Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:21

"20 minggayam ko‘nishadi". Mardikor ayollar bozorining yangi qiyofasi - otryadchilar


"Otryadchi opa" orqali ishga yollangan ayollar fermerning issiqxonasida ishlamoqda - Koson, mart, 2021
"Otryadchi opa" orqali ishga yollangan ayollar fermerning issiqxonasida ishlamoqda - Koson, mart, 2021

“Otryadchi” - O‘zbekiston qishloqlarida keyingi bir necha yil davomida paydo bo‘lgan yangi kasb. Otryadchilar ish beruvchiga ishchi, ishchiga esa, ish topib berish bilan shug‘ullanadi.

Nisbatan yangi bo‘lgan bu hodisani Ozodlik Qashqadaryo viloyatining Koson tumani misolida o‘rgandi.

Ozodlik gaplashgan uch ayol: ish beruvchi, otryadchi opa va ishchi “hokimlikdan gap tegib qolishidan” qo‘rqqani uchun ismlari aytilishini istamadi va biz ularni qo‘shiqdagi ismlar bilan nomladik: Muhayyo, Surayyo va Ra’no...

Ish beruvchi

Kosonlik fermer Muhayyoning yoshi 41 da. U 38 gektar yerda dehqonchilik qiladi. Xo‘jaligi ko‘p tarmoqli - paxtasi ham, bug‘doyi ham, polizi, bog‘i, chorvasi ham bor.

Muhayyo otryadchi Surayyoning ishchilarini ishlatganiga qariyb ikki hafta bo‘ldi.

“Ertaki tarvuzga urug‘ tashlatdim. Bir hafta davomida kuniga 25-30 ayol ishladi. Har bir ayolga kuniga 25 ming so‘mdan to‘ladim. Salafan qog‘ozdan stakan yasashdi, unga tuproq solishdi. Tuproqqa esa urug‘ tashlanadi va parnikka undirish uchun qo‘yiladi. Unib, chiqqandan keyin dalaga ko‘chiramiz”,- dedi fermer.

Sellofan qog‘ozlardan yasalgan idishlarga kunlik ishchi ayollar ekkan turvuz urug‘lari unib chiqdi. Koson, 2021, mart.
Sellofan qog‘ozlardan yasalgan idishlarga kunlik ishchi ayollar ekkan turvuz urug‘lari unib chiqdi. Koson, 2021, mart.

Muhayyoning aytishicha, ish haqini oz to‘laganini o‘zi ham tushunib turibdi:

“Biroz nokaslik qildim. Shu kunda narx 30-35 ming. Men otryadchi ayollarga 25 mingdanga ishlaydiganlarni topinglar degandim, ular topib kelishdi-da, axir. Ayollar uyida bekor o‘tirishgani uchun rozi bo‘lishdi. Bu boshlanishi, vaqti keladi 50 mingdan ham beramiz dedim, xo‘p deyishdi. Ular ichkarida, issiqda ishlagani uchun men bergan pulga ko‘ndi. Ishga ertalab soat 7-8 larda kelishadi, 1 soat tushlik. Go‘shtli ovqat, salatlar berdim. Soat 6 gacha ishlashdi”.

“Allo, ishchi kerak!”

Fermer Muhayyoning aytishicha, har bir mahallada uch-to‘rttadan otryadchi opalar bor. Ishchi kerak bo‘lganda Muhayyo o‘shalardan biriga qo‘ng‘iroq qiladi, qancha ishchi kerakligini aytadi, bahoni kelishishadi, ertasiga ertalab ishchi ayollar yig‘iladigan joyga mashina jo‘natib, ularni olib keladi.

Muhayyoning dalasida “shu kunda ayollar yo‘q, erkaklar bor. Traktorchiniyam qo‘shib hisoblaganda 8 kishi ishlayapti”.

“Shu kunda, - deydi fermer, - hamma kunlik qiz (ishchi demoqchi) qidirib yuribdi. Otryadchilarning ro‘yxatidagi ishchi ayollarning hammasi band. 10 kun, 1-2 oyga ular uchun tayinli ish bor”.

Otryadchilar orasida raqobat kuchli

Ayni paytda, fermerning aytishicha, otryadchilar ham ko‘payib ketgan:

“10 ta ishsiz ayolning boshini bir qilib, o‘zini otryadchi deb e’lon qilishyapti. Raqobat kuchli. 25 mingdan ishchi olib qo‘yganimdan keyin yana bir otryadchi “men 20 mingdan olib boraman, ularni qaytarib yubor, hozir pullari yo‘q, oldinda 8 - mart, Navro‘z, 20 minggayam ko‘nishadi”, - dedi. Men ko‘nmadim, betim chidamadi”.

