Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:51

Mirziyoyev tashabbusi. Hokimlardan keyin Buxoroda muhtoj oilalarga biznes uchun konteyner yasab beriladi


Buxoroda kambag‘allar uchun yasalayotgan konteyner uylar - 3 - mart, 2021
Buxoroda kambag‘allar uchun yasalayotgan konteyner uylar - 3 - mart, 2021

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat va tuman hokimlariga ko‘chmas mulk narxining har bir kvadrat metri uchun narxni 4 million so‘mdan oshirmaslik haqida topshiriq berdi.

3 - mart kungi selektor yig‘ilishida prezident aholining turar-joy va ko‘chmas mulk narxlarining qimmatligidan noroziligini ta’kidladi.

O‘sha kuniyoq Buxoro viloyati hokimligi, “Temir daftar”ga kiritilgan nochor oilalar uchun 1000 dona biznes uchun konteynerlar yasab, imtiyozli kredit asosida tarqatilishini ma’lum qildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, bu taklif Buxoro safari paytida prezidentning o‘zidan chiqqan.

Hokimlik bergan ma’lumotga ko‘ra, Bojxona xizmati yordami bilan respublika bo‘ylab 1000 dona yuk konteynerlari yig‘iladi va viloyatdagi “Buxoro ta’mirlash mexnanika” zavodida tayyor bino holiga keltiriladi.

Mexanika zavodidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 1 - martida viloyat hokimligi bilan erishilgan shartnoma asosida dastlabki konteynerlar tayyorlanib, topishirilgan.

Hokimlik va zavod ma’muriyati bu uylar kambag‘al oilalarga “imtiyozli kredit” asosida 24 million so‘mga taklif qilinishini bildirgan. Shunaqa konteynerlardan mobil uy va ofis yasab sotayotgan xususiy tadbirkorlarga ko‘ra, bularning bozor narxi 3 ming AQSh dollari atrofida.



Mexanika zavodi Xitoy konteyneridan bino yasaydi

Buxoro viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysiga ko‘ra, kambag‘al aholiga biznes uchun konteyner qurilmalar yasab berish taklifi prezident Shavkat Mirziyoyevga oid.

“Prezidentimiz viloyatga kelganlarida, shunaqa taklif bilan chiqdilar, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga shunaqa arzon, mobil qurilmalar yasash taklifi. “Remont mexanika zavodi” bor bizda, bilasiz, shu zavod obshivka qilib, eshik-rom o‘rnatib, tayyor qilib beryapti. Hokimiyat “Temir daftar” bo‘yicha tarqatadi, hali tarqatish boshlangani yo‘q. Tezda boshlanadi”, - dedi hokimiyat vakili.

Buxoro viloyatining “Buxoro ta’mirlash mexnanika” zavodi marketing bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hokimiyat buyurtmasi asosidagi shartnoma shu yilning 1 - mart kuni imzolangan va 1000 dona mobil qurilmani yetkazib berishga kelishilgan.

Buxoroda kambag‘allar uchun yasalayotgan konteyner uylar, 3 - mart, 2021
Buxoroda kambag‘allar uchun yasalayotgan konteyner uylar, 3 - mart, 2021

“Konteynerlarni hokimiyat yetkazib beradi, uning devorlariga ichki-tashqi qoplama va isituvchi qoplamalarni qo‘yamiz. Eshik-rom qo‘yamiz, konditsioner o‘rnatamiz va qulfi bilan hokimiyatga yetkazib beramiz, narxi va tarqatilishi hammasi hokimiyat zimmasida bo‘ladi”, -dedi zavod ma’muriyati vakili.

Zavod ma’muriyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, metal konteynerni kichik ofisga aylantirish uchun zarur buyumlar, jumladan, konditsioner va eshik-romlar ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oid bo‘lishiga kelishilgan.

“Eshik va romlar metaldan bo‘ladi, oynagi Akfa, konditsioneri ham o‘zimizniki bo‘ladi”, - dedi zavod ma’muriyati Marketing bo‘limi vakili.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ular tashqi ko‘rinishidan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovnikiga o‘xshash bo‘ladi - uzunligi 12 metr, eni 2 yarim metr, balandigi 2 yarim metr. Ula xizmat ko‘rsatish sohasi - sartaroshxona, ustaxona, kichik savdo do‘koni va boshqa maqsadlar uchun mo‘ljallangan.

Mexanika zavodi rasmiysidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bular O‘zbekistonga Xitoydan keltirilayotgan konteynerlardir:

“Hokimiyat bu konteynerlarni Bojxona orqali yig‘ib, bizga yetkazib beradi. Xitoydan yuk olib kelingan konteynerlar bular”.

Нақшинкор дарвозали контейнер: Наманганда ҳокимлар учун контейнер уйлар қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:50 0:00

Xususiy biznes metall uyni 3 ming dollarga sotyapti

Xuddi shunaqa konteynerlardan mobil uy tayyorlab, bozorga chiqarayotgan xususiy shirkatlardan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, mexanika zavodi hozirlab berayotgan hajmdagi - santexnika va oshxona bilan jihozlanmagan metall uy va ofislar narxi taqriban 3 ming AQSh dollari atrofida.

Shirkati va o‘z nomi oshkor qilinishini istamagan toshkentlik tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda metall konteynerlar ishlab chiqarilmaydi va ular asosan, Xitoydan keltirilgan konteynerlardan foydalanadi:

12 metrlik konteyner uyning ichki ko‘rinishi.
12 metrlik konteyner uyning ichki ko‘rinishi.

“Konteyner faqat Xitoyniki. 6 va 12 metrlik ikki xil konteyner keladi. Biz yuk olib kelamiz va konteynerlarni uy qilib, sotamiz. 2 yilcha bo‘ldi boshlaganimizga. 12 metrlik konteyner uy, jihozlarsiz 3 ming AQSh dollariga tushadi. Mijozlar istasa, jihozlab ham beramiz. Talab yildan yilga o‘syapti”.

Bu tadbirkorning aytishicha, mamlakatga kirib kelayotgan barcha yuk konteynerlari Bojxona tomonidan maxsus qayddan o‘tkaziladi. Ozodlik konteynerlar qaydi va soniga oid savollar bilan davlat Bojxona xizmatiga murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

Toshkentlik tadbirkor pandemiya boshlanganidan beri Xitoydan keladigan konteynerlar soni keskin kamaygani va Xitoydagi biznes hamkorlar ham ularni qaytarishni so‘ray boshlaganini aytdi:

12 metrlik konteyner uyning ichki ko‘rinishi.
12 metrlik konteyner uyning ichki ko‘rinishi.

“Pandemiya birinchidan. Ikkinchidan, Xitoyda ham metal tanqisligi kuzatilyapti. Bundan tashqari, oldin bu biznes bilan hech kim qiziqmayotgan edi. Hozir endi potensialni ko‘rishdi, davlat ham qiziqishni boshladi, prezidentni o‘zi gapiribdi, deb o‘qidim. Konteyner endi yana tanqislashadi, yana qimmatalashadi bu ketishda”, - dedi mobil uy yasab sotish biznesini yo‘lga qo‘ya boshlagan kichik tadbirkor.

Yukchilar Xitoy konteyneri narxini oshiryapti

Xitoydan mol keltirib sotadigan yana bir tadbirkorga ko‘ra, konteynerlarga qiziqish va talab mamlakatda har doim bo‘lgan.

