Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:35

"Rossiya qilmishi uchun javob berishi kerak". Dunyo rahbarlari Bucha qirg‘inini qoralamoqda


Fuqaro kiyimidagi ikki kishining jasadi Bucha shahridagi ko‘chalardan birida yotibdi. Mahalliy aholining aytishicha, ularni rus askarlari otib tashlagan. Jasadlardan birining qo‘llari orqasiga bog‘langan. Bucha, Kiyev viloyati, 3-aprel, 2022.
Fuqaro kiyimidagi ikki kishining jasadi Bucha shahridagi ko‘chalardan birida yotibdi. Mahalliy aholining aytishicha, ularni rus askarlari otib tashlagan. Jasadlardan birining qo‘llari orqasiga bog‘langan. Bucha, Kiyev viloyati, 3-aprel, 2022.

Kiyev yaqinidagi bir paytlar sokin Bucha shahrida tinch aholiga qarshi ommaviy qatllar sodir etilganiga doir dalillar dunyo hamjamiyatini larzaga soldi. Ukraina va jahon yetakchilari shaharni nazorat qilgan Rossiya qo‘shinlarini ommaviy qirg‘in va urush jinoyatlarida ayblashmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-aprel kuni rus qo‘shinlarini shaharda "genotsid" sodir etishda ayblab, Kreml rahbarlarini o‘z harbiylari qilmishini ko‘rish uchun Buchaga taklif qildi.

Zelenskiy videomurojaatida, “Rossiyaning barcha rahbarlari o‘z buyruqlari qanday bajarilayotganini ko‘rishlarini istayman”, deya rus tilida gapirdi.

"Bu kabi buyruqlar va uning vahshiy ijrosi. Buning uchun umumiy javobgarlik bor. Bu qotilliklar uchun, qiynoqlar uchun, portlashda uzilib ketgan qo‘llar uchun... orqadan boshga otilgan o‘qlar uchun", dedi Zelenskiy.

Bucha, Kiyev viloyati. 2-aprel, 2022
Bucha, Kiyev viloyati. 2-aprel, 2022

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va rossiyalik harbiylar mamlakat qo‘shinlarining Ukrainadagi harakatlari uchun javobgar bo‘lishi kerak.

“Qo‘li orqasiga bog‘langan va boshi kesilgan odamlarni topganimizda, men tushunmay qoldim”, dedi u Bucha ko‘chalarida yotgan qurbonlar haqida.

4-aprel kun Zelenskiy Buchaga bordi. U omon qolgan aholi bilan gaplashdi va Buchada bo‘lgan voqealarni “genotsid” deb atadi.

Poytaxt Kiyevdan 35 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan shaharchaning Rossiya tomonidan bosib olinishining halokatli oqibatlari haqida ko‘plab video va fotosuratlar paydo bo‘ldi.

Ozodlik radiosining Ukraina xizmati muxbiri kichik shahar ko‘chalarida tinch aholi jasadlari yotganini ko‘rdi. U faqat birgina ko‘chaning o‘zida 10 ga yaqin jasadga guvoh bo‘lgan.

"Assoshieyted Press" agentligi jurnalistlari Bucha atrofidagi turli joylarda kamida 21 kishining jasadlarini qayd etdi. To‘qqiz kishidan iborat bir guruh jasadlarning barchasi fuqarolik kiyimida. Mahalliy aholi jasadlari rus kuchlari baza sifatida foydalangan joy yaqinida yotibdi. Qurbonlar yaqin masofadan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Ulardan kamida ikkitasining qo‘li orqasiga bog‘langan, birining boshiga o‘q uzilgan, deb yozdi AP.

Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova 3-aprel kuni Rossiya qo‘shinlaridan qaytarib olingan Kiyev viloyatidagi shaharlardan 410 nafar tinch aholining jasadi olib chiqilganini aytdi.

Bucha merining aytishicha, shaharchada 300 nafar aholi rus kuchlari tomonidan o‘ldirilgan. O‘shanda hudud chechen jangarilari nazoratida bo‘lgan.

Zelenskiy Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlarini tergov qilish uchun “maxsus mexanizm” ishlab chiqilganini aytdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi 3-aprel kuni bayonot berib, o‘z kuchlarining Bucha shahrida tinch aholi o‘ldirilishiga aloqadorligini inkor etdi va ayblovlar Kiyev tomonidan OAV uchun “sahnalashtirilgani”ni iddao qildi.

G‘arb Bucha va Ukrainaning boshqa joylaridagi vahshiyliklarni qoralamoqda.

AQShning Ukrainadagi elchixonasi Twitter da, "Bucha va Putin kuchlari tashlab ketgan boshqa hududlardan kelayotgan tasvirlar dahshatli. AQSh hukumati barcha mavjud vositalardan foydalangan holda aybdorlarni javobgarlikka tortishga harakat qiladi. Biz jim turolmaymiz, nima bo‘lganini dunyo bilishi kerak va hammamiz harakat qilishimiz kerak", deb yozdi.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson “Rossiyaning Irpin va Buchada begunoh tinch aholiga qarshi razil jinoyatlari Putin va uning armiyasi Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etayotganining yana bir dalili”, deya ta’kidladi.

"Putinning urush mashinasini to‘xtatish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman", dedi Jonson va Britaniya Moskvaga qarshi sanksiyalarini, Kiyevga esa harbiy yordamni kuchaytirishini qo‘shimcha qildi.

“Rossiya dunyo oldida o‘z qilmishi uchun javob berishi kerak", deb aytdi Yangi Zelandiya Bosh vaziri Jasinda Ardern. U hukumat Ukrainaga qo‘shimcha yordam masalasini muhokama qilishini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish "Buchada o‘ldirilgan tinch aholining tasvirlarini ko‘rib qattiq larzaga tushgani"ni aytdi.

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya qo‘shinlarining Bucha shahrida sodir etgan “harbiy jinoyatlari” tufayli uning mamlakati ittifoqchilari bilan Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar ishlab chiqishini ma’lum qildi.

Kiyev yaqinida Ukrainaning kutilganidan ham qattiqroq qarshiligiga duch kelgan Rossiya kuchlari poytaxtning shimoli va sharqidagi hududlarga chekindi.

Ba’zi ekspertlar qo‘shinlar olib chiqib ketilganiga shubha bildirib, rus qo‘shinlari Ukraina sharqiga hujumlarini yo‘naltirish uchun o‘z o‘rnini o‘zgartirayotganini taxmin qildi.

Janubda Nikolayev shahriga berilgan ruslar zarbasidan keyin bir kishi halok bo‘lib, 14 kishi yaralanganini ma’lum qildi shahar gubernatori Vitaliy Kim.

XS
SM
MD
LG