Kosonlik fermerning issiqxonasidan yana bir ko‘rinish. 2021, mart.
Kosonlik fermerning issiqxonasidan yana bir ko‘rinish. 2021, mart.

Otryadchi kim?

Fermer Muhayyoning tushuntirishicha, “Otryadchi” bir guruh xotin- qizlarni uyushtirib, ularga ish topib, haqini undirib bera oladigan tashabbuskor ayoldir.

Otryadchi so‘zi 2010-yillarning boshida paydo bo‘lgan “terim otryadlari” iborasiga borib taqaladi.

Ish beruvchi, otryadchi va ishchi bir-birini qanday topadi?

Fermer Muhayyoning aytishicha, har bir otryadchida o‘z “ishchilari” ro‘yxati, fermerlarda esa, otryadchilar ro‘yxati bor:

“Har holda, menda bor shunday ro‘yxat. U bo‘lmagan taqdirdayam, mahallada 7 yashardan 70 yashargacha kim otryadchi ekanligini biladi. Har bir otryadchining o‘z ayollari bor. Ular o‘zlariga mahallalaridagi xotin-qizlarni terib-terib olib, guruhlarini tuzib oladi. Ishchilar ham boshqa otryadchilarga o‘tib ketmaydi”.

Озодлик хорижга ишлашга кетган аёллар кўпаяётгани ҳақида ўзбек мигрант-аёллари билан суҳбатлашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:52 0:00

Otryadchining manfaati nimada?

Fermerning aytishicha, otryadchi har bir ayol uchun ish beruvchidan 2 ming so‘mdan oladi: “Masalan, men 20 ta qiz ishlatgan kunim 40 ming, 30 ta ishlatgan kunim 60 ming berdim. Bu pulni tejash uchun men o‘zim mahallaga borib, ishchi yollay olmayman. Ishchi yollash otryadchilar ixtiyoriga o‘tib ketgan”.

Paxta mavsumida otryadchilar hokimlar ixtiyoriga o‘tadi

Paxta mavsumi boshlanishi bilanoq otryadchi opalar fermerlar bilan muloqotni to‘xtatadi. Shaxsan meni ular tanimay qoladi. 2- 3 - sentabr kunlari hokimlik tuman markazidagi eng qimmat restoranga otryadchilarni yig‘ib, ziyofat qilib beradi, sovg‘a-salom ulashadi. 3 oyga plastik karta ochiradi. 2 milliondan oylik to‘lab beradi. Bu majburiy mehnat degan ayblovdan qochishning yo‘li”, - dedi fermer Muhayyo.

Uning aytishicha, erkak otryadchilar deyarli yo‘q.”Negadir erkak otryadchilarning ishi yurishavermaydi”, dedi fermer.

Ozodlik kosonlik otryadchi ayollardan biri bilan ham gaplashdi.

Otryadchi ayol

Surayyo deb ataganimiz otryadchi ayol bu ish bilan 5 yildan beri shug‘ullanayotganini aytdi. Uning ro‘yxatida 160 nafar xotin-qiz bor.

“Bugun 8 - mart bo‘lgani uchun ishga chiqarolmadim. Kecha hammasi ishga chiqqan. Bechoralar hammasi ishga muhtoj. Fermerlar bilan, parnikchilar bilan gaplashaman. Biroviga 25, boshqasiga 30 kishi jo‘nataman”, - dedi Surayyo.

Uning aytishicha, dastlab ish boshlaganida ro‘yxati ancha qisqa edi: “Keyin qarashsa, men ish topib berolyapman. Shundan keqin o‘zlari kela boshladi. 2020 - yil og‘ir keldi. Virusning ta’siri bo‘ldi. Ishlarimiz ancha to‘xtab qoldi. Ko‘pchilik bir joyda to‘planishi mumkinmas, deyishdiku axir!”

Surayyoning aytishicha, u ish beruvchidan har bir ishchi uchun 2 ming so‘mdan oladi. Ishchidan olmaydi.

- 160 kishini ishga jo‘natsangiz, bir kunda 320 ming so‘m bor ekanda?

- Ha shunday. Bor. Lekin meniyam shunga yarasha harajatlarim bor. Telefonga to‘layman. Tinmayman. Ish beruvchilarning oldiga boraman. U bilan gaplashaman, bu bilan gaplashaman. Ishchilardan xabar olib turaman. Obedini beryaptimi - tekshiraman. Ertagalikka ish qidiraman. To‘g‘risi, o‘zim e’tibor bermagan ekanman, “bir kunda 320 ming topasiz ekan”, desangiz o‘zim ham qo‘rqib ketdim”. (kuladi)

Suhbatga zo‘rg‘a ko‘ndirganimiz otryadchi Surayyo bilan aloqa shu joyda uzilib qoldi. Biroq birozdan keyin uning o‘zi aloqaga chiqib, “yana bir gapni aytmasa bo‘lmasligini” bildirib, dedi:

“Paxta termi davrida hokimning tassrufiga o‘tamiz. O‘sha uch oy biz rosa qiynalamiz. Birinchi terim dalalar yotadi. Ishchilarim o‘sha daladan tersin desam hokilikdagilar ruxsat berishmaydi. Uchinchi terimni beradi. Oldin shuni terasan, deydi. Ko‘saklar ochilmagan bo‘ladi. Urib-urib ochasan deydi. Ishchilar janjal qiladi. Boshqa fermerlarga boraylik, ularda paxta yaxshi deyishadi. Hokim birinchi meni sektorimni terasan, keyin prokurornikini terasan, deb turib oladi. Ungacha paxtaning vazni tushib ketadi. Kilo bermay qoladi. Tefal-mefal berib og‘zimizni yopmoqchi bo‘ladi”.

Surayyoning aytishicha, hokimlik otryadchilarga paxta mavsumida uch oy ikki million so‘mdan maosh to‘laydi.

Ishchi

Ra’no deb ataganimiz kosonlik ayol otryadchi bilan uch yildan beri ishlaydi:

“Otryadchi opaga meniyam qo‘shing, deb o‘zim borganman. Bitta mahallada yashaymiz. Lekin yoshim 50 dan o‘tib qolgani uchun har doim ham ish bo‘lavermaydi menga. Yoshroq juvonlarni olishadi. Haftasiga 4- 5 kun ish bo‘ladi. Ba’zida 6 kun ham bo‘lib qolishi mumkin. Dekabrda biroz ish tortilib qoladi”.

Yoshi 52 ga to‘lgan Ra’noning eri, bir qizi va ikki o‘g‘li bor. Bir o‘g‘li Rossiyada. Farzandlari 29, 28, 24 yoshda. Birontasiniyam uylagani yo‘q. Ularga uy-joy qilingani yo‘q.

“Bugun bayram bo‘lgani uchun ishlaganim yo‘q. Kecha ishga chiqdim. 10 kishini parnikchi olib ketdi. Tarvuz-qovun ko‘chatni chiqarish uchun stakanga tuproq solib berdik. Ertalab 7 yarimdan 6 gacha ishladik. 30 ming so‘mdan berishdi. Obedga suyuq ovqat berdi. Sharoiti yaxshi emas ekan, biroz sovqotdik”, dedi Ra’no.

Uning aytishicha, sheriklari bilan qilmagan ishi yo‘q: “Sabzi o‘taymiz, somon to‘playmiz, beda o‘ramiz, parniklarda bodring uzamiz, pomidor teramiz, paxta teramiz. Kunligimizni kunda olamiz. Lekin paxta paytida ishimizga hokimlik aralashadi, pulimizni vaqtida bermay qiynaydi”.

Ra’noning eri va o‘g‘li qurilish ustalari. Bitta o‘g‘li Rossiyada. Doim ham pul jo‘nata olmaydi. Ikkinchi o‘g‘li otasi bilan odamlarning uyida ish qiladi. Ularga ham har doim ham ish bo‘lavermaydi.

Joriy yilning 11 - yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov pandemiya davrida ishsizlar soni keskin oshganini aytgan. Uning AOKAdagi matbuot anjumanida aytishicha, o‘tgan yil yarmida mamlakat aholisi orasida ishsizlik darajasi 9,3-9,4 dan 13 foizga ko‘tarilgan. Mulozimning aytishicha, o‘tgan yil sentabrida bu ko‘rsatkich 11,1 foizga tushnan va hozirda 10 foiz atrofida.

Vazir o‘rinbosari bu ishsizlardan qanchasini ayollar tashkil etishini aytmagan. 2019 - yil iyulida e’lon qilingan raqamlarga ko‘ra, xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi 13,4 foizni tashkil etgan.

O‘zbek ayollari xorijiy mamlakatlarga ishlash uchun ketayotgan mehnat migrantlarining ham salmoqli qismini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG