Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:22

O‘zbek muxolifati saylovlar arafasida faollarga bosim yanada kuchayganini aytmoqda


2019 - yildagi parlament saylovlarini kuzatgan g‘arblik kuzatuvchilar nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini bosolmaganini aytgan.
2019 - yildagi parlament saylovlarini kuzatgan g‘arblik kuzatuvchilar nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini bosolmaganini aytgan.

Muxolifatdagi “Erk” Demokratik partiyasi 16 - avgust kuni partiya Markaziy Kengashi a’zosi Rahmiddin Abraevning o‘zbek kuch ishlatar tizimlari tomonidan hibsga olingani haqida xabar tarqatdi.

Ozodlikning Abrayev taqdiriga oydinlik kiritish maqsadida uning yaqinlari hamda huquq-tartibot idoralari bilan bog‘lanish harakatlari hozircha natija bergani yo‘q.

"Erk" partiyasi yosh shoir va siyosiy faolning oilasi "qo‘rqitilgani", uning qayerdaligi esa hanuz noma’lum qolayotganini aytmoqda.

Partiya yetakchisi Muhammad Solih Abrayev va boshqa faollarning hibsga olinishini “saylov oldidan maydon tozalash va qo‘rqitish” harakati deb atadi.

“Abrayevning qayerda ekani noma’lum”

“Erk” Demokratik partiyasi Abrayev yaqinlariga tayanib tarqatgan xabarda aytilishicha, u shu yilning 16 - avgust kuni Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Qarluq qishlog‘idagi uyidan olib ketilgan.

26 yashar Rahmiddin unga 3 yil oldin tayinlangan harakatlanishga taqiqni buzib, shu yilning may oyida "Erk"ning Toshkentda bo‘lib o‘tgan qurultoyiga qatnashgani uchun javobgarlikka tortilgani aytilmoqda.

R. Abrayev yaqinlarining ma’lum qilishicha, bundan uch yil oldin maishiy janjal tufayli jazoga tortilgan va uning harakatlanishi cheklangan. Tayinlangan jazoning bir yili o‘tab bo‘lingan. R. Abrayev shu yilning 26 - may kuni “Erk” partiyasining Qurultoyida qatnashish uchun Toshkent shahriga kelgandi. Bugun esa oradan uch oy o‘tib Abrayevning yashash manzilini ruxsatsiz tark etgani bahonasi bilan avval tayinlangan jazoning qolgan ikki yilini qamoqda o‘tkazish uchun olib ketishgan”, deya xabar qilindi partiya o‘zining rasmiy saytida.

Muborak tuman ichki ishlar bo‘limi va viloyat IIBsi vakillari Ozodlikka Rahmiddin Abrayevning qayerda ekani va nimada ayblanayotgani to‘g‘risida ma’lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

Rahmiddin Abrayev
Rahmiddin Abrayev

Yosh shoir Rahmiddin Abrayev 1995 - yil 24 - dekabrda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tug‘ilgan. Buxoro Davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyning “xorijiy filologiya” guruhini, keyinchalik Qarshi Davlat Universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Birmuncha vaqt “Muborak Hayoti” gazetasida adabiy xodimi bo‘lib ishlagan.

26 yashar Rahmiddin Abrayev “Erk” partiyasi Markaziy Kengashi a’zosi bo‘lib, oxirgi paytlarda partiyaning Telegram-kanalini ham boshqarib kelgan, siyosiy mavzularda jonli suhbatlar olib borgan.

Muhammad Solih
Muhammad Solih

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda oxirgi paytlarda Rahmiddin maxsus xizmatlar bosimi kuchaygani to‘g‘risida xabar berib kelganini aytadi:

- Kechasi olingan SMS bilan uning qamalganini bildik. Unga avvaldan telefon qilib, chaqirib yurishgandi – u bormagan. Avval otasi chiqdi bizga, keyin aloqa uzildi. Hozir hech qanday ma’lumot yo‘q – Toshkentga olib ketilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida taxmin qilyapman. Uyidan olib ketishibdi. U ishlab yurgan maktabidan bir oy oldin “faoliyatingni to‘xtat” degan tahdidlar bilan haydalgan edi. Boshqa maktabdan ish topgan edi, ammo “u yerga ham ishga olishmayapti” deb shikoyat qilib yurgandi. Uni Toshkentga borib kelganini bahona qilib, berilgan jazo. Unga juda ko‘p ochiqchasiga bosim qilishdi – u to‘xtatgani yo‘q edi. Telegram-kanalda olib borayotgan faoliyati uchun jazolandi, deb o‘ylayman, deydi Muhammad Solih.

"Erk" rahbari Rahmiddin Abrayevning hibsga olinishini O‘zbekistonda 24 - oktabrda o‘tishi kutilayotgan prezident saylovlari bilan bog‘laydi.

- Saylov oldidan maydonni tozalab, saylovda jimlik va sukunat ichida o‘zini saylab olish maqsadi bularning. Shuning uchun sal ovozi chiqqan odamlarni aktiv faoliyatdan uzoqlashtirish, qamash, qo‘rqitish yoki jim qilib sotib olish – butun usullar ishga solinyapti! Buni ham qo‘rqitmoqchi bo‘lishgan, ammo bola qo‘rqmagani uchun uni qamashga to‘g‘ri keldi, dedi Muhammad Solih.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi O‘zbekistonda 24 - oktabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini boykot qilishga chaqirdi. 9 - avgust kuni partiyaning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda prezident saylovi “Sh.Mirziyoyev boshchiligidagi siyosiy guruhning navbatdagi ko‘zbo‘yamachiligi” ekani aytiladi.

Bosimlar

Saylov arafasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa siyosiy faollar ham bosim kuchayganini ta’kidlamoqda. "Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik" demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulov Ozodlik bilan suhbatda partiya boshqaruvidagilar qattiq nazorat ostida ekanini aytdi.

- Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik" demokratik partiyasi nomi bilan tashkilot tuzish uchun Muxtor aka degan nafaqadagi odamning uyiga yig‘ildik. “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyamiz Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagani uchun yangi nom bilan partiya tuzish ishlariga kirishamiz, degan maqsadda 20 kishicha yig‘ildik. Shu xonadon egasini 50 minimal ish haqi bilan sud qilishib, jazolashdi! Qarorni o‘qidim – birorta dalil yo‘q, nimayam yozsin?! Undan oldin 14 yil yashab kelayotgan joyidan hamkorimizni oilasi bilan chiqarib tashlashdi. Bugun biz jamoatchilik nigohida faol ish qilayotganimiz yo‘q-da, shunga faqat kuzatuvda turibmiz", dedi partiya rahbari.

Suhbatdosh Adliya vazirligi oldida ushlanib, jarimaga tortilgan partiya faoli, bloger Ozodbek Qurbonov ham ozodlikka chiqarilganiga qaramasdan nazoratda qolayotganini ma’lum qildi.

Ushbu partiya yetakchilari yangi tuzilgan partiyaga hatto a’zo bo‘layotganlarga bosimlar kuchaygani haqida xabar qilib kelgan.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlari oliygohlarda yoshlarga yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va Taraqqiyot” hamda "Erk" partiyalari “mamlakat aholisini buzg‘unchi g‘oyalar bilan chalg‘ituvchi guruh" ekanini aytib, ularning yig‘inlariga bormaslikka da’vat etgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Taniqli dramaturg Sanjarali Imomov 28 - iyun kuni o‘zining Feysbuk sahifasida yangi siyosiy partiya tuzishni maqsad qilib qo‘ygan 22 kishilik tashabbus guruhi tuzilganini e’lon qilgandi. Bu guruhga qo‘shilganlar qatorida siquv ostiga qolgan Allaqulov partiyasida faoliyatini davom ettirolmagan siyosiy faollar ham bor.

1991 - yildagi ilk prezident saylovlarida qatnashgan yagona muxolifat partiyasi "Erk" hamda yangi ta’sis etilgan "Haqiqat va taraqqiyot" partiyalarining 24 - oktabrdagi prezident saylovlarida nomzod ko‘rsatish harakatlari O‘zbekiston ichkarisida qattiq qarshilikka uchragan. O‘tgan oy "Erk" partiyasi saylovlarda nomzodini ko‘rsatgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov o‘zi va yaqinlariga bosimlar tufayli siyosiy faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lganini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘tgan yil yanvarida "Erk" faollarining partiya faoliyatiga izn berishni so‘rab qilgan murojaatini rad etgan.

2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" partiyasi faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ularning Ozodlikka aytishicha, "bu partiya tarixda qoldi" deya uqtirishga uringan.

"Erk"chilar fikricha, partiya nizomi 1991 - yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilning 27 - dekabrida xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan edi. U muxolifatga qarshi emasligi, biroq muxolifat "ichkaridan chiqishi kerakligi"ni aytgan.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Adliya vazirligi bironta yangi siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazmagan.

O‘zbekiston rasmiylari saylovlar arafasida mamlakat ichkarisidagi muxolifat faollariga bosimlar kuchaygani haqidagi bayonot va xabarlarga munosabat bildirmagan.

Ayni paytda hukumatning koronavirusga qarshi maxsus komissiyasi amaldagi hukumatparast siyosiy partiyalarning saylovoldi targ‘ibotlarini olib borishga ruxsat berdi. Bunda ijtimoiy masofa saqlash va emlanganlik haqidagi talablarga rioya qilinishi nazarda tutilgan.

XS
SM
MD
LG