Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:31

"Inkuzart": Toshkent devoridagi monopoliya. Hokimiyat "O‘zAvto"ga navbatni "qisqartirdi"


Mahalliy hokimiyat Inkuzart graffitisidagi navbatni qisqartirdi.
Mahalliy hokimiyat Inkuzart graffitisidagi navbatni qisqartirdi.

Toshkentda avtosanoat monopoliyasi ishlab chiqargan mashinalarga turnaqator navbat aks etgan graffitining bir qismi hokimiyat tomonidan bo‘yab tashlandi.

Ko‘cha rassomi "Inkuzart" 3 - sentabr kechasi Chilonzor tumanidagi AQShning sobiq elchiligi binosi devoriga ishlagan rasm tarmoqlarda "O‘zAvto Motors" monopoliyasi borasidagi yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Oradan bir kun o‘tib, mahalliy hokimiyat ishchilari graffitini bo‘yashga harakat qildi, ammo pirovardida rasm butunlay o‘chmadi - undagi navbatda turgan odamlar soni qisqardi, xolos.

Hokimiyat graffitidagi navbatning "qisqartirilgani" yuzasidan hech qanday izoh bergani yo‘q.

Inkuzart taxallusi ostida devoriy rasmlar chizayotgan toshkentlik rassom esa, Ozodlik bilan suhbatda o‘z asarlariga izoh bermasligi, uni ko‘rgan har bir odam o‘zi xulosa chiqarishi tarafdori ekanini aytdi.

Eski muammo va yangi graffiti

Toshkentda O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliyaga bag‘ishlangan yangi devoriy rasm poytaxtning Chilonzor tumanidagi AQShning sobiq elchiligi binosi devorida shu yilning 3 - sentabr kuni paydo bo‘ldi.

Devoriy asar "Inkuzart" taxallusi bilan ijod qilayotgan mahalliy graffiti rassomiga tegishli ekani ma’lum. 4 - sentabr kuni "Inkuzart" o‘zining Telegram-kanalida graffiti yaratish jarayonining videosi va yakuniy fotosuratlarini joylashtirdi. U o‘z asarini qisqa qilib "Monopoliya" deb atadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘cha rassomining asarida Chevrolet brendi ostida avtomobillar ishlab chiqaradigan UzAuto Motors kompaniyasining monopol mavqeiga, mashinalarni qabul qilish uchun uzundan-uzun navbatlar tasvirlanganiga oid mulohazalar ko‘paydi.

Tasvirda navbatda birinchi bo‘lib turgan odamning to‘q sariq rangli bosh kiyimda ekani mashinani norasmiy to‘lov -“shapka” evaziga sotib olish mumkinligiga ishora deb tushunildi.

Inkuzart va uning "Monopoliya"si
Inkuzart va uning "Monopoliya"si

Rasmni do‘stlari bilan atayin borib ko‘rgan toshkentlik Abdumo‘minning Ozodlikka aytishicha, graffiti avtomobilga muhtoj butun o‘zbek aholisining qarashlarini ifoda etadi:

- ”Mana bu rasmni ko‘rdingmi?”, deb o‘rtoqlarimdan so‘rasam, “Ha, o‘chirib tashlashibdi-ya, darrov!”, deyapti. Saylovdan oldin ochilad,i degan ruhiyat yuribdi, hali. Ya’ni, tamojnyalar ochiladi, mashinalarga ancha yengillik bo‘ladi, tonirovkalar narxi tushiriladi, degan gaplar chamasi bir yildan beri yuribdi. Boshida o‘zim ham shunday deb o‘ylagandim – borgan sari ishonmay boryapmiz. Men o‘zim “Jiguli” haydayman – mashinani alishtirmay turgandim, o‘rtoqlarim ham. Endi umid uzildi! Mana shu oxirgi yarim yil-bir yilda yana “shapka” berib olib chiqish boshlandi. Avtosalonlarga navbatlar pikka chiqdi – shapka esa 500 dollarcha bo‘lyapti. “Shapka” faqat qimmat mashinalarga yo‘q, dedi suhbatdosh.

"O‘zAvto Motors" ma’lumotlariga ko‘ra, avtomonopolist 2021 - yil yanvar-iyul oylarida 124,9 mingta yengil avtomobil ishlab chiqargan, bu 25,9 foizga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 44 ming mashinaga kam. Ishlab chiqarishning pasayishi va avtotransport vositalarining kechikishi mikrosxemalarning global yetishmovchiligi manzarasida ro‘y bermoqda.

31 - avgust kuni UzAvto Savdo Lacetti sotib olish uchun navbat 31 mingga , Cobalt uchun navbatlar 11 mingdan oshganini xabar qilgandi. Avgust oyi oxirida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Asakadagi avtomobil zavodi ilgari eksport uchun avtomobillarni ichki bozorga qaraganda 30-40 foiz arzonroq sotganini tan oldi.

Prezident Toshkent, Namangan va Jizzax viloyatlarida yangi avtomobil zavodlari paydo bo‘lishi ortidan avtomobil ishlab chiqaruvchi monopolist o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi kerakligini uqtirdi.

Inkuzart : "Monopoliya" o‘rniga "Navbat qisqardi"!

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Monopoliya” graffitisi allaqachon bo‘yalgani aks etgan foto va videolarni yoyinladi.

Inkuzart mahalliy hokimiyat kiritgan tuzatishlardan keyin rasmni "Navbat qisqardi!" deb atadi
Inkuzart mahalliy hokimiyat kiritgan tuzatishlardan keyin rasmni "Navbat qisqardi!" deb atadi

Internetda paydo bo‘lgan videoda rasm sariq kiyimdagi ishchilar tomonidan bo‘yalayotganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik savollariga javob bergan "Inkuzart" rasmni bo‘yashga urinish muvaffaqiyatsiz bo‘lganini aytdi. U graffiti biroz o‘zgartirilgani aks etgan suratni Ozodlikka taqdim etdi.

- Bu hozir aktual mavzu – xalqning dardi. Men uni shunday chizdimki, har kim har-xil tushunadi va talqin qiladi. Men hech bir rasmimni ta’riflamaganman. Hech bir rassom o‘z ishining mazmunini tushuntirmagan. Kechagi rasmimni rostanam bo‘yashayotgandi. Uni ohakda bo‘yashgani uchun yaxshi bo‘yalmabdi. “Daryo” kanali muxbiri borib ko‘rsa – o‘chmabdi. U keyin “Harakat qilishdi – o‘chirisholmadi!”, deb yozdi. Bugun jo‘natishibdi obunachilarim – yaxshi bo‘yoq bilan o‘chirib tashlashibdi, faqat hammasinimas – navbat qisqarib qolibdi. Shunga “Navbat kamaydi!”, degan yangi nom berdim, - deydi suhbatdosh.

Rassomning aytishicha, u rasmni chizish uchun bir nechta joyni tanlagan, nihoyat sobiq AQSh elchixonasi binosi devorida to‘xtagan:

- Menda o‘zi 2-3ta variant bor edi tanlovga. Xalqqa ko‘rinsin, degan maqsadda shunga to‘xtadim. Hozir u yerda qurilish ketyapti ichkarida: uni 4-5 kun kuzatdim, qo‘riqchilarni nazorat qildim. Xullas, uxlab qolganida chizib tashladim. Hisobini olib bormayapman-ku, ammo chizgan rasmlarimdan 15 tachasi turibdi – 3-4 tasini o‘chirvorishdi! Masalan “Gagarin” savdo markaziga yer ostidan o‘tish yo‘lagida yelkasida shtrix-kodli qanotli bolani chizib, “I`m not for sale!” – “Men sotilmayman!” deb yozgan edim. Odam savdosiga qarshi bu suratni menga BMTdan telefon qilib, taklif qilishgan edi. Uni ertalab chizdim – kunduzi negadir o‘chirib tashlashdi, tushunmadim nega, deydi rassom.

("Qisqartirilgan" devoriy rasm allaqachon memga aylandi)

Hozircha o‘zini jamoatchilikka inkognito saqlayotgan "Inkuzart" o‘z devoriy asarlari uchun hali biror so‘m olmagani va bu ishni “ko‘ngil uchun” qilayotganini bildirdi.

- Menga buyurtma tushmaydi – men devoriy rasmga buyurtmaga ishlamayman va pul ham olmayman. Bu ko‘ngil uchun qilinadi! Devoriy rasmlarga juda ko‘p buyurtma tushyapti, vaholanki. To‘g‘ri, karyeram boshida buyurtma olib, tirikchilik qilardim. Keyinchalik bu holatni to‘xtatdim. Qog‘ozga chizishga zakaz olishim mumkin – bu rost gap. Menga biror mavzu berishsa va u menga yoqsa – chizaman. Masalan, hayvonlar muhofazasi, daraxt kesilishi mavzusi taklif qilinyapti. Odamlar dardi nima bo‘lsa, shuni olib chiqaman. Strit-art juda nozik san’at turi bo‘lgani uchun u siyosat bilan chegarada yuradi. Har holda, bilishimcha, mening chizgan rasmlarim hozircha hokimiyatga yoqib turibdi, - dedi rassom "Inkuzart".

Suhbatdosh yaqin kelajakda xususiy ko‘rgazma ochish niyati ham yo‘q emasligi, ammo o‘shanda ham yuzini jamoatchilikka ko‘rsatmaslik sharti bilan chiqishini ma’lum qildi.

“O‘zbek Benksisi” nomi bilan ko‘pchilikka tanilgan strit-art rassom "Inkuzart" va uning devoriy rasmlari haqida Ozodlik maxsus videolavha hozirlagan edi.

Rassomning so‘nggi asarlari orasida Oksana Chusovitinaning surati, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Abdurauf Fitrat portretlari bor.

Joriy yilning 27 - iyun kuni poytaxtning Chilonzor tumanidagi binolardan birining devoriga Leonardo da Vinchining strit-art uslubida ishlangan "Inkuzart"ning “Mona Liza” asari o‘chirib tashlangan edi.

XS
SM
MD
LG