Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, quyidan yuqorigacha barcha mansabdor shaxslar, jumladan, Prezident va bosh vazir ham daromadlar deklaratsiyasi to‘ldiradi. Lekin bu jarayon qachon boshlanishi ma’lum emas.
Davlat amaldorlarining daromad deklaratsiyasi to‘ldirishi haqidagi gaplar Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk oylarda boshlangan.
Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat amaldorlari daromadlari deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi hozircha idoralararo muvofiqlashtirish jarayonida turibdi va u joriy yilda qabul qilinishi mumkin. Bu haqda tilga olingan agentlik rasmiylari bayonot berdi.
2017
O‘zbekistonda amaldorlarga daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya to‘ldirish vazifasi yuklatilishi mumkinligi to‘g‘risida dastlabki xabar paydo bo‘lganiga roppa-rosa 4 yil to‘ldi.
Bu haqda xabar qilgan nashr Bosh prokuraturadan olingan ma’lumotga tayanib, korrupsiyaga qarshi 2018 - yilgacha mo‘ljallangan ikki yillik dastur ishlab chiqilayotgani, undagi me’yorlardan biri – davlat xodimlari hamda ularning oila-a’zolari daromadlari haqida deklaratsiyani majburiy to‘ldirish talabi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilgan.
2019, may
Oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2019 - yilning 27 - mayida prezident Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda davlat rahbari tegishli idoralardan davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishni talab qilgan.
2019, oktabr
2019 - yilning oktabrida Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga muhokama uchun joylashtirilgan qaror loyihasiga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar 2020 - yil 1 - yanvaridan mulk va daromadlarini deklaratsiyalashi lozim edi.
Qaror qabul qilinsa, 2020 - yilning 1 - yanvaridan boshlab O‘zbekistonda davlat xizmatchilari ayrim toifalarining, shuningdek ularning oila a’zolarining (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i va farzandlari, shu jumladan, farzandlikka olingan oila a’zolari) mol-mulki, daromadlari va xarajatlari har yillik deklaratsiyalash yo‘li bilan nazoratga olinishi kerak edi. Qarorning qabul qilingani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
2020, oktabr
Oradan yana bir yil o‘tdi va 2020 - yilning oktabrida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Alisher Burxonov davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalash tizimi 2021 - yilning 1 - yanvaridan joriy etilajagi to‘g‘risida bayonot berdi.
2021, 7 - yanvar
Mana endi yana yangi muddat belgilanmoqda va u muddat ham konkret emas. Nega davlat amaldoridan daromad deklaratsiyasini talab qilishni joriy qilish to‘rt yildan buyon cho‘zilmoqda?
Bu va mavzuga oid boshqa savollarga javoban o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari – Jamoatchilik bilan aloqalar, murojaatlar bilan ishlash va xalqaro hamkorlik boshqarmasi xodimi deb tanishtirgan amaldor masaladan xabarsiz ekanligini bildirish bilan cheklandi.
"Qonundan ustun"
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Alisher Burxonov 2020 - yil, oktabridagi chiqishida davlat amaldorlari daromadlarini deklaratsiya qilish bosqichma-bosqich amalga oshirilajagini aytgan edi. Bu bayonotni ayrim tahlilchilar “hokimiyatning yillar davomida o‘zini oddiy aholidan mudofaa qilish uchun o‘rtaga juda chuqur handaqlar qazib olgani” bilan izohlagan.
Iqtisodchi olim Xidirnazar Allaqulov davlat amaldorining daromad deklaratsiyasi to‘g‘risida qonun qabul qilish haqidagi gaplar to‘rt yildan buyon cho‘zib kelinayotganini “jamoatchilikni chalg‘itishdan boshqa narsa emas”, deb baholadi.
Olimning fikricha, bunday qonun qabul qilingan taqdirda ham hech narsa o‘zgarmaydi:
“O‘zbekiston sharoitida davlat amaldorining daromad deklaratsiyasi to‘g‘risida qonun qabul qilinishidan hech qanday naf bo‘lmaydi. Xo‘p, qonunni qabul qildilar ham deylik. Nima, prezident yoki bosh vazirning yoxud hokim faoliyati biror qonun bilan nazorat qilinadimi? Axir ularning qonundan ustun turishi hammaga ma’lumku!”
Qo‘shnilarda qanday?
Davlat xizmatchilarining daromad deklaratsiyasi topshirishini taqozo etuvchi qonun bir qator postsovet davlatlarida amal qiladi. Jumladan, Qirg‘izistonda bu kabi qonun 16 yil avval qabul qilingan.
Qirg‘izistonlik taniqli siyosatchi, mamlakat parlamentining uzoq yillik deputati Ishaq Masaliyevning aytishicha, 2004 - yili qabul qilingan qonunga binoan har bir davlat xizmatchisi daromadi to‘g‘risida deklaratsiya to‘ldirib, topshirishga majbur.
“Hozir dabdurustdan qaysi yil ekanligini ayta olmasligim mumkin. Biroq so‘nggi bir raqam esimda: 70 ming davlat xizmatchisi daromad deklaratsiyasi topshirgan”, dedi Ishaq Masaliyev.
Qirg‘izistonlik siyosatchining fikricha, daromad deklaratsiyasi korrupsiyaga qarshi balogardon emas, lekin u kurash uchun yaxshi vositadir. Bu vosita to‘laqonli ishlashi uchun, Ishaq Masaliyevning fikricha, “xarajatlarning topshirilgan deklaratsiyalarda ko‘rsatilgan mablag‘ va mulkka, ya’ni daromadga mutanosibligini qiyoslash mexanizmini ham ishga tushirish kerak, biz hozircha shu sohada oqsab turibmiz”.
"Halollik vaksinasi"
Davlat xizmatchilarining daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya to‘ldirish tartibi uzil-kesil joriy etilishi paysalga solinayotgan O‘zbekistonda allaqachon buning uchun maxsus ibora ham muomalaga kiritilgan.
2020 - yil boshida parlamentga qilgan murojaatida prezident Mirziyoyev "halollik vaksinasi" iborasini ishlatgan va har bir davat xizmatchisi shu kabi vaksina bilan emlanishi kerakligini aytgan edi.
"Bu illatni (koruptsiyani- tahr.) yo‘q qilmas ekanmiz, rahbarlarimizni, halollik vaksinasi bilan emlamas ekanmiz, davlatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz hayotini farovon qilishdek ezgu maqsadimizga aslo erisha olmaymiz. Korrupsiya har birimizning atrofimizda yuribdi, shuning uchun, unga qarshi hamma bir bo‘lib kurashish lozim. Bu ishni tizimli yo‘lga qo‘yish etish uchun alohida organ tashkil etiladi. Bu organ hamma sohani mikroskop orqali sinchiklab kuzatib boradi".
Ammo oradan bir yil o‘tib, mamlakatda faqat bir vaksina - koronavirus vaksinasi haqida gapirilmoqda.
Mirziyoyev amaldorlarni "halollik vaksinasi" bilan emlashini aytgan alohida tizim - aksilkorrupsiya agentligi esa " hamma sohani mikroskop orqali sinchiklab kuzatib boradi"gan darajada qudratli emas.
Shavkat Mirziyoyevning 7 - dekabr kungi nutqida aytilishicha¸ “so‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m (taqriban 200 million AQSh dollari-tahr.) zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan”.
Ayni paytda hozircha jamoatchilikka davlat va xalqning 200 million dollarini o‘g‘irlaganlarning kimligi¸ ular orasida biror katta amaldor¸ xususan¸ Shavkat Mirziyoyevning bevosita o‘zi vakolat berganlar bor-yo‘qligi rasman ma’lum qilingan emas.