Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:38

Bishkekdagi Rossiya universitetining "Ukraina urushiga qarshi" professorlari ishdan olinmoqda


Bishkekdagi Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universiteti binosi.
Bishkekdagi Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universiteti binosi.

Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetining yigirmadan ortiq professorlari va o‘qituvchilari, jumladan, universitet rektori ishdan olindi. Rasman ularning ishdan olinishi sabablari jamoatchilikka oshkor etilmadi. Ammo professorlar va ayrim o‘qituvchilar Rossiya nashrlari ularni “rusofoblik” da ayblab chiqqani ortidan ishdan olishlar boshlanganni aytmoqda.

Aleksandr Karsev 25 yildan beri Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetining jurnalistika fakultetini boshqarib kelgan. Bir hafta oldin fanlar doktori, professor Karsevga universitet rektorati ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan. Nima uchun degan savolni rektorat javobsiz qoldirgan.

“Menga bu “yuqori”dan kelgan buyruq deb aytishdi. “Yuqori”ni ham ertasi kuni ishdan olishdi. Men rektorning oldiga kirib: “Qaysi aybim uchun”, deb so‘rasam, rektor “meni qaysi aybim uchun ishdan bo‘shatishdi”, deb savolimga savol bilan javob berdi",- dedi Aleksandr Karsev.

Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetining professor o‘qituvchilari tarkibini tozalash rektorni lavozimidan bo‘shatishdan boshlandi. Vladimir Nefadyev universitetga ochilganidan beri, ya’ni deyarli 30 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan edi. Uning nega ishdan olingani to‘g‘risida hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi.

Ommaviy axborot vositalarida “universitet keksa yoshdagi professorlar bilan xayrlashmoqda”, degan taxmin paydo bo‘ldi. Chunki Karsev 77, Nefadyev esa 76 yoshda. Ammo universitet matbuot xizmati bu tahminlarni rad etdi:

“Ayrim ommaviy axborot vositalarida pensiya yoshidagi xodimlarning ishdan bo‘shatilayotganiga oid ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”

Universitet matbuot xizmati bundan boshqa hech qanday tushuntirish bermadi. Ayni paytda Universitetdagi kadr o‘zgarishlari va buning sabablari to‘g‘risida Rossiyaning Markaziy Osiyodagi voqealarni yorituvchi “Stan radar” nashri batafsil ma’lumotlarni e’lon qila boshladi. “Stan radar” saytida universitet xodimlarini qoralovchi qator maqolalar e’lon qilindi.

Maqolalarda iddao qilinishicha, Rossiya soliq to‘lovchilari tomonidan moliyalashtiriladigan Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetida rektorning befarqligi ortidan “rusofoblar qo‘rg‘oni paydo bo‘lgan”.

“Meni rusofob deyishmoqda. Rusofob nima degani o‘zi? Bu mening urushdan noroziligimmi? Albatta, men urushdan norozi bo‘laman. Chunki har qanday urush genofondning yo‘q bo‘lishidir. Bugun ayni mana shu holat yuz bermoqda. Rossiya genofondi ham, Ukraina genofondi ham yo‘q qilinmoqda”, - dedi professor Aleksandr Karsev.

“Stan radar” nashri Qirg‘izistonda taniqli vrach va shoir, universitetning tibbiyot fakulteti dekani Anes Zarifyanni ham rusoboblar qatorida tilga olgan. U ham ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qarshi o‘z fikrlarini tarqatgan edi. Zarifyan ham ishdan bo‘shatiladigan professorlar ro‘yxatidan joy oldi.

“Mening sharhlarim, she’rlarim, va uzoq yillar davomida aytib kelgan boshqa fikrlarim mening shaxsiy pozitsiyamdir. Men hech kim shaxsni shaxsiy fikrga, shaxsiy pozitsiyaga, shaxsiy talqinga va shaxsiy xulosaga ega bo‘lish huquqidan mahrum qila olmaydi, deb hisoblayman”,-dedi Anes Zarifyan.

Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universiteti o‘qituvchilaridan yana 20 nafari ishdan bo‘shatilishi kutilmoqda. Ular orasida jurnalist va pedagog Dmitriy Lojnikov ham bor. U jurnalistika fakultetida talabalarga propagandani obyektiv ma’lumotdan ajratish sirlarini o‘rgatgan edi.

“Jurnalistika kafedrasi uchun va jurnalistika o‘qituvchisi sifatida men uchun Rossiyaning Ukrainaga urush ochgani mavzusini muhokama qilish ayni bugungi kun uchun dolzarbdir. Konfliktning har ikki tomonidagi jurnalistlar qanday ishlayapti, uchinchi tomondagi jurnalistlarning munosabati qanday bo‘lishi lozim degan savollarga javob qidirishimiz kerak. Biz jurnalistika o‘qituvchisi sifatida bu narsani talabalarga tushuntirishga majburmiz. Biz Qirg‘izistonda yashayapmiz va Rossiya propagandasi nima ekanini yaxshi tushunamiz”, -dedi Dmitriy Lojnikov.

Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetidagi ziddiyat endigina boshlanib, vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligi tahmin qilinmoqda. Chunki profeesorlar bilan bir qatorda ko‘plab yosh o‘qituvchilarga ham ishdan ketishlari kutilmoqda. Ular hozircha jurnalistlarga oshkora ma’lumot berishdan tiyilmoqda.

XS
SM
MD
LG