqchi bo‘ldim, lekin Rossiya chegarachilari meni Rossiyaga o‘tkazishmadi. Mening ismim “qora ro‘yxat”da ekanligini aytishdi. Qanday qilib, bilmayman."

Ozodlik radiosi bu da’volarni tasdiqlay olmaydi. Moskvadagi qirg‘iz diplomatlari vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qilayotganliklarini aytishdi.

Rossiyada sobiq sovet davlatlari – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan millionlab mehnat muhojirlari yashaydi.

"Bu axloqiy qaror emas"

Rossiya kompaniyalari hatto Rossiya qamoqxonalaridagi Markaziy Osiyodan bo‘lgan mahbus ayollarni pul evaziga va sudlanganligini olib tashlash evaziga Ukrainada ishlashga jalb qilayotgani aytilmoqda.

Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida yashovchi Tilakmat otaning aytishicha, uning 31 yoshli qizi giyohvand moddalar savdosida ayblanib, Rossiyada olti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Ota kasbi hamshira bo‘lgan qizi Ukrainaga olib ketilishidan xavotirda. Yaqinda u otasidan unga tibbiyot kolleji diplomini yuborishni so‘ragan edi.

“Men unga hech qanday hujjat yubormayman, – dedi Tilakmat ota «Ozodlik» bilan suhbatda. – Unga oyiga taxminan 1200 dollar maosh va’da qilishganmish. Aytishlaricha, ruslar qamoqxonalardan shifokorlarni jalb qilishmoqda”.

Tilakmat ota qizim Ukrainaga ketgandan ko‘ra, “o‘z joyida qolishi” va qamoq muddatini oxirigacha o‘tashi kerak, deydi.

Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatidan bo‘lgan sobiq matematika o‘qituvchisi Xosiyat Safarmatova so‘nggi o‘n yil davomida Rossiyaning Tyumen viloyatida yashab keladi.

Safarmatova o‘zi yashayotgan joyda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina shaharlarida ishlagan yoki “u yerga borishni o‘ylayotgan” bir qancha tojik va o‘zbekni tanishini aytadi.

“Meni hayratda qoldirgani shundaki, ularning aksariyati Ukrainaga ishlash uchun borish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi haqida o‘ylamaydi. Ular uchun bu boshqa masala”, deydi u.

Aksar rossiyaliklar singari Rossiyadagi ko‘pchilik mehnat muhojirlari ham urush haqida Kreml propagandasiga ishonadi va unda Ukraina hamda G‘arb davlatlarini ayblashadi.

"Ba’zi odamlar Ukrainaga bormoqchi bo‘lib, fikrlaridan qaytadilar. Noto‘g‘ri deb o‘ylaganlari uchun emas, balki xavfli bo‘lgani tufayli", deya qo‘shimcha qiladi u.

XS
SM
MD
LG