Prezident Shavkat Mirziyoyevning "avvaldan o‘ylab yurgan" rejasi amalga oshsa, O‘zbekistonda yangi viloyat paydo bo‘lishi mumkin.
Toshkent viloyati ikkiga bo‘linishi mumkinligi to‘g‘risida prezident Mirziyoyev 19 - mart kuni Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining fikricha, viloyatni ikkiga bo‘lish “xalq manfaatlariga” xizmat qiladi.
Tahlilchilar esa, viloyatni ikkiga bo‘lishdan mantiq ko‘rmayotgani, byurokratik apparatni kengaytirish aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish garovi emasligini aytmoqda.
Ikki yildan buyon aytilayotgan sir
"Sizga bir sirni aytaman. Men o‘zim bilan xarita olib kelganman. Toshkent viloyatini ikkiga bo‘lmoqchiman. Mana jim bo‘lib qoldinglar. Tushunaman, bu sizlarga yoqmaydi. Bo‘lmoqchiman, Konstitutsiya bo‘yicha huquq menga berilgan. Men taklif beraman, Oliy Majlis ko‘rib chiqadi", - dedi Shavkat Mirziyoyev 19 - mart kuni Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasida.
Davlat rahbarining fikricha, Toshkent viloyatida “birdamlik yo‘q”:
"Angrendagi oqsoqolning gapi Bekobodga to‘g‘ri kelmaydi. Bekobodning gapini Chinoz olgisi kelmaydi… Ikkita ixchamgina viloyat bo‘ladi… 22 ta hududni birdan boshqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin bu haqda hali o‘ylayapman".
Viloyatning ikkiga bo‘linish ehtimoli to‘g‘risida Prezident 2019 - yilning 3 - iyunida Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham gapirgan edi. O‘shanda Toshkent viloyatda qishloq xo‘jaligi juda tang ahvolda ekani qayd etilgan.
Toshkent viloyati
- 1938 - yilda tashkil etilgan bu viloyat O‘zbekistonning shimoli-sharqida, Tiyonshon tog‘larining g‘arbiy yonbag‘rlari bilan Sirdaryoning orlig‘idagi 15 300 kvadrat kilometrlik maydonni egallagan. Viloyat hududi mamlakat umumiy hududining 3,4 foizini tashkil qiladi.
- Viloyatda 2,9 million kishi yashaydi. Bu mamlakat aholisining 8,7 foizidir.
- Qiyoslash uchun: Farg‘ona viloyatida 3 584 800 (2017), Andijon viloyatida 3 188 200 (2021), Namangan viloyatida 2 810 900 (2020) kishi yashaydi.
- Viloyat poytaxti 2017 - yili Toshkent shahridan To‘ytepaga (hozir Nurafshon shahri) ko‘chirilgan.
Farqlar mavjud, lekin ular qayerda yo‘q?
Prezident Mirziyoyev 18, 19 - mart kunlari Toshkent viloyatiga qilgan amaliy safari davomida viloyatlarning bir-biridan, Toshkent viloyatidagi tumanlarning bir-biridan farqi to‘g‘risida ko‘p gapirdi.
- Farqlar, albatta, bor -dedi Ozodlikka Chinoz tumanidagi maktablardan birining ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan direktori, - Masalan, bizning Chinoz Yangiyo‘l, Zangiotadan orqaroqda, bu tumanlarda ishlab chiqarish rivojlangan, ishsizlik kamroq. Biroq biz, masalan, Quyi Chirchiqdan obodroqmiz. Ishim yuzasidan turli seminarlarga, tadbirlarga ko‘p boraman, shuning uchun viloyatni yaxshi bilaman, deya olaman. Lekin tumanlar orasidagi farq viloyatni bo‘lish uchun asos bo‘lishiga aqlim yetmayroq turibdi, axir hamma joyni bir xil qilishning iloji yo‘q-ku, baribir?!
Prezident Toshkent viloyatiga qilgan safari davomida ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarurligini ta’kidlab aytar ekan, “bu maqsadlar uchun, yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan”, - dedi.
Toshkentlik iqtisodchi G‘ulomqodir Tursunovga ko‘ra, bu kabi ma’muriy bo‘lish-qo‘shishlar mamlakatdagi ishsizlik va boshqa ijtimoiy muammolar yechimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganining belgilari yo‘q.
“Prezident nimani ko‘zlayotganidan xabarim yo‘q, albatta. Lekin keyingi yillarda tumanlarni bo‘lyapti, qo‘shyapti. Lekin bu bo‘lish-qo‘shishlar xalqning turmush darajasida aks etayotganini ko‘rmayapman. Prezidentmiz viloyat tumanlari orasidagi farqlar haqida gapirdilar. Lekin men katta farq ko‘rmayapman. Hamma yoqda ishsizlik. Mardikor bozorlari ko‘payyapti. Ayniqsa, Toshkent va Toshkent viloyatida”.
Yangi va yangi tumanlar
- 2019 - yilning avgustida "Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarkibida Bo‘zatov tumani tashkil etildi.
- 2019 - yilning noyabrida Surxondaryo viloyatida Bandixon tumani tashkil etildi.
- 2020 - yilning martida Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumani tashkil etildi.
- 2020 - yilning sentabrida Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani tuzildi.
- 2020 yilning noyabrida Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani tashkil etildi.
- O‘zA axborot agentligi joriy oy boshida Namangan shahri tarkibida yana bir tuman - Yangi Namangan tumani tashkil etilishi kutilayotganini xabar qildi.
Mamlakat rahbariyati yangi hududiy birliklarni tashkil qilar ekan, har birini rivojlantirish bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilgan.
Xo‘sh, Toshkent viloyatini ikki bo‘lish bo‘yicha ishlar boshlandimi? Chegara chizig‘i ikkiga bo‘linadigan viloyatning qayeridan o‘tadi? Bu savollarga viloyat hokimligidan javob olib bo‘lmadi, hokimlik matbuot xizmatiga qilingan qo‘ng‘iroqlar ham javobsiz qoldi.
Mahalliy boshqaruv zaifligi?
Ismi sir qolishini so‘ragan Toshkent viloyat boshqarmalaridan birining mas’ul mulozimi Ozodlik bilan yozishmada “viloyatni ikkiga bo‘lish zaruratini, eng avvalo mahalliy davlat boshqaruvining zaifligi bilan bog‘lash kerak”, degan fikrni bildirdi.
“Bosh prokuror vaziyatni o‘rganib, Prezidentga «Toshkent viloyatida qonun yo‘q ekan, hech narsadan qo‘rqmay qo‘yishibdi», degani viloyatdagi vaziyat qanchalik og‘ir ekanligidan dalolat beradi” , deb yozdi mulozim.
Prezident chindan ham 19 - mart kuni Nurafshonda shunday degan edi.
Mulozimning aytishicha, viloyatni ikkiga bo‘lish to‘g‘risidagi gaplar ikki yildan beri bor, lekin kechagi gapdan keyin ham amalga oshmay qolib ketishi mumkin.
“Yana bir yildan so‘ng, “Mana, o‘zim sinagan, o‘zimning maktabimni o‘tagan Davron Hidoyatov vaziyatni o‘ngladi” degan so‘zni eshitish ehtimoli yuqoriroq, deb o‘ylayman. Qolaversa, botqoqqa botgan kadrlar siyosati obro‘sini ham o‘ylash kerak”.
Mulozim Prezidentning “Toshkent viloyatini ikkiga bo‘lmoqchiman. Mana jim bo‘lib qoldinglar. Tushunaman, bu sizlarga yoqmaydi”, degan so‘zlarini sharhlarkan, manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli haqida gapirdi.
“Prezident viloyat sessiyasida aytganidek, viloyatni ikkiga bo‘lish mahalliy kattalarga yoqmaydi. Bo‘lish nafaqat viloyat, balki respublika miqyosidagi manfaatlar to‘qnashuviga olib keladi va ko‘plar buni qorniga pichoq tortishdek qabul qiladi. Bu haqda ko‘p gapirish mumkin”.
Toshkent viloyat boshqarmalaridan birining mas’ul mulozimi agar chindan ham viloyat ikkiga bo‘linsa, ikkinchi qismining nomi qanday bo‘lishi mumkin, degan savolga javoban bunday prognoz qildi:
“Agar Toshkent viloyati bo‘linsa, ikinchi viloyatning nomi “Zangiota viloyati” deb nomlanishi mumkin”.
"Qo‘shnilar qo‘shyapti, biz bo‘lyapmiz"
O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, hozirda Qozog‘istonda yashayotgan iqtisodchi olim Saparboy Jubayev ham asli Toshkent viloyatidan, viloyatning Bo‘stonliq tumanidan.
Olimning aytishicha, O‘zbekistonda vazirliklar soni ko‘payib, yangi tumanlar tashkil etilayotgan bir paytda Qozog‘istonda bu jarayonning aksi kuzatilmoqda:
“To‘rg‘ay oblasti Qo‘stanay oblasti bilan, Qarag‘anda Jezqazg‘an bilan, Olmaota shahri Toldiqo‘rg‘on oblasti bilan birlashtirildi. Bu boshqaruv apparatini optimallashtirish zarurati bilan tushuntirildi. Toshkent viloyatini bo‘lishdan mantiq ko‘rmayapman. Aholisi ko‘p desak, Toshkentnikidan ko‘p aholisi bor viloyatlar bor. Iqtisodiyoti esa, yaxlit blok sifatida shakllanib bo‘lgan. Shuning uchun zarurat nimada ekanligini tushunolmay turibman”.
Saparboy Jubayev viloyatni ikkiga bo‘lish g‘oyasi ortida yashirin yotgan motivlar haqida taxmin qilar ekan, bunday dedi:
“Balki viloyat hokimi bo‘lish iddaosi bor biror kuchli shaxs harakat qilayotgandir? Balki shu motiv bordir?”
19 - martda Nurafshonda o‘tkazilgan yig‘ilishni yoritgan mahalliy matbuot prezidentning o‘tmishda eng qudratli mulozimlardan bo‘lgan sobiq IIV vaziri Almatov haqidagi so‘zlariga ham o‘rin berdi.
“Prezident «Toshkent viloyatini hammadan ham yaxshi biladigan» Zokir Almatovni (IIVning sobiq rahbari, ayni payt ichki ishlar vazirining maslahatchisi) bekorga olib kelmaganini aytdi. Ta’kidlanishicha, Almatov hokimga yordam berib, «butun elni birlashtirib beradi».
Ko‘payayotgan tumanlar, "urchiyotgan" vazirliklar
Saparboy Jubayevning aytishicha, Qozog‘istonda vazirliklar soni ham, Jahon banki tavsiyalariga binoan keskin qisqartirilgan. Shu kunda Qozog‘iston hukumati 17 vazirlikdan iborat.
O‘zbekistonda esa, vazirlik darajasidagi qo‘mitalardan tashqari 24 vazirlik mavjud.
Olimning aytishicha, O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham davlat boshqaruvi personali sarf-harajatlari (maosh va boshqa chiqimlar) davlat byudjetining 3-4 foizidan ortmaydi va bu masalada Jahon banki tavsiyalariga rioya qilinadi. Biroq Qozog‘istondan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda nomi aksiyadorlik kompaniyasi, amalda esa, davlatniki bo‘lgan qator yirik kompaniyalar borki, ular rahbariyati sarf-harajatlari ham davlat zimmasidadir.