Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:46

Nyu-Yorkda terror uyushtirgan Sayfullo Soipov umrbod qamoqqa hukm qilindi


Qo‘shma Shtatlarga 2010-yilda ko‘chib borgan Sayfullo Soipov 35 yoshda.
Qo‘shma Shtatlarga 2010-yilda ko‘chib borgan Sayfullo Soipov 35 yoshda.

AQSh Adliya departamentining ma’lum qilishicha, 13-mart kuni Nyu-York shahrida terror harakatini amalga oshirganlikda aybdor deb topilgan Sayfullo Soipov AQSh federal sudi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

AQSh federal sudьyasi joriy yilning 26 yanvar kuni asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovni besh yil muqaddam Nyu-York shahrining Manhetten mavzeida veloyo‘lakda odamlarni yuk mashinasi bilan urib yuborganlikda aybdor deb topgan va hukm mart oyida e’lon qilinishini bildirgandi.

Qo‘shma Shtatlarga 2010-yilda ko‘chib borgan 35 yoshli Sayfullo Soipov qotillik, odam o‘ldirishga qasdlanganlik va “Islomiy davlat” ekstremistik guruhiga moddiy yordam ko‘rsatganlik kabi jami 28 modda bo‘yicha aybdor deb topilgan.

2017-yilning 31-oktabrida sodir etilgan hujum oqibatida sakkiz kishi nobud bo‘lgan, yana 12 kishi jarohat olgan edi.

O‘shanda Soipov hujumni ijaraga olingan yuk mashinasida amalga oshirgan. U Nyu-York markazidagi ko‘chada yoppasiga 20 kishining ustiga yuk mashinasini haydagan edi. Jarohatlanganlar orasida tana a’zolaridan ayrilgan, ruhan va jismonan nogiron bo‘lib qolganlar bor.

Reuters axborot agentligi 26-yanvar kuni aybdor deb topilgan Sayfullo Soipovga nisbatan hakamlar hay’ati 6-fevral kuni o‘lim jazosini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kutilayotganini yozgandi.

Prezident Jo Bayden ma’muriyati o‘lim jazosini bekor qilish tarafdori ekanini rasman bildirgan. Shuning uchun hakamlar hay’ati o‘lim jazosi to‘g‘risida qaror chiqarsa bu Jo Bayden boshqaruvi chog‘ida federal darajada ilk o‘lim hukmi bo‘lishi mumkin edi.

Soipovning advokatlari suddan Nyu-York prokuraturasini o‘z mijoziga nisbatan o‘lim jazosini talab qilish imkoniyatidan mahrum qilishni so‘ragan.

Nyu-Yorkdagi qonli hujum ortidan keyin AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp Sayfullo Soipovni o‘limga hukm qilishni talab qilgan edi.

Nyu-York shahrida sodir etilgan hujumda olti nafar xorijlik sayyoh va ikki nafar amerikalik halok bo‘lgan edi. Avvalroq sudda Soipov qilmishidan pushaymon emasligi va imkon qadar “ko‘proq” odamni o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytgan.

Hibsga olinganidan keyin Soipov hujumni amalga oshirishga IShID videolari ilhomlantirganini e’tirof etgan.

Asli toshkentlik Sayfullo Soipov 1988-yil 8-fevralda tug‘ilgan. U 2010-yili 21 yoshida Green Card lotereyasida yutib olgani ortidan AQShga borib, bir qancha shtatda istiqomat qilgan. AQShdagi tanishlari Soipovni radikal islomchi emas, moliyaviy muammolari bor tajovuzkor yigit deb ta’riflashgan.

Toshkentdagi Soipovlar oilasi, iddaolarga ko‘ra, u o‘ziga to‘q hisoblangan va umuman dindor bo‘lgan emas. Soipov AQShga jo‘nab ketishdan oldin 2005−2009-yillarda Toshkent Moliya institutida ta’lim olgan.

Oliygohni tamomlagach, AQShga ketguniga qadar, Toshkentdagi “Sayohat” mehmonxonasida hisobchi bo‘lib ishlagan. U O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushmagan.

XS
SM
MD
LG