Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:38

O‘zbek blogosferasi Putinning bosqini haqida yozmoqda. Rasmiy Toshkent munosabat bildirishga shoshilmayapti


Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina sharqida o‘zini Donetsk xalq respublikasi (DXR) va Lugansk xalq respublikasi (LXR) deb atab kelayotgan rossiyaparast hududlar mustaqilligini tan olishga oid farmonni imzolagani ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar eng ko‘p muhokama qilayotgan mavzuga aylandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozirgacha bu voqeaga o‘z munosabatini bildirmadi.

Biroq Facebook, Telegram, Instagram ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik jurnalist, blogerlar Putinning bu qarorini tanqid qilib, Rossiyaning suveren davlat yaxlitligiga daxl qilishi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham xavfli signal ekanligi haqida yozmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida ​ "suveren O‘zbekistonning kelajagi Putin va o‘g‘rilardan holi bo‘lishi kerak"ligi haqida yozar ekan, "bandit Putin minimum maqsadiga erishganini" ta’kidlaydi:

"Asosiysi, unutmasligimiz kerak, bugun Ukrainaning boshiga tushgan kulfat ertaga, balki, indinga bizning ham boshimizga tushishi mumkin.

Agarda biz tizimli yelimga aylanib ketgan, bo‘g‘zimizgacha botgan korrupsiyani shaxsiy sadoqat vositasi sifatida ko‘rishni uzil-kesil to‘xtatmasak.

Agarda biz Kremlning agentlari bo‘lgan va umuman shaxsiy manfaatlari uchun Vatanni sotishga har doim tayyor ichki va tashqi oligarxiyani qaror qabul qilishdan butkul chetlashtirmasak.

Agar bu ishlar amalga oshirilmasa, avlodlar la’natlaydi. Xuddi la’nati Xudoyorxon, Muzaffarxon va Rahimxonni qanday la’natlashsa, xuddi shunday la’natlaydi".

Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan agressiv xatti-harakati Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligini ham savol ostiga qo‘yishi mukinligi haqida boshqa o‘zbek blogerlari ham yozmoqda.

Jumladan, Feysbuk foydalanuvchisi Olimjon Akram agar Rossiya Markaziy Osiyoga yurish qilishidan xavotirga tushganini yozadi:

"Putinning imperialistik talvasasi jar yoqasida turgan Rossiya iqtisodiyotini kuni kecha jar tubiga uloqtirib yubordi.

Sobiq KGBchi keyingi shilta yurishini Markaziy Osiyoda amalga oshirish uchun harakat boshlaydi. Ixtilofli tojik-qirg‘iz chegarasi, Qoraqalpog‘iston avtonomiyasi ular uchun yaxshi bahona bo‘lishi mumkin.

Biznikilar borini Swiss banklarga tashish bilan ovora bo‘lgan payt, dunyo siyosati unchalik qiziqmas".

Jurnalist va bloger Zafar Solijonov ham Rossiya agressiyasi O‘zbekistonga ham jiddiy «signal» ekanligi haqida yozdi:

"BMT, YeI va AQSh karaxt ahvolda. Bunday "dadillik"ni aksar ziyolilar kutmagandi. Klassika - bo‘lib tashla va hukmronlik qil yo‘lidagi harakat davom etadi. Bu bizga ham katta "signal" bo‘lishi kerak. Tozalash va voz kechishni boshlash kerak. Ayni vaqtda elitar korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflik bo‘yicha oldinga katta sakrash ham bizni qutqarishga yordam beradi.

Rus aksiyalari birjada qulayapti. Vahshiy Putin hukumatini esa rus xalqigina to‘xtatishi mumkin, menimcha".

Olimjon Haydarov
Olimjon Haydarov

Putinning ishtahasi "karnay" bo‘lganini ta’kidlagan bloger Olimjon Haydarov agressiya faqat DXR, LNRni olish bilan tugamasligi haqida yozadi:

“DXR/LXR o‘zlarini mustaqilligi tan olingach, endi hududiy da’volar bilan Ukrainaga urush ochadi, Rossiya ko‘magi bilan. Kuchlar teng emas...

Putin bu ketishda Donbass bilan chegaralanadigan emas, keyingi navbat Odessa yoki Xarkov ham bo‘lishi mumkin”.

Sobiq harbiy Shokir Dolimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida Rossiya bosqinchilik siyosati tufayli yirik kompaniyalarining aksiyalari qulab borayotgani haqida yozadi:

“O‘ris aksiyalarining bugungi ahvoli. Bu hali boshlanishi.

Sezib turibman, birodarlar, Olloh bizni hali ko‘p quvontiradi, zamonamiz Gitleri va uning bugungi reyxini bosqinchilik siyosati uchun yaxshigina jazolaydi”.

Jurnalist Umid Soriyev o‘zining Feysbukdagi sahfiasida yozishicha, xalqaro jamoatchilik, davlat arboblari, siyosatchilaru polittexnologlar yakkahokimlikka, agressiv boshqaruvga asoslangan tuzumlarga emas, demokratiya, ezgulik, inson haqlarini ulug‘lash sari jadal ketayotgan Ukrainani tish-tirnog‘i bilan himoya qilmoqda:

"Ha, vaziyat ancha taranglashayotgandek, go‘yo?! Mana, kuni kecha Xitoydek iqtisodi mustahkam davlat ham Rossiyaga dumini tikka qilib ketvordi.

Shunaqa. "Aravaning ustiga o‘tirib olib bemalol quyon ovlaydigan davlat"lar davri tugay deb qoldi. Buni janob Putinning mana bu homush va tashvishli qarashlaridan ham sezish mumkin.

Albatta, vaqt oliy hakam”.

Umid Soriyev
Umid Soriyev

21 - dekabr kuni bo‘lib o‘tgan bu voqealarga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozircha hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.

Ayni paytda, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi Qozog‘istonning “DXR” va “LXR” bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rasmiy pozitsiyasi ishlab chiqilayotgani, biroq mazkur bo‘lginchi tuzilmalarni tan olish masalasi mamlakat oldida turmaganini aytdi.

Rasmiy idoralar vakillaridan farqli o‘laroq, o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist va blogerlar, iqtisodchilar ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning bu xatti-harakati yuzasidan o‘z fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda bildirmoqda.

“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Ukraina mavzusida chiqish qilarmikin?

Yoki shamolni qaysi tomonga qarab esishini kutamizmi?”, deb yozadi Muxbir Daliyev o‘zining Telegram kanalida.

Muxbir Daliyev
Muxbir Daliyev

Rossiya prezidenti Putinning Donetsk xalq respublikasi (DXR) va Lugansk xalq respublikasi (LXR) deb atab kelayotgan rossiyaparast hududlar mustaqilligini tan olishga oid farmonni imzolagan vaqtdan bir sutka o‘tgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu haqda sukut saqlamoqda.

Vazirlikning 2022 - yil, 22 - fevral, Toshkent vaqti bilan soat 20.00da ham Ukraina voqealari ham hech qanday xabar berilmagan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sayti.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sayti.

XS
SM
MD
LG