Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:40

Moskvada “Memorial” huquqboni Bahrom Hamroyev ushlandi


“Memorial” tashkiloti huquqboni Bahrom Hamroyev 
“Memorial” tashkiloti huquqboni Bahrom Hamroyev 

Moskvada “Memorial” tashkiloti huquqboni Bahrom Hamroyev 24 - fevral kuni terrorizmni dastaklash(RF JKning 205.2-moddasi)ga doir ish bo‘yicha qo‘lga olindi. Bu haqda “Memorial” inson huquqlari markazi ma’lum qildi.

Bahrom Hamroyevning xotini Zuhra ertalab soat 8:00 larda ularning kvartirasiga FSB xodimlari kelib, kalit bilan eshikni ochib kirishganini, so‘ngra Bahrom Hamroyevni yerga yotqizib, “Feysbuk”da “terrorizmni dastaklash”ga doir ish bo‘yicha gumonlanayotganini aytishganini so‘zlab bergan.

FSB xodimlari kvartirada tintuv o‘tkazib, noutbuk va telefonlarni musodara qilganlar. Zuhraga tintuv vaqtida ko‘chaga chiqib turishni buyurishgan, tintuv tugaganidan keyin esa uni chaqirib kelib, bayonnomaga qo‘l qo‘yishni so‘rashgan.

Unga tintuvga Meshchanskiy tumani sudi sanksiya bergani aytilgan, lekin hujjatlar nusxalari taqdim etilmagan.

Advokat Timofey Shirokovga ko‘ra, huquqbon ishi bo‘yicha tergovni FSBning Moskva shahri va viloyati boshqarmasi yuritmoqda.

2021 - yil mayda Hamroyev O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning Moskvadagi haykali oldida “Andijon qirg‘iniga 16 yil” deb yozilgan plakat bilan piket qilganidan so‘ng hibsga olingan edi.

Undan oldin, fevral oyida Rossiya prokuraturasi Hamroyevni 25 yil avval olgan Rossiya pasportidan mahrum qilish haqida sudga da’vo kiritgan.

Da’voga Bahrom Hamroyevning sobiq xotini yozib bergan tushuntirish xati rasmiy sabab bo‘lgan: ayolga ko‘ra, ularning nikohi soxta bo‘lgan va go‘yo, Hamroyev vatandoshlarini siyosatchi Aleksey Navalniy himoyasiga mitingga chiqishga targ‘ib qila boshlaganidan so‘ng FSB xodimlari uni tushuntirish xati yozishga ishontirganlar.

“Memorial” mazkur ish soxtalashtirilganini ta’kidlamoqda.

Hamroyev va uning faoliyati

Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev bundan oldin ham FSB nazoratiga tushgani, 2016 va 2017 - yilda FSB va Rosgvardiya maxsus kuchlari uning kvartirasida tintuv o‘tkazgani Ozodlikda xabar qilingandi.

Bahrom Hamroyev Moskvada erkin saylov o‘tkazilishi talabi bilan 2019 - yilning avgustida bo‘lib o‘tgan mitingda hibsga olingandi.

O‘sha yil may oyida Moskvaning Tverskoy tuman sudi Bahrom Hamroyevni ayni modda bilan yakka piket uchun 15 ming rubl miqdorida jarimaga tortgan edi. Huquq himoyachisi 2019 - yilning 17 - aprelida Kreml maydonida Moskvaga tashrif buyurgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga qarshi “Rahmon! Siyosiy mahkumlarni ozod qil!” plakatini ko‘tarib chiqqani uchun ham javobgarlikka tortilgan.

U shuningdek, Shinjon uyg‘urlari, Qrim tatarlari, qirg‘izistonlik o‘zbeklar, rossiyalik siyosiy mahkumlar himoyasiga qator yakka piketlarni uyushtirgandi.

2018 - yilda unga nisbatan ikki o‘zbekistonlik muhojirni o‘z kvartirasida qaydga qo‘ygani uchun jinoyat ishi ochilgan edi.

Huquq himoyachisi 2010 - yilda himoyachi FSB xodimi tomonidan qattiq kaltaklangan; 2011 - yilda noma’lum shaxslar Hamroyevga uyi yaqinida hujum uyushtirgandi.

XS
SM
MD
LG