Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:30

Ilk mustaqil "Xalq birligi" kasaba uyushmasi rahbari: Bizga bosim bo‘lmoqda


Ta’sis qurultoyi 39 yashar Roza Agaydarovani O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi raisligiga saylagan
Ta’sis qurultoyi 39 yashar Roza Agaydarovani O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi raisligiga saylagan

Mustaqil O‘zbekistonning qariyb 30 yillik tarixida tashkil etilgan ilk mustaqil “Xalq birligi” kasaba uyushmasi faollari rasmiylar tomonidan bosimga uchrayotganini iddao qilmoqda.

Tashkilot raisi Roza Agaydarovaning aytishicha, uyushmaga a’zo bo‘lgan ishchilar – sobiq fermerlarga Oq oltin tuman hokimi ishdan bo‘shatish, ularda qolgan bir qism yerni olib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda, Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalarii birlashmasi rahbarlari esa, “Xalq birligi”ni birlashma tarkibiga kirishga da’vat qilgan.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 24 - mart kuni bayonot tarqatib, “Indorama Agro” va hukumatni mustaqil kasaba uyushmasi ishiga aralashishni to‘xtatib, uni tan olishga chaqirdi.

Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari birlashmasi boshlig‘i mustaqil tashkilotga bosim emas, balki O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qo‘shilishga taklif qilganini aytdi.

19 - mart kuni ta’sis etilgan “Xalq birligi” kasaba uyushmasi raisi Roza Agaydarova, tashkilot hali Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinmay turiboq turli xil bosimlarga duchor bo‘layotganini Ozodlikka aytdi:

- Oq oltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov mening bir necha yordamchilarimga qo‘ng‘iroq qilib, tahdid qilgan. Yordamchilar deganim, bular sobiq fermerlar, hozir klasterda ishchi maqomida. Ularning ba’zilarining hozir ham qanchadir yeri borligi uchun ismlarini oshkor qilmayman. Hokim ularga, nega sizlar bu uyushmaga a’zo bo‘ldinglar, nega ta’sis qurultoyida qatnashdinglar, bu noqonuniy tashkilot, javob berasizlar deb bosim o‘tkazgan. Men ular bilan suhbatda hokimning bu tahdidi odamlarga salbiy ta’sir qilganini sezdim. Ularni shu darajada qo‘rqitib qo‘yishibdiki, ularning ovozida ikkilanishni his qildim.

Roza Agaydarovaga ko‘ra, uning o‘ziga Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari birlashmasi boshlig‘i va o‘rinbosari qo‘ng‘iroq qilgan:

- Menga birlashma boshlig‘i Rustam va uning o‘rinbosari Shuhrat akalar telefon qilishdi. Ularning aytishicha, respublika federatsiyasi bizning ishimizdan norozi, "Roza opa nega bunday qilyapsiz, bizda mustaqil kasaba uyushmasi bo‘lishi mumkin emas, sizlar bizga qo‘shilishlaring kerak", degan gaplarni aytishdi. Men ularga 2019 - yil chiqqan qonunga binoan mustaqil tashkilotlar sizlarga qo‘shilishga majburiy emas, dedim. Bu mening xohishim emas, balki mingdan ortiq oddiy ishchilarning pozitsiyasi, dedim.

Bundan tashqari, deydi Roza Aydagarova, Sardoba tuman hokimi ham Ozodlikka intervyu bergan ayollarni chaqirib, bosim o‘tkazgan.

Oq oltin tuman hokimi Dilmurod Fozilov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari birlashmasi boshlig‘i Rustambek Tursunmuradov Roza Agaydarovaga qo‘ng‘iroq qilganini tasdiqlar ekan, mustaqil kasaba uyushmasi tuzilganini yomon holat deb baholadi:

“Bizga a’zo bo‘lganda, biz ularni polnostyu zashishchat qilishga haqqimiz bor edi. Chunki bizning a’zomiz, deb aytar edik”.

Ozodlikning, "Sobiq fermerlar mustaqil uyushmaga a’zo bo‘lishdan oldin sizlarning a’zongiz bo‘lganku, nega o‘sha payt himoya qilmadinglar” degan savoliga Rustambek Tursunmuradov:

“Ular oldin a’zo bo‘lgan, “Indorama” olganidan keyin ular chiqib ketdiku. Ularning rahbari nima fikrda, bilmadim endi”, deb javob berdi.

Berlindagi O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova​ fikricha, mustaqil tashkilotni ro‘yxatga olish, O‘zbekistondagi islohotlarning jiddiyligini namoyon qilgan bo‘lardi:

“O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashda va o‘z iqtisodini ochiqlashda siyosiy iroda namoyon qildi, ammo fuqarolik jamiyatining mustaqil tashkilotlari harakatiga yo‘l bera olmadi. Mamlakatda birinchi mustaqil kasaba uyushmasi “Xalq birligi” tashkilotining ro‘yxatga olinishi islohotlarning qanchalik jiddiy ekanligini ko‘rsatgan bo‘lardi, chunki buni butun dunyo kuzatmoqda. Hukumat “Xalq birligi” tezda ro‘yxatga olinishiga imkon berishi kerak”.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 24 - mart kuni tarqatgan press-relizida “Indorama Agro” va hukumat mustaqil kasaba uyushmasining ishiga aralashishni to‘xtatib, uni tan olishga chaqirdi.

Koalitsiya bayonotida Amerika Kiyim-kecha va poyafzal assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Neyt Xermanning bu borada bildirgan fikri ham keltirilgan:

“Mustaqil ittifoqning tashkil etilishi - bu O‘zbekistondagi muhim voqea va bu mas’uliyatli manbalar uchun zarur bo‘lgan qulay muhitning aniq dalillarini namoyish etish orqali brendlar va chakana sotuvchilarning ishonchini oshirishda yordam beradi".

Sirdaryo viloyat, Sardoba tumanidagi Indorama Agro MChJ ishchi-xizmatchilari 19 - mart kuni mustaqil kasaba uyushmasi Ta’sis qurultoyini o‘tkazgan edi.

O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi ta’sis etilganini qurultoy ochilishida so‘zga chiqqan tashkilot raisi Roza Agaydarova e’lon qilgan edi.

O‘zbekistonda 1991 - yildan buyon yagona Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyat olib boradi. Bu tashkilot Sovet davridagi kasaba uyushmasi vorisi hisoblanadi. Ammo 19 - mart kuni tuzilgan «xalq birligi» kasaba uyushmasi bu tashkilot tartibiga kirmoqchi emas. Indorama Agro MChJ ishchi-xizmatchilari mehnatkashlarning huquqlarini himoya qila olmay qolganini aytishgan.

O‘zbekistondagi ilk mustaqil kasaba uyushma raisi Roza Agaydarovaga ko‘ra, yangi tashkilot mamlakatdagi raqobat muhitini yaratadi.

XS
SM
MD
LG