Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:40

Ramatovning imiji: Maqola va matbuot kotibining olinishi bosh vazir o‘rinbosariga bog‘lanmoqda


2019 - yilning 24 - oktabrida Ochilboy Ramatov (o‘ngda) prezident Mirziyoyevga "Toshkent yerusti metrosining ilk bekatlari bitdi"¸ deb hisob bergan edi.
2019 - yilning 24 - oktabrida Ochilboy Ramatov (o‘ngda) prezident Mirziyoyevga "Toshkent yerusti metrosining ilk bekatlari bitdi"¸ deb hisob bergan edi.

Gazeta.uz nashri o‘zining rus tilidagi sahifasida 3 kun oldin e’lon qilgan “Semyi pogibshix mogli nedopoluchit kompensatsiyu” degan sarlavha ostida berilgan maqola ochilmayapti.

Maqola 2019 - yil dekabrida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida nobud bo‘lgan olti ishchining oilalariga tovon puli to‘liq to‘lab berilmagani haqida edi.

Avvalroq Kun.uz nashri ham "Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia: jabrlanuvchilarga yetgan zarar to‘liq qoplanmagan bo‘lishi mumkin" deb nomlangan maqolani chop etgan edi.

Har ikki nashrga yaqin jurnalistlarning Ozodlikka xabar qilishicha, maqolani saytdan olib tashlash borasida tahririyatlarga bosim o‘tkazilgan.

Bosimlar Yunusobod metrosini qurgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ kengashi a’zosi (AJning oldingi rahbari), bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov nomi bilan bog‘lanmoqda.

Ayni maqoladan bir kun o‘tib, 4 - fevral kuni Kun.uz nashri"Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi ishdan bo‘shashga majburlanmoqda. U Ramatov bo‘yicha «g‘alati topshiriq»ni bajarishga ko‘nmagani uchun bosimga uchraganini aytmoqda" sarlavhali maqolani ham chop etdi.

Jurnalistlardan biri shu kunning o‘zida Kun.uz "direktori, direktor o‘rinbosari va muharrirga ketma-ket qo‘ng‘iroqlar, yumshoq qilib aytganda “iltimoslar” bo‘lgani”ni iddao qildi.

“Direktorga telefon qilib, tusha olmagan noma’lum shaxslar tungi soat 11 dan keyin uyiga borib, u bilan gaplashishni talab qilishibdi...”

Nomini ochiqlamaslikni so‘ragan jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bosimlar prezident Mirziyoyev Farg‘onada mahalliy bloger va jurnalistlar bilan muloqot qilgan 4 - fevral kuni yuz bergan. Manbaning aytishicha, shu kuni Kun.uz tahririyatiga aloqador "bir necha kishi DXXga chaqirilgan".

Gazeta.uzning ochilmayotgan maqolasi.
Gazeta.uzning ochilmayotgan maqolasi.

Ozodlikda tahririyat xodimlaridan biri DXXga chaqirilganlari va o‘zlariga qattiq bosim o‘tkazilayotganini aytgan yozishma nusxasi mavjud.

“Yaxshiyam shu bugun Prezident haqiqatni gapirishga, qo‘rqmaslikka chaqirgandi”, deydi tahririyat xodimlaridan biri jurnalistlarning o‘zaro yozishmasida.

Ozodlik bilan suhbatda Gazeta.uz muharriri Azamat Otajonov olib qo‘yilgan maqola yuzasidan o‘zlariga bosim o‘tkazilganini rad etdi. 8 - fevral kuni Otajonov Ozodlik savoliga javoban maqolani saytdan olib qo‘yish o‘zining "shaxsiy qarori" bo‘lganini ta’kidladi.

“Kanalimizda yozganimizdek, ba’zi ma’lumotlarni aniqlashtirish maqsadida vaqtincha o‘chirib qo‘ydik. Material Kun.uzdan tarjima qilingan, qo‘shimcha surishtiruv talab kiladi. Umuman, bu shaxsiy qarorim, chunki qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ularni tekshirishni tugatganimizda joyiga qaytariladi”.

Kun.uz nashriga yaqin jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, ayni maqolani saytdan olib qo‘yish borasida Kun.uz tahririyatiga ham bosimlar bo‘lgan, ammo tahririyat maqolani o‘chirishdan bosh tortgan.

Ayni paytda Gazeta.uz rus tiliga tarjima qilgan maqolaning asli Kun.uz saytida turibdi. Unda sayt o‘z surishtiruviga tayanib, quruvchilarning o‘limi tufayli ularning oilasiga yetkazilgan zarar yetarlicha qoplab berilmagan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar qilgan.

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida 2019 - yil 18 - dekabrida yer o‘pirilgani, buning oqibatida 6 odam nobud bo‘lgani haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan.

Maxsus komissiya qarori bilan jabrlanuvchilarning qaramog‘idagi shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 ta oilaning har biriga 261 million 938 ming 888 so‘mdan, jabrlanuvchi yana bir oilaga 281 million 62 ming 782 so‘m bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari berilgan.

Shuningdek, marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etilgan.

Transport vazirligiga yaqin mulozim Ozodlik bilan suhbatda Ochilboy Ramatov rahbarligida amalga oshirilgan metro qurilishida yuz bergan avariya “nihoyatda katta o‘g‘riliklar oqibati bo‘lgani”haqida gapirgan edi.

Ramatovning maxfiy piar kampaniyasini fosh qilgan matbuot kotibi ishdan ketdi

Ayni paytda 8 - fevral kuni jurnalist Bunyod Abdullayev Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimidan ketganini e’lon qildi.

Bunyod Abdullayev bir necha kun oldin mahalliy nashrga bergan intervyusida Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning "ijobiy imijini shakllantirish kampaniyasi"da ishtirok etishga majburlanayotgani to‘g‘risida aytgan edi.

Bunyod Abdullayev
Bunyod Abdullayev

“Bugun Davlat ekologiya qo‘mitasidan ishdan ketdim. Qo‘llab-quvvatlaganlarga katta rahmat! Batafsil keyinroq...” Bu xabarni Bunyod Abdullayev o‘zining Feysbuk sahifasida 8 - fevral, Toshkent vaqti bilan soat 14 atrofida e’lon qildi.

Jurnalist Ozodlikning voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan savollariga hozircha javob bermadi. O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga qilingan qo‘ng‘iroqlar ham javobsiz qoldi.

Ayni paytda Kun.uz saytining Bunyod Abdullaevga tayanib, 4 fevralda bergan xabari uning ishdan bo‘shashi sabablarini ochiqlashi mumkin.

Saytning yozishicha, Bunyod Abdullayev 2 - fevralda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida qo‘mitaning bir qator xodimlari ishdan olingani to‘g‘risida xabar qilgan.

Bunyod Abdullayevning aytishicha, 30 - yanvarda Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari qo‘mitaga kelib yig‘ilish o‘tkazgan, yig‘ilishda qo‘mitaning asosan, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari faoliyati keskin tanqid qilingan.

2 - fevralda esa, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va u boshchiligidagi kompleks rahbarlari, vazir hamda vazir o‘rinbosarlari ishtirokida kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda qo‘mitaning 6 boshqarmasi boshliqlari, jumladan, matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev ham ishdan olingan.

Bunyod Abdullayev o‘zining ishdan olinadiganlar ro‘yxatiga tushib qolishini o‘sha kundan ikki hafta avval «yuqoridan kelgan g‘alati topshiriq» bilan bog‘lagan.

Bunyod Abdullayevning Kun.uzga aytishicha, ikki hafta oldin uning shaxsiy telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini «Ramatovning maslahatchisiman» deb tanishtirgan kishi unga bosh vazir o‘rinbosarining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida alohida shtab tashkil qilingani hamda u ham shu imijni yaxshilash uchun haftaning har juma kuni ular tasdiqlagan mavzu bo‘yicha ma’lumot berib turishi kerakligini buyurgan.

Jurnalist bu topshiriqni rad etgan. Shundan so‘ng Bunyod Abdullayevga Vazirlar Mahkamasidagi «kuratori» Bahodir Shukurov telefon qilgan.

Bunyod Abdullayev «kuratori»dan yozma topshiriq tushirishni so‘ragan.

«U menga shtab boshlig‘i (maslahatchi) bergan topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimni buyurdi. Men bu bo‘yicha faqat yozma topshiriq kelsagina ish boshlashimni aytdim. Bahodir Shukurov esa yozma topshiriq bo‘lmasligi, shu qo‘ng‘iroq menga yozma topshiriqligini aytdi. Unga yana avvalgi javobimni takrorlaganimdan keyin telefonni jahl bilan qo‘yib qo‘ydi», deydi Bunyod Abdullayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Abdullayev 4 - fevral kuni qo‘mita rahbariyati bilan munosabatlari ancha taranglashgani, qo‘mita raisi va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishni talab qilib, unga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlab o‘tgan edi.

Oradan 4 kun o‘tib, Bunyod Abdullayev ishdan ketganini e’lon qildi.

Ekologiya qo‘mitasi yoki Vazirlar Mahkamasi Bunyod Abdullayevning ishdan bo‘shashi atrofidagi vaziyat hamda uning bayonotidagi iddaolar yuzasidan rasmiy sharh berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG