Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:39

"Bizning bolamiz yo‘qmi?". Xorazmlik amaldorlar “orgtexnika solig‘i"dan shikoyat qildi


Urganch tumanidagi MFY idorasi
Urganch tumanidagi MFY idorasi

Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Urganch tumanidagi MFY idoralari uchun orgtexnikani “o‘z hisobidan sotib olish" haqida buyruq bergan.

5 - yanvar kuni berilgani aytilayotgan buyruq mazmuni haqida Ozodlikka ayni majlis ishtirokchilari gapirib berdi.

Mahalliy mulozimlar o‘z plastik kartasidan pul to‘lab¸ kompyuter¸ veb kamera¸ printer va boshqa jihozlarni sotib olishga majburlanganidan shikoyat qildi.

Viloyat hokimligi mulozimi esa “MFY binolarini vaqtincha orgtexnika bilan ta’minlab qo‘ying” deb topshiriq berganligini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra¸ “pulga sotib oling” deyilmagan, balki “qayerdan bo‘lsa ham olib kelib turing vaqtincha” deyilgan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Saodat Boymirzayeva Ozodlik bilan suhbatda MFYlarni orgtexnika bilan ta’minlash vazirlik hisobidan amalga oshirilgani va qisman mahalliy hokimiyat zimmasiga yuklatilganini aytdi.

Orgtexnika o‘lponi?

Orgtexnikani o‘z puliga sotib olgan va ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan o‘rta bo‘g‘in amaldorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda bu holatni "hokimning orgtexnika o‘lponi" deb atadi. Bu amaldorning lavozimi va ismi sharifi Ozodlikka ma’lum. Mulozim hokim buyrug‘iga ko‘ra, o‘z puliga sotib olgan ortexnika fotolarini Ozodlikka taqdim qildi. Rasmlarda bu orgtexnikaning Urganch tumanidagi MFY rahbari kabinetiga o‘rnatilayotgani ham aks etgan. Ozodlik Urganch tuman “Zargarlar” mahallasidagi Fermerlar kengashi ofisi ham mahalliy mulozimlar cho‘ntagidan to‘langan pul evaziga orgtexnika bilan jihozlanganini aniqladi. Bundan tashqari, Urganch tuman “Qiyot” qishlog‘idagi g‘aznachilik bo‘limini ham mahalliy amaldorlar o‘z hisobidan orgtexnika bilan ta’minlashga majbur bo‘lgan.

Qiyotlik mulozim iddaosiga ko‘ra¸ viloyat hokimi o‘rinbosari Igamberganov “orgtexnika sotib olib, jihozla” deya o‘lpon solgan paytda tuman prokurori ham dag‘dag‘a qilib turgan.

Mulozimlar o‘z hisobidan Urganchdagi MFYga orgtexnika o‘rnatmoqda
Mulozimlar o‘z hisobidan Urganchdagi MFYga orgtexnika o‘rnatmoqda

Igamberganov nima dedi?

Ozodlik bu iddaolar ortidan Xorazm viloyat hokimining Moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Qudratbek Igamberganov bilan bog‘landi. O‘zini Igamberganovning yordamchisi, deb tanishtirgan mulozim Ozodlik savolini diqqat bilan eshitib, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha izoh berdi:

“O‘z pulingga sotib olishing shart, degan qat’iy topshiriq berilmadi. Tavsiyaviy xarakterda aytildi. Urganch tumanidagi davlat idoralari va MFY ofislariga vaqtincha bo‘lsa ham orgtexnika keltirib qo‘y. Yoshulli (rahbar nazarda tutilmoqda-tahr.) kelib, mabodo kirib qolsa, bo‘sh turmasin, deyildi. O‘z plastik kartangdan pul to‘lab, kompyuter ol, deyilmadi.”

Ozodlik muxbiri konkret mulozimlar ismlari va pul o‘tkazilgan sanalar hamda “o‘lpon solinishiga” guvohlar fikrini aytganida, “yordamchi” jimib qoldi. Keyin “bir minut kutib turish”ni iltimos qildi. Ozodlik yordamchining atrofidagilarga " anavi orgtexnika bilan Ozodlik qiziqib turibdi. Nima deb javob berayin?” degan so‘zlarini eshitdi. Shundan keyin yordamchi yana Ozodlik muxbiri bilan muloqotini davom ettirib, “telefoningizni qoldiring, sizga yoshullini ( Viloyat hokimi o‘rinbosari Igamberganov nazarda tutilmoqda-tahr.) o‘zi telefon qilib tushuntiradi, deya va’da qildi. Kun mobaynida hech kim telefon qilmadi.

Norozilar majlisdan haydaldi

Joriy yil 5 - yanvarida Urganch tuman hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan majlisda viloyat hokimi o‘rinbosari Igamberganov mahalliy mulozimlarni turg‘azib qo‘ygan. Tuman prokurori Dilshod Madrimov ishtirokidagi yig‘ilish tafsilotlari haqida Ozodlikka majlisda qatnashgan suv ta’minoti bo‘yicha mulozim gapirib berdi:

“Har bir korxona rahbari, o‘zingizni plastik kartangizdan to‘lab, kompyuter¸ printer va veb kamera olib berasizlar. Har biringizni bir mahallaga mas’ul qilib biriktirdim. Agar olib bermasangiz boshqacha gaplashamiz¸ sizlar bilan kelishmaymiz, deb tuman prokurorini turg‘azdi. Prokuror Dilshod Madrimov bu gapni maqullab, tuman tashkilotlari rahbarlariga gaz berdi (bosim qildi ma’nosida-tahr.) Tumanda 58 mahalla bor. Bular davlatga qarashli byudjet tashkiloti. Ne uchun biz yoshullilar o‘z kissamizdan pul chiqarib, davlat idorasiga orgtexnika olib berishimiz kerak?. Na yerda bor bundayin gap?. Bizlarni bolamiz yo‘qmi?...”

Suhbatdosh “Komiljon Otaniyozov”¸ “Orzu” “Bog‘dorchilik” mahallalari uchun o‘z puliga sotib olib bergan kompyuter jamlanmasi o‘rnatish jarayoni aks etgan fotolarni Ozodlikka yubordi.

Urganch tumanidagi MFY binosi
Urganch tumanidagi MFY binosi

Viloyat hokimining o‘rinbosari - viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Sa’dullayev bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Saodat Boymirzayeva Ozodlik bilan suhbatda MFYlarni orgtexnika bilan ta’minlash vazirlik hisobidan amalga oshirilgani va qisman mahalliy hokimiyat zimmasiga yuklatilganini aytdi:

"Vazirlik tomonidan kanselyariya mahsulotlari olish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga 5 mlrd so‘m Vazirlikning jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilgan, shundan muayyan qismi Urganch tumaniga ham tegishli. Vazirlik "Obod va xavfsiz mahalla" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga orgtexnika olib bergan. Yaqinda Qashqadaryo viloyatining 300 ta mahallasiga kompyuter va mebellar olib beriladi. Jumladan, Xorazm viloyati mahallalariga "Xavfsiz mahalla" tamoyiliga asosan kuzatuv kameralari, shuningdek, kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlash ham joriy yilning birinchi choragida rejalashtirilgan" deya bildirdi Ozodlik bilan suhbatda vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i Saodat Boymirzayeva.

O‘zbekistonda byudjet tashkiloti xodimlarining maoshlaridan turli maqsadlar uchun ushlab qolish yoki tadbirkorlarni o‘z hisoblaridan homiylik va xayriya ishlariga majburlash hollari keng tarqalgan.

Ko‘pincha bu kabi ishlarga bosh-qosh bo‘ladigan o‘rta bo‘g‘in amaldorlarining o‘zlari moliyaviy qurbonlikka majburlanayotgani nisbatan yangi ko‘rinish.

XS
SM
MD
LG