Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:42

"Dok-1 Maks" ishi: Farmagentlikning sobiq rahbarlari va hind fuqarosi uzoq yilga qamaldi


23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi Toshkent shahar sudida 26-fevral soat 15:00 da o‘qildi.
23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi Toshkent shahar sudida 26-fevral soat 15:00 da o‘qildi.

Toshkent shahar sudida "Dok-1 Maks" ishi bo‘yicha 23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Mazkur ish doirasida asosiy ayblanuvchilar sifatida ko‘rilayotgan Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori 18 yilga, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20 yilga qamaldi.

Toshkent shahar sudida "Dok-1 Maks" ishi bo‘yicha 23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi 26-fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da o‘qildi.

Sud qarori bilan Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 2,5 yilga davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum etilib, 18 yilga qamaldi.

Farmagentlik sobiq direktorining o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Quramax Medikal direktori bo‘lgan Hindiston fuqarosi Ragnevdra Pratap esa 20 yil muddatga kesildi. Jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin Singh Ragvendra Pratapni O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuboriladi.

Tayinlangan jazolarni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sud hukmi bilan Quramax Medikal MCHJda turli lavozimlarda ishlagan B. Kambaraliyev 3 yil 11 oy 18 kun ozodlikni cheklash, N. Mirzaaxmedova sharli ravishda 3 yil sinov muddati bilan 10 yillik qamoq, E. Mirzaaxmedov 4 yil muddatga ozodlikni cheklashga hukm qilindi.

“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJning 12 nafar sobiq xodimi ham turli muddatlarga ozodlikdan cheklash va qamoq jazolariga hukm etildi.

“Sudlanuvchilar Singx Ravendra Pratap, N. Mirzaaxmedova, S. Kariyev, A. Azimov, N. Musayev, Sh. Shodmanov va J. Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib, vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 000 000 000 so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 000 000 so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 000 000 so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi”,- deyiladi Oliy sud bildiruvida.

Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” bo‘yicha jinoyat ishi sudda o‘tgan yilning 11-avgustidan ko‘rib chiqila boshlagan. Mazkur ish bo‘yicha 23 kishi (18 nafar erkak va 5 nafar ayol) sudlandi.

“Док-1 Макс” иши: Учта вазир кетди, ҳануз сиёсий жавобгар йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:37 0:00

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish va berish, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni sotish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazishda aybdor deb topildi.

Sudning 12-fevralda o‘tkazilgan majlisida prokuror Kariyev, uning ikki o‘rinbosariga 18 yillik, Paratarga 20 yillik qamoq jazosi belgilanishini talab qilgan. Bundan tashqari prokuror 69 nafar qurbon, 16 nafar nogiron bola uchun jabrlanuvchilarning vakillariga 100 million so‘mdan tovon puli to‘lab berishni talab qilgan.

Bundan tashqari, u suddan 2 nafar yengil jarohat olgan bolalar uchun 20 million so‘mdan tovon puli undirilishini so‘ragan. Davlat ayblovchisi qaydicha, 8 milliard 440 million so‘mlik tovon puli 8 nafar sudlanuvchi hisobidan undirilishi lozim.

Yosh bolalarning “Dok-1 Maks”dan oylar davomida zaharlanib, oylar davomida vafot etishi - O‘zbekistonda oxirgi yillarda farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik inqirozga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” siropidan bolalarning ommaviy zaharlanishi 2022-yilning oktabrida boshlangan. O‘shanda 65 bola o‘lgani aytilgandi.

Toshkentda 5-yanvarda o‘tgan sudda, shu kungacha “Dok-1 Maks” siropidan o‘lgan bolalar soni kamida 69 nafarga yetgani, yana kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani ochiqlandi.

Bu doridan zaharlanish, O‘zbekistondan tashqari Gambiya, Indoneziya va Hindistonning o‘zida ham qayd etilgan.

Hindiston siropidan bolalar o‘limi ilk bor 2022-yilning sentabr oyida Gambiyada qayd etilgan.

Gambiyalik Ebirma Saidiyning 3 yoshli qizi yo‘tal siropini ichganidan 2 sutka o‘tar-o‘tmas hushini yo‘qotgan, 9 sutkada olamdan o‘tgan.

2022-yilning sentabrida Gambiyada jami 70 bola o‘ldi va o‘lim sababi Hindistonda ishlab chiqilgan yo‘tal siropi ekanini rasman qayd etildi.

Sirop tarkibida xavfli dozada etilenglikol va dietilenglikol moddalari borligi aniqlandi. Bu moddalarni xavfli dozada iste’mol qilgan taqdirda, odam 3 kun ichida komaga tushib, keyinchalik vafot etishi mumkin.

O‘shandayoq bu xabarlar jahon matbuoti tiliga tushdi. Ammo O‘zbekistonda bu haqda o‘sha kezda birorta rasmiy bayonot yoki ogohlantiruv bo‘lmadi.

O‘zbekistonga chetdan kelgan “Dok-1 Maks” preparatining o‘limchil ta’sirini birinchilardan bo‘lib anglagan shifokor Mamatqul Azizovdir.

Azizov sudda bergan ko‘rsatmasida samarqandlik shifokorlarda ilk shubha 2022-yilning sentabrida paydo bo‘lganini aytgan.

Azizov rahbarligidagi samarqandlik shifokorlarning Sog‘liqni saqlash vazirligiga yo‘llagan murojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng O‘zbekistonda jamoatchilik o‘lim siropi”dan xabar topgandi.

“Dok-1 Maks” tarkibida etilenglikol va dietilenglikol borligi aniqlangach, 2023-yil 27-dekabrda DXX Jinoyat Kodeksining 186-3- moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishini ochgandi.

O‘zbekiston hukumati mahalliy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” tufayli bolalar o‘limi yuzasidan milliy motam e’lon qilish haqidagi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirgan.

Aksar mutaxassislar muammo ildizi dori-darmon savdosi tibbiyotga aloqasi yo‘q bo‘lgan shaxslar qo‘liga o‘tib qolganiga va o‘ta korrupsiyalashgan yopiq sohaga aylantirib olinganiga e’tibor qaratmoqda.

2023-yilning 20-sentabrida O‘zbekistonda bolalarga tarkibida yod moddasi bo‘lgan “Antistrumin” yod preparati berila boshlangan edi.

21-sentabrda Namanganning Chust tumanida “Antistrumin” iste’mol qilgan kamida 71 nafar bola zaharlanishda gumon qilinib kasalxonaga yotqizildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bunday holat boshqa viloyatlarda ham qayd etilgani aytila boshladi.

Bunda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi, xuddi “Dok-1 Maks” fojiasida kuzatilgani kabi oradan ikki oy o‘tgachgina bolalar preparatdan zaharlanganini tan oldi.

XS
SM
MD
LG