Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:34

Migrantlar Oson va PayWaydan pul jo‘nata olmayapti. Markazbank pul o‘tkazmalari cheklanganini rad etdi


O‘zbek mehnat muhojirlari Rossiyaning Novgorod shahrida vatanlariga pul jo‘natmoqda. 2022-yil, iyun.
O‘zbek mehnat muhojirlari Rossiyaning Novgorod shahrida vatanlariga pul jo‘natmoqda. 2022-yil, iyun.

O‘zbekistondagi Oson va PayWay pul o‘tkazish tizimlari 5-sentabrdan xalqaro pul o‘tkazish va pul olish xizmatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Rossiyadagi Yunistrim va boshqa pul o‘tkazish shirkatlari g‘arb sanksiyalariga uchrashi va mintaqadagi bir qator banklar bu tizimlar bilan ishlashni to‘xtatgani ortidan Oson va PayWay kabi kichik tizimlar mehnat muhojirlari uchun O‘zbekistonga pul jo‘natishda muqobil platformalarga aylangandi.

PayWay vakili Ozodlik bilan suhbatda pul o‘tkazish to‘xtatilishi haqida Markaziy bankdan buyruq bo‘lganini aytdi.

“Markaziy bank tarafidan xalqaro o‘tkazmalar vaqtincha to‘xtatilgan. Aniq vaqti noma’lum”, - dedi Ozodlik suhbatlashgan PayWay xodimi.

Oson mazkur xizmat tez kunlarda tiklanishini bildirgan.

Ammo har ikki xizmat Rossiyadan pul o‘tkazish to‘xtatilgani sababini tushuntirmadi.

O‘zbekiston Markaziy bank matbuot xizmatining bildirishicha, bu to‘lov tizimlari "oluvchisi va jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirib kelgan.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valyuta mablag‘larini tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Biroq, amaliyotda “BRIO GROUP” MCHJ (OSON) to‘lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag‘i orqali yuqoridagi Qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o‘tkazgan", deyiladi Markaziy bank matbuot xizmati bildiruvida.

O‘zbekistonda 52 ta to‘lov tizimi bo‘lib, Oson va PayWay ularning eng yiriklari hisoblanadi.

31-avgust kuni Markaziy bank Oson brendining ta’sischisi Brio Group shirkatini jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgani uchun jarimaga tortgan edi.

Ammo, MB Brio Group aynan qanday talablarni buzgani va jarima miqdori qancha ekaniga aniqlik kiritmagan.

O‘zbekiston Markaziy bankidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, pul o‘tkazmalari ikkilamchi sanksiyalar xavfi bois to‘xtatilgan.

Manbaning aytishicha, Oson va PayWay kabi tizimlar transchegaraviy pul o‘tkazmalarini tijorat banklari ishtirokisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijdagi kontragent orqali amalga oshirib kelgan, bu esa ba’zi guruhlarga sanktsiya tartibini aylanib o‘tish imkonini berishi mumkin.

G‘arb sanksiyalari

Bundan oldin O‘zbekistondagi kamida beshta bank g‘arb sanksiyalariga uchragan Rossiyaning “Yunistrim” to‘lov tizimi bilan ishlashni to‘xtatgan edi.

20-iyul kuni AQSH mazkur to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi xuddi shu nomdagi "Yunistrim" bankiga qarshi bloklovchi sanksiyalar joriy qilgandi.
Bundan tashqari, AQSH G‘aznachiligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Tinkoff Bank, Loko-bank va «Solidarnost» bankini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi.

21-iyul kuni “Ipoteka-bank”, 24-iyul kuni “Xalq banki”, “Trastbank”, 25-iyul kuni “Turonbank” va “Hamkorbank” “Yunistrim” bilan ishlashni vaqtincha to‘xtatganini bildirdi.

2022-yil 25-iyuldan boshlab “Kapitalbank” “shubhali tranzaksiyalar” tufayli “Kontakt”, “Zolotaya Korona” va “Yunistrim” orqali pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgandi.

Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi tushib ketdi

2023-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga xorij davlatlaridan 5, 2 milliard dollar pul o‘tkazildi.

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,5 foizga kamdir.

Rossiya O‘zbekistonga pul jo‘natmalari bo‘yicha yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda. Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga pul jo‘natmalarining 80 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank joriy yilda O‘zbekistonga xorijdan jami 11-11,5 milliard dollar atrofida pul yuborilishini taxmin qilmoqda. Bu 2022-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 32-35 foizga ozdir. 2022-yilda xorijdan O‘zbekistonga 16,9 milliard dollar pul jo‘natilgan edi.

Ayni paytda Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari G‘arb Rossiyaga kiritgan sanksiyalarni o‘z badanida his qilayotganliklarini aytishadi.

"Rossiya rubli qadrsizlanib, dollar ko‘tarilib ketganidan so‘ng pul jo‘natishdan ma’no ham qolmadi o‘zi. Ushlab turibmiz, qachon rubl tiklansa shunda jo‘natamiz deb. Hozir ishlayotgani faqat "Zolotaya korna". U ham yopilsa bilmaymiz nima qilishni", - deydi Rossiya poytaxti Moskvada farrosh bo‘lib ishlovchi Davron.

Rossiyadagi “Migrant” loyihasi rahbari Botirjon Shermuhammadning aytishicha, muhojirlar uchun oilasiga pul jo‘natish “hayot-mamot masalasi”.

“Baribir millionlab muhojir O‘zbekistonga pul yuborishi kerak. Hozir boshqa yo‘llarini qidirishmoqda. "Zolotaya Korona" orqali. Shuningdek, “Yunistrim” ham O‘zbekistonga xalqaro SWIFT orqali emas, o‘zlarini kanallari orqali yuborishni yo‘lga qo‘yishini aytgan. Lekin, bu yerda u bilan ishlovchi banklar ikkilamchi sanksiyaga tushib qolishi xavfi bor albatta", - deydi Botirjon Shermuhammad.

Banklar moliyaviy xizmatlarini taqdim etish orqali butun iqtisodiyotda ko‘prik rolini o‘ynaydi. Shu jihatdan, birinchi navbatda O‘zbekistondagi tijorat banklarining sanksiyalarga uchragan Rossiya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish jarayonida ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda.

AQSH Ukrainadagi urush tufayli G‘arb tomonidan joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Rossiyadan tashqaridagi jismoniy shaxslar va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilib kelmoqda.

Ammo ayni paytda Markaziy bank qarori O‘zbekiston bank sektori va pul jo‘natmalari tizimida nosog‘lom raqobat va monopoliyaga doir xavotirlarni ham paydo qildi.

Турк лираси қадрсизланиши мигрантларнинг маошига салбий таъсир қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:45 0:00

Salam Pay ham ishlamayapti

Rossiyadagi o‘zbekistonlik yurist va migrantlar himoyachisi Zarnigor Omonullayeva 2 milliondan ortiq migrantga aloqasi bo‘lgan qarorning qanchalik to‘g‘riligini savol ostiga oldi.

“Qo‘qqisdan cheklab qo‘yaverishi, odamlarning ehtiyojlarini hisobga olmaslik noto‘g‘ri emasmi? Pul o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga Markaziy bankdan xabar borgan. Ammo oddiy xalqchi? Oddiy o‘z pulini xizmat haqqini to‘lab, ehtiyoj yuzasidan o‘tkazadiganlarga qiyinchilik yaratmaslik maqsadida kichik bo‘lsa ham ogohlantirish bo‘lmasmikin?

Nega ogohlantirish deyotganimni tushuntiraman. Bilmaganlar 5-sentabr kunidan pul o‘tkazib qo‘ysa yaqinlari pulni ololmaydi. Natijada pul to tizim qaytadan ishga tushguncha “havoda” qoladi. Migrantning o‘zi ham pulsiz qolib ketadi, yaqinlari ham. Juda qo‘pol hurmatsizlik emasmi?!

Yozishlaricha, pul o‘tkazish tizimlari qaysidur yagona o‘zbek bank orqali bo‘lishi mumkin (m-monopoliya). Shu yoki boshqa yangi tartib o‘rnatilguncha pul o‘tkazish tizimlari ishlamaydi…” deb yozdi Omonullayeva o‘zining Telegram-kanalida.

Uning aytishicha, 5-sentabr holatiga PayWay va Oson bilan birga Salam Pay ham ishlamayapti. U Rossiyadagi migrantlarga hamma pullarini birdan jo‘natmaslik, avvaliga kichikroq miqdordagi o‘tkazma bilan test qilib ko‘rish, agar mablag‘ manzilga yetib borsa, keyin qolgan pullarini yuborishni tavsiya qildi.

Ayni paytda Markaziy bank 5-avgust kuni Oson to‘lov xizmati qabul qiluvchi va jo‘natuvchi to‘g‘risidagi talab qilinadigan ma’lumotlarni qonunchilikda ko‘rsatilganidek aks ettirmagani uchun jarimaga tortilganini aytib, O‘zbekistonda xalqaro pul o‘tkazmalariga cheklov qo‘yilganini rad etdi.

"O‘zbekiston Respublikasida xalqaro to‘lov xizmatlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari, shuningdek, xalqaro onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan bo‘lib, tijorat banklarining platformalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bundan keyin ham to‘lov tashkilotlari faoliyatida qonunchilik buzilishi holatlarini muntazam ravishda nazorat qilib, to‘lov tashkilotlari qonunchilik doirasida faoliyat yuritishlari borasida barcha choralarni ko‘radi", deyiladi Markazbank bayonotida.

XS
SM
MD
LG