Human Rights Watch va O‘zbekiston Inson huquqlari forumi tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini nohaq qamoqqa olingan ikki faolni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
Qashqadaryo sudi 18-iyul kuni Hakimova va Keldiyorovani tovlamachilikda aybdor deb topib Dildora Hakimovani 6 yil 1 oyga, Nargiz Keldiyorovani esa 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.
Keldiyorovaga, shuningdek, «konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish» va «prezidentni haqorat qilish» ayblari ham qo‘yilgan.
Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, ko‘krak bezi saratoniga chalingan Dildora Hakimova sentyabr oyining o‘rtalarida farzandli bo‘lgan.
"U qamoqda qolar ekan, u va uning yangi tug‘ilgan bolasiga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlanishi kerak", deyiladi bayonotda.
«O‘zbekiston hukumati tanqidiy ovozlarni bostirish uchun ikki faolga nisbatan asossiz jinoyat ishi qo‘zg‘atdi», - deydi HRWning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Rittman.
«Endilikda esa ona va yangi tug‘ilgan bolaning sog‘lig‘iga putur yetkazish orqali ular adolatsizlikni ochiq shafqatsizlikka aylantirishmoqda»
Sud shuningdek, yana boshqa besh faolni ham tovlamachilikda ayblab, besh yil ozodlikni cheklash hamda va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.
Jiddiy xavotirlar
Inson huquqlari tashkilotlarining ta’kidlashicha, Hakimovaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy xavotirlar bor.
Hakimovaning turmush o‘rtog‘iga ko‘ra, shifokor ayolning tug‘ruqdan so‘ng ahvoli og‘irlashgani, zudlik bilan onkologiya shifoxonasiga yotqizilishi zarurligi bo‘yicha xulosa bergan.
Tergov izolyatori 14-sentyabr kuni yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun zarur shart-sharoit yaratib bera olmasligi haqida xat taqdim etgan. Vaholanki O‘zbekiston prezidentining 2022-yilda imzolangan “onalik va bolalikni himoya qilish to‘g‘risida”gi tegishli qarori mavjud.
Fevral oyida ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud yetti nafar gumondordan besh nafarini, jumladan Keldiyorova va Hakimovani sudga qadar tergov hibsxonasida qoldirish bo‘yicha qaror chiqargan.
Ayblov xulosasida aytilishicha, Keldiyorova jinoiy guruh tashkil qilgan holda bir necha shaxslarga ularga tegishli maxfiy ma’lumotlarni internetda tarqatib, obro‘sizlantish bilan tahdid qilgan va pul talab qilib kelgan.
Biroq, mazkur ayblov xulosasida noaniqliklar mavjud. Xususan, Keldiyorova jinoiy guruh tashkil qilgani ilgari surilgan bo‘lsada, ammo ayblanuvchilardan ba’zilari bir-birini tanimasligini bildirgan. Huquq tashkilotlari, ayblanuvchilarni da’vo qilingan jinoyatlarga bog‘lovchi ashyoviy dalillar yo‘qligini aytmoqda.
«Ezgulik» inson huquqlari tashkiloti a’zosi bo‘lgan 44 yoshli Nargiz Keldiyorova so‘nggi yillarda O‘zbekiston Inson huquqlari forumi hamda «Ozodlik» radiosi va Eltuz singari mustaqil axborot agentliklari bilan hamkorlik qilgan.
U Qashqadaryo viloyatida majburiy mehnat, bolalar mehnati, fermerlar huquqlari, yerlarning musodara qilinishi, ta’lim tizimidagi korrupsiya haqida ma’lumot yig‘ishda yordam bergan va bu mavzularda ommaviy axborot vositalariga intervyular berib kelgan.
40 yoshli Dildora Hakimova maktabda o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritish bilan birga jamoatchilik vakili sifatida Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi korrupsiya va boshqa mahalliy muammolar yuzasidan muntazam ravishda o‘z fikrlarini bildirib kelgan.
Hakimova ayblanuvchilardan biri, «Himoyachi blogerlar» kichik shirkati rahbari, Mustaqil Inson Huquqlari Tashkiloti a’zosi 44 yoshli Shukrullo Parpiyev bilan ham hamkorlik qilgan.
Inson huquqlari faollariga ko‘ra, yana uch nafar ayblanuvchi – Shahnoza Safarova, Farog‘at Mamatova va Oydin Rustamova ham mahalliy maktablarda ishlagan. Yettinchi sudlanuvchi Musallam Umirova esa Respublika ijtimoiy ta’minot davlat muassasi xodimi bo‘lgan.
Ayblov ishiga 2023-yilda faoliyatidagi kamchiliklari uchun lavozimidan olingan sobiq maktab direktorining shikoyati asos qilib olingan.
Hakimova va Keldiyorova o‘zlari ishlab kelgan maktab direktorining faoliyati bo‘yicha tez-tez shikoyat qilib kelgan.
Rasmiylarning iddao qilishicha, ayblanuvchilarning bir nechtasi sobiq direktordan pul undirgan.
Yangi O‘zbekiston va eski odatlar
HRW inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittmanga ko‘ra, 2016-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin ko‘p o‘tmay siyosiy motivlar sabab qamalgan huquq himoyachilari va jurnalistlar ozodlikka chiqdi. Go‘yo «yangi» O‘zbekiston paydo bo‘layotgandek tasavvur uyg‘ondi. O‘zbekiston Islom Karimov davridagidan ko‘ra hamkorlikka, investitsiyalarga hamda islohotlarga ochiq mamlakatdek ko‘rina boshladi.
Ammo HRW vakiliga ko‘ra, bu qisqa davr ortda qoldi, eski odatlar yana bo‘y ko‘rsata boshladi.
"Bugun biz O‘zbekistonda kuchishlatar tuzilmalar va sud hokimiyati hukumatni, jumladan, O‘zbekiston prezidentini tanqid qilgan faollar va blogerlarni hibsga olib, jinoiy javobgarlikka tortayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Parlament hokimiyat organlariga nutqi yoki harakatlari «mamlakat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi, adovat qo‘zg‘atuvchi, xalq sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini kamsituvchi» deb hisoblangan xorijliklarni «istalmagan» deb belgilashga ruxsat beruvchi qonunni ko‘rib chiqmoqda. Ularning besh yilgacha mamlakatga kirishini taqiqlash taklif qilinmoqda.
Huquq himoyachilari, blogerlar va hukumat tanqidchilarini haddan tashqari yoki asossiz ayblovlar bilan qamoqqa tashlaydigan O‘zbekiston qayta paydo bo‘layotganini ko‘ryapmiz", deb aytgan oldinroq Mira Rittman.
Unga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda o‘ndan ortiq blogerlar panjara ortida. Ulardan ba’zilari 2023-yil dekabrida sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Olimjon Haydarov kabi tovlamachilik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ammo ularning barchasi korrupsiya va so‘z erkinligi bilan bog‘liq tanqidiy chiqishlari uchun jazoga tortilgan deb ishoniladi.
2023-yilning mart oyida 40 nafar jurnalist va blogerlar o‘zlari duch kelgan senzura va ta’qiblardan xavotir bildirib Mirziyoyevga maktub yo‘llagan edi. Yana bir qancha jurnalistlar esa faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgani uchun qamoqqa olinganlar soni sezilarli darajada oshdi. Bu modda Jinoyat kodeksiga 2020-yilda kiritilgan va besh yillik qamoq jazosini o‘z ichiga oladi.
HRW vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston asossiz jinoiy ayblovlar bilan qamalgan har qanday faol yoki jurnalistni zudlik bilan ozod qilishi va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak.