Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:16

"Peshona terimizni so‘rayapmiz, xolos" – koronavirusga qarshi kurashgan shifokorlar pulini ololmayapti


O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari hukumat qarorlari bajarilmayotganidan shikoyat qilmoqda
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari hukumat qarorlari bajarilmayotganidan shikoyat qilmoqda

O‘zbekistonning turli hududlaridan Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashayotgan ko‘plab tibbiyot xodimlariga hukumat va’da qilgan ish haqi va rag‘batlantirish pullari berilmayapti.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Kovid markazi vrach – hamshiralarining aytishlaricha, ularga avgust-oktabr oylari uchun "bir so‘m ham ish haqi to‘lanmagan".

Namangan viloyati Chortoq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “tez yordam” bo‘limi xodimlari ham prezident qarorida ko‘rsatilgan ish haqi berilmaganidan shikoyat qilishmoqda.

Shuningdek, Qarshi shahri KTMP poliklinikasi, Jizzax shahri Kovid markazi, Farg‘ona shahri 2-sonli provizor shifoxonasi, Andijon viloyati Izboskan tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari ham koronavirusga chalinganlarni davolashda qatnashgan, ammo rag‘bat pullarini ololmayotir.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan bu holatlarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi Mohigul Polvonovaning aytishicha, ularning ikki oylik maosh va rag‘bat pullari berilmagan.

Uch oydan buyon maoshsiz ishlab juda qiynalib ketdik.  

- 20 - avgustdan 20 - oktabrgacha Kovid markazida 12 soatdan kunora ishladik. Buxgalterimiz mening ishlagan kunlarimni kompyuterdan ko‘rsatdi, 17 million so‘m ish haqim bor ekan. Uch oydan buyon maoshsiz ishlab, juda qiynalib ketdik. Norozilik bildirib, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash vazirligigacha murojaat qildik. Lekin puldan darak yo‘q.

Kasalxona sanitarkasi Anor Ibragimovaning aytishicha, Kovid markazidagi ularning har bir ish kuniga 330 ming so‘mdan maosh va’da qilingan edi:

Bola-chaqamizni tavakkal qilib, kasallar bilan ishladik.

- Tibbiyot birlashmasi buxgalteri To‘rayev Muxtorning oldiga borib so‘raganimizda bir oylik maoshlaring 10 million so‘m bo‘ladi, shuni 30 kunga bo‘lsak, 330 ming so‘mdan tushadi, degan edi. Bola-chaqamizni tavakkal qilib, kasallar bilan ishladik. Lekin oylik yo‘q. Yaxshiyam o‘g‘lim chet elda ishlayapti, bo‘lmasa och qolardik.

Kasalxona bosh vrachi Yoqub Shonazarov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Hukumat qarori bajarilmadi, aytilgan pul berilmadi

Nishonlik hamkasblarining muammosidan farqli o‘laroq, namanganlik “tez yordam” xodimlari hukumat qarorida ko‘rsatilgan rag‘bat pulini ololmaganliklarini aytishadi.

Chortoq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “tez yordam” bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan vrachiga ko‘ra, hukumatning "tez yordam"chilarni rag‘batlantirish haqidagi bironta ham qarorining ijrosi ta’minlanmagan:

Lekin afsus, ming afsus, hukumatimizning qarori havoda qooop ketdi.

“Avval ish haqiga 6 foizlik qo‘shimcha beriladi, degan hukumat qarori chiqdi, berilmadi. Keyin hukumatimizning “Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 20 - iyuldagi qaroriga muvofiq vrach xodimlarga – 2,5 mln, o‘rta tibbiyot xodimlariga – 1,5 mln haydovchilarga – 1,0 mln so‘m rag‘batlantirish to‘lanishi kerak edi. Biz ham juda xursand bo‘lgan edik, chunki kovid yuqtirgan odam bilan eng avvalo biz uchrashamiz. Lekin afsus, ming afsus, hukumatimizning qarori havoda qooop ketdi. Bundan ham bir so‘m berilmadi. Faqat, noshukurlik bo‘lmasin, Qurbon hayitida Alisher Usmonov ajratgan puldan bo‘lib berildi”.

Vrachning aytishicha, Chortoq tumaniga 6 ta tez yordam brigadasi kechayu kunduz xizmat ko‘rsatadi. Ammo ularning birortasi ham hukumat qarorida ko‘rsatilgan rag‘bat pulini olmagan.

Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Bahodir Sodiqov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Ozodlikka kelgan shikoyatlar

Ozodlikning Telegram kanaliga kelgan shikoyatlardan ma’lum bo‘lishicha, bunday holat faqat Qashqadaryo va Namanganda emas.

SAMARQAND - “Joriy yil 24 - avgustdan 24 - oktabrgacha Samarqand shahridagi Covid bemorlarini taqsimlash va davolash markazida ishlaganmiz, lekin maoshimizni ololmayapmiz. Shu masalada amaliy yordam so‘raymiz”.

QARShI - “Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri KTMP poliklinikasi xodimlari nomidan murojaat yo‘llayapmiz. Karantin vaqtidan buyon hozirgacha kovid bemorlari bilan bevosita kontaktda bo‘lib, mobil guruhda ishlab kelamiz. 24 soat navbatchilikda turdik. Lekin bizga rag‘bat puli ham, 6 % lik ustama ham to‘lanmayapti. Ish davomida bir necha vrach va hamshira kovidga chalindi. Bilishimizcha, rag‘bat pulini kechayu kunduz ishlaganlar bir chetda qolib bosh shifokorlar olgan. Bu adolatsizlik emasmi? Biz sadaqa so‘rayotganimiz yo‘q, o‘z ishlagan haqimizni talab qilyapmiz”.

JIZZAX - “Jizzax shahri Kovid markazidan sentabr oyi qo‘shimcha pulimizni ololmayapmiz. “Otangga bor, onangga bor” deb sarson qilishyapti. Peshona terimizni so‘rayapmiz, xolos”

FARG‘ONA - “Farg‘ona shahri 2-sonli provizor shifoxonasi (kovid markazi) xodimlariga oylik o‘z vaqtida berilmayapti. Sentabr maoshining faqat yarmi tushdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga e’tibor qaratishini so‘raymiz”.

ANDIJON - “Andijon viloyati Izboskan tumani tibbiyot birlashmasidan yozmoqdamiz. TTB boshlig‘i kovid bemorlariga qaragan xodimlarni rag‘batlantirishda tanish-bilishchilik qilayotgani haqida yozgandik. Shundan keyin rag‘batlantirish bo‘yicha ro‘yxat zudlik bilan o‘zgartirildi, izlarni bosishga urinishdi. Ammo haligacha haqdor bo‘lgan xodimlarga rag‘bat puli to‘lab berilmadi”.

Ozodlik tibbiyot xodimlarining bu iddaolariga munosabat olish uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahmati Furqat Sanayev bilan bog‘landi. Sanayev majlisda ekanligini aytib, keyinroq bog‘lanishimizni so‘radi. Ammo u Ozodlikning boshqa qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

XS
SM
MD
LG