Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:35

Milliardlab daromad ko‘radigan “Neftgazqurilishta’mir”ning yuzlab ishchisi maoshlarini ololmayapti


Buxoro viloyatining Gazli shaharchasidagi “Neftgazqurilishta’mir” mamlakatdagi yetakchi korxonalardan biri
Buxoro viloyatining Gazli shaharchasidagi “Neftgazqurilishta’mir” mamlakatdagi yetakchi korxonalardan biri

Buxorodagi “Neftgazqurilishta’mir” AJning yuzlab ishchilari to‘rt oydan buyon maoshlari berilmayotganini aytmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan korxona ishchilari O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga ochiq xat yo‘llashgani, ammo hanuz javob olmaganliklarini bildirishdi.

Olti yuzga yaqin ishchi mehnat qiladigan bu shirkat bino va inshootlarni qurish va kapital ta’mirlash, neftgaz quvurlarini montaj va demontaj qilish, yer qazish ishlarini bajarish, quvurlarni payvandlash, izolyatsiyalash ishlarini amalga oshiradi.

Korxona rahbariyati ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagani va buyurtma hajmi kamaygani sabab ishchilarga maoshlarini to‘lolmayotganini aytmoqda.

“Neftgazqurilishta’mir” AJning Gazli shaharchasidagi unitar korxonasi ishchilaridan biri 11 - mart kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana yuzlab hamkasbi o‘tgan yil noyabridan buyon oyliklarini ololmayotganliklarini aytdi:

“Noyabr, dekabr, yanvar, fevral oyliklarni olmadik. Biz ishchilarni kim o‘ylaydi? Qaysidir mas’uliyatsiz shaxslar tufayli bugun och yo kimningdir eshigidan qarz so‘rab chiqishdan boshqa ilojimiz bo‘lmayapti. Olti yuzta odamning taqdiriga hukumat befarq bo‘lmaydi, degan umiddamiz”, - deydi korxonaning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ishchisi.

Ishchilar oyliklari to‘lab berilishini so‘rab O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga ham ochiq xat yo‘llashgan, ammo hozircha javob olmaganliklarini aytishdi.

“Korxonamiz ishchilari tinim bilmay ishlashadi. Qish sovug‘i, yoz jaziramasida ham tinim bilishmaydi, korxonamizga milliardlab daromad keltirishadi, lekin bu pullar qayerga ketganini hech kim bilmaydi. Yaqindagina korxonamizga tegishli bo‘lgan obyekt 2.5 milliard so‘mga sotildi, bu pullar qayerga ketdi? Talon-toroj qilindimi, hech kim bilmaydi", - deyiladi korxonaning o‘ndan ortiq ishchisi imzo chekkan murojaatda.

Korxonaning ayrim ishchilari O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga ham ochiq xat yo‘llagan, ammo hozircha javob olmagan:
Korxonaning ayrim ishchilari O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga ham ochiq xat yo‘llagan, ammo hozircha javob olmagan:

Ozodlik ishchilar e’tirozi yuzasidan izoh olish uchun korxona rahbari Dilshod Bozorovning mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan odam Ozodlik savolini eshitishi bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

"Topshirilgan obyektlardan pul ololmayapmiz"

O‘zini “Neftgazqurilishta’mir” rahbarining yordamchisi deb tanishtirgan shaxs ishlab chiqarish va buyurtma hajmi kamaygani sabab korxonaning oylik to‘lashga puli yo‘qligini aytdi.

“Topshirilgan obyektlardan pul ololmayotganimiz uchun ahvolimiz qiyin bo‘lyapti. Buyurtma olish uchun yuguryapti boshlig‘imiz. Ishchilarimizni boqaylik, deb. Buyurtma yo‘q. Golovnoy ofisdagilar ham oylik olmayapti. Korxonani saqlab qolib, ko‘tarib olaylik deb chidab o‘tiribmiz, oyliksiz”,-dedi korxona boshlig‘i yordamchisi.

Korxona rasmiy vebsaytidagi ma’lumotga ko‘ra, 1975 - yilda tashkil topgan “Neftgazqurilishta’mir” 2017 - yilgacha “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida bo‘lgan.

Korxona tarkibida yiliga 15000 m3 temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod, shuningdek oyiga 80 mingga yaqin g‘isht, 10 ming m3 yog‘ochni qayta ishlash, yiliga 30 ming tonnaga yaqin asfalьt beton mahsulotini ishlab chiqarish tsexlari bor.

Ammo “Neftgazqurilishta’mir” yillik daromadi qancha ekani haqida korxona saytida ma’lumot keltirilmagan.

4 миллиард долларлик Uzbekistan GTL заводини қураëтган минглаб ишчи ғалаëн кўтарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:26 0:00

“2017 - yilda “O‘zbekneftgaz” tarkibidan chiqqanimizdan keyin muammolar boshlandi. Ikki ming ishchisiga ega bo‘lgan korxonada bugungi kunda olti yuz ishchi qolgan. Agar oyliklar kechikishi davom etsa, ko‘pchiligimiz ketamiz, deb turibmiz”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan “Neftgazqurilishta’mir” ishchisi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, “Neftgazqurilishta’mir” korxonasida maoshlardan qarzdorlik 2019 va 2020 - yillarda ham kuzatilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ishchilar "oylab maoshlarini ololmayotganlari, korxona rahbarlari pullarni “aylantirib” ko‘paytirish bilan ovora ekani" haqida yozganlar.

Mahalliy nashrlar 2018 - yil noyabrida Majburiy ijro byurosi soliqlarni to‘lamagani uchun “Neftgazqurilishta’mir” ning 622,5 mln so‘m qiymatidagi avtomashinalari davlat foydasiga musodara qilingani haqida yozgan.

Shuningdek, MIB o‘tgan yil yanvarida “Neftgazqurilishta’mir”ning 10 nafar xodimi maoshlarini undirib bergani xabar qilingan.

Davlat xabar agentligi O‘zA 2020 - yil fevralida oylab ishchilarning maoshlarini to‘lamay kelgan “Neftgazqurilishta’mir” hisob raqamida "juda katta pullar aylanishi" haqida yozgan.

Korxonaning rasmiy vebsaytidagi moliyaviy hisobotga ko‘ra, 2020 - yilda uning daromadi qariyb 21 milliard so‘mni tashkil etgan.

Ishchilarning maoshlaridan katta miqdorda qarzdorlik bo‘lgan 2012−2019 - yillarda “Neftgazqurilishta’mir” boshqaruv raisi bo‘lgan Anvar Rajabov shu yilning fevral oyida Buxoro tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Surunkali muammo

O‘zbekistonda oylik ish haqlarining vaqtida yoki mehnatga yarasha to‘lanmasligi ham davlat va ham xususiy sektordagi korxonalarda surunkali tus olgan muammo.

6 - mart kuni Andijonning Asaka shahridagi UzAuto Motors AJga qarashli Transport tashuvlari boshqarmasining o‘nlab haydovchilari ish haqlarining pasaytirilishidan norozilik bildirgandi.

Shu yil yanvarida Ozodlik Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limi ishchilarining zavoddagi qisqartirishlarga qarshi norozilik aksiyasi haqida xabar bergan edi.

11 - yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining o‘nlab ishchilari ham o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlangani haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan.

O‘tgan yil oktabrida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodida maosh va ovqatlar vaqtida berilmaganidan g‘azabga kelgan quruvchilarning norozilishi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG