Avgust oyi oxirlarida Xitoy rahbari Si Szinpin Shinjon viloyatiga tashrifi chog‘ida “islomni xitoylashtirish” davom etishini bildirdi. Jahon uyg‘urlar kongressi prezidenti Dolkun Isa endi o‘lka musulmonlarining ahvoli badtar bo‘ladi, degani fikrda.
“Si Szinpinning Shinjonga kelishi u o‘zining 2017-yilda boshlangan etnik ozchiliklarni genotsid qilish siyosatini davom ettirishidan darak beradi. Uning “biz islomni xitoylashtiramiz” degani “biz bu yerda olib borayotgan siyosatimizdan zinhor voz kechmaymiz, uni davom ettiramiz”, deganidir”, deydi Dolkun Isa. U rahbari bo‘lmish tashkilot Shinjon muammolarini xalqaro darajaga ko‘tarish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Si Szinpin 26-avgust kuni Shinjon viloyatining ma’muriy markazi – Urumchiga tashrifi chog‘ida “islomni xitoylashtirish siyosatini davom ettirish” zarurligini urg‘ular ekan, “terrorchilik va ayirmachilikka qarshi kurash o‘lkani ijtimoiy rivojlantirish va qonun ustuvorligi bilan uyg‘un bo‘lmog‘i lozim”, deya qo‘shimcha qilgan edi.
“Islomga qarshi kurash”
“Islomning xitoyi yoki arabiysi bo‘lmaydi. Xitoy hukumatining “xitoylashtirish” haqidagi gaplari ularning islomga qarshiligini bildiradi va bu bizga katta zarbadir. Si Szinpin Shinjonda islomni yo‘q qilmoqchi”, deydi Myunxenda istiqomat qilib turgan Dolkun Isa Ozodlikka bergan intervyusida.
Urumchiga borgan Xitoy lideri Shinjon amaldorlariga “noqonuniy diniy harakatlarga ko‘z-quloq bo‘lish”ni tayinlab, “o‘lkada ijtimoiy barqarorlik birlamchi vazifa, barqarorlik esa taraqqiyotning qonuniy kafolatidir”, deya ta’kidlagan. Biroq Dolkun Isa hozirda Shinjonda qonunning kuchi yo‘qligini, qonun hech bir kafolat bera olmasligini aytadi.
“Si Szinpin “biz qonunga asosan ishlaymiz”, deya lof urdi. Holbuki Shinjonda qonunlar amal qilmaydi, ular qonunlarga ters ravishda ish olib borishmoqda. Mahalliy hukumat faqat janob Si og‘zidan chiqqan so‘zlarnigina qonun deb tan biladi. Shu bois ham Si Szinpinning so‘nggi farmoyishlaridan so‘ng uyg‘ur, qozoq kabi etnik ozchil xalqlarga zug‘um kuchayishi mumkin”, deydi Isa.
Si Szinpin Urumchiga kelib-ketgach Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti bayonot bilan chiqdi. Unda Pekin hukumati Shinjonda uyg‘ur va boshqa turkiyzabon musulmon xalqlar huquqlarini poymol etayotgani xususida so‘z boradi. Tashkilot direktorining Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Mayya Vang esa “BMTga a’zo davlatlar insoniyatga qarshi jinoyatlarga ko‘z yummasligi lozim”ligini aytdi.
100 kunlik “qattiq kaltaklash” kampaniyasi
Avvalroq xalqaro tashkilotlar Xitoy hukumati Shinjondagi jamloqlarga bir milliondan ziyod uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmonlarni sudsiz-tergovsiz qamab qo‘ygani haqida bong urgan edi. Pekin buni “ekstremizmga qarshi kurash”, siyosiy jamloqlarni esa “kasb-hunarga o‘qitish markazlari” deb atadi. Biroq jamloqlardan chiqqan odamlar u yerda ruhiy-jismoniy azoblarga mubtalo bo‘lganlarini, shubhali dorilar bilan emlanganlarini so‘zlab berishdi. Ma’lum qilinishicha, shinjonliklar majburan ishlatilgan, ayollar o‘z ixtiyorlariga xilof tarzda sterillangan, bolalar ota-onalaridan ajratilgan, namoz o‘qigan yoki Qur’on tilovat qilganlar ta’qib ostiga olingan.
