Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:00

“Da Vinchi bizga yot” degan da’vatlar manzarasida Toshkentdagi Mona Liza rasmi o‘chirib tashlandi


Mona Liza atrofida doimo gavjumlik mavjud
Mona Liza atrofida doimo gavjumlik mavjud

Joriy yilning 27 - iyun kuni poytaxtning Chilonzor tumanidagi binolardan birining devoriga Leonardo da Vinchining strit-art uslubida ishlangan “Mona Liza” asari o‘chirib tashlandi.

Little Harvard School xususiy maktab-bog‘chasi devoridagi niqob taqqan Mona Liza rasmini o‘zbek “Benksi” deb nom chiqargan toshkentlik 33 yashar graffitichi rassom Abdurahmon 2020 - yilning pandemiya avjiga chiqqan may oyida chizgan edi.

Rasmning o‘chirilishdan bir kun oldingi holati
Rasmning o‘chirilishdan bir kun oldingi holati

Ozodlikning 12 - iyul kuni aniqlashicha, devoriy rasm Chilonzor tumanidagi Little Harvard School xususiy maktab ma’muriyati tarafidan o‘chirilgan.

Rasm muallifi Abdurahmon Ozodlik bilan suhbatda “bu asar bog‘cha ma’muriyati izni bilan chizilganligini” bildirdi.

Rassomga ko‘ra¸ kimdir 25 - iyun kuni “Niqob taqqan Mona Liza”ning boshiga shox, ko‘kragiga esa "666" raqamini yozib ketgan:

“Man ertasiga u yozuvlarni o‘chirib tashlab¸ ta’mir qilib berdim. Ammo shunga qaramasdan bog‘cha ma’muriyati Mona Lizani batamom o‘chirtirib tashladi. Afsuski, ular san’atdan yiroq odamlar”.

Muallifning so‘zlariga ko‘ra, devoriy asar vandalizmga nishon bo‘lgan.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, devoriy asar vandalizmga nishon bo‘lgan.

"Mona Liza atrofidagi gavjumlikdan bezor bo‘ldik"

Ozodlik Little Harvard School xususiy maktabi ma’muriyati bilan bog‘landi. Maktabning o‘zini Shohida Isroilovna deb tanishtirgan mudirasi “bu rasm o‘tgan-ketganning ortiqcha e’tiborini tortgani va yosh yigit-qizlar uchun fotosessiya maskaniga aylangani bois o‘chirib tashlashga qaror qilingani"ni bildirdi.

“Yoshlarimizning ma’naviyatiga zid tarzda kiyingan qiz va yigitlar bu rasm atrofida fotoga tushishga ruju qilishdi. Rasm ustiga telefon raqamlarini yozib, uchrashuv joyi belgilashdi. Bu ortiqcha g‘ala-g‘ovur o‘quvchilarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatgani bois Mona Liza rasmini o‘chirib tashlashga qaror qildik. O‘quvchilarimizni tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilish maqsadida qildik bu ishni. Aslida, bizning Leonardo Da Vinchi va uning ijodiga e’tirozimiz yo‘q. Mona Liza rasmi atrofidagi ortiqcha xatti- harakatlarga qarshimiz”.

Maktab mudirasi suhbat asnosida o‘zining birinchi mutaxassisligi san’atshunos ekani va go‘zal san’atni qadrlashini ham ta’kidladi.

Toshkentlik graffitichi rassom Abdurahmon esa, asari o‘chirilganidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmaydi:

“San’atshunosning gapimi shu? Go‘zal bo‘lsa, nega o‘chirishdi? Agar "Niqob taqqan Mona Liza"ni ustiga aji-buji chizib ketishgan holatida o‘chirishganidayam alam qilmas edi. Toza ta’mirdan chiqqan holatida ustidan bo‘yoq tortishdi. Odamlar ekskursiyalar uyushtirib, shu rasmlarni ko‘rishayotgan bir paytda, san’atshunos rasmni o‘chirib tashlashi qiziq paradoks”.

Мавзуга алоқадор

O‘zbekistonda strit-art hech qachon mustaqil yo‘nalish sifatida mavjud bo‘lmagan.

Toshkentning Chilonzorida graffitichi rassom «inkuzart» qiyofasida paydo bo‘lgan «o‘zbek Benksi» Chilonzor kvartallarini «go‘zallashtirishni» xohlaydi. U odamlar bu yerlarni san’at galereyasi, deb tasavvur qilishidan umidini uzmagan.

"Rasmning ustiga shpatlyovka surilgan. Agar avaylab yuvib tozalansa, Lizani qutqarsa bo‘ladi. Rasm sement suvoqning ustiga, qora maslenniy kraskada chizilgan. Vaqti kelib, balkim ochishar. San’at erkin bo‘ladigan vaqt kelishiga ishonaman."

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot ximazti vakili Ozodlik bilan suhbatda "Niqob taqqan Mona Liza" asarini o‘chirish borasida Little Harvard School ma’muriyatiga hech qanday ko‘rsatma berilmaganligini aytdi.

Rasmni o‘chirish jarayoni
Rasmni o‘chirish jarayoni

Da Vinchi nishonda

Mustaqil AsiaTerra nashri Toshkentdagi “Niqob taqqan Mona Liza” asarining o‘chirilishini Abror Muxtor Aliy taxallusi ostida faoliyat yuritadigan bloger va Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Abduazimovning chiqishlari bilan bog‘ladi.

Nashr uning o‘tgan oy poytaxtdagi kitob do‘konlari bo‘ylab uyushtirilgan "reyd" chog‘ida aytgan Leonardo da Vinchi va Rembrand kabi g‘arb rassomlari ishlagan jahon san’ati durdonalari "o‘zbek xalqi uchun yot" ekani haqidagi so‘zlarini keltirgan.

"Niqob taqqan Mona Liza" o‘chirilayotgani aks etgan suratni o‘zining Feysbuk sahifasiga qo‘ygan tarmoq foydalanuvchilaridan biri "Mona Liza"ning o‘chirilishi olqishlangan izoh qoldirdi.

"Niqob taqqan Mona Liza"ning o‘chirilishi
"Niqob taqqan Mona Liza"ning o‘chirilishi

Ozodlik savoliga javob yozgan Shokirjon Ahmedov ismli Feysbuk foydalanuvchisi “Bu kabi rasvoliklar san’at asari emas. O‘zbekistonda strit-artni tavsiya qilayotganlarga qarshi jinoiy javobgarlik joriy qilish kerak”, deya ta’kidladi.

Chilonzordagi bog‘cha devoriga chizilgan rasm muallifi Abdurahmon Ozodlik bilan suhbatda “rasmning o‘chirilishi diniy voizlarning da’vatlari bilan bog‘liq emasligini” ta’kidladi.

O‘tgan oy internetning o‘zbek segmentidagi konservativ qatlam bosimi ortidan “Aqlvoy” telekanalida “uyat rasm qo‘ygan” xodim jazolangani haqida telekanal ma’muriyati xabar bergan edi.

Voqea Italiya Uyg‘onish davri san’atining buyuk namoyandasi, rassom Sandro Botichelli ( 1445 —1510) mo‘yqalamiga mansub “Veneraning tug‘ilishi” asarining “Aqlvoy” kanalida namoyish qilingani bilan bog‘liq.

2018 - yilda Qo‘qon rasmiylari buyrug‘i bilan teatr devoridagi asar “islomga zid” deya topilib, freska personaji bo‘lgan malaklarga hijob kiydirilgani haqida Ozodlik yozgan edi.

Rassom Bahodir Jalol Ozodlik bilan suhbatda bu voqeani “vahshiylik” deya atagan va hodisaga isyon sifatida o‘z ko‘rgazmasini to‘xtatganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG