Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:50

Karimov qo‘ygan so‘nggi hokim: Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov portretiga chizgilar


Islom Karimov vafotidan 10 oy avval Xayrullo Bozorovni Namangan viloyati hokimi lavozimiga tayinlagan edi - kollaj
Islom Karimov vafotidan 10 oy avval Xayrullo Bozorovni Namangan viloyati hokimi lavozimiga tayinlagan edi - kollaj

«Men Xayrullo Bozorovni ko‘p yillardan beri bilaman. Uchta tumanda, viloyatda hokim bo‘lib ishlagan. Juda tajribali, hozirgi zamonga munosib, xalqparvar, kamtar inson…»

Prezident Shavkat Mirziyoyv 5 - fevral kuni Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangan 45 yoshli Xayrullo Bozorovga ana shunday ta’rif berdi.

Davlat rahbarining lavozimdan ketayotgan hokimlarni tanqid qilib, kelayotganlarini maqtashi marhum prezident Islom Karimov davrida qaror topgan an’ana. Ammo Namangan viloyatining sobiq hokimi ikkinchi marta maqtalayotgan va bu kabi ijobiy taqdimotga sazovor bo‘lgan kam sonli mahalliy mulozimlardan.

Farg‘onaga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay Xayrullo Bozorov o‘tgan yili chegara to‘qnashuvlariga sahna bo‘lgan So‘x anklaviga safar qilgan
Farg‘onaga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay Xayrullo Bozorov o‘tgan yili chegara to‘qnashuvlariga sahna bo‘lgan So‘x anklaviga safar qilgan

Butun e’tibor faqat bir kishi, ya’ni davlat rahbariga qaratiladigan avtoritar O‘zbekistonda mamlakat boshqaruvidagi mulozimlar “ko‘rinmas odam” maqomida bo‘lib kelgan. Keyingi 30 yil mobaynida u yoki bu rahbar faqat ishdan olinish arafasida “yuqorining izni bilan tanqid qilindi va unutilishga mahkum etildi”.

Oxirgi 4 yildagi ayrim tahlilchilar "iliqlashuv" deb atagan jarayonda ba’zi mulozimlarning populistik chiqishlari boshqaruv elitasida Yurtboshidan boshqa shaxslar ham borligi haqida mujda berdi. Samarqand va Andijon viloyati hokimlari Erkinjon Turdimov va Shuhrat Abdurahmonovlar, deputat Rasul Kusherboyev¸ senator Sodiq Safoyev hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovlarning nisbatan mustaqil chiqishlari bunga misol bo‘lishi mumkin.

Islom Karimov davrida ko‘pincha kuchishlatar tizimlar soyasida qolib ketgan va asosan qishloq xo‘jaligini boshqargan viloyat hokimlari prezident Shavkat Mirziyoyevning qudrat tayanchi sifatida ko‘riladi.

Ozodlik Mirziyoyev davrida amalda mintaqalarning yakkahokim rahbarlariga aylangan viloyat hokimlarining ijtimoiy hamda siyosiy portretiga nazar tashlashni O‘zbekistonni eng yosh va eng ko‘p maqtalgan hokimi Xayrullo Bozorovdan boshladi.

Farg‘ona viloyat hokimining tarjimai holini o‘rganish jarayonida Ozodlik muloqot qilgan suhbatdoshlarning shaxsi ularning istagiga ko‘ra ochiqlanmayotir.

Tirik yetim bo‘lib ulg‘aygan bola

Xayrullo Bozorov 1976 - yilning 15 - yanvarida Namanganning yuqori adir landshaftlari va shifobaxsh suvi bilan mashhur Chortoq tumani markaziga yaqin Ayqiron qishlog‘ida to‘ng‘ich farzand o‘laroq dunyoga keldi. Ammo yaqinlari Xayrulloning ota-onasi - Hayitboy va Marhabolarning birgalikdagi turmushidan yolg‘iz farzand bo‘lib qolishini hali bilishmasdi. Xayrullo bir yarim yoshga to‘lganida uning oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan onasi turmushidan ajrashadi. Bu ajrashish sababini Ozodlik gaplashgan Xayrullo Bozorovning mahalladoshlaridan biri onaning “tole’sizligi”ga yo‘ydi. Xayrulloning otasi va onasi boshqa turmush qilishadi, ammo bola ularning birontasi bilan ham emas, balki ona tomondan bobosi Sotiboldi hojining qo‘lida qoladi.

Ayqiron qishlog‘idagi “Oktabr” kolxozi traktor parkida uzoq vaqt ustachilik, keyinroq esa qorovulchilik qilib ro‘zg‘or tebratgan Sotiboldi hoji hamda uning ayoli Mavluda aya, hamqishloqlarining aytishicha, butun e’tiborni yolg‘iz qizlaridan bo‘lgan o‘g‘il - Xayrulloga qaratishadi. Ozodlik suhbatlashgan chortoqliklardan biri o‘tgan yil fevralida 92 yoshida olamdan o‘tgan Sotiboldi hoji “xo‘jalar” sulolasidan bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Xayrullo bobosining qo‘lida tarbiya toparkan, bu orada uning otasi Hayitboy ikkinchi turmushidan uch o‘g‘il, onasi Marhabo esa bir qiz farzand ko‘radi. Ammo onasining keyingi turmushi ham bo‘lmaydi. Mahalladoshi aytgan “tole’sizlik” tufayli alaloqibat, Xayrullo yashayotgan onasining xonadoniga qaytib kelgan Marhabo opa hozirgacha keksa onasi bilan bir uyda yashaydi. Mahalladoshi ta’biri bilan aytganda, “tirik yetim” bo‘lib ulg‘aygan Xayrullo Bozorovning tarjimai holidagi, bir qarashda ortiqcha tafsilotdek tuyulgan ayni shu jihatlar, Ozodlik suhbatlashgan sobiq mulozimning aytishicha, oradan yillar o‘tib, prezident Islom Karimovning e’tiborini tortgan edi.

6 yoshida maktabga borgan Xayrulloni bobosi va buvisi Namangandagi an’analarga ko‘ra, erta - 18 yoshidayoq uylashadi...

Soliqchidan chiqqan hokim

Bu vaqtda bo‘lajak hokim Namangan Sanoat-texnologiya instituti talabasi edi. Institutni 1997 - yilda iqtisodchi-menejer mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan Bozorov 1997 - yilda Namangan viloyat soliq boshqarmasiga ishga kiradi.

24 yoshida u Namangan shahar Soliq boshqarmasining boshlig‘i lavozimini egallaydi.

2003 - yildan Namangan viloyat soliq boshqarmasiga rahbarlik qilgan Bozorov 2005 - yilda Namangan viloyat hokimligiga “ko‘tariladi”. Avvaliga Axborot-tahlil guruhi bosh mutaxassisi, keyinroq esa guruh rahbari bo‘lib ishlaydi.

Keyinchalik viloyat hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan Bozorov ko‘p o‘tmay,
“birinchi rahbar” lavozimlariga tayinlana boshlaydi; 2008 - yilda Uchqo‘rg‘on¸ 2009 - yilda Chust¸ 2014 - yili esa Mingbuloq tumanlariga rahbarlik qiladi.

2015 - yilning oktabr va noyabr oylarida Xayrullo Bozorov bir necha marta Toshkentga chaqirilib, yuqori idoralarda suhbatlardan o‘tadi. Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bozorov kamida bir marta o‘sha paytdagi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning imtihonni eslatadigan suhbatidan o‘tgan. Namanganliklar orasida keng tarqalgan “rivoyat”ga ko‘ra, Islom Karimov bilan suhbat chog‘ida Xayrullo Bozorov “otasiz ulg‘aygani”ni aytgan. Uning “Birinchi bor sizning suhbatingizda bo‘lganimda sizni otam deb o‘zimga ahd qildim. Va shu kunga qadar o‘sha ahdimni bajarish uchun harakatdaman”, degani Namanganda og‘izdan og‘izga ko‘chib yuradi.

1991 - yil dekabrida Namanganga safar qilgan Islom Karimov "o‘zini "Namangan amiri" deb e’lon qilgan Tohir Yo‘ldosh tomonidan "tiz cho‘ktirilgan" edi
1991 - yil dekabrida Namanganga safar qilgan Islom Karimov "o‘zini "Namangan amiri" deb e’lon qilgan Tohir Yo‘ldosh tomonidan "tiz cho‘ktirilgan" edi

O‘sha davrda vazir lavozimida ishlagan va shu kunlarda nafaqada bo‘lgan mulozimga ko‘ra, Islom Karimov “Namangan viloyatiga rahbar tayinlashga o‘ta jiddiy yondshgan”.

Suhbatdoshga ko‘ra, “Islom dini ta’siri katta bo‘lgan Namanganda Karimov o‘ziga mutlaqo sodiq va iloji boricha xalqning noroziligiga sabab bo‘lmaydigan kadr” bo‘lishini istardi", - deya eslaydi sobiq mulozim.

Islom Karimov 2015 - yilda
Islom Karimov 2015 - yilda


Boshqaruvining so‘nggi yillarida Karimov hokimlarni tayinlash uchun shaxsan o‘zi viloyatlarga safar qilmas, ko‘pincha o‘sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni yuborardi. Buni mahalliy tahlilchilar prezidentning keksayib qolgani bilan izohlashgan. Ammo 2015 - yil 26 - noyabr kuni Karimov Namangandagi “hokim almashtirish” tadbirini o‘tkazish uchun shaxsan uchib boradi. Qattiq qo‘riqlanayotgan viloyat hokimligi majlislar zalida amaldagi hokim Bahodir Yusupovning o‘zi bo‘lmagani mahalliy deputatlarni xayron qoldirmagan. Chunki uning ketishini hamma bilgan edi. Islom Karimov xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi sessiyasida so‘zlagan nutqida sobiq hokimni tanqid qiladi.

“Viloyat hokimi Bahodir Yusupovning faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, afsuski, oxirgi paytlarda uning ishida o‘zibo‘larchilik, beparvolik va loqaydlik, sustkashlik kayfiyati kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin”, deydi yurtboshi.

Shundan so‘ng mahalliy deputatlar Yusupovni vazifasidan ozod qilish qarorini bir ovozdan ma’qullashadi.

O‘sha kungi sessiyada qatnashgan maxalliy deputat gapiradi: “Aniq eslayman, payshanba kuni edi. Hokim Yusupov betobligi bois sessiyada qatnasholmaydi, deyishdi. Bundan oldin Toshkentdan kelganlar ikki oy viloyatni tit-pitini chiqarib tekshirishuvdi. Yusupovning ketishini bilardik. Lekin nalogdan chiqqan bolani hokim qilishini bilmasdik. Kutilmagan tayinlov edi…”

Mahalliy deputatning eslashicha, o‘sha kungi sessiyada so‘zga chiqqanlar Xayrullo Bozorovning nomzodi viloyat ahli tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, uning prezidentga sodiqligi haqida yakdillik bilan gapirishgan.

Shundan so‘ng Bozorov bir ovozdan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlanadi.

Sessiyada so‘z olgan Xayrullo Bozorov bildirilgan ishonch uchun prezident va viloyat deputatlariga minnatdorlik bildirib, bu ishonchni oqlash uchun viloyatning har sohada respublika bo‘yicha yuqori natijalarga erishishi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga davom etishini aytgan.

Namangan
Namangan


To‘rt yil muvaqqat qolgan Bozorov

Bozorov amalda Islom Karimov tayinlagan oxirgi viloyat hokimi edi. Tayinlovdan 10 oy o‘tib, Karimov olamdan o‘tdi.

Xayrullo Bozorov yana 4 yil yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev davrida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida qoladi.

2020 - yilning 13 - yanvarida bo‘lib o‘tgan Namangan viloyati Kengashining 6-chaqiriqdagi ilk sessiyasi Bozorov lavozimidagi “vaqtincha” degan so‘zni olib tashlab, uni to‘laqonli hokim etib tasdiqlaydi.

"Vaqtincha bajaruvchi” degan qo‘shimcha olib tashlanganidan 7 oy o‘tib, 2020 - yilning 25 - sentabrida Bozorov Toshkentga, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilib ketgan Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyevning o‘rniga vaqtincha hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Hokim almashtirish tadbirida prezident emas, Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov qatnashdi.

Shu tariqa 2012 - yildan beri Farg‘ona viloyatini boshqargan va Mirziyoyev davriga kelib ijtimoiy tarmoqlarda «so‘kong‘ich hokim» nomini olgan Shuhrat G‘aniyev 2020 - yil 20 - sentabrida 56 yoshida vafot etgan O‘ktam Barnoyevning o‘rnini egalladi. Shaxmat taxtasidagi bo‘sh o‘rin esa Xayrullo Bozorovga ravo ko‘rildi.

Oradan 4 oydan ko‘proq vaqt o‘tib, Bozorov Farg‘ona viloyatining hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Xayrullo Bozorov AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum bilan - 27 - iyul, 2019
Xayrullo Bozorov AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum bilan - 27 - iyul, 2019

"Xudoning sinovi"

Farg‘ona viloyat Xalq deputatlari kengashining 5 - fevral kungi sessiyasida an’anaga ko‘ra, hokim nomzodini tavsiya qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Xayrulla Bozorov "sinovdan o‘tgani"ni aytdi.

“Har qanday lavozim vaqtincha, Xudo tomonidan berilgan sinov…
To‘rt oy oldin Farg‘ona viloyati hokimligini Xayrulla Bozorovga ishonib topshirgan edik. Shuncha vaqt davomida u bilan birga ishladingiz, sinovdan o‘tkazdingiz.Men Farg‘ona viloyati hokimligiga Xayrulla Bozorov nomzodini taklif qilaman”.


Karimov davridagi kabi viloyat kengashi deputatlari prezident taklif qilgan nomzodni bir ovozdan tasdiqlashdi. Chapaklar. Bozorovning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib prezidentga ta’zim qilishi...

Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev

Yangi supurgi toza supuradi


Bozorovning Farg‘onaga tayinlanishi ortidan so‘ngi 4 yil mobaynida faqat salbiy voqealar bilan yangiliklar sarlavhalariga chiqadigan Farg‘ona hokimligi haqida matbuot ijobiy fikrlarni yoza boshladi.

Farg‘onaning yangi hokimi Bozorov uyga muhtoj 23 jurnalistga imtiyozli uy va’da qilgani ortidan ijobiy xabarlar oqimi yanada ko‘paygani kuzatildi.

Farg‘onalik bloger Dima Qayum (Dilshod Boltabov) yangi hokim viloyatda ko‘plab kichik tadbirkorlar uchun muammo bo‘lgan kredit, tadbirkorlarga ishlab chiqarish uchun yer ajratib berish masalasini yecha boshlaganini olqishlaydi:

“O‘sha tadbirkorlar muammolarini yechib, ish o‘rinlari yaratildi. Kichik biznesni rivojlantirish, karantin davrida bankrot yoqasiga kelib qolgan tabdirkorlarni qo‘llab-quvvatlash boshlandi”.

So‘xlik faol Kamoliddin Azizovning Ozodlikka aytishicha, yangi hokim o‘tgan yili chegara to‘qnashuvlariga sahna bo‘lgan anklav aholisining hurmatini ham qozona olgan:

“So‘x muammosi hali yechilishdan uzoq bo‘lsa-da, nega so‘xliklar viloyatning yangi hokimi X. Bozorovni hurmat qila boshladilar? Sababi bitta: u ham bo‘lsa, oddiy insoniy muloqotda. Odamlar dardini o‘zidan o‘tkazib, ularga hamdard bo‘lib, qo‘lidan keladigan yordamni qiladigan rahbar, albatta hurmatga sazovor bo‘ladi”.

Bozorovni Namangandagi hokimlik faoliyatidan bilishini aytgan mahalliy tadbirkorlardan biri unga “haddan ziyod ehtiyotkor, nafsi o‘ta tiyilgan - pulga ham, ayollarga ham, shishaga ham” deya ta’rif berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Namanganda hali “anavi joy yoki do‘kon Bozorovga tegishli, deb eshitmagan”.

Ozodlik ochiq manbalardan Farg‘ona viloyati amaldagi hokimining biznes manfaatlariga doir ma’lumotni topgani yo‘q.

Chortoqdagi qo‘shnilaridan birining aytishicha, uch nafar o‘gay ini va bir o‘gay singlisi bo‘lgan Bozorovning “qarindosh-urug‘idan amaldor yo‘q”. “O‘zi qarindoshi ham o‘ta kam”, deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

Xayrullo Bozorov
Xayrullo Bozorov

Avtoritar boshqaruv murvati

Ammo hamma ham yangi hokimni olqishlayotgani yo‘q. Karimov davri kadrlar siësati mahsuli bo‘lgan Bozorovning Farg‘ona viloyatida tub o‘zgarishllar qila olishiga ishonqiramay qarayotganlar ham ko‘p.

Farg‘onalik faol Olmosbek Mallayev nazarida Bozorov siyosiy boshqaruv kayfiyatiga qarab ish yurituvchi chirik tizimning ijrochi mulozimi”, xolos.

"Bozorovning hokimlik uslubi shaklan avtoritar, mazmunan hukumat piramidasiga mutlaq bo‘ysunishdan iborat edi. Eng oddiy masalalarda ham uning boshqalarga vakolat bermay, muammoni o‘zi qo‘l bilan yechishga odatlangani kuzatildi".

Namanganning «Navbahor» futbol jamoasi sobiq murabbiyi Andrey Kanchelskis o‘tgan yil oktabrida «Match TV»ga bergan suhbatida Bozorovning avtoritar boshqaruv usulini eslaydi:

«Namanganda hokim futbolga qiziqadi. Hokim telefon qilib, «falonchini o‘ynat, falonchini emas» deb aytishi mumkin. U hatto hisobni ham buyurtma qilib: «Bugun 3:0 yutishimiz kerak», deb aytishi hech gapmas. U kiyinish xonasiga kirib, futbolchilarga baqirgandi ham. Bir o‘yinning tanaffusida u kiyinish xonasiga kirdi. Hisob 0:0 edi va 2-bo‘limda 3:0 yutdik. Hokimning aytishicha, bu uning gaplari samarasi bo‘lgan”, - deb aytgan 2018-2020 - yillarda "Navbahor" jamoasiga bosh murabbiylik qilgan futbol bo‘yicha sobiq SSSR termasining yarim himoyachisi. Kanchelskis davrida "Navbahor" oxirgi 13 yilda birinchi marta futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Xayrullo Bozorov “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan
Xayrullo Bozorov “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan

Siz ham O‘zbekistondagi viloyat hokimlari va hukumat mulozimlarining tarjimai holi va faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, ularni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Ma’lumot va mulohazalaringizni sharh katakchasiga yozish yoki Telegram, WhatsApp, Facebookdagi sahifalarimizga yuborish orqali Ozodlik bilan baham ko‘ring.

XS
SM
MD
LG