16-asrda Usmoniylar davrida qurilgan, to‘rt asr turgan masjid 1993-yil 7-may kuni yarim tunda portlatilib, yo‘q qilindi. Banya Lukadagi bu masjid qoldiqlari yillar davomida qayta to‘plandi va shu qoldiqlardan kuni kelib uni yana qayta tiklashga umid qilindi.
7-may kuni Arnaudiya masjidi va uning yaqinidagi masjid vayron qilinganiga 31 yil to‘lganda u qayta qurilib, rasman ochildi.
Masjid eshiklarini nafaqat dindorlar, balki barcha din vakillari uchun bosh imom-xatib Muamer Okanovich ochdi.
"Mo‘minlar va barcha fuqarolar uchun Banya Luka yana bir bor o‘zining muhim meros obyektlaridan birini ko‘rishi mumkin", dedi Okanovich va ochilish "shahar ahli o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga" umid qilishini qo‘shimcha qildi.
Bosniya va Gersegovina Islom jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, yetti yil davom etgan restavratsiya uchun 3,3 million dollarga yaqin mablag‘ sarflangan. Masjid yangi ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, mehmonlar asl toshdan yasalgan buyumlar va 16-asr detallarini ko‘rishi mumkin.
“Ushbu asarlar, bu parchalar har bir mehmon, masjidga kelgan har bir kishi uchun bir necha o‘n yillar avval sodir bo‘lgan voqealar boshqa hech kimning boshiga tushmasligini eslatishi kerak”, deydi Okanovich.
"Barchamiz uchun vazifa buzg‘unchi emas, quruvchi bo‘lishdir", deya qo‘shimcha qildi u.
1992–1995-yillardagi Bosniya urushi davrida Banya Lukada janglar bo‘lmagan bo‘lsa-da, shaharda serb bo‘lmagan aholini ko‘chirishga va uning madaniy merosini yo‘q qilishga qaratilgan qasddan va tizimli etnik tozalash kampaniyasi amalga oshirilgan.
1993-yil 7-mayda birinchi bo‘lib 1950-yilda UNESCO himoyasiga olingan madaniy meros obyekti bo‘lgan Ferhat posho masjidi (Ferhodiya) portlatilgan. Taxminan 15 daqiqadan so‘ng Arnaudiya masjidi ham xuddi shunday taqdirga duch keldi.
Ikkala masjidni keng miqyosda vayron qilish uchun katta miqdorda portlovchi modda va ehtiyotkorlik bilan muvofiqlashtiruv kerak edi, ammo jinoyatchilar topilgani yo‘q.
1995-yilda Bosniya urushi tugagach, Banya Lukaning deyarli barcha musulmonlari va xorvatlar, ya’ni urushdan oldingi aholining qariyb 30 foizi shaharni tark etgan edi. Hatto bugungi kunda ham etnik serblar hukmron bo‘lgan shaharga qaytganlar kam.
Urush paytida Banya Lukada vayron bo‘lgan 15 ta masjiddan Arnaudiya qayta tiklangan oxirgi masjiddir.
Okanovich uchun masjidning rekonstruksiya qilinishi va ochilishi nafaqat Banya Luka, balki Serb Respublikasi va Bosniya va Gersegovinaning qolgan qismi uchun ham yangi sahifadir.
“Kuch-quvvat, aql-zakovat bilan biz barcha avlodlarimiz uchun yanada go‘zal va yorug‘ kelajakni ko‘rishni umid qilamiz”, dedi u.
1992-1995-yillardagi Bosniya urushi davrida jami 614 ta masjid vayron qilingan, yana 307 tasi shikastlangan. Bundan tashqari, 353 ta katolik cherkovi vayron qilingan yoki shikastlangan, 125 ta pravoslav cherkovi ham vayronaga aylangan.