Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:42

Energetik islohotga start berildi: Narx oshadi; limit o‘rnatiladi


Energetik bo‘hron sabab odamlar yillardan beri gazni tappiga almashtirgan.
Energetik bo‘hron sabab odamlar yillardan beri gazni tappiga almashtirgan.

O‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev tojikistonlik hamkasbi Emomali Rahmon bilan Zarafshon daryosi bo‘yida ikkita gidroelektr stansiyasi qurilishiga start berdi. Ushbu GESlar ishga tushsa, jami 600 mingdan ortiq oilani elektr energiyasi bilan ta’minlash rejalangan.

Ushbu xabar davlat telekanallari orqali olqishlanayotgan bir paytda O‘zbekistonda energetika islohotiga ham start berildi.

1-iyuldan elektr va tabiiy gazga tabaqalashtirilgan narx belgilanib, “ijtimoiy norma” joriy qilinadi, limitdan ortiqcha ishlatganlar ikki baravar qimmat to‘lashi shart bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, aholi uchun 1 kVt elektr energiya to‘lovi 10,16 % qimmatlaydi, limitdan (250 kVt soat) oshiq elektr uchun ikki baravar narx belgilanadi.

1 metr\kub tabiiy gaz narxi esa 7,89 %ga oshadi, limitdan ziyod gaz uchun qariyb uch baravar narx belgilanadi.

Hozirda O‘zbekistonda 1 kVt\soat elektr narxi 295 so‘mni tashkil etadi. Tabiiy gaz narxi esa 1 kub\m uchun 380 so‘m qilib belgilangan.

Yangi tartib: Ijtimoiy norma

Yangi islohotlarga doir hukumat qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida 15-iyungacha muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, elektr va gaz uchun “ijtimoiy norma” quyidagicha:

  • Elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha limit 250 kVt soatgacha;
  • Tabiiy gaz bo‘yicha limit mavsumga qarab belgilanadi: aprel-sentabr oylari uchun 200 kub metrgacha;
  • oktabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha;

Rasmiy relizda ta’kidlanishicha: “Energiya iste’mol qilishning ijtimoiy normasi deganda aholi tomonidan imtiyozli tarif bo‘yicha to‘lanadigan ma’lum miqdordagi energiya tushuniladi. Muayyan belgilangan miqdorgacha nisbatan pastroq (imtiyozli) narxda, bu miqdordan oshig‘i erkin bozor narxida sotiladi”.

Narx oshadi

Rejaga ko‘ra, aholi uchun 1 kVt elektr energiya to‘lovi 295 so‘mdan 325 so‘mga qimmatlaydi, limitdan (250 kVt soat) oshiq elektr uchun 650 so‘m narx belgilanadi.

1 metr\kub tabiiy gaz narxi esa 380 so‘mdan 410 so‘mga oshadi, limitdan ziyod gaz uchun 1200 so‘m narx belgilanadi.

  • 1 kVt\soat elektr uchun – 325 so‘m;
  • 1 kub\m tabiiy gaz iste’moli isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m;
  • Elektr iste’moli 250 kVt\soatdan oshsa, har 1 kVt\soat uchun- 650 so‘m;
  • Tabiiy gaz belgilangan limitdan oshsa, 1 kub\m uchun 1200 so‘m bo‘ladi.

O‘zbekistonlik iqtisodiy bloger Otabek Bakirov energetika islohotini sharhlar ekan, indeksatsiya va inflyatsiya hisob-kitobini shunday keltiradi:

“Amaldagi, 2019-yil avgustdan beri amal qilayotgan tariflarga solishtirilsa, indeksatsiya elektr energiyasi bo‘yicha 10,16%ni, gaz bo‘yicha esa 7,89%ni tashkil etadi. Ushbu davrda rasmiy inflyatsiya 27%dan oshgani inobatga olinsa, ijtimoiylik tamoyili tariflarda ham saqlangan”.

Biznes uchun qimmat narx

Yangi qoidaga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun qimmatroq narx belgilangan:

Elektr uchun har kVt\soat uchun 600 so‘mdan, gaz uchun esa har kub\m uchun 1150 so‘mgacha narx belgilangan.

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va byudjet tashkilotlari, shuningdek davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari uchun tariflar yanada qimmatroq o‘rnatilgan:

Elektr uchun har kVt\soat uchun 800 so‘mdan, gaz uchun esa har kub\m uchun 1300 so‘mgacha narx belgilangan.

O‘zbekistonda elektr energiya va gaz narxi oxirgi marta 2019-yilning avgust oyida oshirilgan edi.

Hukumat rejasiga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan yuridik shaxslar uchun elektr narxlari 700 so‘mgacha, gaz narxlari esa 1200 so‘mgacha oshiriladi. 2024 va 2025-yillarda faqatgina yillik inflyatsiya darajasi miqdorida indeksatsiya qilib boriladi; 2026-yildan boshlab tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.

Nega aynan 250?

Elektr energiyasi iste’moliga limit o‘rnatilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, deputat Rasul Kusherboyev bu aholi e’tiroziga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi:

“Nazarimizda aholining harid qobiliyati va real daromadini inobatga olmagan holda belgilanishi kutilayotgan bunday ijtimoiy norma ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

Xullas agar non ortidan 250 kvt ijtimoiy norma belgilanib, undan ortig‘iga otni kallasidek narx belgilanadigan bo‘lsa bu tasavvur qilib bo‘lmas salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Taklif berayotganlar shunga tayyor turishsin”.

Toshkentda yashovchi Abdurahmon esa yangi islohotlarga qarshi emas. Uning aytishicha, 5 kishi yashaydigan uch xonali uyi uchun har oy belgilanayotan limitdan ham kam elektr ishlatadi.

U taqdim qilgan hisob nusxasida uning xonadoni aprel oyida 208 kVt, may oyida esa 210 kVt elektr ishlatgani qayd qilingan.

Bloger Otabek Bakirov esa masalaning boshqa bir jihatiga ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidlaydi:

“Bitta hovlida 3-4 oila, 20-25 ta odam yashaydi, qishloq tumanlarda shunday oilalar etarli. Ular uchun yagona 250 kilovatt elektr yoki 200/700 kub gaz ijtimoiy normasi berilishi adolat posangisini uncha to‘g‘ri ushlamaydi. Bu toifa bo‘yicha, masalan Gruziya va Ukrainada ko‘rganim - agar iste’molchilar o‘zlarining avtonomligini isbotlay olishsa, har bir oila uchun alohida iste’molchi sifatida ro‘yxatga olish va har biri alohida ijtimoiy normaga ega bo‘lishi mumkin”.

Ijtimoiy norma dunyoning ayrim davlatlarida qo‘llanilayotgan amaliyotdir. Jumladan, qo‘shni Qirg‘izistonda ham elektr energiyasi uchun ijtimoiy norma o‘rnatilgan bo‘lib, ularda O‘zbekistonga nisbatan qaryib 3 barobar ko‘prok - 700 kVt\soat limit belgilangan. 1 kVt elektr narxi 77 tiyin (106 o‘zbek so‘mi) bo‘lib, agar normadan oshsa, 2 som 16 tiyin to‘lash shart.

“Qozoq qishi” va o‘zbeklarning energetik islohoti

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda energetik islohot o‘tkazish rejasi “qozoq qishi” voqeasi ortidan o‘rtaga chiqqan. Qo‘shni Qozog‘istonda joriy yil boshida yoqilg‘i narxidan norozi aholi qo‘zg‘oloni mamlakat bo‘ylab tartibsizliklarga sabab bo‘lgandi.

Shu paytgacha ko‘z yumib kelinayotgan elektr va gaz taqchilligi bilan bog‘liq muammolarni Toshkent hukumati islohotlar yo‘li bilan bartaraf etishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Yangi islohotning asosiy maqsadlaridan biri “aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining manfaatlarini hisobga olish” ekani ta’kidlangan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi 1,2 barobarga oshgan ya’ni 61 mlrd kVt\soatdan 72 mlrd kVt\soatga oshgan.

Biroq keyingi 20 yil davomida kuzatilayotgan elektr taqchilligi so‘nggi 5 yilda o‘zgargani sezilmadi.

Buni rasmiylar ham tan olishgan. Iqtisodiy taraqqiyot, Moliya va Energetika vazirliklarining energetika sohasini isloh qilish borasidagi qo‘shma bayonotida qayd qilinishicha, 2021-yilda aholi uchun elektr energiyasi etishmovchiligi 2−3 mlrd kVt\ soatni tashkil etgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, joriy yil 25-yanvar kuni energotizimdagi “yirik nosozlik” tufayli sodir bo‘lgan blekaut hodisasi ham rasmiy Toshkentni sohani isloh qilishga undagan. Qozog‘iston tomoni ushbu hodisada O‘zbekistonni ayblagan edi.

O‘sha paytda prezident Mirziyoyev O‘zbekiston energetika tizimini isloh qilish zarurligini ta’kidlagan edi.

Ayni paytda mamlakatda gaz va elektr taqchilligi barham topmagan bo‘lsada, bu mahsulotlarni eksport qilish to‘xtaganicha yo‘q:

  • Joriy yil boshida ichki talabni qondirish uchun Xitoyga gaz eksportini to‘xtatgan O‘zbekiston o‘tgan oydan eksportni qayta tikladi.
  • O‘zbekiston Afg‘onistonga 2022-yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 100 million dollarlik shartnoma imzolagan.
Блэкаутга сабаб бўлган ягона энергоҳалқа нима ва у қандай ишлайди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:53 0:00

Алоқадор

XS
SM
MD
LG