Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:42

Finishi ma’lum saylovga start berildi


Markaziy saylov komissiyasi Prezident sayloviga start berdi. Toshkent, 2021, 23 - iyul
Markaziy saylov komissiyasi Prezident sayloviga start berdi. Toshkent, 2021, 23 - iyul

23 - iyul kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga rasman start berildi. Markaziy saylov komissiyasi saylov kutilganidek, joriy yilning 24 - oktabr kuni o‘tkazilishini e’lon qildi.

Oliy Majlisda vakillari mavjud va Saylov kodeksiga binoan prezidentlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga ega besh siyosiy partiyadan ikkitasi hozircha kimning nomzodi ko‘rsatilishi noma’lumligini bildirdi.

Mirziyoyevning bayonotlariga ishonib, mamlakat siyosiy hayotiga aralashishga urinib ko‘rgan faollar bo‘lajak prezident saylovi erkin va demokratik bo‘lishini savol ostiga olmoqda.

Siyosatshunoslar fikricha, oktabrda o‘tkaziladigan saylov shu paytgacha o‘tkazilib kelgan saylovlardan farq qilmaydi.

23 - iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgani va shu kuniyoq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berilganini MSK matbuot xizmati xabar qildi.

Dekabrdan oktabrga ko‘chgan saylov

O‘zbekiston prezidenti saylovi, Markaziy saylov komissiyasi qaroriga binoan, 2021 yilning 24 - oktabrida bo‘lib o‘tadi.

Saylovning aynan 24 - oktabrga belgilanganini MSK shu yil 8 - fevralda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartish bilan izohladi.

MSK aytgan o‘zgartish kiritilgunicha, Prezident saylovi Konstitutsiyaga binoan amaldagi Prezident vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan edi.

Nomzod ko‘rsatish huquqi

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37- moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqi siyosiy partiyalarga berilganligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan va vakillari Oliy Majlisga saylangan beshta siyosiy partiya mavjud. Demak, har bir partiya prezidentlikka nomzod ko‘rsatsa, 24 - oktabrda o‘tadigan saylovda saylovchilar 5 nomzoddan biri uchun ovoz berishi mumkin.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rasmiy vakili To‘lqin To‘raxonovning 23 - iyulda Ozodlikka bildirishicha, hozircha prezidentlikka nomzod tanlagani yo‘q:

“Prezident saylovida bizning partiya ham albatta ishtirok etadi. Prezidentlikka nomzodlarimiz ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq ular orasidan aynan kimning nomzodi ko‘rsatilishi partiyamiz qurultoyida e’lon qilinadi. Kelgusi haftada esa, Qurultoy oldidan plenumimiz bo‘lib o‘tadi. Saylovga jiddiy tayyorgarlik bilan kirib boryapmiz”.

XDP rasmiy vakilining aytishicha, partiya qurultoyi qonunchilikda belgilangan muddatlarda, ya’ni sentabrda o‘tkazilishi kutilmoqda.

2016 - yil, 4 - dekabrda o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqqan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) nomzodi edi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati xodimi Sayyora Suronovaning Ozodlikka aytganlari XDP vakilining aytganlaridan farq qilmadi: “Hozircha aniq nomzod yo‘q, nomzodni qurultoy aniqlaydi, u qonunda belgilab qo‘yilgan muddatda bo‘lib o‘tadi...”

Ozodlikning O‘zLiDeP yana Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatadimi, degan savoliga partiya vakili “nomzod ko‘rsatish masalasi qurultoyda ko‘riladi”, deb javob berdi.

Prezident yangi siyosiy kuchlar haqida nima degan edi?

Prezident Mirziyoev 2019 - yilning 27 - dekabrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvda muxolifat haqida gapirib, muxolifat mamlakat ichidan chiqishi kerakligini aytgandi:

"Ijtimoiy tarmoqlarda muxolifat muhokama qilinmoqda. U bizga qanday foyda keltirdi? Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak".

Prezidentning bu gapidan keyin bir qator faollar yangi siyosiy partiyalar tuzish yo‘lidagi harakatlarini boshlagan edi. Ulardan biri, pedagog olim Mahmudjon Yo‘ldoshevdir. “Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasi tashabbus guruhi rahbari noma’lum shaxslar uyiga bostirib kelib, o‘ldirish bilan tahdid qilganidan so‘ng siyosiy faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan.

Mahmudjon Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda boshlanayotgan saylov kampaniyasi to‘g‘risida fikr bildirar ekan, bunday dedi:

“Gapiraman, desam, gap ko‘p. Bittasigagina to‘xtalay. Mana, biz partiya tuzamiz dedik. Menku mayli, ro‘yxatdan o‘tishga ariza topshirish bosqichiga etmay, o‘yindan chiqdim. Xidirnazar Allaqulovni esa, 20 mingta imzo yig‘olmading, deb qaytarishdi. Partiyalar qonun bo‘yicha o‘zi ko‘rsatadigan nomzodni qo‘llab, o‘n barobar ko‘p imzo yig‘ishi kerak. Ularning shuncha imzo yig‘ishiga, yig‘ilgan taqdirda ham o‘sha imzolar haqiqiy bo‘lishiga ishonasizmi?!”

Saylov kodeksiga binoan nomzod ko‘rsatgan har bir partiya o‘z nomzodi uchun saylovchilar umumiy sonining 1 foizi imzosini yig‘ib topshirishi shart. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 20 mln nafardan ziyod saylovchi bor. Demak, har bir partiya kamida 200 mingtadan imzo yig‘ishi lozim.

Oktabrda o‘tkaziladigan Prezident saylovi demokratik, halol saylov bo‘ladi, degan ishonchingiz bormi, degan savolga Mahmudjon Yo‘ldoshev “Bu savol oldidan demokratik saylov o‘tkazish uchun poydevor halolmi, deb so‘rang, shundan keyin men javob beray”, dedi. Uning fikricha, rasmiy partiyalarning davlat byudjetidan moliyalanishining o‘ziyoq ularning legitimligini shubha ostiga qo‘yadi.

Intrigasi yo‘q saylov

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Prezident Mirziyoyevning birinchi besh yilligi tugab, saylov o‘z vaqtida e’lon qilinayotgani yaxshi yangilikdir. Siyosatshunos bu vaziyatni Islom Karimovning birinchi prezidentlik muddati 1991 - yil boshlanib, 1995 - yilda referendum orqali cho‘zilib, 2000 - yilgacha yetib kelganiga qiyosladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oktabrda o‘tkaziladigan prezident saylovida katta intriga yo‘q:

“Bu masalada ikkinchi ma’muriyat oldingisidan ko‘p farq qilmaydi. Besh partiyadan bittadan nomzod ilgari suriladi va joriy prezidentga birinchi turdayoq ishonch bildiriladi. Asosiy savol – joriy prezident necha foiz bilan g‘alaba qozonadi, 2016 - yildagi kabi 88% atrofida bo‘ladimi yoki undan kamroq bo‘ladimi? Agar 88%dan ko‘proq bo‘lsa – keyingi besh yillikda avtoritar tendensiyalar ko‘proq bo‘ladi, agar kamroq bo‘lsa, islohotlar davom etish ehtimoli saqlanib qoladi”.

G‘arb demokratiyasi tajribasi

Fransiyada yashayotgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov G‘arb demokratiyasi tajribasidan kelib chiqib, davlatlar qanchalik demokratik bo‘lsa, ularda siyosiy plyuralizm va raqobat shunchalik yuqori bo‘lishini ta’kidlaydi:

“Masalan, AQShda saylov kampaniyasi, norasmiy shaklda, prezident saylovidan taxminan bir yarim, ikki yil oldin boshlanib ketadi. Fransiyada ham, har bir yirik ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy voqea-xodisalar, prezident sayloviga, ijtimoiy kayfiyatga bevosita ta’sir qiladi. Demokratik o‘yin qoidasiga ko‘ra, hokimiyat boshqalarning nomzodini qo‘yishga to‘siq yarata olmaydi. Avtoritar davlatlarda esa, bunday to‘siq qo‘yish oddiy hol. Misol uchun, demokratik bo‘lmagan davlatlarda Adliya vazirligi mustaqil partiyalarni ro‘yxatga olmaydi. Demokratik davlatlarda hokimiyat boshqalarni mahrum qilish orqali emas, o‘zlarini boshqalardan haqiqatda ustun ekanligini ko‘rsatish uchun ishlashadi va shu yo‘l bilan g‘alaba qozonishadi”.

G‘arblik kuzatuvchilar hozirga qadar O‘zbekistondani bironta saylovni erkin va demokratik deb tan olmagan. Muxolifat ishtirok etgan va muqobillik asosida o‘tgan yagona saylov - 1991 - yildagi ilk prezident saylovlarida Islom Karimovga raqib bo‘lgan "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solih rasman 12,7 foiz ovoz olgan edi. "Erk" saylov natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilgan.

2019 - yildagi parlament saylovlarini kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hay’ati saylovlar avvalgilaridan erkinroq o‘tgani, ammo saylov tizimidagi o‘zgarishlar va nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini to‘ldira olmaganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG