Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:31

Haydovchiga "pistolet" qadagan monopoliya: AYoQShlarda qimmat benzinga navbat kamaymayapti


Toshkentdagi monopol "O‘zbekneftgaz" davlat shirkatiga qarashli AYoQSh yaqinida noma’lum rassom - Inkuzart chizgan graffiti bir kun o‘tib o‘chirildi.
Toshkentdagi monopol "O‘zbekneftgaz" davlat shirkatiga qarashli AYoQSh yaqinida noma’lum rassom - Inkuzart chizgan graffiti bir kun o‘tib o‘chirildi.

Joriy yil boshidan beri benzin narxi 72 foizga oshgan O‘zbekistonda so‘nggi ikki haftada yonilg‘i taqchilligi kuchaygani kuzatilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin muammosida monopol shirkatlarni aybladi.

"O‘zbekneftgaz" vakili Ozodlikka shirkat rahbariyati benzin narxlarini pasaytirish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Bir vaqtning o‘zida mamlakat bo‘ylab avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida ham metan gaz taqchilligi kuzatilmoqda. Bu har yili kuz-qish mavsumida kuzatiladigan holat.

Haydovchilar“bayrami”: Navbatimiz keldi!

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolardan birida, aftidan, metan gaz shoxobchasida navbati kelgan haydovchilarning xursandchiligi aks etgan.

Ҳайдовчилар “байрами”: Навбатимиз келди!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

“Navbatimiz keldi”, deb nomlangan ushbu videoda yonilg‘iga navbatda turib charchagan haydovchilarning navbati kelganini karnay-surnay chalib nishonlayotgani aks etgan.

“Kecha navbatga turgandik, bugun mana ocheredimiz keldi”, deydi videoni tasvirga olayotgan yigit.

Videoda o‘nlab mashinalar hali navbatda turganini ko‘rish mumkin. Ayni paytda Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, faqat gaz zapravkalar emas, mamlakat bo‘ylab AYoQShlar oldida shu kabi navbatlar kuzatilmoqda.

"Kecha Qo‘yliqdagi zapravkada 2,5 soat ocheredda turdim. AI-80 benzinni 8800 so‘mdan oldim. "Yap-yangi O‘zbekiston"dagi ahvol bu. Bir yil oldin benzin 4000 so‘m edi”,- deydi toshkentlik haydovchilardan biri.

Feysbukdagi “Voditeli Tashkenta” sahifasi foydalanuvchilarining yozishicha, ayrim AYoQShlarda soatlab navbat kutib ham benzin olib bo‘lmayapti, sababi navbat yetguncha, benzin tugab qolmoqda.

“Eng mazza qilgan joyi shuncha kutib etib borsam, AI -80 yo‘q”,- deya yozg‘irdi Bakhodir Kudratov ismli yuzer. Tarmoq foydalanuvchisi Mirakbar Zohidov esa “Uzgazoil da 14:00 dan kegin 80 qolmayabti”-, deya nolidi.

Devorda aks etgan benzin narxi

“O‘zbek Benksisi” nomi bilan ko‘pchilikka tanilgan strit-art rassom Inkuzart ham benzin bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratdi.

Rassom 19 - noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi "Katta qani" ko‘chasida joylashgan AYoQSh oldidagi devorga benzin muammosi aks etgan grafittini chizdi.

Inkuzart o‘z asarida do‘ppi va chopon kiygan erkakni qo‘lida yonilg‘i quyish "pistoleti" bilan aks ettirgan.

Rassom ushbu graffiti orqali benzin narxining oshishi o‘zbekistonliklarni “o‘ldirishiga” ishora qilgani aytildi.

Inkuzart taxallusi ostida devoriy rasmlar chizayotgan toshkentlik rassom o‘z asarlariga izoh bermasligi va uning asarlarini ko‘rgan har bir odam o‘zi xulosa chiqarishi tarafdori ekanini aytib keladi.

19 - noyabrning o‘zida graffitini o‘chirishga harakat qilindi, ammo pirovardida rasm butunlay o‘chmadi – devorda surat izlari qoldi.

Uchtepa tuman hokimligi mulozimi Inkuzart chizgan surat maxsus buyruq bilan o‘chirilganini bildirdi, biroq mulozim bu buyruq kim tomonidan berilgani va graffitini o‘chirish sababini ochiqlamadi.

Inkuzart chizgan oldingi suratlari taqdiri ham shunday bo‘lgan, jumladan, uning "O‘zAvto Motors" monopoliyasini aks ettirgan graffitisi bir kun o‘tib o‘chirilgandi.

Inkuzart'нинг "UzAuto" монополиясига қарши сурати ўчириб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

Benzin bir yilda 72,1 foizga qimmatladi

2020 - yil 1 - maydan boshlab AI-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti bekor qilindi. Neftni qayta ishlash zavodlari benzinni faqat birja savdolari orqali amalga oshirishi belgilandi. Shundan buyon eng xaridorgir sanalgan AI-80 markali benzin narxi muttasil oshib bormoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, benzin narxi joriy yil boshidan buyon 72, 1 foizga qimmatlagan.

"O‘zbekneftgaz" idorasining Ozodlik 22 - noyabr kuni bog‘langan mulozimi shirkatga qarashli AYoQShlardagi navbatlarni shunday izohladi:

"O‘zbekneftgaz" AJga qarashli AYoQShlarda navbatlar ko‘paygani rost, buni aynan AI- 80 benzinining narxi qolgan AYoQShlarga qaraganda 1200-1500 so‘m atrofida arzonligi bilan izohlashimiz mumkin", dedi ismini ochiqlashni istamagan mulozim.

"Benzin qimmatlashiga monopol shirkatlar aybdor"

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev 16 - noyabr kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda benzin narxining ko‘tarilishini jahondagi narxlarning o‘sishiga bog‘ladi. Mulozimning aytishicha, ichki bozorda benzinga talabning ortishi ham narxlarning o‘sishiga ta’sir qilgan.

Ayni paytda Qoraboyev mamlakatdagi benzin monopoliyasi ham narx oshishiga sabab bo‘lganini e’tirof etdi.

Unga ko‘ra, birjada benzinni katta miqdorda sotilishi sabab uni yirik kompaniyalargina xarid qilgan va monopol mavqega ega shirkatlar benzin narxini sun’iy oshirishga yo‘l qo‘yib kelgan.

Antimonopoliya qo‘mitasining ushbu bayonotidan so‘ng birjada benzinni kichikroq hajmda ham sotish yo‘lga qo‘yilgani va natijada AI-80 benzini narxi 9 foizga arzonlagani xabar qilindi.

O‘zbekneftgaz mulozimiga ko‘ra, Qozog‘iston 6 oydan beri benzin eksportini taqiqlab qo‘ygani ham O‘zbekistonda benzin qimmatlashiga sabab bo‘lgan.

"Joriy yil yanvar-iyul oylarida 72 ming tonna Ai-80 dan Ai-92 gacha tayyor benzin import qilingan bo‘lsa, avgust-oktabr oyida bori-yo‘g‘i 310 tonna benzin olib kelingan", deydi O‘zbekneftgaz mulozimi.

Antimonopol qo‘mitasiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston benzinni, asosan, Rossiyadan xarid qilyapti.

"Bu yerda ham ayrim treyderlar vaziyatdan foydalanib narxlarni oshirishga harakat qilyapti. Shu sabab boshqa yo‘nalishlarda import geografiyasini ham kengaytirishimiz kerak", deydi qo‘mita mulozimi Qoraboyev.

"Benzin arzonlaydi"

Ayni paytda "O‘zbekneftgaz" mulozimi shirkatda benzin zahirasi yetarli ekanini bildirdi:

“Benzin zaxirasi yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bemalol aytish mumkinki, benzin tanqisligi yuzaga kelmaydi. "O‘zbekneftgaz" zavodlarida yetarli miqdorda xom ashyo zaxirasi yaratilgan. Masalan 6,7 ming tonna maxalliy neftь, 40,5 ming tonna mahalliy gazkondensati, 3,8 ming tonna mahalliy gazoyl, 8,5 ming tonna import neft, 23,3 ming tonna import gazoyl bor".

Mulozim benzin narxini tushirish harakatlari bo‘layotganini ham ta’kidladi:

"Benzin narxini arzonlashtirish uchun yirik lotlarda Buxoro zavodi omboridan 2 220 tonna, neft baza omboridan 840 tonna shuningdek mayda lotlarda neft baza omboridan 600 tonna 1 tonnali lotlarda birja savdolariga qo‘yib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ya’niki, kichik lotlar orqali xususiy tadbirkorlar ham bemalol birja savdolarida qatnashib, iste’molchilarga yetkazib berishiga keng imkon yaratilmoqda".

Бензин ва газ учун километрга чўзилган навбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:45 0:00

Avvalroq Spot.uz nashri benzin va o‘rtacha maosh nisbatiga doir raqamlarni keltirgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha maoshga 317 litr benzin sotib olish mumkin, 2020 - yilda bu ko‘rsatkich 330 litrni tashkil etgan.

Muqoyasa uchun - Rossiyada aholi o‘rtacha ish haqiga 938 litr benzin xarid qilishi mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG