Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:33

Rubl ko‘tarildi. O‘zbekistonlik migrantlarni oldinda nima kutmoqda?


Migratsiya mutaxassislari G‘arb sanksiyalari bois Rossiyada avj olayotgan ishsizlik va rubl qadrining tushishi migrantlarni boshqa o‘lkalarga ko‘chish yoki vatanlariga qaytishga undashini taxmin qilmoqda.

Biroq oxirgi haftada Rossiya hukumati kiritgan moliyaviy cheklovlar tufayli dollar va yevroga bo‘lgan talab keskin tushdi va rubl biroz barqarorlashdi. Ammo tahlilchilar uzoq muddatda vaziyatning yomonlashishini bashorat qilmoqda.

Rublga ishonayotgan migrantlar

Chiroqchilik 28 yashar Samandar Egamberdiyevning asli kasbi san’atshunos.

U O‘zbekistonda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlagan, ammo maosh kamligi uni ish izlab Rossiyaga yo‘l olishga majbur qilgan. Rossiyada ekan, rejissyorlik kurslarida ham o‘qishni ko‘ngliga tukkan Samandar uchun mehnat muhojirligi uzoq davom etmadi.

Ukrainadagi urushning ilk haftalarida Rossiya rublining keskin qadrsizlanishi ortidan u vataniga qaytdi.

- Men oxirgi 3-4 oy Rossiyaning Sochi shahrida dekoratsiyalar qildim, buyurtmaga film oldim. Keyin qurilishda ishladim. Ming dollarlik oyligim yarmiga tushib ketdi. Patent to‘lash, yeb-ichish, yo‘lkira... Va urush sababli qaytib keldim. Atrofdagilarim aksari urushga salbiy munosabatda edi. Lekin ba’zilari rublga ishonib, ishlashni davom etyapti. Lekin men bilgan 60-70 foiz migrant vatandoshlarimiz qaytish istagida. Tasavvur qiling, siz ishlayapsizu, ishlagan oyligingiz yarmiga tushib qolyapti urush boshlanganidan keyin. Migrantlarning asosiy maqsadi pul topish, pul yarmiga tushganidan keyin hamma norozi bo‘ladi-da! Men u yerda kinomaktabda o‘qimoqchi edim, qaytish niyatim yo‘q edi. Lekin bunaqa Rossiyadek fashist mamlakatda o‘qishni istamayman men! Rossiya orzular mamlakati emas biz uchun.

Migratsiya eksperti: "Inqiroz hali oldinda"

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2022-yilning 1-choragida 133 ming migrant Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgani to‘g‘risida xabar berdi. Rasmiy xabarda aytilishicha, birgina mart oyining o‘zida Rossiyadan 50 ming migrant O‘zbekistonga qaytgan.

Tojikiston Mehnat vazirligi ham 2022-yilning birinchi uch oyida mamlakatga 60 ming ishchi qaytgani va bu o‘tgan yilga nisbatan 2,6 barobarga ko‘p ekanini xabar berdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, 40 foiz fuqaro ishsizlik va valyuta kursining beqarorligi sabab O‘zbekistonga qaytmoqchiligini ma’lum qilgan.

Biroq oxirgi bir haftada Rossiya hukumati kiritgan moliyaviy cheklovlar tufayli dollar va yevroga bo‘lgan talab keskin tushib ketdi. Natijada bir dollari 120 ga yetgan rubl oxirgi paytlarda yana barqarorlasha boshladi.

“Migrant.mobi” portali asoschisi, migratsiya eksperti Botirjon Shermuhammad rublning barqarorlashishi qaytayotgan muhojirlar sonini keskin kamaytirdi, deydi.

Biroq u Rossiyadagi inqiroz vaziyati hali to‘la namoyon bo‘lmagan, iqtisodiy tarang holat biroz keyinroq yuzaga kelishi mumkin, degan fikrda.

B.Shermuhammad
B.Shermuhammad

- Bunday holatning yuzaga kelishiga asos bor edi. Birinchidan, rubl qadrining tushib ketgani va Rossiyada ishlashning muhojirlar uchun qizig‘i qolmagani. Ikkinchisi, fevral oyi oxirlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘zining telegram kanalida migrantlar orasida so‘rov o‘tkazdi. U yerda qatnashganlarning deyarli 40 foizi Rossiyadan qaytish niyati borligini bildirgan. 15 foizi ishsiz qolgani uchun, 25 foizi esa rubl kursining keskin tushib ketgan sababli qaytish niyatini bildirgan. 40 foiz juda katta son bo‘ladi, deyilgan. Hukumat ham shunga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Hatto prezident o‘sha selektor yig‘ilishida qo‘shimcha 100 ming ishchi o‘rinlarini yaratishga buyruq berdi. Hozirgi kunda qancha odam kelganini o‘lchab beradigan tizim yo‘qligi uchun sonini aytish qiyin. Faqat o‘sha chegaradan o‘tganlarni hisobini olish mumkin. Ulardan qachasi mehnat muhojiri, qanchasi o‘z ishi bilan borgan – aytish qiyin.

