Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:34

Kristian Lasslet: Ortiqxo‘jayev bir so‘m olmagandir, lekin yuzlab millionlik kontraktlarni qo‘lga kiritgani bor gap


Kriminologiya bo‘yicha britaniyalik professor, xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuviga oid qator kitoblar muallifi Kristian Lasslet Ozodlik bilan suhbatda Toshkent hokimining "davlatning bir so‘miga ham hiyonat qilmadim", deya aytgan bayonotini jamoatchilikni chalg‘itish urinishi deb baholadi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 16 - fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda hokimlik faoliyati davomida davlatning bir so‘miga ham xiyonat qilmagani, qaytanga o‘ziga aloqador shirkatlar shaharga homiylik qilib kelayotganini aytib o‘tgan edi.

Ortiqxo‘jayevning "biznes saltanati" haqida izlanishlar olib borgan Kristian Lasslet Toshkent hokimining bu bayonoti haqida Ozodlikka bunday dedi:

“Ortiqxo‘jayev hokimlik faoliyati davomida davlatdan bir so‘m olmagandir. Lekin, u hokim lavozimida ekan, unga bog‘liq o‘nlab shirkatlarning hech qanday tendersiz davlatning, nafaqat davlatning, uni o‘zi boshqarayotgan shahar hokimiyatining yuz million dollarlik kontraktlarini qo‘lga kiritgani bor gap.

Bu ko‘plab hujjatlar bilan isbotlangan. Toshkentdagi yo‘l, ko‘prik, maktab qurilishlaridan tortib Tashkent city kabi yirik qurilishlarda qatnashayotgan shirkatlar hujjatlarini tekshirsangiz, ularning izi aynan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga olib boradi. Bu dalillar esa Ortiqxo‘jayevning hokim lavozimidan o‘ziga tegishli shirkatlarning boyishi yo‘lida foydalanayotganini ko‘rsatadi”, - deydi Lasslet.

Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayev poytaxtning Navoiy shohko‘chasini unga aloqador shirkat rekonstruksiya qilishi, bu piyodalar uchun noqulayliklarni keltirib chiqarishi borasidagi e’tirozlar ortidan 16 - fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda hokim bo‘lishidan avval 35 ta mashinasi bo‘lgani, hozir oltitasi qolganini aytdi:

"Shahar hokimi bo‘lishimdan avval 35 ta mashinam bor edi. Judayam mashinalarni yaxshi ko‘raman. Hozir esa oltita qoldi. Yaqinda yana bitta mashinamni auksionga qo‘yaman, uning puliga esa yuragida nuqsoni bor bolalarni operatsiya qildiramiz", dedi Ortiqxo‘jayev.

Ortiqxo‘jayev jurnalistlar bilan uchrashuvda, shuningdek, o‘zining shirkatlari kambag‘allarga yordam berib, shahardagi hayriya ishlariga homiylik qilib kelganini ham qo‘shimcha qildi.

Britaniyalik tadqiqotchi Kristian Lasslet Toshkent hokimining sahovatpeshaligi borasida aytgan gapini izohlarkan, o‘tmishda O‘zbekistonning marhum prezidenti qizi Gulnora Karimova ham hayriya ishlari bilan shug‘ullangani, lekin bu uni javobgarlikdan qutqarib qolmaganini eslatdi:

“Gulnora Karimova ham kambag‘allarga pul bergan. Kambag‘al va yetim bolalarning sunnat to‘ylarini o‘tkazgan. Alisher Usmonov ham yo‘qsillarga yordam bergan. Italiyada o‘tmishda mafiya yetakchilari ham cherkovlarga hayriya berib kelgani bor gap. Korrupsiya yoki boshqa oson yo‘llar bilan boyigan odamlar ko‘pincha shunday yo‘l tutadi. Lekin, bu shu pullarning qanday orttirilganiga, ya’ni o‘g‘irlik yoki hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlariga ko‘z yumish kerakligini anglatmaydi".

To‘rt yil avval Ortiqxo‘jayev amalga oshirgan 1 milliard dollarlik Tashkent City loyihasi pul yuvishga doir xalqaro tekshiruvlar markaziga tushgan edi.

Londondagi Open Democracy guruhi Ortiqxo‘jayev hokim lavozimidan o‘ziga tegishli shirkatlarning boyishi yo‘lida foydalanayotgan bo‘lishi va Tashkent City loyihasi "pul yuvish o‘chog‘i"ga aylanishi ehtimolidan xavotir bildirib chiqqan.

Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham Tashkent City loyihasi "shubhali investorlar"ga berilganini inkor etmagan. 2018 - yil, dekabr oyida u bu holatni xorijiy investorlarning Toshkentga sarmoya kiritishga tayyor emasligi bilan tushuntirishga uringan edi.

U loyiha yuzasidan 700 dan ortiq investorlar bilan muzokaralar olib borgani, ammo ular sarmoya kiritishga rozi bo‘lmaganini aytgandi o‘shanda.

Toshkent hokimi va senator Jahongir Ortiqxo‘jayev asos solgan Akfa va Artel shirkatlari qurilish va maishiy texnika sohasida O‘zbekistondagi monopol shirkatlardan sanaladi.

Ammo, Ortiqxo‘jayevning boyligi qancha ekani ma’lum emas.

Toshkent hokimining o‘tmishda mahalliy jurnalistlardan salbiy xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab, ularga tahdidlar qilgani esa ko‘p bora shov-shuv bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki kun oldin tarqalgan videolardan birida Ortiqxo‘jayev “Kun.uz” jurnalistiga matbuotdan ko‘ra, shahar aholisi istaklari ustun ekanini aytib, minglab tashkilotlar ochilib, yopilib ketishini eslatdi.

“Kun.uz bugun bor, ertaga yo‘q. To‘g‘rimi? Sizlar bitta MChJmi? Bir kunda 3 ming MChJ yopilib, 3 mingtasi ochilyapti. Lekin millat mana shu yerda yashaydi”, - deydi Ortiqxo‘jayev.

Ortiqxo‘jayev bundan oldin ham jurnalistlarni tahdid qilgan so‘zlari yozilgan audio yozuv bilan bog‘liq mojaro markazida qolgandi.

XS
SM
MD
LG