Dolkun Isaga ko‘ra, Shinjonning musulmon xalqi ahvoli hanuz juda og‘ir va xalqaro tashkilotlar, dunyo mamlakatlari bunga ko‘z yummasliklari lozim.
“Xalqaro tashkilotlar va BMT Shinjondagi og‘ir vaziyat bo‘yicha birlikda ish olib borishi kerak. Genotsidni to‘xtatishga ko‘maklashish – barcha davlatlarning burchi. Vaqtincha moliyaviy ko‘mak berish bilan o‘zlarini ovutishmasin, u yoqda bashariyatga qarshi jinoyatlar sodir bo‘lyapti”, deydi jahon uyg‘urlari lideri.
Dolkun Isa aytishicha, shu yil yozda Xitoy hukumatining Shinjondagi “100 kunlik qattiq kaltaklash kampaniyasi” ham o‘lka aholisiga zulm kuchayishiga olib kelgan. Xitoy nashrlari ushbu kampaniya chog‘ida iyundan boshlab 30 dan ortiq kishi ishtirokida yig‘inlar o‘tkazish taqiqlanganini xabar qilgan edi. Ma’murlar yana “jamiyatga tahdid solayotgan jinoyatlar”ga, shuningdek, “noqonuniy mafiyachilar va jinoyat tashkilotlari”ga qarshi kurashayotganlarini iddao qilishgan. Kampaniya sentabr oyi oxirigacha cho‘ziladi.
Jahon uyg‘urlar kongressi prezidenti Shinjon o‘lkasidan ma’lumot olish hamon mushkulligini bildirdi. Dolkun Isa fikricha, 2019-yilda “kasb-hunarga o‘qitish markazlaridagi barcha odamlar chiqarildi”deya e’lon qilgan Xitoy hukumati hozirda o‘z taktikasini o‘zgartirgan.
“2019-yilgacha mahbuslar majburiy mehnatga jalb qilinmadi. Ularni “Men qozoq emasman”, “Men uyg‘ur emasman”, “Si Szinpinga shon-sharaflar bo‘lsin!” deyishga majburlab go‘yoki “qayta tarbiya” qilishdi, miyalarini yuvishdi. O‘z millatidan, tilidan voz kechtirib, xitoycha gaplashadigan va Kommunistik partiyani ulug‘laydigan odamlarga aylantirishdi. Biroq 2019-yil oxirlarida jamloqlar qoshida zavob-fabrikalar ochib, barcha mahkumlarni o‘sha yerda ishlatishyapti. Shuning orqasida katta pul topishyapti. Ularni tekin ishchi kuchi sifatida qo‘llashmoqda. Hibsga olinganlarning yarmi qamoqxonaga, qolgan yarmi majburiy mehnatga jo‘natilayotir”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.
Avstraliya strategik siyosat instituti (ASPI)ning 2020-yilgi tadqiqotida Xitoy hukumati Shinjon aholisini mehnatga majburlayotgani haqida so‘z boradi va bu tizim “Xitoy aksiluyg‘ur siyosatining galdagi bosqichi” deb atalgan.
Pekin Shinjon aholisi majburiy mehnatidan foydalanayotgani turli tadqiqotlar bilan fosh qilingach, Nike, Adidas va H&M kabi dunyoning yetakchi brendlari Xitoydan paxta sotib olishni to‘xtatdi.
“Xitoy odamlarni onlayn kuzatishga o‘tdi”
Xalqaro tashkilotlar va G‘arb mamlakatlari ushbu faktlarni mustaqil ravishda tekshirish uchun Pekindan o‘z vakillarining Shinjonga borishiga ruxsat berishni so‘radi. Biroq Xitoy hukumati xalqaro inson huquqlari tashkilotlarini Shinjonga kiritmayapti. Dolkun Isa Xitoy o‘ziga yaqin mamlakatlarning elchilari va diplomatlarini taklif qilib, ularga Shinjondagi “baxtli hayot”ni ko‘rsatishda davom etajagini aytmoqda.
“Shu yil boshidan Xitoy chet elda yashovchi obro‘li kishilarni Shinjon bo‘ylab sayohatga taklif qilmoqda. So‘ngra ularning ko‘ngillarini olib, Shinjonda hech kim kamsitilmayapti, deb aytishga ko‘ndirishyapti. Ya’ni, iqtisodiy bosim o‘tkazish bilan o‘zlarini dunyo ko‘ziga oppoq ko‘rsatishmoqchi. O‘tgan yilgacha Shinjondagi har bir aholi maskaniga kirishda nazorat-o‘tish punktlari bor edi. Bu yildan barcha shinjonliklarning telefonlariga maxsus dastur o‘rnatilib, ularni onlayn kuzatishga o‘tildi. Ammo yirik shaharlarga kirishda postlar hanuz bor”, deydi Dolkun Isa.
HRW joriy yilning mayida e’lon qilgan tadqiqotda Xitoy Shinjon turg‘unlarini kuzatish uchun ulardan o‘z telefonlariga Jing Wang Wei Shi ilovasini yuklab olishni talab qilayotgani qayd etilgan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Shinjon politsiyasi telefonidan diniy mazmunli fayllar topilgan kishilarni so‘roq qiladi. Xitoy hukumati har qanday diniy materialga “ekstremizm va terrorizmga oid manba” deb qaraydi.
Jahon uyg‘urlar kongressi Xitoy hukumati Shinjon turg‘unlarining bir necha yil burun olib qo‘yilgan pasportlarini qaytarayotganini va ayrimlarga hatto o‘zlari istagan mamlakatga chiqib ketishga izn berayotganini aniqladi.
“Ularni bejizga chiqarib yuborishmayapti. Hukumat shu yo‘l bilan o‘zini reklama qilmoqda, ya’ni mamlakatdan ketayotganlarni “Mana, biz xorijga ketyapmiz, Xitoy bizni ushlab turgani yo‘q, ixtiyorimiz o‘zimizda”, deyishga majbur etmoqda”, deydi Dolkun Isa Ozodlik bilan suhbatda.
Avvalroq Ozodlik Qozog‘istonga Shinjondan kelgan qozoqlar Xitoydagi qarindoshlariga zulm qilinishidan qo‘rqib, Pekinning musulmonlarga nisbatan shafqatsiz siyosati haqida ochiq-oydin gapira olmasligi haqida yozgan edi. Dolkun Isa o‘z intervyusida Markaziy Osiyo mamlakatlari Shinjondan keluvchi qozoq va uyg‘urlar uchun unchalik ham xavfsiz emasligini ta’kidlaydi.
“Hammamiz bilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti bor. Ushbu tashkilotga a’zo davlatlar Pekinning ra’yiga qarshi ish qila olmaydi. Masalan, Qozog‘iston hukumati Olmaotadagi Xitoy konsulxonasi oldida namoyishlar qilayotgan ayollarga bosim o‘tkazib, jarimaga tortmoqda. Ularning bari Qozog‘iston fuqarolari. O‘z fuqarolarini ayamagan mamlakatga boshqalar qanday ishonishsin?” deydi Isa.
Shinjondan Qozog‘istonga kelgan ayrim qozoq va uyg‘urlar, o‘z hayotlaridan xavfsirab AQSHga, Yevropa mamlakatlariga yoki Turkiyaga jo‘nab ketishni afzal ko‘rishmoqda. Lekin hatto bunda ham jiddiy to‘siqlar chiqib turadi: Ostona Xitoy mustabid siyosatidan qochib, chegarani noqonuniy kesib o‘tganlarga fuqarolik bermaganidek, uchinchi mamlakatlarga chiqib ketishi uchun yo‘l hujjati berishni ham rad etayotir.