Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:44

Moziyga va muzeyga qaytib. Qodiriy nabiralari davlatdan uy-joy muammosini yechishda yordam so‘ramoqda


Abdulla Qodiriyning nabiralari: Jamshid (chap) va Xurshid Abdullayevlar. Toshkent, 2021, 31 - may
Abdulla Qodiriyning nabiralari: Jamshid (chap) va Xurshid Abdullayevlar. Toshkent, 2021, 31 - may

O‘zbek romanchiligi asoschisi, Stalin qatag‘onlari qurboni Abdulla Qodiriyning uch nabirasi oilasi bilan shu kunda tor hovlida hayot kechirmoqda.

Uch aka-ukaning o‘rtanchasi 3,5 sotixli hovliga sig‘magani uchun ijaraga uy olib chiqib ketgan.

Abdulla Qodiriyning ikkinchi o‘g‘li Mas’ud Abdullayevning farzandlari yashaydigan hovli adibdan meros qolgan hovlining kichik qismidir. Uning katta qismida 2019 - yilda, avlodlarining istagi va tashabbusi bilan Abdulla Qodiriy uy-muzeyi barpo etilgan.

2019 - yil dekabrida Toshkent shahrining Samarqand darvoza ko‘chasidagi adib yashagan xonadonda ochilgan uy-muzeyni prezident Shavkat Mirziyoyev borib ko‘rgan edi.

Xurshid, Jamshid va Umid Abdullayrvlar Abdulla Qodiriyning ikkinchi o‘g‘li Mas’ud Abdullayevning farzandlaridir.

Muzey qurildi, ammo...

Aka-ukalarning to‘ng‘ichi - Xurshid Abdullayev Ozodlik bilan suhbatda gapni bobosining uy-muzeyini qurish tashabbusini ko‘tarib, uni amalga oshirgani uchun O‘zbekiston prezidentidan minnatdorligi cheksizligini izhor qilishdan boshladi:

“Buyuk bobomiz muzeyini yaratish to‘g‘risidagi gaplar 1960- yillardan buyon bo‘lardi. Lekin amalga oshmagan. Bola paytimdan buyon bu yil bo‘lar ekan, keyingi yili bo‘larkan, degan gaplarni ko‘p eshitganman. Mana endi, prezident Mirziyoyevning davrida muzey masalasi hal bo‘ldi. Shuning uchun butun oilamiz, Qodiriyning barcha avlodlari nomidan u kishiga katta minnatdorchilik bildiramiz”.

Stalin repressiyalari qurboni, 1939 - yilning 26 - avgustida otib o‘ldirilgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyi adib 1956 - yili oqlanganidan bir yil o‘tib, uning farzandlariga meros sifatida qaytarib berilgan hovlida joylashgan.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatda adibning Samarqand darvoza ko‘chasidagi 25 sotixli hovlisi uning ikki o‘g‘li va uch qiziga, teng ulushlar bilan meros qilib o‘tkazib berilgani qayd etilgan.

1957 - yilning 4 - may kuni Toshkent shahar ijroqo‘mi tomonidan berilgan hujjat.
1957 - yilning 4 - may kuni Toshkent shahar ijroqo‘mi tomonidan berilgan hujjat.

Qodiriylarning bir qismiga uy-joy berilgan

Adibdan qolgan meros yerning katta qismiga uning uy-muzeyi qurildi va davlat, Xurshid Abdullayevning aytishicha, hovlining muzey qurilgan qismida “tomi bo‘lgan” Qodiriylarning hammasiga uy-joy berdi:

“Bu yerda, bu hovlida buvamiz Abdulla Qodiriyning besh farzandi bo‘lgan: ikki o‘g‘il, uch qiz. Bu yerdan (bu yer hisobidan) kichkina qizlarining farzandlari to‘rt aka-ukaga uy joy ajratishdi. Amakimizning katta o‘g‘li Xondamir Qodiriyga ham uy-joy ajratildi. Katta ammamizning nevarasi bor, unga ham joy ajratildi. Amakimizning kichik o‘g‘ligayam joy berildi”.

Muammo hovlining muzey uchun olinmagan qismida

Xurshid Abdullayevning aytishicha, hovlining uy-muzey qurilishi uchun egallangan qismidan ortgan qismi – 3,5 sotixda qolgan uch oila: Xurshid, Jamshid va Umid Abdullayevlarning oilalariga uy-joy ajratilmagan.

Xurshid Abdullayev aka-ukalar muammosidan shahar hokimining ham, bosh vazirning ham shaxsan xabari borligini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh vazir Aripov va shahar hokimi Ortiqxo‘jayev 2019 - yilning 19 - avgustida Samarqand darvoza mahallasi idorasiga kelib, majlis o‘tkazishgan:

“O‘sha yig‘ilishda shahrimiz hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga, Bosh vazir Abdulla Nig‘matovichga ham tushuntirganman. Uch aka-uka 3,5 so‘tikli hovlida yashaymiz, deb aytganman. Hammamizga bo‘lmasa ham, hech yo‘q, bitta ukamga 3-4 xonali kvartira ajratib beringlar, deb iltimos qilganman”.

Xurshid Abdullayevning ukasi Jamshid Ozodlik bilan suhbatda bundan bir necha yil oldin hozirda muzey hududiga qo‘shilib ketgan hovlining bir chetiga uy qurmoqchi bo‘lgani, biroq oila a’zolari bu fikrdan qaytarganini eslaydi:

"O‘sha paytlarda chet elda edim. Uch-to‘rt so‘m pul yig‘ib, uy qurmoqchiman, deb akamga aytdim. O‘shanda Xurshid akam va amakimning o‘g‘li Xondamir akam (Qodiriy) "yo‘q, bu yerda muzey bo‘lyapti, qurilish materiallarni uvol qilib o‘tirma, bu yerning evaziga joy beriladi", deyishgani uchun man hamma narsani yig‘ishtirib, kvartiraga chiqib ketganman. Mana endi yuribman, xayron bo‘lib. Bitta o‘g‘limni uylantirdim. U alohida kvartirada yashayapti. O‘zim xotinim bilan ikkinchi kvartirada yashayapmiz. Qachongacha bunday yuraman, xayronman. Doim akamdan so‘rayman. U yozyapman, deydi xolos. Natija yo‘q”.

Jamshidning akasi– Xurshid Abdullayev murojaatlaridan o‘zlari kutgan natija bo‘lmayotganini aytadi:

“Muzeyning bitishiga oz fursat qolganda men tahlikaga tushib, joysiz qoladiganga o‘xshaymiz deb, shahar hokimiyatiga yana ariza bilan murojaat qildim. Yana eski javob keldi. Ya’ni “kadastr bo‘yicha sizlarning joyingizga tegmaganmiz, sizlarga joy berolmaymiz”, degan javob bo‘ldi. Oz vaqt o‘tgandan keyin Bosh vazir nomiga xat yozdim va uni o‘zim olib borib qabulxonasiga topshirib keldim”.

Bosh vazir qabulxonasi arizachini kuttirmagan: 3-4 kundan keyinoq bir necha kishilik guruh kelgan va vaziyatni o‘rganib, eski javobni bergan: biz sizning hovlingizni muzey qurilishi uchun band qilmaganmiz, bu yerlar baribir bir kun kelib buziladi, o‘shanda joylik bo‘lasiz, kuting.

Mas’ud Abdullayevning kichik qizi Kumush Abdullayeva bobosining uy-muzeyi qurilganini olqishlarkan, ayni paytda uning atrofidagi uylar buzilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkinmasligi, Samarqand darvoza ko‘chasidagi uylar buzilishini tarixning buzilishi, deb tushunishini urg‘ulaydi. Ayni paytda u aka-ukalarining chorasiz ahvoliga e’tibor qaratadi.

“Uy bilan bog‘liq tashvishlarimiz boshlanganiga mana ikki yil bo‘ldi, ikki yildan beri ezilib ketdik. Biz qiz farzandlarmiz, bizga xech narsa kerakmas, faqat shu aka-ukalarimni to‘liq uy bilan ta’minlab berishsin, iltimos qilamiz”.

“Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketgan emas”

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi qurilishi munosabati bilan adib avlodlarining uysiz qolish xavfi to‘g‘risida 2019 - yilning yozida ijtimoiy tarmoqlarda postlar paydo bo‘lgan edi.

O‘shanda adibning nabirasi Xondamir Qodiriy (Xurshid, Jamshid va Umid Qodiriylarning amakivachchasi) mahalliy matbuot orqali Toshkent shahri hokimi uy-muzey qurish masalasida takliflarni ko‘rib chiqib, hammani rozi qilish choralarini ko‘rayotganini xabar qilgan.

Xondamir Qodiriyning matbuotdagi chiqishidan bir necha kun o‘tib, 2019 - yil, 19 - avgustda Samarqanda darvozaga Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan Abdulla Aripov borgan va yig‘ilish o‘tkazgandi.

Mas’ud Abdullayevning katta qizi Gulmira Abdullayeva ota uyidagi vaziyat haqida gapirarkan, bobosining “O‘tgan kunlar”idan iqtibos keltirdi:

“Bobomlarning o‘zlari qalamlari bilan yozgan joylari boru: “Bu dargohdan hali hech kim norizo bo‘lib ketgan emas”, deb. Lekin bu yerda norozilik bo‘lyapti”.

XS
SM
MD
LG