Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:48

Reuters: Kiyev yaqinidagi rus qo‘shinlari qaytadan guruhlanmoqda


Xarkovdagi janglarda tashlab ketilgan rus harbiy texnikasi. 17-fevral, 2022
Xarkovdagi janglarda tashlab ketilgan rus harbiy texnikasi. 17-fevral, 2022

Reuters agentligining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga tayangan holda xabar berishicha, Kiyevga zarba berayotgan Rossiya kuchlari Ukraina poytaxtining shimoli-g‘arbida qaytadan guruhlarga bo‘linmoqda. Britaniya rasmiylari fikricha, rus qo‘shinlari bir necha kun ichida shaharga hujum qilishga tayyor bo‘lishi mumkin.

Juma kuni Ukraina Rossiya kuchlarini butun mamlakat bo‘ylab shaharlarni bombardimon qilishda va o‘qqa tutishda aybladi. Xususan, Kiyev Rossiya Izyum shahri yaqinidagi ruhiy kasallar shifoxonasiga zarba berganini ta’kidladi.

Rossiyada esa Facebook va Instagram egasi Meta Platforms xoldingini «ekstremistik» tashkilot deb e’lon qilindi. Avvalroq Meta bosqinchi Rossiya qo‘shinlarini o‘ldirishga chaqiruvchi postlarga ruxsat berishga qaror qilgan edi.

Rossiya Ukraina bo‘ylab aholi punktlariga zarba bermoqda, ammo Kiyev shimolidagi asosiy qo‘shinlar bosqinning dastlabki kunlaridan beri siljiy olmayapti. G‘arb davlatlari rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yaqinidagi rus qo‘shinlari Ukraina poytaxtini yashin tezligida qo‘lga olishni rejalashtirgan bo‘lgan.

Qarorgohi AQShda joylashgan Maxar xususiy sun’iy yo‘ldosh firmasi tomonidan e’lon qilingan suratlar shuni ko‘rsatadiki, Kiyevning shimoli-g‘arbiy chekkasida joylashgan aeroport yaqinidagi shaharchalarda Rossiyaning zirhli bo‘linmalari harbiy manyovrlarni boshlagan. Rossiya urushning ilk soatlarida Kiyev aeroporti yaqiniga qo‘shin tashlagan edi.

Boshqa harbiy bo‘linmalar esa Kiyev shimoldagi Lubyanka aholi punkti yaqinida pozitsiyasini o‘zgartirgan va artilleriya gaubitsalarini shay holatga keltirgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi razvedka ma’lumotlariga tayangan holda «Rossiya yaqin kunlarda yangi hujumlarni amalga oshirish uchun o‘z kuchlarini qayta tiklash va qayta joylashtirishga intilmoqda. Bu, ehtimol, poytaxt Kiyevga qarshi amaliyotlarni o‘z ichiga oladi», deya bayonot e’lon qildi.

Bayonotda yozilishicha, Rossiyaning quruqlikdagi kuchlari davomli logistika muammolari hamda Ukraina qarshiligi tufayli cheklangan yutuqlarga erishdi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina mojaroda «allaqachon strategik burilish nuqtasiga yetganini» ta’kidladi.

- Ukraina yerlarini ozod qilish uchun yana qancha kunimiz bo‘lishini aytishning iloji yo‘q. Lekin buni uddalaymiz, deb ayta olamiz, - dedi u televideniye orqali ko‘rsatilgan murojaatida.

Ukraina bosh shtabi yarim tunda bayonot e’lon qilib, Rossiya kuchlari katta yo‘qotishlar ortidan qayta guruhlarga bo‘linayotganini bildirdi. Bosh shtabga ko‘ra, Ukraina Rossiya harbiylarini Belarus chegarasi yaqinida «noqulay pozitsiyalarga» chekinishga majbur qilgan.

«Urush jinoyati»

Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati mamlakat sharqidagi ruhiy kasallar shifoxonasiga qilingan hujumda hech kim jabrlanmaganini, chunki bemorlar yerto‘lada yashiringan bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Ammo Xarkov viloyati gubernatori Oleg Sinegubov binoda 330 kishi bo‘lganini aytib, hujumni «tinch aholiga qarshi urush jinoyati» deb atadi.

Ruhiy kasallar shifoxonasiga hujumdan ikki kun oldin Rossiya qamalda qolgan Mariupol shahrida tug‘ruqxonani bombardimon qilgan edi. Ukraina hujumda jabrlanganlar orasida homilador ayollar ham borligini ma’lum qildi. Rossiya esa shifoxona yopilganini va zarba paytida u yerda ukrainalik jangchilar bo‘lganini iddao qildi.

Rossiya yettinchi marta tinch aholi Mariupolni tark etishi uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejasini e’lon qildi. Shaharda yuz minglab odam oziq-ovqat, suv, issiqlik va energiyasiz qolgan. Har ikki tomon bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish qoidalariga rioya qilmaslikda ayblamoqda.

Россия-Украина: Урушга айланган 8 йиллик нафрат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:34:33 0:00

Ukraina odamlarga shaharni tark etishga yo‘l ochishga yana bir bor urinib ko‘rishini bildirdi.

- Umid qilamizki, bugun bu amalga oshadi, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk.

Rossiya Ukrainani «denatsifikatsiya qilish bo‘yicha maxsus amaliyot» boshlaganidan beri tinch aholini nishonga olganini rad etmoqda.

Putin «ijobiy siljishlarni» ko‘rmoqdami?

Prezident Vladimir Putin 24-fevral kuni bosqinga buyruq berganidan beri o‘zini sipo ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Juma kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Putin ukrainaliklar bilan muzokaralarda «ma’lum ijobiy siljishlar» bo‘lganini aytdi, biroq so‘zini ochiqlamadi.

Avvalroq Putin Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Yaqin Sharqdan 16 ming jangchini yollash taklifini ma’qullagan edi.

Rossiya davlat prokuraturasi suddan Meta xoldingini «ekstremist» deb topishni va uni Rossiyada taqiqlashni so‘radi. Shuningdek, Rossiya Tergov qo‘mitasi Meta xodimlarining «Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan noqonuniy o‘lim va zo‘ravonlik chaqiriqlari» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atganini ma’lum qildi.

Meta matbuot kotibi payshanba kuni kompaniya qoidalarini vaqtincha yumshatib, «rus bosqinchilariga o‘lim» kabi postlarga ruxsat berilishini, ammo rossiyalik tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik chaqiriqlari hanuz man etilishini ma’lum qildi. Reuters kontent moderatorlariga yuborilgan ichki elektron maktublarga tayanib, shirkat platformalarida Putin yoki Lukashenkoning o‘limiga chaqiruvchi ba’zi postlarga ruxsat berilgani haqida xabar berdi.

- Reuters xabariga ishonishni xohlamaymiz. Bunga ishonish juda qiyin, - dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.

- Umid qilamizki, bu chin emas, chunki agar bu chin bo‘lsa, bu holat kompaniya faoliyatini tugatish uchun eng qat’iy choralar ko‘rish kerakligini anglatadi.

Bu orada Yevropa Ittifoqi yetakchilari Fransiyaning Versal saroyida sammit o‘tkazdi. Sammit davomida Rossiyani jazolash, Ukrainaga yordam berish va ikki hafta ichida Ukrainani tark etgan 2,5 millionga yaqin qochqin taqdiri masalalari muhokama qilindi.

Bosqindan keyingi ikki hafta ichida G‘arb davlatlari tez sur’atda Rossiyani jahon savdosi va global moliya tizimidan ajratib qo‘yish yo‘lida misli ko‘rilmagan choralarni ko‘rdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden rivojlangan mamlakatlarni o‘ziga oluvchi «Katta yettitalik» guruhi hamda Yevropa Ittifoqidan Rossiyani «eng yaxshi qulaylik rejimi» deb nomlanuvchi global savdo-iqtisodiy bitimlardan chiqarishni so‘rashni rejalashtirmoqda.

Rossiyaning Kiyevga yurishi to‘xtab qolgan va mamlakat armiyasi hozirgacha Ukraina shimoli yoki sharqida birorta shaharni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, janubda Rossiya qo‘shinlari sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Juma kuni Moskva Ukraina janubi-sharqidagi ayirmachilar Mariupol shahri shimolidagi Volnovaxa shahrini egallab olganini ma’lum qildi.

Ukraina shaharlari turg‘unlari metrolarda boshpana izlamoqdalar. Nastya ismli yosh qiz Xarkovdagi metro bekatidagi vaqtinchalik karavotda yotganini aytar ekan, bir haftadan ko‘proq vaqtdan beri u yerda qolayotganini, ko‘p harakat qila olmayotganini va virus bilan kasallanganini aytdi.

- Uyimdan, do‘stlarimning uylaridan xavotir olyapman, butun mamlakat va, tabiiyki, o‘zim haqimda qayg‘uryapman», - dedi u Reuters muxbiriga.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati juma kuni markaziy Dnepr shahrida amalga oshirilgan uch havo hujumida kamida bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Idora so‘zlariga ko‘ra, havo zarbalari bolalar bog‘chasi yaqinida amalga oshirilgan.

Lutsk shahri meri Igor Polishchukning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi aerodromga uyushtirilgan hujumda to‘rt kishi halok bo‘lgan va olti kishi yaralangan. Bu zarbaga qadar asosiy to‘qnashuvlar Ukrainaning shimoliy, sharqiy va janubiy hududlariga cheklanib qolayotgan edi.

XS
SM
MD
LG