Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:21

Daryo vs Kun.uz: Mahalliy matbuot ilk bor DXXning bosim va tahdidlari haqida yozdi


“Davlat xavfsizlik xizmatining axborot xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi tomonidan xabarlarni o‘chirish, qaysi mavzularda yozish va qaysi mavzularda yozmaslik bo‘yicha bosimlar, bunday talablar bajarilmagan taqdirda tahririyat vakillariga tahdidlar muntazam davom etmoqda”.

Kun.uz saytining bu bayonoti uning 21 - apreldagi «404» balosi va o‘chib-o‘chmagan post. OAVga bosimlar davom etmoqda» degan sarlavha ostidagi materialidan joy oldi.

Kun.uz bu materialni Daryo – LIVE Telegram-kanalida e’lon qilingan post bosim ostida o‘chirib yuborilganini kanal mualliflari inkor etgani ortidan yozdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) Kun.uz sayti bayonotini sharhlashni istamadi.

O‘zbekistondagi ikki yetakchi nashr - Kun.uz va Daryo.uz o‘rtasida davom etayotgan dahanaki jang Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylar kengashi raisi Komil Allamjonovning posti bilan bog‘liq.

Allamjonov ommaviy axborot vositalariga turli idoralardan bo‘ladigan bosimlar to‘g‘risida yozgan.

Kun.uz Allamjonovning posti Daryo – LIVE telegram kanalida 21 - aprel, soat 14:13 da kanalda qo‘yilganiga va ko‘p o‘tmay o‘chirilganiga e’tibor qaratdi. Kun.uz o‘z xabari tasdig‘i sifatida Telegram Analytics xotirasidan skrinshotni e’lon qildi.

“Bu post kanaldan o‘chishiga tashqaridan kelgan qo‘ng‘iroq sabab bo‘lgan”, deb yozdi Kun.uz.

Biroq Daryo.uz sayti bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev Daryo – LIVE Telegram kanalidan post davlat idorasi aralashuvi bilan o‘chirilgani haqidagi ma’lumotni rad etib chiqdi va bu haqdagi xabarni "uydirma" deb atadi.

Kun.uzning xabar qilishicha, uning Allamjonovning posti o‘chirilgani to‘g‘risidagi xabaridan 15 daqiqa o‘tib, post Daryo.uzning asosiy kanaliga qo‘yilgan, Daryo – LIVE kanaliga ham qaytadan joylashtirilgan.

Daryo – LIVE Komil Allamjonovning postini quyidagi istehzoli so‘zboshi bilan qayta e’lon qildi:

“Bitta shu xabar uchun qayg‘urib, butun boshli tekshirilmagan xabar tayyorlab, tarqatgan hamkasblarimizga bag‘ishlanadi #bo‘ldideendi #ishlaganiqo‘yilar”.

Allamjonovning Kun.uz bayonotiga hamohang posti

“Ba’zida davlat idorasi xodimlari xususiy tadbirkorlar, ya‘ni OAV faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJga qo‘ng‘iroq qilib, ular qonun doirasida yaratayotgan mahsulotlarini (maqolani) o‘chirib tashlashni talab qilishadi. Agarda xususiy tadbirkor bo‘lmish sayt buni bajarmasa uni chaqirishadi, qo‘rqitishadi. Aslida bu noqonuniy harakat, mansab vakolatini suiistemol qilish hisoblanadi. Soddaroq aytganda, tadbirkorning faoliyatiga asossiz aralashishdir, deb yozgan Allamjonov.

Bunday munosabatni “supermarket egasiga qo‘ng‘iroq qilib, shu mahsulotni savdo peshtaxtasidan olib tashla degandek talab” qilishga o‘xshatgan Komil Allamjonov, matbuot faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek qo‘yishga chaqiradi.

“Nomi matbuot bo‘lgani, uning ustiga minib olsa ham bo‘ladi degani emas. Matbuot ma’suliyati cheklangan jamiyati faqat qonun oldida javobgar bo‘lishi kerak. Shaxslar oldida emas. Va matbuot ma’suliyati cheklangan jamiyati, boshqa jamiyatlar bilan teng ravishda erkin bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarishlari davomida, qonunchilikda, konstitutsiyada davlat idoralarining topshiriqlarini bajarishi kerakligi borasida hech qanday majburiyat yo‘q”.

Omma nazaridan chetda qolayotgan jarayon

Kun.uz bilan Daryo.uz o‘rtasidagi dahanaki jang jurnalistlarning o‘zlarigina bilib, jamoatchilik nazaridan chetda qolayotgan jarayonlar pardasini ko‘tarib qo‘yganday. Hodisadan bir kun oldin Fayzbog‘ (TemurMalik) Telegram-kanali

“…ayni damda O‘zbekiston OAV maydonida katta auditoriyaga ega bo‘lgan bir sayt muntazam tazyiqlar ostida faoliyat yuritishga majbur bo‘lmoqda. Sayt rahbarlari bu protsessdan shu darajada bezib ketishganki, media biznesini butunlay tark etish ustida jiddiy bosh qotirishmoqda”, deb yozgan edi.

Buning ortidan deputat Rasul Kusherboyev "katta auditoriyaga ega sayt" haqidagi xavotirlarini ifoda qildi:

"Tazyiq ostida faoliyat yuritayotgan katta auditoriyaga ega sayt, deganda hayolga birinchi bo‘lib bittasi kelyapti: kun.uz masmi ishqilib...
Agar bu gaplar rost bo‘lsa bunga shunchaki qo‘l qovushtirib turib bo‘lmaydi: bu kuchli fuqarolik jamiyati yoki yo‘q fuqarolik jamiyati sari ketish, degan masala. Biz esa kuchli fuqarolik jamiyati qurmoqchimiz. Bu yo‘lda OAV ga hox ochiq hox yashirin tazyiqlar o‘tkazish ketmaydi. Biz liberal g‘oyalar tarafdori sifatida OAV va so‘z erkinligini bo‘g‘ish, jamiyatni rivojlanishdan to‘xtatishga qaratilgan har qanday harakatni keskin qoralaymiz!"

IIBBdagi suhbat

Ozodlik 19 - mart kun besh nafar mahalliy jurnalist Toshkent shahar IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimi bilan suhbat o‘tkazish uchun ish joyidan olib ketilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Toshkent shahar IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlikka “jurnalistlar profilaktik suhbatdan so‘ng qo‘yib yuborilishi, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganin"ni aytgan edi.

Hamkasblarining olib ketilganini xabar qilgan jurnalistning Ozodlikka aytishicha, olib ketilganlar orasida 2013 - yildan beri faoliyat olib borayotgan Daryo.uz nashri bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev ham bo‘lgan. “Suhbat” uchun IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan yana 4 jurnalistning ham Daryo.uz nashrida ishlashi aytilgan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Kun.uzning bir necha jurnalisti ham IIBga suhbatga olib ketilgan.

Ozodlik manbalari shu kuni Toshkent vaqti bilan soat 19 da Muhrim Azamxo‘jayev shahardan chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgani xabar qilingan. Muhrim Azamxo‘jayevning o‘zi video chiqish qilib, IIBBga olib ketilgani haqidagi xabarlarni asossiz deya rad etgan va "yolg‘on xabar tarqatmaslik"ka chaqirgan.

Daryo.uz Bosh vazir qarindoshlariga tegishlimi?

Kun.uz bilan Daryo.uz o‘rtasidagi dahanaki jangga e’tibor qaratgan yana bir bloger Mufasa “Daryo.uz sayti o‘zi kimga tegishli?” degan savol javobini izlagan. Bloger Mufasa, aftidan, reestr hujjatlariga tayanib ilgari surgan farazga ko‘ra, bu saytning ortida Bosh vazir Abdulla Aripovning qarindoshlari turibdi.

“O‘zbekiston shunday diyor yo sotilasan, yo otilasan! Shuning uchun ayrim internet nashrlarining maqolalari «404» bo‘lsa, mehnatkash jurnalistlardan xafa bo‘lmang!” deb xulosalagan o‘z postini bloger.

AOKA jim

Ozodlik ikki sayt o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatga munosabat so‘rab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktor o‘rinbosari Dilshod Saidjonov bilan bog‘landi.

Saidjonov Ozodlik savolini eshitgach, biroz tin olib, savollarni yozib yuborishni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Kun.uz saytida e’lon qilingan telefonlarni kun davomida hech kim ko‘tarmadi. Daryo.uz sayti bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev esa qo‘l telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

"Ҳамма менга қарши" - Отабек Сатторий судида гувоҳлар ва қўшимча гувоҳларнинг кўрсатмалари тингланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00

Dahanaki jang davomi?

Muhrim A’zamxo‘jayev 22 - aprelda e’lon qilgan postida mavzuni davom ettirdi:

«Daryo» internet-nashri tahririyati jurnalist va blogerlarning qonun doirasidagi erkin faoliyatiga nisbatan har qanday to‘sqinliklarni, ommaviy axborot vositalarining ishlariga tashqaridan bo‘ladigan har qanday aralashuvlar, bosim va tazyiqlarni qoralaydi. Tahririyat so‘z va matbuot erkinligi taraqqiyotning asosiy omillaridan biri, deb hisoblaydi».

Posti davomida Daryo.uz bosh muharriri Kun.uzni noprofessionallikda ayblaydi.

“Shu bilan birga, - deb davom etadi Muhrim A’zamxo‘jayev, - «Daryo» «Kun.uz» ma’muriyatini tahririyat ishiga tashqaridan noqonuniy aralashuv holatlari yuzasidan, agar shunday holatlar haqiqatan ham bo‘lsa, tegishli idoralarga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilishga chaqiradi”.

Kun.uz ochgan gapni boshqalar davom ettira oladimi?

Ayni paytda bloger Fayzbog‘ (TemurMalik) fikricha, Kun.uz bong urib ko‘rsatayotgan muammo shu kunning voqe’ligidir:

“O‘ylashimcha, bunday jabrdiyda saytlar bugungi Yangi O‘zbekistonda judayam ko‘p, ammo buni ommaga chiqara oladiganlar kam. Mana, Kun.uz sayti o‘ziga bo‘layotgan bosimlar haqida ochiqchasiga yozib o‘tibdi. Umid qilamanki, ushbu fursatdan foydalanib boshqa resurslar ham dardini doston qilishga o‘zida kuch topa oladi”.

  • Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti shu hafta O‘zbekistonni xalqaro matbuot erkinligi reytingida o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona pastga qo‘ydi. O‘zbekiston 180 davlat orasida 157 - o‘rinni egallagan. Bu O‘zbekistondagi matbuot erkinligining ahvoli Afrikaning Ruandasidan pastroq, diktatura hukmron bo‘lgan Belarusdan yuqoriroq, degani.
  • “Kuzatuv, senzura, o‘z-o‘zini senzura qilish kabilar hanuz saqlanib qolmoqda, hokimiyatdagilar OAVni jiddiy nazorat qilmoqda. Blogerlar hanuz qo‘rqitilyapti yoki qamoqqa olinyapti. O‘zbekistonda siyosiy plyuralizmga erishmay turib, matbuot erkinligini to‘laligicha ta’minlab bo‘lmaydi. Oldinda hali ham uzoq yo‘l turibdi», – deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG