Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:33

"Men uni ozarbayjonga o‘xshatibman!" Moskvada o‘zbekistonlik stomatolog pichoqlab ketildi (VIDEO)


Jamol Odilov reanimatsiyada qolmoqda
Jamol Odilov reanimatsiyada qolmoqda

Moskva shimolidagi xususiy stomatologiya klinikasining o‘zbekistonlik shifokoriga noma’lum shaxs hujum qilib, uni pichoqladi.

Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, vrachga hujum qilgan shaxs taniqli kinoprodyuserdir. Hujumchi qo‘lga olinib, voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilindi.

Ozodlik bilan suhbatda voqea yuz bergan klinika rahbari politsiya va Tergov qo‘mitasi bosimiga uchrayotganini aytdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasi O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan tish doktoriga qilingan hujumdan so‘ng Jinoyat kodeksining “Odam o‘ldirishga urinish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochdi.

Hodisa 13 - dekabr, dushanba kuni, soat 14 atrofida Moskvaning Janubiy Medvedkovo mavzesidagi xususiy klinikada sodir bo‘lgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Moskvaning Yasniy tor ko‘chasida joylashgan stomatologiya klinikasida ishlab kelgan jabrlanuvchi shifokor Jamol Odilov 40 yoshda. U asli Toshkentdan.

Moskvada yuzlab boshqa tish do‘xtirlar kabi, to‘rt farzandning otasi bo‘lgan Jamol ham mehnat muhojirligida yurgan.

Klinika boshqaruvchisi bo‘lgan Bobur Ozodlik bilan suhbatda 13 - dekabr kungi hodisani tasvirlab berdi. Boburning aytishicha, Murad O. ismli shaxs haqiqatan shu klinikada 6 oy oldin tishini davolatib ketgan.

- Ish vaqtida, soat 14larda shu odam keldi. U oldin yozilmasdan kelibdi, vaholanki bizda unday qabul qilinmaydi. Jabrlangan yigit Jamol Odilov Toshkentdan, juda malakali mutaxassis. Kim kerakligini aytolmasdan turgan paytda Jamol chiqib qolgan koridorga. “Mana shu odam kerak!”, degan. U koridorda yarim soatcha poylab o‘tirgan. Jamol rentgen xonasiga kirayotganida bu odam qo‘lidagi paketdan pichoq olib gap-so‘zsiz Jamolga hamla qilyapti! U biqiniga pichoqni tiqib oldi, qo‘lini kesdi. Rahmonberdi degan yigitimiz Jamolni qutqarib qolgan va olib chiqib ketgan. Jamolni Sklifosovskiyga olib ketishgan, pichoq 7-8 sm ichkariga kirgan ekan. Bu Muradning shifokori Yelena ismli ayol bo‘lgan. 6 oy oldin Yelena millati armani bo‘lgan bu odamning bitta qurtlagan tishini katta mutaxassis bo‘lgan Jamolga ko‘rsatib, maslahat so‘ragan ekan. Jamol uni oldirib tashlashni, o‘rniga implant qo‘ydirishni tavsiya qilgan ekan, xolos. Jamol uni davolamagan ham, deydi Bobur.

Suhbatdosh bu hodisaga tergovchi va politsiyachilar munosabati taajjublantirganini aytadi.

- Jinoyatchi chiqishidan 2-3 minut o‘tib politsiya kirib kelyapti! Politsiya kirib, hammayoqni s’yomka qilishni boshladi. Bu s’yomkalar o‘sha kuniyoq mahalliy telekanallar va Internetga chiqib ketyapti. Kelgan tergovchi “Hech kim bilan muloqot qilmang, jurnalistlar bilan muloqot qilmang!”, deb o‘zlari tarqatyapti. Kechasi so‘roq paytida tergovchi Muraddan so‘rayapti hujum qilgani sabablarini. “Uni ozarbayjonga o‘xshatibman!”, deyapti. Ya’ni, faqat ozarbayjonga o‘xshatgani uchun pichoqlab ketyapti! – dedi Bobur.

Stomatologiya klinikasi vrachlari Rossiya ommaviy axborot vositalarida klinika xodimlari go‘yo sifatsiz xizmat ko‘rsatgani va aldagani borasida haqiqatdan yiroq turli o‘ydirmalar tarqatilayotganidan ham shikoyat qildi va tergov yakunini kutib turishni so‘radi.

Huquq-tartibot organlari xabariga ko‘ra, klinikaga kelgan shaxs shifokorga pichoq bilan hujum qilgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati olgan va kasalxonaga olib ketilgan. Voqea guvohlari politsiyani chaqirgan.

Ozodlik Jamol Odilovning pichoqlanishidan bir necha daqiqa o‘tib olingan kadrlarni qo‘lga kiritdi.

Москвада ўзбекистонлик стоматолог пичоқлаб кетилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:21 0:00

Moskva shahar Tergov qo‘mitasi Ozodlik so‘roviga hujum qilgan shaxs o‘sha kuniyoq qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

- Gumonlanuvchi 1961 - yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro bo‘lib chiqdi. U voqea joyiga yetib kelgan tuman politsiyasi xodimi tomonidan qo‘lga olindi. Tergovchilar uni va hodisa guvohlarini so‘roq qilmoqda. Jabrlangan shifokorga kerakli muolaja qilindi - uning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q, - dedi poytaxt Tergov qo‘mitasi rasmiysi Yuliya Ivanova.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Moskva shahar Babushkinskiy tumanlararo tergov bo‘limi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 3-qismida (“Odam o‘ldirishga urinish”) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.

O‘zbekistonlik stomatologga hujum qilgan shaxs 59 yashar Murad O. ekani, u ko‘rsatilgan xizmatdan qoniqmagani bildirildi:

- Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Murad unga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatdan norozi bo‘lgan va stomatologga pichoq urgan, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan Babushkinskiy tuman politsiya xodimi.

Tergov ishlari Moskva shahar prokuraturasi nazoratiga olingani ham ma’lum bo‘ldi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, qotilikka urinishda ayblanayotgan shaxs “Paradiz” prodyuserlik markazi bosh direktori Murad Oganesyan bo‘lib, pichoq urganidan keyin o‘zi politsiyaga borib taslim bo‘lgan.

"Komsomolskaya pravda" nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Rossiyada suratga olingan “Svolochi” (“Ablahlar”) va boshqa mashhur filmlarga prodyuserlik qilgan biznesmen Murad Oganesyanning kompaniyalari mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz tufayli kasodga uchragan va bundan ikki yil oldin yopilgan. MTV kinosovrinini olgan “Svolochi” filmiga kinorejissyor Vladimir Menshov mukofot topshirishdan bosh tortgani ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

14 - dekabrda yoshi 60 ga to‘lgan Murad Oganesyan o‘z yubileyini hibsxonada nishonlamoqda.

Xozirda Murad Oganesyan Babushkinskiy tuman politsiya bo‘limida qolmoqda, unga nisbatan “hibsga olish” tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilishi kutilmoqda.

Ozodlik Moskvaning Sklifosovskiy kasalxonasining jonlantirish bo‘limida qolayotgan shifokor Jamol Odilovning ahvoli o‘rta og‘irlikda ekani, unga zaruriy barcha tibbiy muolaja ko‘rsatilganini aniqladi.

14 - dekabr kuni u tergovchilar savollariga javob berishi va vaziyatga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joyizki, bu holat xizmat vazifasini bajarayotgan o‘zbek muhojirlariga qilingan yagona hujum emas.

O‘zbekistonlik 24 yashar sartarosh Doston Adexanov 2017 - yilning 13 - oktabr kuni Podmoskovyeda o‘z mijozi tomonidan o‘ldirilgandi. Ozodlik sochi yomon olinganini iddao qilgan mijoz uning yuragiga uch marta o‘tkir tig‘ suqib olgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Voqea ko‘chada, ko‘pchilik guvohligida sodir bo‘lgan.

Doston shoshilinch tibbiy yordam etib kelmay, hodisa joyida jon bergan.

2017 - yilning 19 - oktabrida Sankt-Peterburgning “Karuselь” gipermarketida qo‘riqchilik qilayotgan urganchlik 37 yoshli Ixtiyor Xudoynazarov nazorat kamerasidan ko‘rinishidan er-xotin bo‘lgan mijozlar magazindan buyum o‘g‘irlayotganini ko‘rib qoladi.

Olingan buyumning pulini to‘lamasdan, kassa oldidan o‘tib ketgan shaxsni to‘xtatishga borgan Ixtiyor birdan “politsiya xodimiman” deb o‘zini tanishtirgan bu mijoz hujumiga uchragan edi.

XS
SM
MD
LG