Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:14

Katta siyosatdan chetlatilgan Rustam Azimov saylov arafasida Mirziyoyevni maqtab chiqdi


Rustam Azimov Karimov davrida uning ehtimoliy siyosiy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘rilgan.
Rustam Azimov Karimov davrida uning ehtimoliy siyosiy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘rilgan.

Prezident Karimov davrida O‘zbekistonning qudratli arboblaridan sanalgan, hokimiyat jilovi Shavkat Mirziyoyevga o‘tgach katta siyosatdan chetlatilgan Rustam Azimov qariyb besh yillik tanaffusdan so‘ng rasmiy matbuotda ilk bor ko‘rinish berdi.


Mamlakatning rasmiy axborot agentligi – O‘zA saytida ayni paytda “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi rahbari bo‘lib ishlayotgan R.Azimovning “Yangi O‘zbekiston islohotlari – taraqqiyot va xalq farovonligi yo‘lida” deb atalgan maqolasi chop etildi.


Maqolada Sh.Mirziyoyev "o‘ta tahlikali va murakkab davrda O‘zbekiston istiqlolini ko‘z qorachig‘idek asrayotgani" ta’kidlanadi.


“2017 - yildan boshlab Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar boshlangan bo‘lsa, mazkur amalga oshirilayotgan islohotlarni faqatgina sanab o‘tishning o‘ziga bir kun kamlik qiladi”, deydi muallif.


R.Azimov Mirziyoyev islohotlarini vasf etar ekan, uni “milliy lider” deya sifatlaydi. Uzoq yillar “Eski O‘zbekiston”ning iqtisodiyot-moliya sektoriga rahbarlik qilgan sobiq arbob “Yangi O‘zbekiston”da tashqi qarz oshib borayotganidan xavotirga tushgan jamoatchilikni tinchlantirishga ham urinadi.


“To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez sur’atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi”, deb yozadi u.


Eski ma’muriyat davrida qariyb 20 yil moliya vaziri, iqtisodiyot vaziri, tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan R.Azimov Islom Karimovning vorislaridan biri o‘laroq ko‘rilgan.

Karimov vafoti ortidan Azimovning vaqtincha prezidentlikka bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llagani va boshqalarni ham uni qo‘llashga da’vat etgani hokimiyatni Mirziyoyev-Azimov tandemi boshqarishi haqidagi taxminlarga yetaklagandi.

Рустам Азимов Бош вазир ўринбосарлигидан бўшатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:30 0:00

Azimov 2016 - yil 8 - sentabr kuni parlamentning qo‘shma majlisida Mirziyoyevni Karimovning “siyosiy farzandi” deb atagan edi.

Ammo Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylangan 2016 - yid dekabrida Rustam Azimov Moliya vaziri lavozimidan olindi, oradan 6 oy o‘tib, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari-iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi rahbari lavozimidan ham chetlatildi.

Prezident Mirziyoyev o‘z chiqishlarida mamlakatning bank-moliya tizimidagi kamchiliklar hamda korrupsiya uchun shaxsan Azimovni tanqid qilgan.

Rustam Azimov 2017 - yil yunidan buyon “O‘zbekinvest” sug‘urta shirkati bosh direktori lavozimini egallab keladi.

Шавкат Мирзиёев қандай ҳокимиятга келди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:41 0:00

Islom Karimov boshqaruvi davrida O‘zbekiston hukumatining g‘arbdagi "yuzi" va xalqaro moliya tashkilotlari bilan asosiy muzokarachisi bo‘lgan Rustam Azimovning rasmiy matbuotda paydo bo‘lishi tarmoqlarda saylovlardan keyin uning hukumatga qaytishi bilan bog‘liq farazlarni ham paydo qildi.

XS
SM
MD
LG