Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:50

Allaqulov partiyasiga imzo yiqqan talaba sazoyi qilindi. Faollarga “bosim davom etmoqda”


Namanganlik talaba Abdurahmon Ikromov “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga imzo yiqqani uchun muhokama qilinmoqda, 13 - aprel, 2021
Namanganlik talaba Abdurahmon Ikromov “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga imzo yiqqani uchun muhokama qilinmoqda, 13 - aprel, 2021

O‘zbekistonda yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga imzo yiqqani uchun sazoyi qilingan namanganlik talaba bosim ostida qolmoqda.

24 yashar Abdurahmon Ikromov, Ozodlik bilan qisqa muloqotda mahalladoshlarini aldab imzo yiqqaniga oid ayblovlarni to‘liq rad etdi, ammo bosim ostida shunday ko‘rsatma berib, kechirim so‘rashga majburlanganini aytdi.

Yangi partiyaga tarafdor boshqa namanganlik faollar ham mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari bu partiyaga imzo yig‘ish harakatini qattiq nazorat qilayotgani, tarafdorlarni voz kechtirishga urinayotganini aytmoqda.

Partiya faoli Muhammadamin Ermatovga ko‘ra, faollar ro‘yxatdan o‘tish uchun Adliya vazirligiga hujjat topshirgani ortidan Namangan, Samarqand, Xorazm va Navoiy viloyatlaridan imzo chekkan va yiqqanlarga bosim boshlangani haqida xabarlar kela boshlagan.

Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 - martida bo‘lib o‘tgan. Unda professor Allaqulov partiya raisi etib saylangan.


Namangandagi sazoyi

Partiya faoli Muhammadamin Ermatovga ko‘ra, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan 24 yashar talaba Abdurahmon Ikromov yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga 300 ta imzo yiqqan.

13 - aprel kuni Telegram kanali va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarida bu talaba imzolarni aldab yiqqani iddao qilingan va buning uchun mahalladoshlari sazoyi qilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda mahalladoshlari Ikromovni, Xidirnazar Allaqulovning “hali rasman ro‘yxatdan olinmagan partiyasi uchun ularni aldab, soxta imzo yiqqanlik” va shu harakati bilan ularni ham “tupikka tiqqanlik”da ayblaydi.

O‘zini mahalla faoliman, deb tanishtirgan shaxs 24 yashar talabani mahalla obro‘sini to‘kkanlikda ayblaydi, bir necha ayol esa “familiyamizni o‘sha ro‘yxatdan o‘chirtirib qo‘ygin!” deb talab qiladi.

Shuningdek, videoda o‘zini “Birlashgan” MFY raisi, deb tanishtirgan shaxs Ikromovning “adashishida hammamizning aybimiz bor, bee’tibor qoldik”, deydi. So‘ngra talabani kafillikka olganini bildirib, mahalla ahlidan uni kechirishni so‘raydi, mahalladoshlar uni qabul qiladi.

Yopiq binoda 50 ga yaqin odam ishtirokida o‘tgan sazoyi muhokama aks etgan videosiga Ikromovning videomurojaati ham tirkalgan. Unda Ikromov X. Allaqulov boshchiligidagi partiya haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot olgani, tarmoqlar orqali Muhammadamin Ermatovga bog‘lanib, imzo yig‘ish uchun blankalar olganini aytadi.

So‘ngra 300 ga yaqin odamdan avvaliga quruq qog‘ozga imzo qo‘ydirib olgani, so‘ngra bu ro‘yxatga tepasiga partiya haqidagi ma’lumotlarni qo‘shib qo‘yganini aytib, mahalladoshlaridan uzr so‘raydi.


Talabadan raddiya

14 - aprel kuni Ozodlik bilan qisqa muloqotda Abdurahmon Ikromov, mahalladoshlarini aldab imzosini olganiga doir ayblovlarni rad etdi.

Ikromov 300 ga yaqin odamga yangi ta’sis qilingan partiya haqida ma’lumot bergani, ularga tushuntirgani va ular “o‘z istagi bilan imzo chekkani”ni ta’kidladi. Imzolarni quruq qog‘ozga chektirgani haqidagi ko‘rsatmasini esa “bosim ostida berishga majbur bo‘lganini” aytdi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashaydigan va yangi partiyaga o‘z ixtiyori bilan a’zo bo‘lganini aytgan Abduqodir Jabborov ham, 24 yashar talabaning sazoyi qilinishini qoraladi:

- Men bu yigitni shaxsan tanimayman. Lekin bir kishini, 3-4 kishini aldash mumkindir, nahotki 300 kishini aldab, imzosini yig‘ish mumkin bo‘lsa?! Men bunga ishonmayman. Keyin, bu bolaning qaysi harakati noqonuniy? Saylov yilida partiya tuzish va imzo yig‘ish mumkinligi Konstitutsiyada yozilgan-ku?! Bu talabaning qaysi ishi noqonuniy? Bu partiyaga imzo yig‘ishning nimasi “adashish”? Mahalladoshlaridagi nafrat, g‘azabni ham men tushunmadim to‘g‘risi.

Jabborovga ko‘ra, so‘nggi kunlarda uni ham IIBga chaqirishgan va partiya haqida ma’lumot so‘rashgan:

- Menga bosim qilishmadi, tazyiq ham qilishmadi. Boshqa bir o‘g‘irlik masalasida chaqirtirishdi, lekin borganimdan keyin partiya haqida so‘rashdi. Men borini aytdim: “Buning hammasi qonuniy jarayon, partiya tuzish mumkinligi Konstitutsiyada ko‘rsatilgan”. Shu bilan qo‘yib yuborishdi. Men xalq shuncha yildan beri 5 ta partiyani ko‘rib kelyapti. Bu yangi partiya ularga raqib bo‘ladi va shu bilan raqobat muhiti paydo bo‘ladi, bundan xalqimizga yaxshilik bo‘ladi, deb ishonaman.

Partiya rahbariyatidan bayonot

Namanganlik talabaga imzo yig‘ish uchun blankalarni yo‘llagan Muhammadamin Ermatov Ikromovni shaxsan tanimasligi va u bilan faqat telefon orqali muloqotda bo‘lganini aytdi.

Ermatov, Abdurahmon Ikromovga bo‘lgan bu bosim, partiya faollarining Adliya vazirligiga imzolar ro‘yxatini topshirganidan keyin kuzatilayotganiga e’tibor qaratdi.

“Bu partiya ta’sis etilganidan beri turli viloyatlar va Rossiyadan yuzlab odam bog‘landi. Ular bilan faqat internet tarmog‘ida ko‘rsatilgan telefon orqali bog‘lanib, imzo blankalarini jo‘natyapmiz. 3 xil blankamiz bor. Abdurahmon ham imzo yig‘ishga yordam beraman, deb 300 ta imzo bergan bola shu. U bolaga ham blankalarni jo‘natib berdim. Lekin shu voqeadan 2 kun oldin menga telefon qilib, “hammasi o‘z ixtiyori bilan qo‘yishgan, hammasiga tushuntirganman. Hozir menga tazyiq bo‘lyapti, telefonda gapirolmayman”, deb telefon qilgandi”.

Ermatovning aytishicha, shu kunlarda Xorazm va Samarqand viloyatidagi partiya a’zolariga IIV organlaridan qo‘ng‘iroq qilishayotgani, bosim o‘tkazishayotgani haqida shikoyatlar kelmoqda.

“Mana, hozirgina Samarqanddagi faolimiz telefon qildi: “Men nohaq imzo yiqqanman, noto‘g‘ri imzo yiqqanman, deb videomurojaat qilasan”, deyishyapti ekan. “Biz nima qildik, O‘zbekiston Konstitutsiyasini buzdikmi, nimaga bunaqa bosim?!” deb shikoyatlar kelyapti”.

Adliya vazirligidagi munozara

7 - aprel kuni “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining bir guruh faollari Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan imzolarni topshirish uchun borishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda partiya yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulovning imzolarni qabul qilayotgan vazirlik vakili bilan siyosiy munozarasi aks etgan.

Adliya vazirligiga to‘plagan imzolarini topshirish uchun borgan Allaqulov vazirlikning Avaz ismli mulozimidan "nega partiya tashkiliy qo‘mitasining 76 nafari ro‘yxatini IIV va DXXga topshirdingiz, sizlarga kim bunday huquqni berdi", deya savolga tutadi.

“Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi rahbari Adliya vazirligi mulozimidan qaysi qonun asosida o‘z partiyadoshlari ro‘yxatini kuch ishlatar tizimlariga berganini ham so‘raydi.

O‘z navbatida Adliya vazirligi mulozimi Allaqulovni “provokatsiya”da ayblaydi.

Xidirnazar Allaqulov 20 mingga yaqin imzo to‘plab kelganini aytar ekan: "Amalda shunday imzolar asosida biror bir partiya yo‘q O‘zbekistonda, shunday imzo to‘planganini isbotlab bera olasizmi?" deydi.

Ўзбек муҳожири: Аллақулов партияси учун имзо кампаниясига қўшилганлар "25-30 мингга етди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:55 0:00

Yana bir partiyadan nomzod

5 - aprel kuni O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik tarixida prezident saylovlarida ishtirok etgan yagona muxolifat partiyasi "Erk" oktabr oyidagi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ilgari surish rejasini e’lon qildi.

"Qariyb 30 yildir tazyiq va ta’qiblar ostida faoliyatini davom ettirib kelayotgan va 1991 - yil O‘zbekiston Adliya Vazirligidan qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat tarixidagi ilk mustaqil partiya – O‘zbekiston “Erk” Demokratik Partiyasi ham yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surishga qaror qildi",deyiladi 5 - aprel kuni partiyaning uzerk.org veb-saytida e’lon qilingan.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG