Qozog‘istonning tabiiy boyliklari neft bilan gazdan iborat emas. Mamlakatda Mendeleyev davriy jadvalidagi 118 elementdan 99 tasi mavjud. Bu boyliklarni kimlardir qazib olyapti. Ozodlik qozoq xizmati ularning kimligini aniqladi. Quyida surishtiruvning asosiy xulosalari.
- Qozog‘istonning neft va gazdan boshqa foydali qazilma konlarini ishlatuvchi shirkatlarning qariyb yarmi ofshor yoki ofshor belgilariga ega yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan. Ya’ni, bu yurisdiksiyalar biznes uchun juda past yoki nul soliq stavkalari taklif qiladi va firma egalarining anonimligini ta’minlaydi.
- Oqibatda mamlakatda faoliyat olib borayotgan aksar qazib oluvchi firmalar yakuniy benefitsiarlarining shaxsini aniqlash yo juda qiyin, yo imkonsiz bo‘lib qolayotir. Qozog‘iston esa bundan soliqlar hisobiga yuzlab million dollar zarar ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.
OFSHORLAR
Bosibroq qaralsa, qozoq zamini bag‘ridagi ko‘mir, oltin, nodir metallar va boshqa anvoyi boyliklarni sohiblari sayyoramizning eng ekzotik o‘lkalarida ro‘yxatdan o‘tgan firmalar qazib olayotgani ayon bo‘ladi.
Ozodlik Qozog‘iston sanoat va qurilish vazirligining yer qa’ridan foydalanish shartnomalari ro‘yxatidagi 264 ta neft-gaz shirkatini o‘rgandi. Ma’lum bo‘ldiki, ulardan 40 foizi ofshor yoki “shunaqa belgilarga ega” yurisdiksiyalardagi tashkilotlarga bevosita yoki bilvosita tegishli ekan. Faqat qazib oluvchi shirkatlarni hisobga oladigan bo‘lsak, ularning ulushi 44 foizga (171 firmadan 76 tasi) yetadi.
Mamlakat tabiiy boyliklarini, masalan, Britaniya Virgin orollari yoki Kayman orollarida ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlar qazib oladi. Samoa Mustaqil Davlatiga oid shirkat ham bor. Bu mo‘jaz orollar turkumi bo‘lib, Qozog‘istondan juda olis – Tinch okeanining bir burchagida joylashgan. Gernsi degan yerning firmasi ham bor. Bu ham orol, faqat La-Mansh bo‘g‘ozida, Britaniyaga qaraydi.
Qozog‘iston tabiiy boyliklarini qazib oluvchi shirkatlardan yana bir talayi unchalik ekzotik bo‘lmasa-da, soliq siyosati va maxfiylikni ta’minlash nuqtayi nazaridan juda jozibador bo‘lmish Kipr, Niderlandiya, Shotlandiya, Singapur, Luksemburg va Britaniya kabi mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tgan.
YOPIQ OFSHORLAR
Sobiq “soliq jannatlari”dan biri – Kipr, Qozog‘iston boyliklarini qazib oluvchilar uni juda sevishadi. 2019-yilda Kipr o‘z qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritib, reyestrlarni ochiqlagach ortiq ofshor bo‘lmay qoldi. Ammo u yerda ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlarning sohiblarini bilib olish uchun hanuz o‘bdan ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Ofshor shirkatlar bilan bog‘liq jiddiy muammolardan biri – ular faoliyati shaffof emasligidir.
Bir necha misol keltiramiz. “BAS” savdo-sanoat shirkati Qarag‘anda viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, ko‘mir qazib olishga litsenziyasi va uni eksport qilishga eksklyuziv huquqi bor. Yagona aksiyadori – Kiprning CIGARDES LIMITED shirkati. Direktor deb Denis Cherkashin deb ko‘rsatilgan. U Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan yana uchta shirkatning direktori hisoblanadi.
Ochiq hujjatlar va bazalarda CIGARDES LIMITED mulkdorlarini topa olmaysiz. Ularning ismi shariflarini aniqlash uchun Kipr hukumatiga so‘rov kiritish yoki vositachi saytlarga pul to‘lash kerak bo‘ladi.
“STS-1” ko‘mir shirkatining yakuniy egasini qidirganda ham shu ahvol. U ham qozoq ko‘mirini eksport qilish huquqiga ega. Aksiyadori – Kiprning MD ENLIGHTEN FUTURE LIMITED shirkati, direktori – Mixail Tasos. Kiprda direktori xuddi shunaqa ism-familiyali odam direktorlik qiladigan yana kamida 20 ta shirkat bor.
2022-yilga qadar “STS-1” aksiyadori Ildar Zakirov edi. Uni “ko‘mir korchaloni” deb atardilar. 2011-yilda pul yuvish va soliqdan bo‘yin tovlash aybi bilan Zakirov ustidan jinoyat ishi ochilgan edi. Shundan so‘ng u mamlakatdan qochib ketdi. 2012-yilda ayblov bekor qilindi. Hozirda Zakirov – Qarag‘anda GRES-1 muassisi. U “BAS” bilan ham bog‘langan edi, aniqrog‘i, 2009-yilda “BAS”ni ta’sis qilgan shirkatlardan biriga egalik qilgan.
Qozoq ko‘mirini eksport qilish eksklyuziv huquqi SatKomir va “Razrez Kuznetskiy”ga ham berilgan. Ularning ta’sischilari Singapurda ro‘yxatdan o‘tganlar. Ushbu mamlakatda shirkatlar sohiblarini bilib olish imkoni bor, ammo buning uchun bir qancha byurokratik to‘siqlardan o‘tish kerak.
Eksklyuziv ko‘mir eksportchilaridan yana biri – “Transko‘mir”. Uning mulkdorlaridan bittasi Kiprda, yana biri esa BAAda ro‘yxatdan o‘tgan. Amirliklar o‘z yurisdiksiyalarida firmalar egalarining maxfiyligini to‘liq kafolatlaydi.
2023-yilda qozoq ko‘mirini chet elga sotish huquqi jami 33 shirkatda bo‘lgan. Ulardan qariyb uchdan biri (yoki 10 tasi)ning mulkdorlari Niderlandiya, Singapur, Kipr yoki BAAda ro‘yxatdan o‘tganlar.
OFSHOR ZANJIRLARI: BЕNЕFITSIARNI IZLAB
“Anonimlik”ning yaxshi tomoni ham bor: mulkdorlarga oid biron ma’lumot o‘rtaga chiqsa, kalavaning uchini topib olish mumkin.
Masalan, mashhur ofshor hudud bo‘lmish Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan firmalar egalarining ismlarini oddiy yo‘llar bilan aniqlay olmaysiz – ularga to‘liq anonimlik kafolatlangan. Biroq sizdirma ma’lumotlar benefetsiarlarni baribir fosh etib qo‘yadi. Qozog‘istonda 2006-yildan beri mavjud “Toqtar” tog‘-kon shirkati sohibining ismi shu tariqa ochiqlangan edi.
“Toqtar”ga “KAML Kazaxstan Xolding” MCHJ orqali – Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan WILDORF HOLDING LTD shirkati egalik qiladi. Ofshorlardan sizib chiqadigan ma’lumotlarni tahlil qiluvchi surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumiga ko‘ra, ushbu MCHJ sohibining ismi Muhamedjan Turdaxunov bo‘lib, u “KAML Kazaxstan Xolding” rahbari o‘laroq qayd etilgan.
WILDORF HOLDING LTD – Turdaxunov “Sokolov-Sariboy tog‘-kon boyitish ishlab chiqarish birlashmasi” boshqaruvi raisi bo‘lgan paytlarda tashkil qilingan. U Eurasian Resources Group (ERG yoki Yevroosiyo guruhi)ga qarashli. Aftidan, “Toqtar”ni Qo‘stanay viloyatidagi Toqtar konidan oltin qazib olish shartnomasini qo‘lga kiritish maqsadida ta’sis etganlar.
Ayrim shirkatlarning uzun boshqaruv zanjiri bemalol A4 bichimli qog‘ozga jo bo‘ladi, ammo bu zanjirni halqama-halqa tekshirib, bir ofshordan ikkinchisiga o‘tib, alaloqibat benefitsiar nomini bilib olsa bo‘ladi. Masalan, “Qazaqstan alyuminiy” shirkati amalda, “Sokolov-Sariboy tog‘-kon boyitish ishlab chiqarish birlashmasi” kabi, Yevroosiyo guruhiga tegishli.
Bu qog‘ozda quyidagicha aks etadi: “Qazaqstan alyuminiy” egasi – EKT Holding MCHJ, MCHJning egalari esa NC Eurasian Holding B.V. hamda Eurasian Resources Group B.V.
Zanjir bo‘ylab davom etamiz: ERG Sales AG – ENRC N.V. – ENRC Finance Limited – Eurasian Natural Resources Corporation Limited – Eurasian Resources Group B.V – Eurasian Resources Group – Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki va xususiylashtirish qo‘mitasi 40 foiz, ALM Management S.a.r.l 20,72 foiz, Silverfjord Holding S.a.r.l. 20,71 foiz, Eleanore Luxembourg II S.a.r.l 18,57 foiz; ALM Management S.a.r.l – ALM Luxembourg Holdings S.a.r.l – ALM Group S.a.r.l – STAK ALM Holdings I – Mashkevich Aleksandr (Isroil davlati); Silverfjord Holding S.a.r.l. – Westfjord Capital S.a.r.l – Ibragimov Alijon (Qozog‘iston, 2021-yilda vafot etgan, aktivlari oila a’zolariga o‘tgan – Tahr.); Eleanore Luxembourg II S.a.r.l – Eleanore Luxembourg I S.a.r.l – Shodiyev Patox (Belgiya) 100 foiz.
ERG Qozog‘iston metallurgiya sanoatining katta qismini nazorat qiladi va 26 ta korxonani o‘z ichiga oladi. Yuqorida tilga olingan “Qazaqstan alyuminiy” bilan Sokolov-Sariboy TKBICHB, shuningdek “Pavlodar mashinasozlik zavodi” ham shular jumlasidan.
Eurasian Resources Group'ning asosiy mulkdorlari ko‘p yillar Aleksandr Mashkevich, Patox Shodiyev hamda 2021-yilda vafot etgan Alijon Ibragimov edi. 1990-yillar o‘rtalaridan shirkat Eurasian Natural Resources Corporation nomi bilan tanildi. Xususiylashtirish davrida u metallurgiya sanoati aktivlarini sotib oldi. Shirkatga asos solgan oligarxlar Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevga yaqin bo‘lgani aytiladi. Xususan, Fransiyadan vertolyotlar sotib olinishi bilan bog‘liq janjalli “Vertolyot Qozoqgeyt” ishida ularning ismlari birga kelgan edi.
ENRC London birjasida oldi-sotdi bilan shug‘ullangan, 2013-yilda esa delisting qilingan. O‘shanda Britaniya hukumati Afrikadagi biznes operatsiyalari tufayli shirkatni taftish qilgan edi. Taftish o‘tgan yili, “dalillar yetishmasligi munosabati bilan” yopildi. ENRC hozirda to‘lig‘icha, Lyusemburgda ro‘yxatdan o‘tgan Eurasian Resources Group xususiy shirkatiga tegishli. Saytida aytilishicha, aksiyalarining 40 foiziga Qozog‘iston hukumati egalik qiladi. Direktorlar kengashi raislari sifatida Mashkevich, Ibragimov va Shodiyevning o‘g‘illari – Sobir Shodiyev va Shuhrat Ibragimovlar qayd qilingan.
Qozog‘iston konchilik sanoatidagi “matryoshka”lar ichidan katta oligarxlarni ham, taniqli ajnabiy shirkatlarni ham topish mumkin. Chunonchi, Aktobe Steel Production MCHJ Virgin orollari orqali Asaubayevlar oilasiga olib boradi. “QazGeorud”, “Kopper Teknoloji” hamda “Aqto‘be mis shirkati”ning Hollandiya va Kiprdagi sohiblari ortida esa “Russkaya mednaya kompaniya”ning qulog‘i ko‘rinadi.
Lekin ba’zan zanjirning so‘nggi halqasi hech nimani ochiqlamasligi ham mumkin. Oltin qazib chiqaruvchi “Qazaqaltin” shirkatini olaylik. Hozirda u “Altinalmas” AJga tegishli. Ushbu AJ o‘zini Qozog‘istondagi eng yirik oltin qazuvchi deb ataydi.
Uning aksiyalari nazorat paketi Niderlandiyadagi Gouden Reserves B.V.ga tegishli. Kichikroq paket – Vladimir Jumanbayevga. Niderland shirkati – Singapurdagi Trustee Pte Ltd mulki ekan, u esa, auditorlik hujjatlariga ko‘ra, Family Trust shirkati nomidan ish ko‘radi. Biroq Family Trust qanaqa shirkatligini aniqlab bo‘lmadi: affillangan shaxslarga doir hech bir hujjatda manzil ko‘rsatilmagan. Ammo u Niderlandiyaning Gardien B.V. shirkatiga qaraydi. Chuqurlashib boraversangiz, pirovardida bu quduq qa’rida Rossiya va Niderlandiya fuqarosi bo‘lmish Anna Beryozina ismli xonimga duch kelasiz.
Qozog‘iston oltin qazib chiqarish biznesida kamida 2013-yildan beri ishlab kelayotganiga qaramay, Beryozina haqida juda kam ma’lumot bor. Uni qozoq tadbirkorlari Vladimir Kim va Eduard Ogay bilan bog‘liq ko‘riladi.
Oltin qazib oluvchilar mavzusini davom ettiradigan bo‘lsak, Pavlodar viloyatida faoliyat olib boruvchi “Mayqayin altin” egasi – Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Rence Enterprises Limited shirkatidir. Unga Serbiya fuqarosi Milan Popovich direktorlik qiladi. Janob Popovich Kiprdagi yana sakkiz shirkatda shu lavozimni egallagan. Uni “Russkaya mednaya kompaniya” asoschisi bo‘lmish rossiylik oligarx Igor Altushkin bilan bog‘laydilar. Altushkin, Forbes talqinidagi Rossiyaning eng badavlat odamlari ro‘yxatida 37-o‘rinni egallab turibdi.
“Mayqayin altin”, bir necha oy muqaddam ichida to‘rt qutqaruvchi bo‘lgan avtobus uning shaxtasiga qulaganida yana bir bor tilga tushgan edi. Ikki qutqaruvchining jasadlari hanuz topilmadi. Qidiruv to‘xtatilgan. Yo‘qolganlar o‘lgan deb tan olingani yo‘q, ularning oilalari esa tovon puli ololmayapti.
QOZOQ QAZUVCHILARINING ENG EKZOTIK OFSHORLARI
Gernsi va Jersi hududi Normand orollari tarkibiga kiradi. Ular rasman Britaniya toji ostida bo‘lsa-da, ko‘p jihatdan mustaqil – o‘z soliq tizimi, ramzlari, banklari va pul birligi bor. Gernli va Jersi bir zamonlar eng mashhur ofshorlar sirasidan edi, ammo keyinchalik YI va Britaniya bosimi ostida soliq qoidalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lib, burungi jozibasini birmuncha yo‘qotgan.
Qozog‘iston konlaridan foydalanuvchi ikki korxonaning mulkdorlari Gernli va Jersida ro‘yxatdan o‘tganlar. Birinchisi – AltynEx Company – Aqto‘bedagi Yubileynoye konidan oltin qazib oladi. Uning chin egalarini aniqlash mushkul. Elektron hukumat qaydlariga ko‘ra, shirkat aksiyalari Jersida ro‘yxatdan o‘tgan Terra Minerals Exploration Limited hamda LINKORN LIMITED'ga tegishli. Paradise Papers sizdirma ma’lumotlarida birinchi shirkat direktori deb qozog‘istonlik tadbirkor Dinmuhamet Idrisov, egasi deb esa Hindistonning SUN Gold konserni ko‘rsatilgandi. Linkorn Limited sohibi esa rossiyalik Boris Lunin ekani aytilgan. OAVlar yozishicha, 2016-yili shirkatda yangi aksiyadorlar paydo bo‘lgan, ular orasida Dinmuhamet Idrisov (salkam 25 foiz) hamda Anna Beryozina (qariyb 6 foiz) ham bor.
Biroq Qozog‘iston fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, AltynEx Company'ning barcha aksiyalari Sarsenov Eldar Rashitovich degan kishining qo‘lida. Sarsenovlar oilasi Forbes'ning Qozog‘iston ro‘yxatiga kirgan, ular Nurbank, “Fransuz uyi” tarmog‘i, “Byutimaniya” va boshqa aktivlarga egalik qilishadi.
Gernsi oroli bilan “Balausa” firmasi bog‘langan. U Qizilo‘rda viloyatidagi dunyoning eng yirik vanadiy koni – Balasausqandiqni yurgizadi. Vanadiy ma’danidan metallurgiya, elektronika va kimyo sanoatida foydalaniladi. Kon shunisi bilan diqqatga sazovorki, undagi ruda xarakteristikasi qazib olishga ancha kam mablag‘ sarflashga imkon beradi. “Balausa” mulkdori – aksiyalari London fond birjasida sotiladigan Ferro-Alloy Resources Limited shirkatidir.
Bu shirkatning asosiy aksiyadori esa Theseus (Guernsey) Ltd deb ataladi va u yana shu Gernsi orolida ro‘yxatdan o‘tgan The Athol 3 Settlement shirkatining ishonchli boshqaruvchi sifatida ish ko‘radi. The Athol 3 Settlement, o‘z navbatida, 2020-yilda ta’sis qilingan Vision Blue Resources Limited investitsiya fondi bilan affillangan. Fondga esa Britaniya konservatorlar partiyasining sobiq g‘aznachisi Mik Devis asos solgan.
Ferro-Alloy Resources Limited'ning ikkinchi yirik aksiyadori va bosh operatsion direktori – Andrey Kuznetsov. 1990-yillarda u Rossiya Alfa-Bankining Qozog‘istondagi shu’basi bosh direktori edi, 2006-yilda esa “Balausa”ga direktor bo‘lgan.
Samoa Mustaqil davlati – Polineziyadagi atigi 200 ming aholi yashaydigan mamlakat. U yerda ofshor shirkatlar barcha mahalliy soliqlar – daromad solig‘i, kapital o‘sishi solig‘i, tranzaksiya va shartnomalar bo‘yicha soliqlardan ozod etilgan. Xullas, shu ovloq go‘shada ro‘yxatdan o‘tgan Shine Lead Group Limited otli shirkat oltin qazib chiqaruvchi IRG Kazakhstan firmasiga egalik qiladi. Firmani 2010-yilda International Resources Group Limited shirkati va Berikbolov Sirim Baxitjanov ta’sis qilgan. Tashkil etilgani hamon “Sharaltin” shirkati unga Shar oltin-ruda konini ishlatish huquqini bergan edi.
Shine Lead Group Limited shirkati IRG Kazakhstan'ni 2017-yilda sotib olgan. Auditorlik hisobotlariga ko‘ra, uning ikki akkiyadori bor – Dragon Presper Investments Limited va Dragon Sum International Limited. Ikkisi ham Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan. Ikkisining ham sohibi – Xitoyning Tianjin Dragon Fly Invest Development Co Ltd shirkati bo‘lib, bu shirkat ikki nafar Xitoy fuqarosiga qarashli.
OFSHORLAR, TRЕYDЕRLAR, SOLIQLAR
Konchilik tarmog‘ining “Qazatomsanoat”, “QazMinerals”, “Qazxrom” va “Qazgeologiya” kabi gigantlari ham ayrim korxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki chet el yurisdiksiyalari orqali egalik qiladi. Ekspertlar fikricha, buning sababi oddiy.
“Foydali qazilmalarni eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi biznes o‘z mijozlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, treyderlar orqali ishlaydi. Agar bu Osiyo bozori bo‘lsa – ko‘pincha Singapurdan foydalanishadi. Yevropa bozorida esa Shveysariyadan. Ya’ni, agar Chiliga ko‘mir sotiladigan bo‘lsa, Chili shirkati uchun pulni Shveysariyada yevroda, dollarda, frankda yoki boshqa valyutada to‘lash qulayroq, to‘lov u yog‘iga qayerga borib tushishi ularni qiziqtirmaydi. Bu yerda bank tizimi mutlaq shaffof, bunaqa sxemalar ming yildan amal qiladi va yuqori darajada ishonchli. Shuning uchun ham undan tez-tez foydalanishadi. Singapur haqida ham xuddi shunday deyish mumkin”, deydi surishtiruvchi jurnalist Dmitriy Suxarev.
Biroq bu Qozog‘istondagi neftdan boshqa qazilma konlarini ishlatuvchi shirkatlar sohiblarining deyarli yarmi maxfiy qolayotganini inkor etolmaydi. Ularni topish uchun chet eldagi reyestrlarni xo‘p titkilash, so‘rov ustiga so‘rov yo‘llash, uzun kalavalar chigilini yechish kerak bo‘ladi. Shunda ham yakuniy benefitsiar aniqlanishiga kafolat yo‘q. Ba’zan esa ular butkul anonim bo‘lib qoladi.
Ekspertlarga ko‘ra, bu chuqur muammolar alomati ham bo‘lishi mumkin.
“Agar shirkat o‘zi ishlab turgan mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, reyderlik yo‘li bilan bosib olinishi ehtimoli baland bo‘ladi: biron bir korchalon yoki davlat ushbu aktivlarga ko‘z olaytiradi va istasa, olib qo‘yadi ham. Dengiz orti hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan shirkatga nisbatan bunaqa yo‘l tutish anchagina qiyin. Nazarimda, mamlakatdagi yirik shirkat yoki uning sohiblari rasman boshqa bir yurisdiksiyalarda bo‘lishi ushbu mamlakatning huquq tizimi yomon ishlayotganini yoki umuman ishlamasligini, investitsiya muhiti nobopligini va katta biznesmenlar shu tariqa aktivlarini yashirishga urinayotganini bildiradi”, deydi Suxarev Ozodlikka bergan izohida.
Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018–2022-yillarda Qozog‘istondagi rezident yuridik shaxslar ofshor yurisdiksiyalarga daromad solig‘i sifatida salkam 505 mlrd tanga to‘laganlar, shundan qariyb 285 mlrd tangani aynan konchilik shirkatlari to‘lagan.
Qo‘mita Ozodlik so‘roviga javoban, ofshor yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlar Qozog‘istonda ham soliqqa tortilishini bildirdi.
“Soliq kodeksining 646-moddasi 2-bandiga muvofiq, Kodeksning 644-moddasi bilan belgilangan vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi imtiyozli soliqqa tortish tizimi mavjud davlatda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar daromadlarining to‘lov manbasidan 20 foiz soliq undiriladi”, deyilgan qo‘mita javobida.
Qozog‘iston konchilik shirkatlari orasida juda mashhur bo‘lmish Niderlandiya, Kipr yoki Singapurni imtiyozli soliqqa tortish tizimi mavjud davlatlar sirasiga qo‘shmaydi. Ayni chog‘da ular bilan ikki tomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risida shartnomalar imzolangan. Bu degani soliq to‘lovchi soliqni faqat bir mamlakatga to‘lashi mumkin.
Shu o‘rinda, mis qazib olish bilan shug‘ullanuvchi KAZ Minerals Aktogay shirkati bilan bo‘lgan voqeani esga olish joiz bo‘lur edi. U 100 foiz KAZ Minerals Aktogay Finance Limited'ga ya’ni KAZ Minerals'ning britaniyadagi shirkatiga tegishli. 2023-yilning yozida Olmaota prokuraturasi KAZ Minerals Aktogay 2018-yildan boshlab 4 yil Qozog‘istonda to‘lanadigan soliq miqdorini atay kamaytirib, ko‘proq pulni dividend sifatida britaniyalik aksiyadoriga o‘tkazib kelganini ma’lum qilgan edi. Prokuratura o‘shanda 8 mlrd tanga davlat g‘aznasiga tushmay qolganini aytgan, biroq soliq tekshiruvidan so‘ng pul davlatga to‘langan edi.
Britaniyaning Tax Justice Network Qozog‘istonning soliq qonunchiligi buzilishi tufayli ko‘rayotgan yillik zarari miqdorini kamida 183 million dollarga baholagan. Shundan 118 million dollar – shirkatlar ro‘yxatdan o‘tgan ofshor yurisdiksiyalarga ketmoqda.
Tax Justice Network ekspertlariga ko‘ra, bu faqat aysbergning uchi bo‘lsa ham ajab emas.
“Ushbu pul oqimlarining tabiati raqamlarni aniqlashni qiyinlashtiradi. Pullarni mumkin qadar pinhon tutishadi, bu tushunarli. Biroq bizda ko‘lamni baholashning bilsovita usullari ham mavjud. Tax Justice Network'ning so‘nggi ochiq ma’lumotlarida milliy korporatsiyalar daromadlarini ofshorlarga ko‘chirishi va boyligini yashirish orqali soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashi oqibatida dunyoda yo‘qolib qolayotgan pul miqdori yiliga 470 mlrd dollarga baholangan. Bu o‘ziga xos mo‘ljal bo‘lib, noqonuniy moliyaviy oqimlarning boshqa turlari haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi”, deydi Karlov universiteti iqtisodiyot professori, Tax Justice Network tadqiqot bo‘limi rahbari Miroslav Polanski.
Polanski aytadiki, ko‘plab mamlakatlarda vaziyat o‘zgarishiga nufuzli shaxslarning status-kvodan manfaatdorligi va “tizimdan foyda ko‘rayotgan elitaning lobbistlari” xalal berishi mumkin.
“Bunaqa odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, siyosatchilarning bosimga chidashi va shaffoflik hamda adolatli soliq tizimi tomon qadam qo‘yishi shunchalik qiyinlashadi. Nufuzli kishilarning ushbu o‘zgarishlar uchun kurashishni istamasligi katta muammo deb o‘ylayman. Ularning manfaatlari qolgan butun jamiyat manfaatlariga uyg‘un emas”, mulohaza qiladi Polanski.
Ammo jurnalist Dmitriy Suxarev ofshorlar vaqt o‘tgani sayin “pul yuvuvchi yoki biron nimani yashirishga urinuvchi odamlar uchun xavfsiz bo‘lmay qoladi”, degan fikrni ilgari surmoqda.
“Yo ma’lumot sizib chiqadi, yo ofshor hududlarning hukumatlari ularni o‘zlari ochiqlaydi. Biz raqamli olamda yashayapmiz, bundan hech kim himoyalanmagan. Kimdir pinhon tutayotgan har qanday pullarni, agar xohish bo‘lsa, topish mumkin”, deydi Suxarev.
Sanoat vazirligi qaydlariga ko‘ra, Qozog‘istonda qariyb 350 ta uglevodorod konlari va 950 dan ziyod qattiq foydali qazilma konlari mavjud. Rasmiy statistikaga qaraganda, 2023-yilda tog‘-kon sanoatining mamlakat YIMdagi ulushi 13 foizni tashkil qilgan.