Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:37

"Nomaqbullar": Yangi qonun chet elliklarning O‘zbekistondagi hayotini o‘zgartirishi mumkin


O‘zbekiston parlamenti deputatlari.
O‘zbekiston parlamenti deputatlari.

O‘zbekiston prezidenti chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomiga doir qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalarni tasdiqladi.

Yangi normalar yuqoridagi toifalarga mansub ayrim kishilarni O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar deb topishga imkon beradi. Xalqaro inson haqlari tashkilotlari fikricha, mazkur tashabbus mamlakatning inson huquqlari sohasiga oid majburiyatlariga zid. Biroq hukumat ushbu choralar milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarurligini uqtirmoqda.

Yaqindan boshlab O‘zbekistonda chet elliklarni mamlakatda bo‘lishi nomaqbul shaxslar deb topish mexanizmi ishlamoqda. 15-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekkan edi. Ushbu o‘zgarishlar allaqachon kuchga kirgan.

“Номақбуллар” қонуни кимга қарши қаратилган?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:01 0:00

Yangi normalarga ko‘ra, xatti-harakatlari yoki ommaviy chiqishlari davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Shuningdek, davlatlararo, ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqargan yoxud O‘zbekiston xalqining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganlar ham “qora ro‘yxat”dan joy oladi.

Nomaqbul deb e’lon qilinganlarga mamlakatga kirish, bu yerda bank hisob varaqlari ochish, ko‘chmas mulk xarid qilish, moliyaviy shartnomalar tuzish taqiqlanadi.

Ro‘yxatga tirkalgan shaxslar xabarnoma olganlaridan boshlab 10 kun ichida O‘zbekistonni tark etishlari lozim. Aks holda ular deportatsiya qilinadi. Deportatsiya sarf-xarajatlarini ularni taklif qilgan va/yoki qabul qilayotgan mamlakat ko‘tarishi kerak. Bunaqa mamlakat bo‘lmagan taqdirda moliyaviy javobgarlik ichki ishlar idoralari zimmasiga yuklatiladi.

Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomovga ko‘ra, mazkur qonunni baholashda uning qabul qilinishiga olib kelgan voqealarni e’tiborga olish joiz.

“Bu qonunni rejimning chet ellik tanqidchi jurnalist va ekspertlarga emas, balki dushmanlarcha bayonotlar beradigan rossiyalik ba’zi arboblar, ayniqsa O‘zbekistonni suverenitetidan mahrum etib, Rossiyaga qo‘shib olishga chaqirgan yozuvchi Zaxar Prilepin kabi kimsalarga javobi deb bilaman”, dedi Ilhomov Ozodlik radiosiga bergan izohida.

2023-yil dekabrda Kreml propagandisti Zaxar Prilepin Rossiyaga “gastarbayterlarni jo‘natayotgan” hududlarni “butunicha qo‘shib olib”, shu yerning o‘zida ularga rus tilini o‘rgatish kerakligini aytgan edi.

“Ularni Rossiyada emas, O‘zbekistonning o‘zida o‘qitish uchun”, qo‘shimcha qilgandi Prilepin.

“So‘nggi paytlarda O‘zbekistonga Rossiya bosimi zo‘raydi. Aftidan, bu O‘zbekiston rahbariyatining ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishga hamda o‘zbek mehnat migrantlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishdan qaytarishga urinayotgani bilan bog‘liq. O‘zbek hukumatining bu urinishlari Moskvaning jahlini chiqardi, natijada Rossiyada aksilmigrant va aksilo‘zbek jazavalariga olib keldi”, so‘zida davom etadi Ilhomov.

Ekspertga ko‘ra, ayni kontekstda qonun o‘zini oqlaydi, shu bilan birga, bunaqa qoidalar boshqalarga nisbatan ham qo‘llanishi xavfi saqlanib qoladi.

“Vaqt o‘tishi bilan hukumat mamlakat xavfsizligi va suverenitetiga doir qoidalarni haddan ortiq keng interpretatsiya qilib, ulardan rejimga yoqmay qolgan kishilarning mamlakatga kelishiga to‘siq qo‘yishda foydalanishi ehtimoli yo‘q emas. Umuman olganda, hukumat ushbu qonun bo‘lmaganida ham ayrim G‘arb mamlakatlarida yashaydigan bir qancha o‘zbek vatandoshlarini biron tushunarli huquqiy asos ko‘rsatmasdan mamlakatga kiritmadi. Xususan, ular yozuvchi Hamid Ismoilov, hujjatli filmlar ustasi Shohida To‘laganova kabi taniqli arboblarga o‘z qarindoshlarini ziyorat qilishga ruxsat berishmadi. Kanadada yashovchi jurnalist va yurist Baxtiyor Shohnazarov ham, iqtidordagi rejimni tanqid qilishdan tiyilganiga qaramay, yaqinda O‘zbekistonga kiritilmagandi”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

"Ўзбекистонни Россияга қўшиб олиш". Тошкент "чуқур ташвишда", аммо норозилик нотаси йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:42 0:00

Avvalroq Norvegiya Xelsinki Qo‘mitasi inson huquqlari tashkiloti qonun loyihasini tanqid qilib chiqqan edi. Tashkilotga ko‘ra, hujjat O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga tersdir.

“Agar ushbu qoidalar prezident tomonidan imzolansa, ular erkin harakatlanish va xalqaro almashishni jiddiy cheklashi, O‘zbekistonning qaytadan xalqaro darajada ihotalanishiga olib kelishi, prezident Mirziyoyevning siyosiy islohotlari barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro huquqbonlar, jurnalistlar, olimlar va boshqa shaxslar bilan konstruktiv muloqotga putur yetkazishi mumkin. Bunaqa choralar O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini to‘kadi”, deyiladi Qo‘mita bayonotida.

Qonunga ko‘ra, nomaqbul shaxslar ro‘yxati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati hamda vakolatli davlat organlarining taqdimnomalariga asosan tuziladi. Reyestrni yuritish vazifasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Ro‘yxatga besh yil muddatga kiritiladi, biroq ro‘yxatga kiritish uchun asoslar bartaraf etilmagan taqdirda muddat yana shunchaga uzaytirilishi mumkin. Asoslar bartaraf etilganida shaxsning reyestrdan muddatidan oldin chiqarilishiga yo‘l qo‘yiladi.

XS
SM
MD
LG