Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:42

Amerika orzusi: "Farzandlarimiz bizdek qiynalib yashashini istamagandik"


Bu bor-budini sotib, yaxshi hayot ilinjida AQSHga jo‘nagan olmaotalik oddiy oila hikoyasi. Kunlarning birida ular, minglab kilometrni va bir necha mamlakatni bosib o‘tgach, Karib dengizini kesib o‘tish uchun qayiqqa tushadilar. Bortda jami 20 kishi bor edi. Yo‘lda qayiq ag‘darilib ketadi, qozog‘istonliklar benzin to‘la bochkaga tirmashgancha bir necha soat ochiq dengizda suzib yuradilar. Oila omon qoladi. Lekin ko‘p hamrohlari cho‘kib ketadi.

“Kreditlar, qarzlar...”

– Haligacha ko‘zimni yumganimda suv hidi dimog‘imga uriladi, to‘lqinlarni ko‘raman, – deydi 35 yoshli Aray Japarqulova.
9-iyul kuni jahon OAVlari Karib dengizida migrantlar tushgan qayiq cho‘kib ketganini xabar qildi. 20 nafar yo‘lovchi orasida Aray, uning 36 yoshli eri Boyxon Japaq va ikki o‘g‘li ham bor edi.
Aray va Boyxon 16 yil avval turmush qurganlar. Ko‘p yillar Olmaotadagi Shaniroq mikrorayonida yashashgan. Oilada to‘rt farzand bor. Kattasi – 14, kenjasi 5 yoshda.
Boyxon yuk mashinasi haydagan, Olmaota aeroportining logistika bo‘limida ishlagan.
“Oyligim o‘rtacha bo‘lgani bilan oilamiz ta’minotiga yetmasdi”, deydi u.

– Serfarzand oilaning oylikdan boshqa daromadlari bo‘lishi kerak ekan, – qo‘shimcha qiladi Aray. – Bolalar nafaqasini kvartira to‘lovlariga, bolalarning ust-boshi va o‘qishiga sarflardik. Harna ro‘zg‘orga yordam deb, men bo‘g‘irsoq pishirib sotardim. Tinim bilmay ishlardik, lekin baribir yetkizolmasdik. Kreditimiz bor, har oy qarz to‘lash, bozor-o‘char qilish kerak... Oyiga kamida 600 ming tanga kerak edi bizga, daromadimiz esa kam edi.

Yo‘qchilik joniga tekkan Boyxon ikki yarim yil avval Janubiy Koreyaga ishlagani boradi. Ammo uni aeroportdayoq ushlab, qaytarib yuboradilar.

Keyinroq u Yevropada ish topadi, lekin unga shengen vizasini berishmaydi.

– Shundan keyin grin-karta o‘ynamoqchi bo‘ldim, lekin bu lotereyada yutish imkoniyati juda kam. Amerikaga oilaviy ko‘chib borish osonroq bo‘ladi, degan gapni eshitdim. Bir do‘stim ham oilasi bilan ketmoqchi edi, birga jo‘nashni reja qildik, ammo biz yetarli pul topa olmaganimiz uchun qoldik. Do‘stim ketdi, hozir o‘sha yoqda ishlayapti, – deydi Boyxon.

Boyxon Japak qo‘lida kenja o‘g‘li bilan, xotini Aray Japarqulova hamda Kabidolla Kali. Manaus aeroporti, Braziliya. Surat ularning shaxsiy arxividan olindi.
Boyxon Japak qo‘lida kenja o‘g‘li bilan, xotini Aray Japarqulova hamda Kabidolla Kali. Manaus aeroporti, Braziliya. Surat ularning shaxsiy arxividan olindi.

Boyxon va Aray aytishicha, do‘stlari AQSHda yaxshi o‘rnashib olishibdi.

– Bolalari bepul maktabga borishadi, ularga kiyim-bosh berishar ekan, bolalar avtobusda maktabga qatnaydi. Bizni chaqirishdi, agar kelsanglar bu yerda ish bor, deyishdi. Ahvolimiz og‘ir edi. Farzandlarimiz bizga o‘xshab qiynalishini xohlamasdik, ularga tuzukroq kelajak yaratgimiz kelardi, – hikoyasida davom etadi Aray.

Amerikaga yo‘l

Er-xotin axiyri bir qarorga keladi: pul to‘plashadi, yana bitta kredit olishadi, uylarini garovga qo‘yishadi va mollarini sotishadi. Shu tariqa 40 ming dollar pul yig‘adilar.

Dastlab AQSHga barcha farzandlari bilan ketmoqchi bo‘ladilar, lekin uzoq yo‘l xarjini o‘ylab, faqat to‘ng‘ich va kenja o‘g‘illari bilan jo‘nab ketadilar, o‘rtancha bolalari esa qarindoshlar qaramog‘ida qoladi.

Ularga Olmaotada oshpaz bo‘lib ishlagan Kabidullo Kali ismli 46 yoshli kishi hamroh bo‘lib qo‘shiladi. Boyxon aytishicha, Qozog‘istonga Xitoydan ko‘chib kelgan bu odamni AQSHga ketishga talabgorlar chatidan topibdi.

Oila avval Toshkentga, u yerdan Doxaga, so‘ngra San-Paulu va Rio-de-Janeyroga (Braziliya), keyin Bogota (Kolumbiya) orqali tranzit bilan San-Salvador (Salvador) hamda Managua (Nikaragua)ga jo‘nashni reja qiladi.

Biroq Riodagi xalqaro aeroportda ularni uchoqqa chiqarishmaydi. Nikaragua migratsiya xizmati Managua aeroportiga kirishga ruxsat etilmagan yo‘lovchilar ro‘yxatini yuborgan va unda Qozog‘istonning 8 fuqarosi, jumladan Boyxon, Aray, ularning o‘g‘illari hamda Kabidullo Kali ham bor edi.

– Uchoqqa chiqish uchun talon olib bo‘lgandik. Lekin aviashirkat xodimlari bizga ro‘yxatni ko‘rsatib, sizlarni o‘tkaza olmaymiz deyishdi, – hikoyasida davom etadi Boyxon. – Shunda vizani Nikaraguaga kirish chog‘ida olish mumkinligi haqida eshitdim. Biz musofirxona haqini to‘lab, qaytishga chipta oldik, ammo baribir o‘tkazishmadi. Mushkul ahvolda qoldik.

АҚШ-Мексика чегарасидан қонуний ва ноқонуний ўтган ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

Shundan so‘ng oila Qozog‘istonga qaytish fikriga tushadi, ularning yo‘ldoshi Kabidullo esa vataniga qaytish uchun chipta ham olib bo‘lgan edi, biroq keyin bu fikrdan voz kechishga qaror qiladilar.
Boshqa yo‘nalishni topish ustida bosh qotiradilar, Kabidullo esa olgan chiptasini topshiradi.

“Orqaga yo‘l yo‘q, sizlar bilan ketaman”, deydi u.
Amerikaga yetib olishga ko‘maklashishni va’da qilgan o‘rtakashlar ikki yo‘lni taklif qilishadi: biri jungli va biri dengiz orqali. Qozog‘istonliklar ikkinchisini tanlaydilar.
Eng xavfsiz dengiz yo‘li Kolumbiyaning San-Andres oroli orqali suzish, deb eshitadilar. Oila Braziliyani kesib o‘tib, Kolumbiyaga yetadi. San-Andresda bir haftacha qoladilar. U yerdan Nikaragua sohilidagi Korn oroliga yetib olishni mo‘ljallaydilar – bu dengizda salkam to‘rt soatlik yo‘l edi.

– Bizni aldamasinlar deb qayiq uchun oldindan 8,5 ming dollar to‘lab qo‘ydik. Jo‘nash vaqtimiz har kuni keyinga surilardi, goh “havo aynidi”, goh “chegarachilar qattiq tekshiryapti” deb aytishardi. Yashab turgan otelimizdan bir uyga ko‘chirishganida butunlay shokka tushdik, – deydi Boyxon. – U yerda yetti migrant bor ekan: Venesuela, Ekvador va Kolumbiya fuqarolari. Hammani bir joyga yig‘ishdi.
Musofirlar yangi yo‘ldoshlari bilan tanishib, bir necha kun bitta oiladek yashaydilar. Oshpaz Kabidullo hammaga lag‘mon va mampar pishirib beradi.
8-iyul kuni kechqurun, nihoyat, o‘rtakashdan xabar keladi: “Tez orada yo‘lga chiqasizlar”.

“Kunimiz bitdi”

Boyxon va Aray qayiqni ko‘rib yuraklari yuvishganini aytadilar: bu baliq ovlashga mo‘ljallangan kichkina metall qayiq bo‘lib, o‘rindiqlari yo‘q edi. Kapitan va yordamchisi bilan birga 20 kishi unga bazo‘r joylashadi.

– O‘zimizni o‘limga jo‘nab ketayotgandek his qildik... – deydi Boyxon.
Yo‘lovchilarga qutqaruv kamzullari tarqatishadi. Ikki kishiga yetmaydi.

– Qayiq o‘rnidan jilgach bolalarimni mahkam quchoqlab oldim. San-Andresda ekanimizda qattiq jala yog‘ardi, biz dovul bo‘lmasin deb xudoga yolvorardik, – deydi Aray o‘sha onlarni eslab. – Shamol yo‘q, havo bilan suv iliq edi. 10 chaqirimcha suzganimizdan so‘ng orol ko‘rinmay qoldi, keyin to‘lqinlar ko‘tarila boshladi, lekin biz bunga ko‘p ham e’tibor qilganimiz yo‘q. Har kim o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib o‘tirardi. Bir mahal kapitan qayiq burnida turib olib, yordamchisiga nimalardir dedi. So‘ngra ikkovi “Let's go!” deb qichqirishdi va sumkalarni suvga irg‘ita boshlashdi. “Nima gap?” deb so‘radik, ammo javob berishmadi. Qayiqni ortga burdilar, besh qadamcha suzgan ham edikki, yordamchi suvga sakradi. Orqadan baland bir to‘lqin yetib kelib, qayiqni to‘nkarib tashladi. Hammamiz suv ostiga sho‘ng‘ib, bir-birimizni yo‘qotib qo‘ydik.

– Bekos, Darinni mahkam ushla! – qichqiradi Boyxon.
– Dada, Darin men bilan! – qichqiradi to‘ng‘ich o‘g‘li.
– Oyingni qidir! – qichqiradi yana Boyxon.
Axiyri bir-birlarini topadilar. Boyxon avval bolalari, so‘ngra xotini oldiga yetib oladi. To‘rtovlon suv betiga qalqib chiqqan benzin to‘la bochkaga tirmashadi.
“Kabidullo g‘oyib bo‘ldi. O‘sha paytda dilimdan nimalar kechganini so‘z bilan ifodalay olmayman, – deydi Boyxon. – Butun hayotim ko‘z oldimdan o‘tdi. Suv ostida qolganimizda bolalarni o‘ylab dahshatga tushdim. “Bekor qildik, endi shu yerda o‘lib ketamiz, kunimiz bitdi”, degan gap xayolimdan o‘tdi”.
“Kim tirik, kim o‘lganini bilmasdik, – deydi Aray. – Vahimada bo‘lsak ham, bolalarni qo‘rqitmaylik deb o‘zimizni tiydik. “Suzyapmiz-ku, qo‘rqma, ana, biz tomonga qayiq kelyapti, ko‘ryapsanmi?” dedim kichik o‘g‘limga uni yupatish va ayni chog‘da o‘z qo‘rquvimni bosish uchun. Lekin: “Necha daqiqadan keyin narigi dunyoga ravon bo‘larkinmiz? Suv betida yana qancha tura olamiz? Qachon g‘arq bo‘lamiz?” degan fikrlar miyamni egovlardi. Uyda qolgan bolalarim haqida, yonimdagilar haqida o‘ylardim”.

“Bizni zimiston va baland to‘lqinlar qurshab olgandi, – qo‘shimcha qiladi Boyxon. – Sho‘r suv ko‘zlarimizni achishtirar, og‘iz-burnimizdan ichimizga kirib ko‘nglimizni behuzur etardi. Bir kor-hol bo‘lmasin deb bolalarni teparoqda tutib turdik.
Tuyqus olisda bir shu’la ko‘rindi. Bu orolmi yoki boshqa narsami, bilib bo‘lmasdi. Hamma yoq qop-qorong‘i, shu’la esa juda xira edi. O‘sha yoqqa suzishga qaror qildik. Yonimizda venesuelalik yigit bor edi. U “Nabe! Nabe!” deb qichqirdi. Ya’ni “suzinglar” degani edi bu.

Harchand urinmaylik, joyimizdan jilganga sira o‘xshamasdik, chunki to‘lqin bizni orqaga uloqtirardi. Holdan toydik, qancha vaqt o‘tganini ham bilmayman. Bir payt katta o‘g‘lim uzoqda bir qayiq biz tomonga kelayotganini aytdi. “Help! Help!” deya baqirdik jonimiz boricha. Ko‘p suv yutib qo‘ydim, tovushim bitdi. Venesuelalik yigit bo‘ynimga osilib olgan, sira qo‘yvormasdi. Bir soatlar shu alfozda o‘tdi. Bir mahal qayiq yaqinlashgandek bo‘ldi, keyin to‘xtab qoldi. Bu payt ular boshqalarni qutqarayotgan ekan”.

Oila suvda qariyb besh soat qolib ketadi. Omon qolishlariga qayiqdagi bir yo‘lovchi sabab bo‘libdi. Boyxon aytishicha, ular bilan yo‘lga chiqqan ekvadorlik yigit qayiqqa o‘tirishdan oldin telefonida GPSni yoqib, uni suv o‘tkazmas g‘ilofga solib qo‘ygan ekan.

Geolokatsiyani esa Amerikada yashaydigan ukasi kuzatib turgan.
– Qayiq ag‘darilganida ekvadorlik yigit ukasiga qo‘ng‘iroq qilishga ulguribdi. Ukasi esa Kolumbiya qutqaruv xizmati bilan bog‘lanib, geolokatsiyani bergan. Qutqaruvchilar eng avval uni topishgan, biz esa ancha uzoqda edik. Yuz metrcha narida boshqa odamlar bor edi. Ulardan so‘ng bizga navbat kelgan. Shunday qilib, ekvadorlik yigitchaning telefoni bo‘lmaganida cho‘kib o‘lgan bo‘lardik, – deydi Boyxon.
– Qutqaruvchilar bizdan keyin boshqalar yoniga suzib borishdi, – suhbatga qo‘shiladi Aray. – Uch yoshli go‘dakni qutqarishdi, suvda uning onasi jasadini ko‘rdik. Otasini esa topa olishmadi.

“Uning jasadini olishga rozi edik”

Qirg‘oq soqchilik xizmati xodimlari qutqarilganlarni portga eltib, mo‘jiza tufayli omon qolgan pasportlarini tekshiradi: dengizga chiqish oldidan Boyxon hujjatlarni sumkaga solib, obdon skotchlab, yelkasiga osib olgandi.

– Tinkamiz qurib, hatto gapirishga majolimiz qolmagandi. Bizni migratsiya markaziga eltib, uch kun o‘sha yerda saqlashdi. Yotoq, ovqat, ust-bosh berishdi, yaxshi qarashdi. Oshxona va hojatxonaga markaz xodimlari kuzatuvida borardik. Telefonlarimiz ishdan chiqqan edi, migratsiya markazida boshqa telefon berishganidan so‘nggina qarindoshlar bilan bog‘landik. Amerikaga borishdan voz kechdik va vatanga qaytishga ahd qildik. Qarzga botganimiz xayolimga ham kelmas, eson-omon qaytsak bas, boshim sog‘ bo‘lsa, pulni ishlab topaman, derdim, – davom etadi Boyxon.

Keyinchalik ular Kabidullo Kali o‘lganidan voqif bo‘lishadi. Eronlik hamrohlari Kabidulloning ustiga oq choyshab tashlab qo‘yilgan jasadini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi. Bu eronlikning o‘zini 11 soat deganda qutqarishibdi.

– Kabidullo akani baribir ko‘rsatishmadi bizga. Men uning jasadini oli ketishga tayyorligimni aytdim, lekin rad qilishdi: qarindoshlari murojaat qilishi kerakmish yoki elchixonadan rasmiy xat kerak ekan. Biz Kabidulloning qarindoshlariga xabar qildik, – deydi Boyxon.

Omon qolgan qozog‘istonliklarning pasportlari. Olmaota, 17-iyul, 2024.
Omon qolgan qozog‘istonliklarning pasportlari. Olmaota, 17-iyul, 2024.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, marhumning aksar qarindoshlari Xitoyda yashar ekan. Oila a’zolaridan biri Ozodlik muxbiriga bu haqda izoh bera olmasligini aytib, tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘lanishni tavsiya qildi.

Qozog‘iston TIV vakili esa Kabidullo Kali to‘g‘risida rasmiy ma’lumot mavjud emasligini ma’lum qildi.
– Dilkash, yuragi toza odam edi u. Qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardi. Biz u bilan do‘st bo‘lib oluvdik, hamisha birga edik, – deydi Boyxon.
Oilaning yuklari va yuklar orasiga yashirilgan bir necha ming dollar pulni dengiz yutadi. Qutqaruvchilar poyabzallar solingan bitta sumkani topishadi, xolos. Bisotlarida – Boyxonning hamyonidagi suvga bo‘kkan 500 dollar puldan boshqa hech vaqo qolmaydi.
Kolumbiyaliklar iloji boricha tezroq San-Andresni tark etinglar, deb qistay boshlashadi.

“Baribir Qo‘shma Shtatlarga ketishga urinib ko‘radi bular, deb qo‘rqishgan shekilli”, tusmollaydi er-xotin.

12-iyulda Boyxonning Qozog‘istondagi qarindoshi ularga San-Andres – Bogota – Panama – Istanbul – Olmaota yo‘nalishiga chiptalar olib beradi, bu qariyb 3 million tangaga tushadi.
Kolumbiyada oilani uchoqqa o‘tirishgunga qadar kuzatib qo‘yadilar.
14-iyul kuni ertalab Boyxon va Aray bolalari bilan birga Qozog‘istonga yetib kelishadi.

Boyxon Japak va xotini Aray Japarqulova. Rio-de-Janeyro, Braziliya. Shaxsiy arxiv.
Boyxon Japak va xotini Aray Japarqulova. Rio-de-Janeyro, Braziliya. Shaxsiy arxiv.

“O‘zimizni kechira olmagan bo‘lardik”

Er-xotin falokatlardan so‘ng bir oz o‘zlariga kelib, qarzlarni uzish harakatiga tushgan.
“15 million tanga qarzmiz, buning ustiga har oy 700 ming tanga kreditimiz bor. Erim ish qidiryapti. Bolalarning tomog‘i, egni va o‘qishi uchun ham pul kerak. Hayot davom etyapti”, deydi Aray.
Ular Korn oroliga yeta olmay, bir o‘limdan qolib ortga qaytishdi. Orolga borganlarida u yerdan Managua (Nikaragua)ga, so‘ngra Gonduras va Gvatemalaga, u yerdan esa Meksikaga o‘tishni rejalashgan edi.
Boyxon va Aray yaxshilikdan umid qilib, AQSHga qonuniy kirish uchun Qo‘shma Shtatlar Bojxona va chegara xizmati (US Customs and Border Protection)ning CBP One ilovaisda ro‘yxatdan o‘tishgan ekan. Jo Bayden ma’muriyati ishga tushirgan ushbu dastur o‘z mamlakatida og‘ir ahvolda qolib, AQSH-Meksika chegarasiga yetib kelgan odamlarga chegarani migrant sifatida qonuniy kesib o‘tish imkonini beradi.

– Bu yo‘ldan bormaslik kerak edi, ayniqsa bolalar bilan. Nachora, taqdirda bor ekan, – deydi Boyxon.
Er-xotin pul ishlab topish uchun AQSHga qonuniy yo‘l bilan borishdan hanuz umid uzmagan: qarzlarini uzishlari, bolalari kelajagini ta’minlashlari kerak.

– Xudoga shukrki, bolalar omon qolishdi. Ularni deb yashayapmiz, dunyoga keltirgan ekanmiz ular uchun javobgarlik bizning zimmamizda, – ko‘zlari yoshlanib deydi Aray. – Bu ishga ermak uchun kirmagandik, xudo haqqi. Ammo bolalarga biron kor-hol bo‘lganida o‘zimizni aslo kechira olmasdik.

Karib havzasida migrantlar o‘limi hollari ko‘paymoqda
So‘nggi yillarda Lotin Amerikasi orqali Meksikaga borib, so‘ngra AQSH chegarasidan noqonuniy o‘tayotganlar soni geometrik progressiyada oshmoqda. Bu yo‘l xavf-xatarga to‘la bo‘lsa-da, ayrim kamsonli omadlilarning eson-omon “Amerika orzusi”ga yetishayotgani boshqalarni ruhlantiryapti.

Odamlar telegram-kanal va messenjerlarda ma’lumot almashib, o‘rtakashlarni topishmoqda va qaltis safarga yo‘l olishmoqda.
Avvalroq Ozodlik Qozog‘istonda ta’qiblarga yo‘liqib, oxir-oqibat AQSHdan boshpana topgan jamoat faoli Qayrat Sultonbek hamda xitoylik qozoqlarning huquqlari uchun kurashgani uchun ta’qib etilishi ortidan uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tib, Qo‘shma Shtatlarga kelgan Boybo‘lat Kunbo‘latuli haqida hikoya qilgan edi.
2021-yildan beri AQSHga jami 7,3 million kishi noqonuniy kirgan. 2023-yilda markaziy osiyolik 50 mingdan ortiq kishi ushbu mamlakat chegarasini kesib o‘tgan. Ushbu ma’lumotni AQSH senatori Stiv Deyns e’lon qilgan edi.

AQSHda qochqin maqomini olish uchun berilgan arizalarni kuzatuvchi Tranzaksiya qaydlarini tahlil qilish markazi (TRAC, Transactional Records Access Clearinghouse) ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda 2901 nafar Qozog‘iston fuqarosi o‘z arizalari bo‘yicha sud qarorini kutmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga qaraganda, Karib havzasini kesib o‘tuvchi migrantlarning o‘lishi va g‘oyib bo‘lishi holatlari ham ko‘paymoqda. 2022-yilda dengizda 321 migrant o‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.

“O‘tgan yili Karib havzasida o‘lgan migrantlardan 51 foizini identifikatsiya qilib bo‘lmaydi. Bu yuzlab oila o‘z yaqinlarining qayerdaligidan mutlaqo bexabar, deganidir”, deydi Xalqaro migratsiya tashkilotining Karib havzasi bo‘yicha koordinatori Patris Kesada.
Tashkilotga ko‘ra, dengiz yo‘lini tanlagan migrantlar ko‘pincha noqulay ob-havo sharoiti va qo‘lda yasalgan sifatsiz qayiqlar tufayli cho‘kib ketadilar.

Ўзбеклар АҚШда камситилаётганидан шикоят қилишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:28 0:00

Shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkiloti ushbu yo‘nalishlarda jinoyatchi guruhlar harakat qilishi haqida ogohlantirib kelmoqda.
“Qozog‘iston migrantlar jo‘natuvchi mamlakatga aylandi”
“Xalqaro huquqiy tashabbus” jamoat fondi rahbari Ayni Shormanbayevaning so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonliklar o‘z ixtiyori bilan migrant bo‘lishayotgani yo‘q: ko‘pchilik katta kreditlar olgan, uy-joy sotib olishga qurblari yetmaydi, yaxshi haq to‘lanadigan ish topilmaydi, turmush sifati juda past.

“Qozog‘iston migrantlar jo‘natuvchi mamlakatga aylandi”, deydi ekspert.

“Hamma baloning sababi bitta: qashshoqlik. Iqtisodiy vaziyat kun sayin yomonlashyapti, ish bo‘lmaganidan keyin odam oilasini boqish uchun o‘zini har yoqqa uradi-da. Yanvar voqealari nimadan bo‘ldi? Qashshoqlikdan, albatta. Ammo o‘sha qayg‘uli voqealardan hanuz xulosa chiqarmadik, sabablar bartaraf etilmadi”, deydi Shormanbayeva.

Suhbatdoshimiz yechim sifatida Qozog‘istonga ishchi kuchini qabul qiluvchi mamlakatlar bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar tuzishni taklif qiladi. Uning fikricha, bu ishchilarning mehnat, tibbiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.

“AQSHga Kolumbiya, Meksika, Gonduras va Ekvador orqali borishyapti. Safarlarni jinoiy guruhlar tashkillashtirmoqda. Noqonuniy migratsiyani tashkil qilish barcha mamlakatlarda jinoyat hisoblanadi. Bu yo‘ldan yurayotgan odamlar o‘zlari va farzandlari hayotini xatarga qo‘yishmoqda. Safarga chiqishdan oldin yuz karra o‘ylash va qonuniy asoslarda ko‘chib borish kerak. Mehnat migranti bo‘lishga qonuniy va ongli tayyorgarlik zarur. Bu vaqt va xarajat talab qiladi, lekin joningiz puldan aziz”, – so‘zini yakunlaydi Shormanbayeva.

XS
SM
MD
LG