Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:19

Polshalik jurnalist A. Pikulitska Toshkentdan Istanbulga majburan uchirib yuborildi


Mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bilan, 2021, Toshkent
Mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bilan, 2021, Toshkent

7-8-9 - noyabr kunlari O‘zbek-qozoq chegarasida qolib ketgan polshalik mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska, oxir-oqibat O‘zbekistonga kiritilmadi.

2 sovuq tunni chegarada o‘tkazgan jurnalistning aytishicha, 9 - noyabr tongda uni G‘ishtko‘prik-Jibek jolu chegara postidan olib, Toshkent aeroportiga olib borishgan va majburan Istanbulga uchirib yuborishgan.


Hozircha O‘zbekiston tomoni jurnalistning mamlakatga kiritilmagani va majburan boshqa davlatga chiqarib yuborilgani borasida biror rasmiy izoh bergani yo‘q.

The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat va Eurasianet nashrlari bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist, O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya muddatini uzaytirish so‘rovi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rad etilganini bildirgan edi.

Xorijlik jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikning Rustam ismli xodimi O‘zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozishini so‘rab, unga bosim o‘tkazgan va hatto jinsiy tegajog‘lik qilgan.

Shundan so‘ng jurnalist bir necha bor TIV, IIV va trollar tomonidan o‘ziga qarshi turli ko‘rinishlarda tahdid va haqorat kampaniyalari uyushtirilganini xabar qilgan.

9 - noyabr kuni Istanbul aeroportiga uchib borgan jurnalistning Ozodlikka xabar qilishicha, uni chegaradan aeroportga olib borganlar Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lgan:

“Bugun ertalab meni chegaradan 3 erkak aeroportga olib ketdi, ular Davlat xavfsizlik xizmatidan ekan. Bir do‘stim aeroportga jomadonimni olib kelib berdi, uyga borishimga ruxsat berishmadi. Bu albatta, juda og‘ir vaziyat. Lekin, hammasi joyiga tushadi. Hozir aeroportdaman, tezroq Polshadagi uyimga yetib olishni o‘ylayapman”.

Hozirgacha O‘zbekiston tomoni jurnalistning mamlakatga kiritilmay, 2 sutka davomida chegara postida tutib turilgan va so‘ngra majburan Turkiyaga uchirib yuborilgani borasida biror rasmiy izoh bergani yo‘q.

Qator xalqaro tashkilotlar va faollar, mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitskaning mamlakatga kiritilmagani - Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ikkinchi muddati boshlangan kezda yuz berganiga e’tibor qaratmoqda.

Agneshka yozgan tvitlarga izoh qoldirgan faollar matbuot va so‘z erkinligi borasida ketma-ket islohotlarni va’da qilgan Mirziyoyev hukumatining bu harakatini keskin qoralamoqda.

“@Aga_Pik (Agneshka Pikulitska) O‘zbekistonga kiritilmadi. Afsuski, bu Mirziyoyevning ikkinchi muddatidagi boshqaruvi qanday bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Bu mustaqil ovozlarga jim bo‘lish va hukumatni tanqid qilmaslik kerak, degan ishoratni bermoqda”, deb yozdi jumladan Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, jurnalist Joanna Lillis.

Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Xyu Villiamson Pikulitska masalasidagi xavotirlarini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga bildirganini ma’lum qildi:

“Bu O‘zbekistonda matbuot erkinligi ahvoli, ayniqsa jurnalistlarga munosabatdan darak beruvchi yomon xabardir. Prezidentning inauguratsiya marosimidagi va’dalariyu mamlakatdagi asl vaziyat o‘rtasida keskin tafovut ko‘rinib qoldi. Human Rights Watch @Aga_Pik (Agneshka Pikulitska)ning mamlakatga kiritilmagani va mustaqil matbuotga munosabat masalasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga bugun murojaat qildi”.


The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat va Eurasianet nashrlari hamkori bo‘lgan va O‘zbekistondagi vaziyatni ham faol yoritib kelgan jurnalist so‘nggi bir yil ichida bot-bot O‘zbekiston jamoatchiligi diqqatiga tushdi.

U qator jiddiy muammolar - jurnalist va blogerlar faoliyatiga cheklov, ta’qiblar, jumladan bloger Miraziz Bozorovning ommaviy kaltaklanishi hamda qo‘lga olinishi, Internet tarmoqlarining bloklanishi, bundan tashqari Toshkentda daraxtlarning ayovsiz kesilishi kabi dolzarb masalalarni xorijiy matbuot va tarmoqlarda faol yoritdi.

Bunday chiqishlaridan so‘ng, har gal tanqidlarni to‘xtatish talabi bilan o‘ziga nisbatan bosim va tahdid bo‘lgani, hatto bir gal kaltaklanganini ham ochiq-oshkora bayon qilib bordi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi jurnalistni “O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 6 - moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasi hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasi talablarini buzganlikda aybladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi shu yilning iyun oyida - 3 yildan buyon O‘zbekistonda qolayotgan mustaqil jurnalistning akkreditatsiyasini uzaytirish so‘rovini tamoman rad etdi.

Rasmiy bayonotda “O‘zbekiston qonunchiligi buzilishi hollari qayd etilgani sababli” Pikulitskaning akkreditatsiya muddati uzaytirilmasligi aytilgan.

Pikulitskaning aytishicha, akkreditatsiya so‘rovi rad etilganidan so‘ng ham u O‘zbekistondan ketishni istamagan. Balki, qonuniy asosda - 30 kunlik vizasiz rejim tartibida qolayotgan edi.

Aynan shu bois, 7 - noyabr kuni 30 kunlik muddat bitishi bilan mamlakat chegarasidan chiqib, yana qayta kirish uchun o‘zbek-qozoq chegarasiga borgan va qayta kirayotganda to‘xtatilgan edi.

Aytishicha, unga nisbatan rasmiy taqiqning paydo bo‘lishi va xususan, akkreditatsiyasi uzaytirilmayotgani sababi, shu yil fevral oyida Tashqi ishlar vazirligi xodimining unga “shilqimlik qilgani” va "bosim o‘tkazgani" haqida oshkora bayonot bergani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xorijiy jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda vazirlikning Rustam ismli xodimi unga jinsiy tegajog‘lik qilgan va ijobiy maqolalar yozishini so‘rab, bosim o‘tkazgan.

“O‘sha yerda Rustam ismli, keyinchalik esa Ilhom bo‘lib chiqdi, xodim bilan bo‘lgan hodisadan keyin boshlandi hammasi. Keyin yana boshqa voqealar bo‘ldi, masalan IIV dan tahdidlar eshitdim, menga qarshi trollar kampaniyasi uyushtirildi, hukumat qo‘llagan blogerlar men haqimda har xil yolg‘on-yashiqlarni yozishdi... Achinarlisi, bularning hammasi Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddat prezidentlikka saylanganidan keyin sodir bo‘lmoqda”, dedi jurnalist 8 - noyabr kuni Ozodlik bilan muloqotda.

Польшалик журналист Ўзбекистон ҳукуматини туҳматда айблади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:32 0:00

Pikulitska, o‘ziga nisbatan bosim va oxir-oqibat uni mamlakatga kiritmaslik qarori - Shavkat Mirziyoyev boshqaruvidagi bugungi O‘zbekiston hanuz so‘z erkinligiga tayyormasligi, tanqidga hanuz toqatsiz ekanidan dalolatdir, deb ta’kidlaydi.

O‘zbekistonda chet el OAVlariga ishlovchi muxbirlar "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati tomonidan akkreditatsiya qilinadi.

2005 - yilgi Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekistonda "Bi-Bi-Si", “Ozodlik” radiosi, “Amerika ovozi” va boshqa qator xalqaro ommaviy axborot vositalari akkreditatsiyadan mahrum qilingandi.

13 yillik uzilishdan so‘ng 2019 - yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "Bi-Bi-Si", “Amerika ovozi” hamda "Farg‘ona" agentligi muxbirlarini akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

O‘zbekistonda ishlagan xalqaro jurnalistlar akkreditatsiya jarayoni uzoq vaqt olishi va shaffof emasligini aytishadi.

AQSh Davlat departamenti shu yil aprelida e’lon qilgan yillik hisobotida O‘zbekistonda “xorijiy va mahalliy barcha ommaviy axborot vositalari subyektlari ro‘yxatdan o‘tishi va ularning muassisi, bosh muharriri va xodimlari ismlarini ko‘rsatishi shart qilib qo‘yilgani”ni tanqid qilgan.

“Hukumat ba’zi xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini mamlakatda ishlash imkoniyatidan mahrum qilish uchun akkreditatsiya qoidalaridan foydalanadi. Masalan, hukumat Ozod Yevropa / Ozodlik radiosining akkreditatsiya uchun so‘rovini rad etishda davom etdi”, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.

XS
SM
MD
LG