Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:28

AIBAdan ketishga majbur bo‘lgan G‘ofur Rahimovga O‘zbekistonda lavozim berildi


Uch yil avval G‘ofur Rahimovning Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi - AIBA prezidentligiga saylanishi boksni olimpiya o‘yinlaridan chiqarilish xavfi ostida qoldirgandi. 
Uch yil avval G‘ofur Rahimovning Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi - AIBA prezidentligiga saylanishi boksni olimpiya o‘yinlaridan chiqarilish xavfi ostida qoldirgandi. 

AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan ziddiyatli o‘zbek tadbirkori G‘ofur Rahimov Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi - AIBA prezidentligidan iste’fo berganidan uch yil o‘tib O‘zbekiston Professional boks federatsiyasida vitse-prezident lavozimini egalladi.

Federatsiyaning ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi Ozodlikka Rahimovning bu lavozimga ovoz berish yo‘li bilan saylanganini aytdi.

“Juma kuni federatsiyamizning navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘ldi. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi bo‘lib ishlab kelayotgan Umid Yoqubov prezident, G‘ofur Rahimov birinchi vitse-prezident etib bir ovozdan saylandi. O‘zbek professional boksi xalqaro miqyosda katta tajribaga ega ishonchli qo‘llarga o‘tdi”, - dedi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi mulozimi.

G‘ofur Rahimov uyushgan jinoiy guruhlar hamda giyohvand moddalar savdosiga aloqador ko‘rilib, unga nisbatan 2012-yilda AQSh Moliya vazirligining sanksiyasi joriy etilgan edi.

Uch yil avval G‘ofur Rahimovning Xalqaro Boks Assotsiyatsiyasi - AIBA prezidentligiga saylanishi boksni olimpiya o‘yinlaridan chiqarilish xavfi ostida qoldirgandi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi agar AIBA o‘zining boshqaruvidagi muammolarni bartaraf etmasa, boksni Tokio Olimpiya o‘yinlari dasturidan olib tashlashi haqida ogohlantirgandi.

XOQ ogohlantiruvidan bir hafta o‘tib Rahimov AIBA prezidentligidan iste’fo bergan.

Xavfsizligi tufayli ismi ochiqlanmasligini istagan sport bo‘yicha ixtisoslashgan o‘zbekistonlik jurnalistning Ozodlikka aytishicha, professional boks federatsiyasidagi muhim lavozimning G‘ofur Rahimovga berilishi bejiz emas.

“Boks bizda eng ommabop sport turi. Juda serharajat. Ko‘p mablag‘ talab qiladi. G‘ofur Rahimovga AIBAda ham sponsor sifatida qarashgan, Federatsiyada ham. Uni o‘ziga esa bu lavozim immunitet, vakolat, imtiyozlar beradi", - deydi jurnalist.

Xalqaro maydonda kriminal avtoritet sifatida ta’riflanadigan G‘ofur Rahimovning O‘zbekiston Professional boks federatsiyasiga vitse-prezident etib tayinlanishi o‘zbek boksi kelajagi uchun tahdid emasmi?

Ozodlikning bu savoliga jurnalistning javobi bunday bo‘ldi: “Aynan shuning uchun ham unga O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidentligini emas, vitse-prezidentlikni berishyapti. Ikkinchi odam. Qolaversa, Olimpiada yoki jahon birinchiligi musobaqalarida professional boks emas, havaskor boks federatsiyasidan sportchilar qatnashadi”.

AQSh "qora ro‘yxati"dagi "qora G‘ofur"

Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga 2012-yilda "Yevroosiëdagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.

AQSh Moliya vazirligi qora ro‘yxati
AQSh Moliya vazirligi qora ro‘yxati

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘ofur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi saytida.

U postsovet kriminal doiralarida “Graf”, “Qora G‘ofur” laqablari bilan tanilgan

Rahimov bir muddat O‘zbekistonda ham xalqaro qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lgan.

G‘ofur Rahimovning qidiruvga berilgani to‘g‘risidagi hujjat
G‘ofur Rahimovning qidiruvga berilgani to‘g‘risidagi hujjat

2010-yilda O‘zbekistonni tark etganidan keyin, G‘ofur Rahimov va uning turmush o‘rtog‘i deya iddao qilinayotgan Lola Rahimova O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida paydo bo‘ldi.

IIV saytida ular tovlamachilik, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanib, qidirilayotgani ma’lum qilingandi.

2018-yil iyul oyida Ozodlik G‘ofur Rahimovga nisbatan qidiruv to‘xtatilgani va uning O‘zbekistonga qaytishiga huquqiy izn berilgani haqda xabar qildi.

Shu yilning yanvar oyida G‘ofur Rahimovning O‘zbekistonga qaytib kelgani haqidagi xabarlar o‘rtaga chiqdi.

"Eltuz" nashri o‘shanda O‘zbekiston havaskor va professional boks federatsiyalari birlashtirilib, unga G‘ofur Rahimovni rais qilish masalasi ko‘rilayotgani, lekin bu g‘oya O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi qarshiligiga uchragani haqida yozgandi.

Bu xabarni O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi Telegram sahifasida rad qilib chiqqandi.

Uch oy o‘tib esa Rahimovning O‘zbekiston professional boks federatsiyasiga vitse-prezident etib saylangani ma’lum bo‘ldi.

Boks o‘zbekistonliklar xalqaro musobaqalarda eng ko‘p medal oladigan ikkita yozgi sport turining bittasi.

O‘tgan yili O‘zbekiston Tokio Olimpiadasining jami 5 ta - 3 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shu medallarning uchtasini bokschilar qozondi. 2016-yilgi Riodagi Yozgi olimpiada o‘yinlarida esa O‘zbekiston qozongan jami 13ta medalning aksarini bokschilar qo‘lga kiritishgandi.

XS
SM
MD
LG