Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:44

Mirziyoyevning 5 tashabbusi uchun 4-asrga oid arxeologik yodgorlik vayron qilindi


Prezident qizi ochib bergan tashabbus markazi ikki yil o‘tib, vayronaga aylandi
Prezident qizi ochib bergan tashabbus markazi ikki yil o‘tib, vayronaga aylandi

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida prezidentning besh tashabbusini taqdim qilganidan ikki yil o‘tib, bu yerdagi 4-asrga oid arxeologik yodgorlik ustiga qurilgan yoshlar majmuasi vayronaga aylandi.

O‘nlab bino va fitnes klubdan iborat majmua qurilishi, eng kamtar hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat byudjetiga 2 milliard so‘mga tushgan.

Zamonaviy binolar joylashgan tepalik qa’rida 4-asrdagi shahar — arxeologik yodgorlik joylashgan. Bu tepalik ichiga ko‘milgan qadimiy “Samsarak” shahrini kim bunyod qilgani borasida aniq faktlar saqlanmagan.

Aholi orasida Muxtepa yoki Ajdartepa deb ham nomlanadigan bu qadimiy shaharni 2019 - yilda kim vayron qilganligini Bo‘ka tumani sud va prokuratura xodimlari bilishadi.

Jinoiy ishlar bo‘yicha Bo‘ka tuman sudi qaroriga ko‘ra¸ mulozimlar qadimiy shaharga 239 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan.

“Madaniy meros” departamentining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ qadimiy ëdgorlikka etkazilgan zarar 2020 - yil 16 - noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Bo‘ka tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan va mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.

Departament vakiliga ko‘ra¸ Samsarak shahar xarobasi bir tomoni avtomashina chiqishi uchun yo‘l qilib o‘yilgan va zinapoyalar o‘rnatilgan. Umumiy zarar yetgan maydon 12646 m3ni tashkil qiladi.

Toshkent viloyat prokuraturasi «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlar va sohaga oid boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosi nazoratiga oid taqdimnoma kiritgani ortidan Bo‘ka tumanidagi 4-asrga taalluqli «Samsarak shahri xarobasi» yodgorligiga shikast yetkazilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan tepalik ustida davlat mablag‘iga bino qurgan mansabdor shaxslar sud tarafidan javobgarlikka tortildi. Ammo sud qaroriga ko‘ra, jarimani Bo‘ka tuman hokimligi to‘lashi lozim.

Hokimlik endi 239 mlrd so‘mlik zararni qoplashi kerak. “Madaniy meros” departamentiga ko‘ra¸ “Bo‘ka tumani hokimligi 239 milliard so‘m jarimaga tortildi, ammo tumanda buncha pul yo‘q”

Shundoq ham dotatsiyada o‘tirgan Bo‘ka tumani hokimligi qadimiy tepalik ustiga qurgan zamonaviy inshootlar sud qarori bilan “Madaniy meros” departamenti balansiga o‘tgan.

Davlat himoyasiga olinganiga qaramay, davlat mulozimlari vayron qilgan «Samsarak shahri xarobasi» yodgorligiga mas’ul bo‘lgan “Madaniy meros” departamenti qadimiy tepa ustiga yangidan qurilgan imoratlardan qanday qutulishni bilmayapti.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra¸ tepalik ustiga ekskavator yoki boshqa qurilish texnikalari chiqishi mumkin emas.

Tarix taqozosi bilan Bo‘kada 4-asrga oid qadimiy yodgorlik ustida 21-asrga oid xaroba paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston prezidenti tashabbusi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi patronaji asosida yaratilgan bu vayrona qo‘y-echki va daydi itlarga maskan bo‘lgan.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Bo‘ka tumanida - 20 - aprel, 2019 - yil.
Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Bo‘ka tumanida - 20 - aprel, 2019 - yil.

Me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev bundan 1600 yil muqaddam barpo etilgan shaharni o‘zi ichiga yashirgan tepalik dunyo arxeologlarining muntazam tadqiqotlariga mavzu bo‘lganini aytadi:

“Qadimiy “Samsarak” shahri haqida “Boburnoma”da ham so‘z yuritiladi. Shahar mamlakat qadim tarixining zardushtiylik davrida gurkirab rivojlangan. Tepalik ichiga ko‘milgan bu shahar xarobalariga zarar bermaslik uchun sovet davridayoq davlat muhofazasiga olingan.”

Turdiyev davlat himoyasiga olingan bu maskanning aynan davlat mulozimlari tarafidan vayron qilinganidan taaassuf bildirdi:

“2019 - yili O‘zbekiston prezidenti Toshkent viloyatini yoshlar uchun jozibador maskanga aylantirish maqsadida bu hududga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqovni mas’ul qilib tayinladi. Sodiqov qadimiy shahar joylashgan tepa strukturasini buzib, u yerda “Yoshlar Ittifoqi”¸ “Xorijiy tillarni o‘rganish markazi” va IT- park va boshqa ko‘ngilochar binolar qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Bu o‘sha paytda qadimiy yodgorliklarni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan Madaniyat vazirligining sukuti fonida yuz berdi”.

Toshkent viloyatidagi qadimiy tepalar arxeologlar uchun joziba markazi bo‘lib qolmoqda
Toshkent viloyatidagi qadimiy tepalar arxeologlar uchun joziba markazi bo‘lib qolmoqda

Ozodlik bog‘langan “Madaniy meros” departamenti matbuot xizmati tepalik ustida bino va inshootlar qurish mavjud qonunchilikka zid ekani borasidagi ekspertiza xulosasini 2019 - yil oxirida prokuraturaga taqdim etganliklarini aytdi:

“Bo‘ka tumani prokuraturasining 2019 - yil 4 - dekabrdagi 10-76248-19-sonli xatiga asosan o‘rganilganda Samsarak shahar harobasi (Ajdar tepa). Bo‘ka tumani, O‘zbekiston ko‘chasi markazida joylashgan, davri IV asrga taalluqli arxeologiya yodgorligiga jiddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan...

Yetkazilgan zarar miqdori baholash mezoni bo‘yicha

I. Arxeologiya yodgorligi – 8 ball

II. Obyekt davri IV asr asrlar – 40ball

III. Obyekt murakkablik darajasi arxeologiya yodgorliklari – 10 ball

IV. Obyektning asl holatini saqlab qolganlik darajasi butkul yo‘qotilgan – 2 ball

V. Qayta tiklash imkoniyati arxeologiya yodgorliklari – 5 ball

VI. Obyektning toifasi – 10 ball

VII. Obyektdan foydalanish – 10 ball

M=85 ball * 12646 m3 * 223000 sum = 239 704 930 000 (Ikki yuz o‘ttiz tuqqiz milliard yetti yuz to‘rt million to‘qqiz yuz o‘ttiz ming) so‘m zarar yetkazilgan.

...Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining 2019 - yil 30 - avgustdagi O‘RQ-560-sonli “Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi (Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan 2019 - yil 24 - avgustda ma’qullangan) qonuni doirasida chora ko‘rilishi bo‘yicha tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.”

Departament xodimlari tarixiy yodgorliklar vayron qilinishidan oldin nega chora ko‘rilmagani haqidagi savolga aniq javob bera olmadi.

O‘zbekiston matbuoti Bo‘ka tumanidagi tarixiy tepalik ustida “Yoshlarning besh tashabbus markazi” ochilishini “olamshumul voqea” deb talqin qilgan. 2019 - yilgi tantanalarda qator mulozimlar, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan edi.

O‘zbekistonda yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud
O‘zbekistonda yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud

Turdievga ko‘ra¸ mamlakat prezidentining "opportunistik tashabbuslari oqibatida" ko‘plab yodgorliklar xatar ostida qolgan:

“Samarqanddagi YuNESKO himoyasi ostidagi hududga kirgan joyda Tibbiyot instituti uchun yotoqxona qurilishi¸ Xivani shahar-muzey qilib turgan asosiy omil, ya’ni tub aholini shahar chetiga ko‘chirish va Xiva shahrining qadimiy “Qo‘y darvozasi” yoniga zamonaviy vokzal qurish hamda Toshkent shahrining kolonial tarixiga oid binolar, xususan eski ToshMI binosini buzish tashabbusi mamlakatning joriy rahbariga oid. Bu binolar O‘zbekiston qonunlari bilan himoya qilinadi. Qonunlarda prezident uchun istisno yo‘q”.

XS
SM
MD
LG