Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:30

O‘zbek kinosida «xontaxta» janrini yaratgan rejissyor olamdan o‘tdi


Bahrom Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda "xalqqa yaqin va xalq tushunadigan tilda" kino olishga intilganini aytgan edi.
Bahrom Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda "xalqqa yaqin va xalq tushunadigan tilda" kino olishga intilganini aytgan edi.

O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda taniqli bo‘lgan kinorejissyor Bahrom Yoqubov 12 - mart kuni To‘ytepada dafn qilindi. U 11 - mart kuni 60 yoshida Toshkentda olamdan o‘tgan edi.

Taniqli kinochi Eljon Abbosov ikki kun oldin uni tetik va bardam holda ko‘rganini aytadi. Kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ko‘ra¸ Yoqubov oniy yurak xurujidan olamdan o‘tgan.

Mustaqillikning ilk yillarida bo‘shab qolgan kino zallarini to‘ldirgan bu sohir «ertakchi» haqida yozgan tarmoq uning aktrisa Diana Yagofarova bilan ishqiy munosabatiga urg‘u bermoqda.

Shu xabarlarga muvozanat o‘laroq kinochi Bahrom Yoqubov ijodi haqida batafsil to‘xtalishga qaror qildim.

Daftarimni varaqlab qarasam, Bahrom Yoqubov bilan 2004 - yildan beri Ozodlikda muntazam suhbatlar qilib kelgan ekanman. Rahmatli Ozodlik radiosida chiqishdan qo‘rqmaydigan va har qanday savolga javob bergan ochiq fitratli ijodkor edi.

Oxirgi marta 2019 - yilda suhbatlashibman. «Shum bola» filmini suratga olgan Damir Salimov vafoti munosabati bilan «yetim qolgan kino haqida» dardlashgandik.

Bahrom Yoqubovning to‘liq metrajli ilk filmidagi bosh qaxramon - Sarvinoz rolini xonanda Shahzoda (Zilola Musayeva) ijro etgan edi.
Bahrom Yoqubovning to‘liq metrajli ilk filmidagi bosh qaxramon - Sarvinoz rolini xonanda Shahzoda (Zilola Musayeva) ijro etgan edi.

Oxirgi suhbatlarimizdan birida u hozir qamoqda jazo o‘tayotgan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov jinoyatlari haqida badiiy film suratga olish rejasini aytgan edi.

Bahrom Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda xalqqa tushunarli kino yaratishni maqsad qilganini ta’kidlagan edi.

O‘sha suhbatni bugun qayta eshitdim. «Men kinoga kirib kelganimda, Fellini yoki Tarkovskiy kabi artxaus kinochilar shaxsiga sig‘inish bor edi hamkasblarimda. Men esa xalqqa yaqin va xalq tushunadigan tilda kino olishni istardim. Masalan, Tarkovskiyning «Stalker» filmini afkor omma tushunmaydi. Ammo Frensis Ford Koppola suratga olgan «Xoch otasi» (O‘zbek tiliga "Cho‘qintirgan ota" deb tarjima qilingan) filmini oddiy o‘zbek qassobi ham ich-ichidan his qiladi. Aktyorlar bilan birga kuladi, ko‘z yoshlar to‘kadi. Albatta, Koppola millionlab dollar evaziga bu kinoni oldi. Koppolla kinosining yana bir qimmati xalqchilligida edi. Shu jihatni men kamtar byudjet doirasida amalga oshirgim keldi. Ilk loyiha «Sarvinoz» filmi edi. Filmda o‘z o‘g‘liga boy va qudratli amaldor qizini olib bermoqchi bo‘lgan mulozim riyokorligi aks ettiriladi».

O‘zbek kinolarining bosh motivi sevgi-muhabbat.
O‘zbek kinolarining bosh motivi sevgi-muhabbat.

O‘z ijodini 1989 - yilda “Yosh yozuvchining kundaligi” nomli qisqa metrajli filmni tasvirga olishdan boshlagan Bahrom Yoqubov ijodiy faoliyati davomida “Sarvinoz”, “Baxt uchun million”, “Tashlandiq”, “Yondiradi, kuydiradi”, “Fotima va Zuhra”, “So‘g‘diyona”, “Jodugar”, “Majruh”, “Ichkuyov”, “Superkelinchak”, “O, Maryam, Maryam” kabi ko‘plab filmlarni suratga oldi.

"Zar" qadrini zargar bilar

Bu kinolarga baho berish uchun O‘zbekistondagi munaqqidlarga yuzlandim. Ko‘pchiligi ayol bo‘lgan bu munaqqidlar «o‘zi suratga olgan ayolni to‘shagiga sudragan shilqim haqida hech narsa demaymiz», deya bir ovozdan rad etishdi.

San’atshunos Akmal Rizayev esa, suhbatda rozi bo‘ldi:

«Men shu qadar qari odammanki, kinoteatrda ikki seriyalik kinoni 10 tiyinga tomosha qilganimni eslay olaman. Shu ma’noda Bahrom Yoqubovni 10 tiyinga kino olishni uddalagan noyob rejissyor deyman. Albatta, 10 tiyin bu ko‘chma ma’noda. Besh yilcha oldin Olma-otaga Mustafo Cho‘qay filmi ijodkorlari bilan uchrashuvga boruvdim. Yaxshi kino. Taxminan 3 million yevro sarf bo‘lgan. Kinoteatrga borib tomosha qildim. Zal deyarli bo‘sh edi. Bir- ikki qozoq yigitlar sevgilisi bilan o‘pishish uchun kirgan, deb o‘yladim. Filmni ko‘rib bo‘lib tashqariga chiqsam, «Fotima va Zuhra» - o‘zbek kinosi" degan afisha osig‘liq turibdi. Kechgacha vaqtim bor, shu kinoni ko‘raqolay, deb kassaga borsam, kassir xola «bilet jo‘q» dedi. Qarasam, odam yopirilib kiryapti. Kinochilar uyushmasi telefoni ortidan «po blatu» qilib, kinozalga kirdim. Tomoshabinlar ekrandagi qahramonlar bilan bir tan, bir jon bo‘lib o‘tirishardi. Film oxiriga borib bir ikki ko‘ngli nozik ejalar hiqillab yig‘lashdi. Yosh qozoq qizlar ro‘molchasi bilan namlangan ko‘zini artishdi. Bir- ikki qozoq yigitlar salbiy qaxramonni so‘kib ham qo‘yishdi. Film tugab so‘nggi musiqiiy parcha ketayotganida hech kim shosha - pisha zalni tark etmadi. Atigi 40 ming dollar saflangan kino qozoq tomoshabinlar ruhini ostin- ustin qilgan edi. Shu kuni kechqurun Qozog‘iston kinotanqidchilari assotsiatsiyasi prezidenti Gulnora Abikeyeva bilan uchrashdim. Gulnora opa Bahrom Yoqubov filmlarining Qozog‘istonda favqullodda mashhurligini e’tirof qildi. Abikeyevaga ko‘ra¸ Yoqubov hind kinosi ko‘radigan tomoshabinlar segmentini o‘z tarafiga og‘dirib olishga muvaffaq bo‘lgan ulkan kinochi».

12 - mart kuni Bahrom Yoqubov janozasida ishtirok etgan kinorejissyor Rustam Sagdiyev marhumning aktyorlar bilan ishlash mahorati haqida gapirdi:

«Bahrom Yoqubov filmlaridagi joziba va maftunkorlikni u tanlagan aktyorlar ansamblining uyg‘unligi samarasi, deb bilaman. Rahmatli hali tanilmagan aktyorlarni qidirib topib, kashf qilar va ular bilan uzluksiz ishlab¸ filmdan filmga olib o‘tib, mahorat maktabidan o‘tkazar edi. Shu ma’noda o‘zbek kinosi aktyorlar murabbiysidan judo bo‘ldi».

Moskvada ijod qilayotgan o‘zbek kinorejissyori Ulug‘bek Yo‘ldoshev nazarida Yoqubov mustaqillik davri o‘zbek kinosi piligrimidir:

«Bahrom Yoqubov Sovet kinoindustriyasi vayron bo‘lganidan keyin paydo bo‘lgan zamonaviy o‘zbek kinosining yorqin vakillaridan biri edi. U o‘zbek tomoshabini nima istashini boshqalardan ancha oldin ilg‘ab yetdi va bu tomoshabinning qalb torlarini usta tanburchi kabi chalib tashladi. Nafaqat o‘zbek tomoshabini, balki Markaziy Osiyo¸ Ozarbayjon va Rossiya tomoshabinlari ham Yoqubov filmlariga maftun bo‘lishdi. Buni «Superkelinchak» filmi misolida ko‘rish mumkin».

«Xontaxta»

Ikki yilcha oldin kinomunaqqid Boris Nelepo telefon qilib, «Xontaxta» degan janr haqida so‘zlab berishimni iltimos qildi. Biroz soddaroq qilib tushuntirdim. O‘zbekistonlik bir sholikor biznesmen guruch sotgan pulini yarmini kino olishga sarflaydi. Rejissyor esa, bu pulga Chorsu bozoridan xontaxta va to‘rtta ko‘rpacha sotib oladi. Sholikor biznesmenning Toshkentdagi hovlisi kinostudiyaga aylanadi. To‘rtta artist xontaxta atrofida o‘tirib, oila mashmashalarini muhokama qiladi. Butun kinodagi dialoglar oldindan audio zapis qilingani uchun ular faqat og‘zini ochib-yopib o‘tirishadi. Artistlar o‘z kiyimlarida o‘tirishadi, chunki voqea bizning kunlarda bo‘ladi. Shu xontaxta janri...

Bu janrni Bahrom Yoqubov o‘ylab topgani aytiladi. 2008 - yilda Ozodlik bilan suhbatda Bahrom Yoqubov o‘zi asos solgan arzon kino olish uslubi haqida gapirgan edi:

Bahrom Yoqubov: Bizda hozir yulduz aktërlar bor. Men ularning narxini ham aytishim mumkin. Masalan, men hozir yulduz darajasiga yetdi, deb yosh aktyorlardan Ulug‘bek Qodirovni, Farruh Soipovni, Adiz Rajabovni ayta olaman. Ular shu darajadagi mashhurlikka yetdiki, tomoshabin ularni ko‘rganda atrofini o‘rab oladi. Daromad tomonini gapiradigan bo‘lsak, siz aytgan hozirgi narx-navolar ularning tushiga ham kirmasa kerak. Ochig‘ini aytish mumkin, ularning oladigani arzimagan pul. Masalan, Ulug‘bek Qodirovning daromadi 2000-3000 dollardan oshmaydi.

Ozodlik: Bu yiligami yoki oyigami?

Bahrom Yoqubov: Bu bitta filmning o‘zidan. Ya’ni o‘rtacha 3 oyda.

Ozodlik: Deylik, o‘shanga 2000 dollar sarfladik. O‘zbekistonda bu ham yomon pul emas. O‘sha pul sizga kinorejissyor sifatida qancha pul qaytarib olib keladi?

Bahrom Yoqubov: Ikki barobar qaytarib olib kelishi mumkin.

Ozodlik: Ya’ni sarflangan 1 dollar 2 dollar bo‘lib qaytib keladi...

Bahrom Yoqubov: Mumkin, unda ham film juda ham omadli chiqsa. Bizda 100 foiz filmdan 20 foizi omad olib kelishi mumkin.

Ozodlik: Kinolar qaroqchilar qo‘liga tushadi-da endi.

Bahrom Yoqubov: Agar qattiq nazorat olib borilmasa, disklar bir oy ichida qaroqchilar qo‘liga tushadi va birpasda tarqab ketadi. Bu xuddi kasallikka o‘xshaydi. Bundan daromadning kuchi kamayadi.

Ozodlik: Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘zbek kinolarining mashhurligi sizni juda xursand qilsa kerak. Lekin ulardan sizga bir so‘m ham kelmasa kerak.

Bahrom Yoqubov: Yo‘q, hech qanaqa daromad yo‘q. Chunki u tomonlarga faqat qaroqchilar orqali chiqib ketishi mumkin. Biz orqali chiqsa ham biz uni juda past narxda sota olamiz. “So‘g‘diyona” filmimizni, siz ko‘rganmisiz yoki yo‘qmi bilmayman, Olmaotaga borganimizda 1500 dollarga sota oldik.

Ozodlik: Bu namoyish qilish huquqi uchunmi?

Bahrom Yoqubov: Ha, namoyish qilish huquqini ularga beramiz.

Ozodlik: Endi shunisiga ham shukur. Oldinlari 2000 dollar olmaydigan xalq artistlari bor edi. Ular arzimagan pul oldim, deb aytardi.

Bahrom Yoqubov: To‘g‘ri. Hozir bizda “xalq artisti” yoki xizmat ko‘rsatgan artist” kabi tushuncha ikkinchi darajaga tushib qolgan. Hozir, asosan, yulduz darajasiga ko‘tarilgan aktyorlar bor. Ayniqsa, ular yoshlar ichida ko‘proq. Katta yoshdagi xalq artistlari arzimagan pulga suratga tushishga majbur. Chunki haqiqatan ham daromad kam. Bitta filmda 600-700 dollarga tushadi.

Ozodlik: Artistlar, raqqosalar yoki hofizlar o‘z nomini chiqarish uchun tekinga ham kinoda suratga tushadimi?

Bahrom Yoqubov: Hofizlar ko‘pincha tekinga tushadi. Chunki ular o‘zlarini reklama qiladi. Ularning mashhurligi yana ham oshadi. Hofizlar kinolarda, asosan, ikkinchi rolda o‘ynaydi.

Ozodlik: Rossiya keyingi 10 yil ichida mana shu kasallikni davolashga ulgurdi. Mustaqillikdan keyin ularda ham shu ahvol bo‘ldi. Bugun esa Rossiya filmlari xuddi AQSh filmlariday daromad keltira boshladi.

Bahrom Yoqubov: To‘g‘ri. to‘g‘ri. Rossiyada 10 yil oldin bo‘lgan sharoit hozir O‘zbekistonda bo‘lyapti. Shunisiga ham Xudoga shukur deymizki, filmga qiziqish katta bo‘lgani uchun ham, qobiliyatli yigitlarimiz ko‘p bo‘lgani uchun ham bizda kino rivojlanib boryapti. Xalqimiz o‘zi san’atga qiziqadigan xalq. Nima uchundir daromadiga ham qaramay, kino san’ati rivoj topdi bizda.

Ozodlik: Qadimgi Rimda: “Sizlarga tomosha kerakmi yoki nonmi”, deb so‘rashgan ekan. O‘shanda odamlar tomosha, degan ekan.

Bahrom Yoqubov: Xuddi shunaqa bo‘lyapti hozir. Kino sohasida iqtisodiy holat yaxshi, deb ayta olmayman. Chunki texnika va texnologiyamiz Rossiya darajasida emas. Texnologiya juda ham past. Masalan, kompyuter effektlariga hali bizning qurbimiz yetmaydi. Hozir unga sharoitimiz ham yo‘q,pulimiz ham yo‘q. Yaxshi niyat bilan qarayapmiz endi.

Bu so‘zlar aytilgan 2008 - yildan keyin Baxrom Yoqubov. «Superkelinchak»¸ «Majrux» «Boyvachcha kuyov» ¸ «O Maryam¸ Maryam»¸ «Men yulduzman»¸ «Jodugar» kabi filmlarni suratga oldi. 2021 - yilda esa «O‘zbekcha ajrashish» degan filmni suratga olib tugatdi¸ ammo taqdimotni ko‘rish nasib qilmadi.

Kadrlar orasidagi haqiqat

O‘zbek kinosi poliziga tosh otgan tanqidchilarning umum e’tirofiga ko‘ra, bu fimlarda haët qiyinchliklari va jamiyat muammolari aks etmaydi. Kinolar qaynona-kelin o‘rtasidagi mashmashalardan nariga o‘tmaydi. Bahrom Yoqubov filmlari ham shaklan shunday ko‘rinadi. Ammo kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ko‘ra, Yoqubov filmlaridagi kadrlar orasidan hayot haqiqati turtib chiqib turadi:

"Bahrom Yoqubov SSSR tugaganidan keyingi tarixga Karimov davri deya kirgan qiyin zamonda o‘z fikrini shivirlab bo‘lsa ham filmlari orqali ayta oldi. Satr va kadr orasiga yashirin tanqid joylab, tomoshabin zehniga yetkaza olish aslida mushkul ish, ammo Yoqubov buni uddaladi. U o‘z filmlarida «metafora» va majozlarni mohirlik bilan ishlatardi. Yoqubov filmida bosh qaxramonni o‘ynagan Adiz Rajabov o‘zbeklar uchun aziz bo‘lgan beshikni uydan olib chiqib, sindirib tashlaydi. Bu kino tilidan tarjima qilinsa, sistema va tuzumni sindirish, demakdir. Taraqqiyot osmonida yuksalmoq uchun oyog‘imizga osilgan keraksiz eski-tuski va udumlardan voz kechmoq kerak. Ona qornida 9 oy yotgan go‘dak tug‘ilishi bilan oyoq-qo‘lini bog‘lab, taxta-zindon beshikka bog‘lashadi. Bolaning butun umr boshi egik¸ itoatgo‘y va manqurt kabi amr bajarishga o‘rgatiladi. Bunday epizodlarni Bahrom Yoqubov ijodida ko‘plab kuzatish mumkin. U Karimov davri o‘zbek kinosida yorqin iz qoldirdi".

Bahrom Yoqubov suratga olgan “Baxt uchun million” filmi qahramoni prokuraturadagi tergovchilik vazifasidan voz kechib, sevgiga erishish uchun million dollarni Tsirk tomi uzra tortilgan dor ipi ustidan turib, tomoshabinlar ustidan sochadi.

Ozodlik bilan suhbatda Bahrom Yoqubov «bu kadr boylikka hirs qo‘yganlarga qarata chaqiriq» ekanligini ta’idlagan edi.

Ozodlik bilan 2008 - yili suhbatlashgan Yoqubov o‘zbek kinosidagi eng og‘riqli nuqta bu «o‘z ko‘lmagini dengiz deb bilgan mahalliy patriotizm» deya aytgan edi:

"Bugungi kundagi asarlarimizda biz milliy, milliy deymizu, qanaqadir men chegaralanib qolganday his qilaman. Biz borgan sari umuminsoniy qadriyatlarni unutib boryapmiz. Umuminsoniy qadriyatlar degani, bu - falsafiy. Falsafa hamma uchun bitta. Men bizlar umuminsoniy qadriyatlarni ikkinchi darajaga qo‘yganday his qilyapman o‘zimni. Milliylik o‘z yo‘liga. Milliyligimizni hech qachon hech kim bizning qo‘limizdan tortib ola olmaydi. Shu bilan birga, uni tagida, albatta, umuminsoniy qadriyatlar yotadi. Shu narsa bizda hozirgi paytlarda juda ham oqsoqlanyapti. Umuminsoniy qadriyatlar ikkinchi darajaga tushib qolgani uchun ham bizning yozuvchilar yozayotgan, kinochilar olayotgan asarlar dunyo sahnasiga chiqa olmayapti. Chunki bu ularga haqiqatan tushunarsiz. Bizning kichkina-kichkina yumorlarimiz, hazillarimiz chet el tomoshabiniga tushunarsiz. Bugungi paytda saviya darajasi borgan sari tushib boryapti. Men o‘sha davrni ko‘rganim uchun ham o‘sha davrni ushlashga harakat qilyapman. Afsus, hozir chiqib kelayotgan yoshlarimizda saviya darajasi juda ham past. Balki bu keyingi paytlarda klassik asarlar televideniyeda kamroq ko‘rsatilayotganidadir. Balki klassik asarlarimizni maktablarda, oliygohlarda kamroq yoritib berilayotganidadir. Balki zamon o‘zgarib iqtisodiy bozor davriga o‘tganimiz tufaylimi hozir birinchi o‘ringa iqtisod o‘tib qolib, ma’naviyat darajamiz sekin tushib borayotgani ham sababdir".

Rejissyor 2009 - yili yosh aktrisa bilan bog‘liq sharmsiz video tarqalishi ortidan bir necha yil o‘zbek kinosida ko‘rinmay qoldi. O‘sha paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan Yoqubov hodisani o‘ziga qarshi uyushtirilgan fitna o‘laroq baholab, buning “nosog‘lom konkurensiya” mahsuli ekanini aytgan edi.

Shundan so‘ng o‘tgan bir necha yil davomida u suratga olgan qator filmlar boshqa rejissyorlar nomidan taqdim etilgan. Mazkur holatga izoh bergan Yoqubov “Bu prodyuserlarning o‘zini himoya qilish usuli, ular filmlarimga faqat shu shart bilan homiylik qilishyapti”, degan edi.

Mirziyoyev davrida buzib tashlangan kinochilar uyi
Mirziyoyev davrida buzib tashlangan kinochilar uyi

Kinochining haqi bor qaydan quloq chiqarsa

San’atshunos Akmal Rizayev Ozodlik bilan suhbatda kinorejissyorning shaxsiy hayoti emas, balki u suratga olgan kinolar muhim, deydi.

“O‘z aktrisalari bilan to‘shakdosh bo‘lmagan kinochi yo‘q desa ham bo‘ladi. Mashhur nemis kinorejissyori Klaus Kinskiy suratga olish maydonidagi o‘nlab ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan va buni yashirmagan. Ikki taraf istagi bilan bo‘ladigan ish cherkov rohiblari yoki axloq posbonlari nazarida muammo. Zotan, tomoshabin filmni ko‘radi. Yoqubovning kinolari bu tomoshabin istagidagi kinolardir. O‘zbekistondagi kino san’ati sovet davrida kommunistik mafkura istagan kinolarni suratga oldi. Tomoshabindan hech kim so‘ragani ham yo‘q. Inqilobchi va bosmachilar haqidagi filmlar olinardi. Lekin o‘sha sovet davri bo‘lgan 1978 - yili Ozarbayjon kinochisi Gusayn Saidzoda suratga olgan “Qaynona” filmi bu ramkadan chiqib, tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. O‘zbek kinochisi Bahrom Yoqubov shu an’anani davom ettirdi. Bitta farqi “Qaynona” filmi davlat puliga olingan bo‘lsa, Yoqubov xususiy tujjorlar sarmoyasi asosida film oldi. Kecha Yoqubov olamdan o‘tganini eshitgach, u suratga olgan “Sarvinoz” filmini qayta tomosha qildim. Hali eski moskvichlar yurgan Toshkent manzaralari¸ qoshlari tatu qilinmagan qizlar¸ yoshgina Murod Rajabov. Ba’zan kino ham eski sharob kabi yil o‘tib yaxshilanadi. Buni vaqt sinovi desak ham bo‘ladi”.

Bahrom Yoqubov filmlari namoyish qilingan "Kino uyi".
Bahrom Yoqubov filmlari namoyish qilingan "Kino uyi".

XS
SM
MD
LG