Migratsiya eksperti rublning oxirgi haftada mustahkamlanishi qaytayotgan muhojirlarni shashtidan qaytargan bo‘lishi mumkin, degan fikr bildirdi:

- Yil boshidan beri 133 mingdan ziyod muhojir Rossiyadan qaytganligi aytildi. Lekin biz bilganlar orasida jiddiy qaytish haqida gap yo‘q – odamlar tarmoqlarda ishchiz-pulsiz qolganlar qaytish niyatini bildiryapti. Lekin oxirgi kunlarda rubl kursining mustahkamlanishi Rossiyadagi muhojirlarning ishlashga qiziqishini oshirdi. Shu sababli kimdir qaytish niyatidan qaytgan bo‘lishi mumkin. Qisqa vaqt o‘tdi, bu vaqt ichida jiddiy va keskin qaror qabul qilishga yetarli bo‘lmasligi mumkin. Boshqa tomondan ko‘plab savdo markazlari G‘arbdan kelgan kompaniyalar ketgani bois yopilib ketyapti, bu bevosita mehnat migrantlariga ta’sir qiladi. Chunki ularning ko‘pi «Ashan» yoki shu kabi savdo markazlarida ishlaydi. Biror bir qurilish kompaniyasining 2-3 obyekti bo‘lsa, tugallanishi yaqin bo‘lgan qurilish obyektlariga barcha kuchlarini shunga tashlamoqda. Ya’ni yangi obyektlarga investitsiya yo‘q! Yaqin kelajakda ko‘plab sohalarda ishlarning kamayishi, ko‘pchilikning ishsiz qolishi kutilyapti.

Rossiya migrantlarni to‘xtatishga urinmoqda

Rossiya hukumati mehnat migrantlarining ommaviy ketishi mavjud ishlab chiqarish sohalari kollapsini yuzaga keltirishi mumkinligini anglagan holda, javob choralarini ko‘rishni boshlagan.

Muhojirlarning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olish uchun Rossiya ishchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi usullarini topmoqda. Xususan, Sankt-Peterburg aholisining mehnat va bandlik qo‘mitasi raisi Dmitriy Cherneykoning aytishicha, Rossiyaning shimoliy poytaxtida birinchi marta kelgan migrantlar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari 30 dan 14 kungacha qisqartirildi. Qayta kelganlar uchun esa bu muddat hatto 5-7 kungacha qisqartirilgani aytildi.

Bundan tashqari, Rossiyada chet el vatandoshlari barmoq izlarini qayd etish, suratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish talablari kengaytirilgan edi. Biroq, 1- martdan boshlab koronavirus analizlarini topshirish talabi zaruriy hujjatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Shuningdek, Rossiya O‘zbekistonga rublda pul o‘tkazmalarini yuborishi mumkinligi e’lon qilindi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek muhojirlari Rossiyaning turli mintaqalarida maosh bermaslik yoki oylikni kechiktirish holatlari ortayotgani to‘g‘risida xabar qilishmoqda. Ruslarning ayrim markaziy nashrlari “o‘zbek-tojik gastarbayterlari” o‘rniga Ukrainadan kelgan “slavyan”larni ishga yollashga chaqiriqlar paydo bo‘lganiga e’tibor qaratmoqda.

Yuz minglab markaziy osiyolik migrantlar sanksiyalar ostidagi Rossiyani tark etarkan, Putin hukumati Ukrainaning bo‘lginchi LXR, DXR hududlaridan bo‘lgan aholiga patentsiz ishlashga ruxsat berdi.

Ishsizlar sonining Rossiya mehnat bozorida ko‘payishi muhojirlar o‘rtasida ish joyi uchun kurashlarni ham avj oldirgani aytilmoqda.

Aprel boshida Moskvada mehnat muhojirlari o‘rtasida sodir etilgan mushtlashuvda ishtirok etganlikda gumonlangan 41 tojikistonlik va 85 o‘zbekistonlik hibsga olindi. Ularning 20 nafariga nisbatan deportatsiya qilish chorasi qo‘llanishi kutilmoqda. Bu haqda 6-aprel kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasman ma’lum qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Moskvadagi “Serdse stolitsi” turar joy majmuasi qurilishi hududida migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir etilgani va voqea joyiga yetib kelgan politsiya 125 kishini qo‘lga olgani xabar qilingandi.

Migrantlarning qaytishi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonda mehnat bozorida ham jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi tabiiy.

A.Tashanov
A.Tashanov

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov ham hozircha O‘zbekiston ichkarisida muhojirlarning ommaviy qaytishi kuzatilmayotganini aytadi:

- Agar o‘zbek muhojirlari ommaviy tarzda qaytadigan bo‘lsa, albatta, ishsizlik ko‘lami kattarishi mumkin. OAVda hozircha muhojirlarni qabul qilish uchun biror rejalar haqida gapirilganini ko‘rganimiz yo‘q. Har holda, o‘sha ehtimoliy vaziyatga O‘zbekiston hukumati tayyorlanayotgan bo‘lsa kerak, degan umiddamiz. O‘tgan kuni men endi ochilgan Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasiga borib, qayta Rossiyaga ketayotganlar soni ko‘p ekaniga guvoh bo‘ldim. Rossiyadan ommaviy qaytishlar hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

O‘zbekiston migrantlarni qabul qilishga tayyormi?

Rossiya Migrantlar federatsiyasi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra bugunda mamlakatda 8-9 million mehnat muhojiri bor. Ularning asosiy qismini o‘zbekistonlik ishchilar tashkil etadi. Tashqi migratsiyadan O‘zbekiston iqtisodiga kelayotgan pullar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 12 foizini tashkil qiladi. Oldinroq O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov urush boshlangani va Rossiyaga sanksiyalar joriy etilishi, rublning qadrsizlanishi va kelajak mavhumligi mamlakatga bo‘lgan pul oqimini keskin kamaytirganini e’tirof qilgan edi.

O‘n minglab mehnat muhojirlari vatanga qaytarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga ular uchun qurilishlarda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Nima uchun aynan qurilish, nega zavod yoki fabrika emas, degan savol ochiq qolmoqda. Hokimlar nazoratidagi va Rossiyadagiga nisbatan bir necha barobar kam haq to‘lanadigan bu qurilishlarda migrantlar ishlashni qanchalik xohlashi ham savol ostida.

Ammo gap faqat pul oqimi haqida emas.

A.Ilhomov
A.Ilhomov

Londonda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston hukumatida muhojirlar oqimini qabul qilishga hozirlik bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi

- Konvertatsiya qilinmaydigan valyutaga aylanib borayotgan rubl atrofidagi mavhum holat muhojirlarning ham xavotirlarini oshirmoqda. Bozorda rubl biroz barqarorlashdi, ammo bu sun’iy choralar evaziga. Valyuta sotib olish keskin cheklandi va muhojir oldida pulni qaysi valyutada olib chiqish muammmosi yuzaga keldi. Bu holat O‘zbekistonning o‘zida ham yangi vaziyatni yuzaga keltirmoqdaki, bu mamlakatda ijtimoiy tanglikni yuzaga keltirishi mumkin. Ko‘p sonli ishsizlar yoki qisman bandlar davlatda norozilik kayfiyatini oshirishi mumkin. Bunday holatdan, odatdagidek radikal dindorlar foydalanishi xavfi bor. Shu bois O‘zbekiston hukumati oldida keragidan ortiqcha ishchi kuchini hazm qila oladigan iqtisodiyotni o‘stirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi turibdi.

Mirziyoyev hukumati hozirga qadar Rossiyadan qaytayotgan migrantlarni ish bilan ta’minlash borasida biron ma’nili rejani e’lon qilgan emas.

O‘tgan yillarda hukumat mamlakatning o‘zida yangi ish o‘rinlari yaratishdan ko‘ra ko‘proq Rossiyaga mehnat muhojirlarini yuborishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanib kelgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shu kecha-kunduzda ham kuniga bir necha yuz o‘zbek migranti Rossiyaga ishlash uchun yuborilayotgani haqida hisobot bermoqda.

Ammo bu migrantlar Rossiyada ishlarini yo‘qotganlari taqdirda uyga o‘z yo‘llari bilan qaytishlariga to‘g‘ri keladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG