Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:25

Chaqaloq savdosi: Qiynalgan onalar va "sog‘lom bola" xaridorlari


Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, 2017-2020 - yillarda O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlangan.

Bu ma’lumot e’lon qilingan kun – 7 - yanvarda Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida ikki yashar o‘g‘lini 2500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.

Chaqaloq savdosiga oid raqamlar ortida onalarning ijtimoiy hamda psixologik yordamga muhtojligi yotibdi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida bola asrab olish uchun navbatda turganlar orasida nogiron bolalarga o‘z mehrini bermoqchilar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

$2500 ga baholangan chaqaloq

Daryo.uz nashrining Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga tayanib xabar qilishicha, shu tumandagi Kadan mahallasida yashovchi 1995 - yilda tug‘ilgan ayol birinchi turmush o‘rtog‘idan 2018 - yilda tug‘ilgan o‘g‘lini 2500 dollarga sotishga uringan.

Daryo.uz sayti e’lon qilgan foto.
Daryo.uz sayti e’lon qilgan foto.

Ayol kelishilgan pulning 1500 dollarini 6 - yanvarda xaridordan olayotgan paytda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotgani xabar qilindi.

Chaqaloq savdosining 4 omili

7 - yanvarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) o‘tkazilgan brifingda IIV Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva 2017-2020 - yillarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar doirasida O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185ta holat aniqlangani to‘g‘risida bayonot berdi.

“Chaqaloq savdosining og‘ir oqibatlari, farzandlikka hamda vasiylik va homiylikka olish tartiblari, sohadagi muammolar tahlili”ga bag‘ishlangan tadbirda IIV mulozimi chaqaloq savdosiga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni ham sanab o‘tgan.

Nargiza Hojiboyevaga ko‘ra, chaqaloq savdosiga quyidagi omillar asosiy sabab bo‘lmoqda:

  • bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi;
  • turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi;
  • farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyoj mavjudligi;
  • chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yo‘qligi.
  • Chaqaloq savdosida onalar va “dallollar javobgarligi

O‘zbekistonlik ikki yurist IIV mulozimining “chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yo‘qligi” chaqaloq savdosi sabablaridan biridir, degan fikriga qo‘shilmadi.

O‘z tajribasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq ishni bundan bir necha yil muqaddam yaqindan o‘rgangan huquqshunos Ruhiddin Komilovning aytishicha, “Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2- qismi bilan savdoda vositachilik qilgan shaxs 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Chaqaloqning onasi ham 6 yilga shartli kesilgan. Vositachi 4 yil o‘tirib chiqqan”.

Ruhiddin Komilovga ko‘ra, aksariyat holatlarda onalar chaqalog‘ini sotishda passiv rol o‘ynaydi. Asosiy ishni, ya’ni jinoyatni vositachilar qiladi. Biroq bu jinoyatni sodir etuvchilarga nisbatan qonun kuchsiz deb bo‘lmaydi:

"JKning 135- moddasida “Odam savdosi” degan jinoyat nazarda tutilgan. Bir necha qismli bu moddada hamma holatlar batafsil yozib qo‘yilgan. To‘g‘ri, u yerda “chaqaloq savdosi” degan ibora yo‘q. Lekin bo‘lishi shart ham emas. “18 yoshgacha bo‘lganlar” deyilgan shu o‘zi yetarli".

Ruhiddin Komilovning fikricha, chaqaloq savdosining oldini olish uchun huquqiy asoslar mukammal. Hatto qonunlar o‘ta qattiq deyish mumkin. “Faqat o‘sha qonunlarga amal qilish, ularni ijro etish masalasi oqsamoqda”, dedi huquqshunos.

Huquqshunos Jur’at Tojiyev ham hamkasbining fikriga qo‘shiladi. Uning fikricha, muammo kengroq ma’nodagi inson huquqlarining bir qismi.

“IIV keltirgan vajga qo‘shilmayman. Chunki Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismi a-bandida bunday qilmish uchun javobgarlik bor, shu modda xuquqiy asos bo‘la oladi. Chunki qonunchilikka ko‘ra, inson tug‘ilishi hamonoq uning huquqlari paydo bo‘ladi. Ya’ni chaqaloqqa nisbatan sodir qilingan har qanday ijtimoiy xavfli qilmish to‘laqonli shaxsga nisbatan sodir qilingan qilmish hisoblanadi. Onaning bu qilmishni jinoyat ekanini bilmasligi uni javobgarlikdan ozod qilmaydi”.

Bemor bolani hech kim asrab olmoqchi emas

Ayni paytda, ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistondagi Go‘daklar uylari, Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan yetim bolalarning 20 ming nafardan ortig‘i yoki 70 foizdan ko‘prog‘i tug‘ma nogironlardir.

Gazeta.uz saytida e’lon qilingan maqoladan olingan infografika
Gazeta.uz saytida e’lon qilingan maqoladan olingan infografika

Ozodlik 8 - yanvarda Toshkent shahar, Yunusobod tumanida joylashgan Go‘daklar uyi xodimi bilan gaplashdi. Ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan xodimning aytishicha, shu kunda Go‘daklar uyida 58 nafar bola bor. Ulardan biri odam savdosi qurboni:

"Bu bolani o‘zining ota-onasiga qaytarishmoqchi. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning ota-onasiyam bolalar uyida tarbiyalangan ekan. Onaning ikkita bolasi bor ekan, shu kunda ikkiqat ekan, hozirda sud jarayoni davom etyapti. Sud qaror qilsa, bola qaytarilishi mumkin".

Go‘daklar uyi xodimining aytishicha, ular tarbiyalayotgan 58 bolaning 32 nafari nogiron:

"Bunday bolalarni tug‘ruqxonada ham tashlab ketishadi, keyinroq ota-onalari o‘zlari opkelib ham berishadi Daun sindromli, falaj, gidrotsefaliya kabi kasalliklarga chalingan bolalar".

Xodimaning aytishicha, u ishlaydigan Go‘daklar uyidan bola asrab olishni istayotganlar soni shu kunda 600 nafarga yaqinlashib qolgan, biroq hech kim bemor bolani asrab olmoqchi emas:

“Qaniydi bemor bolalarni olishsa, lekin olishmaydi. Tanlashadi ular. Ularga faqat sog‘lom bola kerak. Ziyoli oilaning bolasi bo‘lsin deyishadi, musulmon bo‘lsin deyishadi, musiqaga qobiliyati bo‘lsin deyishadi. Hatto, uyalmay, bizdan bola sog‘, bundan keyin og‘rimaydi, deb kafolat berishimizni ham talab qilishadi...”

Nomusmi, qorinmi?

IIV mulozimi turmushga chiqmagan ayollar homiladorligini, tuqqanidan keyin esa, chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishini chaqaloq savdosi omillaridan biri sifatida keltirgan.

Bu omil, “Ma’rifat” gazetasi muxbiri, farg‘onalik jurnalist Sharifa Murodning fikricha, keyingi yillarda boshqa bir omil oldida o‘z dolzarbligini yo‘qotgan:

“Hozir ko‘p yosh ayollar, qizlar nomussizlikdan unchalik ham qo‘rqmayapti. Ammo moddiy ta’minlanmaganlikdan, och qolishdan qo‘rqishyapti. Shuning uchun, agar erga tegmasdan homilador bo‘lib qolsalar, bolani boqishga ko‘zi yetmay, yo abort qildirishyapti yoki tug‘ib, boshqasiga sotishga rozi bo‘lishyapti. Bizning tumanda ham o‘tgan yili chaqaloq sotish hodisasi yuz bergan, unda ham ko‘proq bolani qanday boqaman, degan fikrda o‘z farzandidan voz kechgan ona”.

Shunga o‘xshash fikrni 7 - yanvarda bo‘lib o‘tgan brifingda ishtirok etgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O‘g‘iloy O‘rozova ham bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chaqaloq sotish jinoyatiga qo‘l urgan xotin-qizlarning ijtimoiy holati o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi og‘ir turmush sharoitida va moddiy qiyinchilikda yashayotgani, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda psixologik yordamga muhtojligi aniqlangan.

XS
SM
MD
LG