Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:22

Harbiy safarbarlik fonida Rossiya armiyasi markaziy osiyolik muhojirlarga ko‘z tikmoqda


Moskvaning Saxarovo migratsiya markazi. Aprel, 2015
Moskvaning Saxarovo migratsiya markazi. Aprel, 2015

Markaziy osiyolik muhojirlar Moskvaning qora ishlarini qilib o‘rganib qolishgan. Har yili mintaqa mamlakatlaridan yuz minglab odam Rossiya poytaxti va boshqa yirik shaharlariga muhojiratga borib, qorovul, farrosh, qurilish ishchisi va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari o‘laroq ishlaydi.

Endilikda ular Rossiyaning Ukrainadagi harbiy frontiga jalb qilinishlari mumkin. Rossiya Davlat Dumasi «Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari, boshqa kuchlar yoki harbiy tuzilmalarda» bir yil xizmat qilgan shaxslarga «soddalashtirilgan» tarzda Rossiya fuqaroligini berish uchun Rossiya qonunchiligiga o‘zgartirish kiritdi.

Urushda Rossiya yo‘qotishlarga duchor bo‘la boshlashi ortidan 21-sentabr kuni prezident Vladimir Putin qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan edi.

Bu xabar hamda prezidentning mujmal farmoni Rossiyada vahima keltirib chiqardi. Xususan, Rossiyani uchoq yordamida tark etishga qaror qilganlar soni urushning birinchi haftalaridan beri kuzatilmagan darajada ko‘paydi.

21-sentabr kechga qadar Moskva, Sankt-Peterburg va 30 dan ortiq boshqa shaharda norozilik namoyishlariga chiqqan 1 300 dan ortiq odam hibsga olindi. Ko‘plab namoyishchi qo‘lida Ukraina bayrog‘ining ko‘k va sariq ranglari tushirilgan hamda «Mobilizatsiyaga yo‘q» deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqdi va «Putinsiz Rossiya!» deya hayqirdi.

Internetda safarbarlikka «mogilizatsia» nomi berildi – rus tilida «mogila» qabr deganidir.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu mart oyidan beri ilk marotaba Rossiya armiyasi yo‘qotishlari haqida ma’lumot berdi. Televideniye orqali namoyish etilgan intervyuda Shoygu urushda bugunga qadar 5 937 nafar askar halok bo‘lganini ta’kidladi.

G‘arb hukumatlari hisoblariga ko‘ra esa Rossiya 15 mingdan 30 minggacha harbiy yo‘qotgan.

Moskva kabi shaharlarda harbiy yollash kampaniyalari aholiga ayniqsa xush kelmayotgani tufayli janglarda asosan migratsiya bo‘yicha tadqiqotchi Yan Matusevich so‘zlari bilan aytganda «mamlakatning eng qashshoq va [eng] chekka hududlarida yashovchi, asosan etnik rus bo‘lmaganlar» ishtirok etayotgani ajablanarli emas.

Matusevich Ozodlik bilan suhbatda endilikda muhojirlarga nazar solinayotgani ushbu tendensiyaning bir qismi ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlarni yollash «katta shaharlarda ko‘proq ta’minlangan rossiyaliklarni harbiy xizmatga jalb qilmagan holda askar yollash» imkonini beradi.

Farmon e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay mer Sergey Sobyanin boshchiligida Moskva shahar hukumati safarbarlikni boshlab yubordi.

20-sentabr kuni Sobyaninning shaxsiy veb-saytida Saxarovo migratsiya markazida «Rossiya Mudofaa vazirligiga xorijiy fuqarolarning harbiy xizmatga kirishini tashkil qilishda yordam beradigan to‘liq infratuzilma» mavjudligi haqida yozdi.

Putin va Shoygu safarbarlik tegishli jangovar tajribaga ega zaxiradagi askarlarga taalluqli ekanligini ta’kidlashdi, cheklangan harbiy tajriba yoki tayyorgarlikka ega bo‘lgan erkaklar ham frontga jo‘natilishi haqidagi xavotirlar urchimoqda.

Kreml harbiy xizmatga chaqiriluvchilar Ukrainaga yuborilmasligini takror va takror aytib keladi, ammo bunday shaxslar jangovar harakatlarga yuborilganini ko‘rsatuvchi bir necha tasdiqlangan holat mavjud.

Rossiyadagi qirg‘izistonlik muhojirlar diasporasi yetakchisi, tadbirkor Azamat Adilgaziyev Ozodlik bilan suhbatda vatandoshlari, ayniqsa yosh erkaklar «biroz vahima tushgani», ayrimlar chiptalar narxi oshgan bo‘lishiga qaramay, Rossiyani tark etayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ketayotganlarning aksariyati Rossiya fuqaroligini olgan qirg‘izistonliklardir.

Adilgaziyev harbiy xizmat evaziga Rossiya pasporti taklifi mamlakat fuqaroligini olish uchun «ikki yil yelib-yugurishni»ni xohlamaganlarni qiziqtirishi mumkinligini aytdi.

«Nechta odam yoziladi? Saxarovodagi navbatlarni ko‘rmagunimizcha, buni aytib bo‘lmaydi. Lekin qiziqayotganlar bor va buning oqibatini tushunmayotganlar ko‘p», — dedi Adilgaziyev.

Vatanda qamalish tahdidlari

Rossiyadagi markaziy osiyolik muhojirlarning aksariyati uch davlat – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan borgan.

Boshqa MDH davlatlaridan Rossiyaga kamroq odam boradi yoki bu mamlakatlarning iqtisodiyoti Rossiyadan naqd pul jo‘natmalariga kamroq qaramdir.

Ushbu uchala mamlakat ham Rossiyaga nisbatan siyosiy sodiqligi bilan tanilgan. Ammo ehtimol Rossiya va uning eng yaqin ittifoqchisi Belarusga qarshi joriy qilingan xalqaro sanksiyalarni hisobga olgan holda bu mamlakatlar rasmiylari o‘z fuqarolariga xorijiy urushlarda qatnashish to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan har bir shaxsni qamoq jazosi kutishini eslatishdi.

22-sentabr kuni O‘zbekiston Bosh prokurori o‘zbekistonliklar chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga qo‘shilsa, 5 yilgacha qamalishi mumkinligi haqida yozdi.

Rossiya tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida Rossiyaga ishlash uchun borgan shaxslarning teng yarmi, ya’ni 1,54 million kishi O‘zbekiston fuqarosidir.

Qo‘shni Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi esa o‘sha kuni xorijiy urushlarda qatnashganlar «10 yilgacha» ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligini bildirib, mamlakat fuqarolaridan yollash urinishlari haqida xabar berishlarini so‘radi.

Qochish chaqiriqlari

Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Kulov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida mamlakat hukumatini Rossiya pasportini olgan va shuning uchun safarbarlik xavfi ostida bo‘lgan 500 ming asli qirg‘izistonlik «vatandoshga» yordam berish uchun chora ko‘rishga chaqirdi.

«Bu shaxslarning harbiy xizmatga chaqirilishi ular yagona nontopar bo‘lganliklari uchun oila a’zolari uchun salbiy, balki fojiali ta’sir ko‘rsatadi», deb yozdi Kulov.

Qirg‘iziston Rossiya bilan qo‘sh fuqarolikni rasman tan olmasa-da, amalda ko‘plab qirg‘izistonlik har ikki davlat pasportini saqlab qolgan.

22-sentabr kuni Tojikiston ham bu masalada bayonot e’lon qildi. Bayonotda xorijda harbiy harakatlarda qatnashgan fuqarolar uchun «jinoiy javobgarlik» ko‘zda tutilganini e’tirof etildi xolos.

Bugunga qadar Markaziy Osiyo davlatlaridan nechta odam Ukrainadagi urushda yollanma askar o‘laroq qatnashgani ma’lum emas.

10-sentabr kuni Ukraina Bosh shtabining matbuot kotibi Aleksandr Shtupun Moskvani ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar orqali «Qirg‘iziston Respublikasidagi nafaqadagi harbiylar orasidan» askar yollashda aybladi.

O‘sha kuni Ukraina urushini yoritib kelayotgan muxbir Yuriy Butusov e’lon qilgan videoda O‘zbekistondan ekanligini da’vo qilayotgan asirlarni ko‘rish mumkin.

Ozodlik radiosining tojik va qirg‘iz xizmatlari Ukrainada Rossiya uchun jang qilayotgan bir necha shaxs halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Kremlga aloqador «Vagner» xususiy harbiy shirkati ham mintaqa fuqarolarini yollayotgani aytilmoqda.

Moskvaning qisman safarbarlik haqidagi va’dalariga shubha bilan qaralayotganining bir necha sababi bor. Keyingi haftalarda Ukraina urush boshida qo‘ldan boy bergan yuzlab qishloq va shaharni qayta qo‘lga oldi.

Ukrainaning shiddatli kontratakasi Putinni qisman safarbarlikni yo‘lga qo‘yish haqida farmon imzolashga undagan ko‘rinadi. Shuningdek, Ukrainaning jang maydonidagi yutuqlari Rossiya qonli urushda g‘alaba qozona olishi borasida shubha uyg‘otmoqda.

Matusevichning aytishicha, jang maydonida harbiy yetishmayotgani uchun chet elda tug‘ilgan shaxslarni yollash yo‘lida rasmiylar tan olayotgandan ancha katta ko‘lamda chora ko‘rilishi mumkin.

«Rossiya rasmiylari ayni damda muhojirlarni saqlash markazlarida qolayotgan shaxslarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun shantaj qilishga urinishidan xavotirdaman. Rossiya hukumati, shuningdek, Rossiya fuqaroligini yaqinda olganlar Ukrainadagi janglarda «ko‘ngilli» tarzda ishtirok etishdan bosh tortgani uchun ular fuqarolikdan mahrum qilinishlarini aytib, tahdid qilishi mumkin», — dedi u.

Ўзбек мигрантлари мобилизация ҳақида нима деб ўйлашади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:44 0:00

O‘zbekistonlik muhojirlar huquqlari himoyachisi Valentina Chupik Facebookda ayni fikrni izhor qildi. Unga o‘tgan yilda Rossiyaga kirish taqiqlangan.

Chupik o‘z postida muhojirlar oldida «to‘pga yem bo‘lish» yoki «qul bo‘lish» tanlovi turganini yozdi.

«Rossiyalik qarindoshlari bor yoki ahmoqlik qilib Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlar, zudlik bilan qochinglar! Qolganlarga kelsak, ularga ham qochishni maslahat beraman», - deya qo‘shimcha qildi u.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin

XS
SM
MD
LG