Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:39

Prezidentning kutilmagan tashrifidan qo‘rqqan mulozimlar “qoloq mahalla”larni obod qilishni boshladi


Andijon shahridagi “Sog‘lom turmush” mahallasidagi hashar payti olingan surat.
Andijon shahridagi “Sog‘lom turmush” mahallasidagi hashar payti olingan surat.

Mirziyoyevning Farg‘onadagi “Shodiyona” mahallasiga 5 - fevral kungi kutilmagan tashrifidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab “qoloq mahalla”larda obodonlashtirish tadbirlari boshlandi.

Prezident “Shodiyona” mahallasidagi ahvolni tanqid qilishi ortidan Farg‘ona shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbarlari ishdan bo‘shatilgandi.

Mulozimlar Farg‘onadagi rahbarlar vaziyatiga tushmaslik maqsadida “qoloq mahalla”larni zudlik bilan obod qilishga kirishgan.

Ozodlikka kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, hashar ko‘rinishida bo‘layotgan bu jarayonda tadbirkorlar va idora-tashkilotlar homiylikka majburlanmoqda.

Andijon

Andijon shahridagi “Sog‘lom turmush” mahallasida bo‘layotgan hasharda shahardagi barcha mahallalarning faollari ishtirok etmoqda. Bu haqda hasharchilardan biri Ozodlikka ma’lum qildi.

“Shahardagi barcha MFY xodimlari “Sog‘lom turmush” mahallasida hashar o‘tkazyapti. Majburiy mehnat bo‘lyapti. Ko‘zbo‘yamachilik qilish kimga kerak?”, deya nolidi andijonlik hasharchi.

Hasharchi voqea joyidan Ozodlikka yo‘llagan suratlardan jamlangan quyidagi fotogalereyada ko‘chalarni tozalab-supirayotgan, uylarning darvoza-eshiklarini bo‘yayotgan odamlar aks etgan.

Buxoro

Andijondagi kabi hashar so‘nggi 10 kun ichida mamlakatning deyarli barcha hududlarida kuzatilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Dovud” mahallasida ham 15 - fevral kuni hashar o‘tkazilgan.

Ozodlikka bu haqda xabar bergan jondorlik manbaga ko‘ra, tumandagi jami 5ta mahallada bir paytning o‘zida obodonlashtirish boshlangan.

“Jondordagi “Dovud”, “Murg‘ak”, Oytug‘di”, “Aleli” va “Somonchuk” mahallalari tumanimizdagi qoloq mahallalar hisoblanadi. Hozirda shu 5 mahallaning hammasida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda”.

Sirdaryo

Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi “Navoiy” mahallasida o‘tkazilgan hasharda ko‘chalarga shag‘al yotqizilgani xabar qilindi.

“Mahallamizdagi “Doniyor” ko‘chasi qishda loy, yozda chang edi. Hashar payti 23 ta yuk mashinasida shag‘al olib kelib, ko‘chaga to‘kishdi”, dedi hasharda ishtirok etganlardan biri.

Qashqadaryo

Qashqadaryo viloyat Koson tumanidagi “Shirintepa” mahallasida ham shu kabi hashar o‘tkazildi.

Voqea joyidan Ozodlikka yo‘llangan suratli xabarda hashar ko‘zbo‘yamachilik uchun o‘tkazilayotgani yozilgan.

“Shirintepa” mahallasidagi hashar
“Shirintepa” mahallasidagi hashar

Samarqand

Samarqand viloyat, Toyloq tumanidagi Nayman mahallasida e’lon qilingan 1 oylik hasharda uylar fasadi yangilanib, ko‘chalarga shag‘al yotqizilmoqda.

Hashar davomida ayrim uylarning tomlari shifer qilinmoqda.

Toshkent

Bu kabi hasharlar poytaxtda ham o‘tkazilmoqda. Toshkent shahar hokimligining Telegramda e’lon qilingan xabarlariga ko‘ra, Yangihayot tumanidagi “Choshtepa” mahallasining 20 yildan buyon ta’mirtalab ahvolda yotgan ko‘chalariga asfalt yotqizilmoqda. Shuningdek, Yashnobod tumanidagi “Iltifot”, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Munavvarqori” va “Azamat” mahallalari, Yunusobod tumanidagi "Astrobod" hamda "Nurmakon" mahallalarida ham obodonlashtirish ishlari o‘tkazilmoqda.

“Qoloq mahalla”lar

MFY xodimlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda hashar o‘tkazilayotgan mahallalarning deyarli barchasi ijtimoiy-iqtisodiy qoloq mahallalar hisoblanadi.

“Prezidentimiz barcha rahbarlarga mahallalardagi aniq holatni o‘rganishni topshirdi. Shuning uchun qoloq mahallalardagi vaziyatlar o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf qilish borasida yo‘l xaritalari tuzildi. To‘rtta sektor rahbarlari mahallabay uchrashuvlar o‘tkazib, xalq dardini o‘rganmoqda”,- dedi Jondor tumanidagi “Dovud” MFY faollaridan biri.

Toyloq tumanidagi "Nayman" mahallasi ham "qoloq mahalla" hisoblanadi.
Toyloq tumanidagi "Nayman" mahallasi ham "qoloq mahalla" hisoblanadi.

Toyloq tuman hokimligiga yaqin manbaning aytishicha, prezidentning Farg‘onadagi mahallaga kutilmaganda borgani mamlakatdagi barcha rahbarlarni sarosimaga solib qo‘ygan va zudlik bilan "qoloq mahalla"larni obod qilish boshlangan:

"O‘zi prezidentimiz quyi qatlamni o‘rganishni topshirganidan keyin iqtisodiy-ijtimoiy ortda qolgan mahallalarni o‘rganish boshlangandi. Lekin Farg‘onadagi voqea ko‘pchilikni paytavasiga qurt tushirdi. Prezidentimiz kutilmaganda kelib qolishidan hamma rahbarlar qo‘rqib qoldi. Shunga hamma joyda birdaniga hasharlar boshlanib ketdi. Lekin buning ortidan mahallalar obod bo‘lyapti".

Majburiylik!?

Ozodlikning hasharchilar bilan suhbatlaridan ma’lum bo‘lishicha, mahallalarni obodonlashtirish dasturi doirasida tadbirkorlarni homiylikka majburlash holatlari bo‘lyapti.

Jumladan, 11 - fevral kuni Ozodlikka Qashqadaryo viloyat Koson tumanidagi “Shirintepa” mahallasida obodonlashtirish bahona tadbirkorlar, korxona va tashkilotlarga norasmiy soliq solingani haqidagi xabar keldi.

Shu kuni (11 - fevral) Samarqand viloyat, Toyloq tumanidagi “Nayman” mahallasidan Ozodlikka bog‘langan hasharchilarga ko‘ra, tumandagi barcha idora va tashkilotlar ushbu mahallani obodonlashtirishga majburan jalb qilingan. Tadbirkorlar esa homiylikka majburlanganidan shikoyat qilgandi.

Ozodlikda yoritilgach...

15 - fevral kuni “Nayman” mahallasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, byudjetchilar hasharga majburlangani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng ishchi-xodimlar hasharga chiqarilmagan.

“Ozodlikda maqola chiqqanining ertasigayoq byudjet idoralari xodimlari o‘rniga harbiylarni olib kelishdi. “Nayman”ga 4 ta avtobusda harbiylarni olib kelib, 4-sektor shtabi ya’ni avvalgi maishiy xizmat ko‘rsatish kollejiga joylashtirishdi. Harbiylar shu yerda yotib, hasharga chiqishyapti. Urgut tumanidagi hasharga ham 4ta avtobusda harbiylarni olib borishdi. Keyin pojarniy xodimlari ham hasharga olib kelindi”,- dedi Toyloqdagi idoralardan birining mulozimi.

Prezidentning kutilmagan tashrifi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 - fevral kuni Farg‘ona viloyatiga qilgan ikki kunlik safari davomida “Shodiyona” mahallasiga kutilmagan tashrif bilan bordi. Prezident mahalla ahli bilan uchrashib, mahalladagi muammolar borasida so‘ragan.

Voqea joyidan olingan videolarda prezidentning rejalanmagan tashrifidan dovdirab qolgan mahalliy rahbarlarning yugurib yurgani aks etgan.

Prezidentning Farg‘onaga tashrifini kuzatgan Kun.uz nashriga ko‘ra, Mirziyoyev “Shodiyona” mahallasiga qilgan kutilmagan tashrifidan keyin 4ta sektorning faoliyatidan qoniqmaganini aytib, Farg‘ona shahri hokimi Hamid Habibidinov, shahar prokurori Atham Mamataliyev, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkat Dadaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Vohidjon Bobobekovlarni ishdan olgan.

XS
SM
MD
LG