Ammo so‘nggi 2 yilda mobil uy va ofis yasab sotish biznesi boshlanishi bilan talab ortgan:

“Xitoydan tovar olib kelinadi konteynerda. Shu bilan boshqa ishlatilmaydi. Yangi tovar yana boshqa yangi konteynerda kelaveradi. Kelgan konteyner Xitoyga qaytarib yuborilmaydi, nevigodno bo‘ladi. O‘zbekistonga kirib kelgan konteyner yo shunaqa sklad, ofis maqsadlarida ishlatiladi yoki metallchilarga sotiladi. Metallchilar konteynerni maydalab, listga aylantirib sotishadi. Undan keyin boshqa narsalar yasaladi, pichoq, pechka va hokazo. Konteyner listi qalin, baquvvat bo‘lgani uchun, bozorgir hisoblanadi”.

Tadbirkorning aytishicha, konteynerlar narxi so‘nggi ikki yil ichida sun’iy ravishda osha boshlagan. Aytishicha, avvallari 500 AQSh dollariga narxlangan metall konstruksiyaning o‘zi hozir 1200 AQSh dollariga ko‘tarilgan.

“Avval ancha arzon edi bo‘sh konteyner narxi. $500 ga topilardi. Keyin uni materialidan narsalar yasash boshlanib, narxi qimmatladi. Hozir konteyner narxlari 1200-1300 dollargacha chiqqan”, - deydi tadbirkor.

Konteynerning bozori chaqqonlashdi

Ozodlik gaplashgan toshkentlik konteynerchi ustalarning aytishicha, keyingi paytlarda konteynerlardan qilingan mobil uy, kichik ofis yoki do‘konlarga ehtiyoj tobora ortmoqda, shu bois bunaqa uychalarning narxi oshib borayotir.

Internet tarmoqlarida esa, bu kabi mobil uylarning bozori chaqqonlashganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston va dunyoda ommalashgan OLX onlayn oldi-sotdi do‘konida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan joylangan o‘nlab e’lonlar bor. Metall mobil uylar narxi 1200 AQSh dollaridan 5 minggacha.

Feysbuk va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida esa, konteyner uy va kichik o‘lchamdagi mobil ofislarni sotayotgan MobileHomeUz sahifasi ko‘zga tashlanadi.

Xususan, Feysbuk tarmog‘idagi e’londa, bu sahifaning LDM Service shirkatiga tegishli ekani va jumladan, shirkat ishlagan metall ofis Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga, kichikkina qahvaxona esa, Toshkent ko‘chalaridan biriga o‘rnatilgani tilga olingan.

Internet tarmoqlarida ushbu shirkatga tegishli mobil uy, deb qo‘yilgan konteynerlarda Akfa shirkati chiqargan eshik-rom va mahalliy ishlab chiqaruvchiga tegishli santexnik jihozlarni ko‘rish mumkin.

Konteyneromaniyani prezident Mirziyoyev boshlab bergan

Ozodlik 1 - mart kuni Olot tumaniga borgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov “Davlatboy” mahallasidagi vagonga joylashgani, Namanganning “Bunyodkor” mahallasida esa, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga atab konteyner uy qurilgani haqida xabar qilgan edi.

Bu uylar prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona va Namangan viloyatlariga o‘tgan 2 oy ichida qilgan safarlari paytida, kutilmaganda nochor mahallalarni oralay boshlagani ortidan paydo bo‘ldi.

Namangan viloyatining "Bunyodkor" mahallasida bo‘lgan prezident yillar davomida elektr, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan qishloqdagi ahvol uchun viloyat rasmiylariga tanbeh berdi.

Shundan so‘ng Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga atab nochor mahalla markazida konteyner uy qurildi. O‘sha kezda bu viloyat hokimining tashabbusi sifatida taqdim qilingandi.

Ammo 3 - martga kelib, Buxoro viloyati hokimligi tarqatgan rasmiy bayonotda aytilishicha, bu tashabbusning asl egasi prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘lib chiqdi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda temir daftarga kirgan shaxslarni ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularni maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb qilish maqsadida bo‘shagan yuk konteynerlaridan samarali foydalanib, zamonaviy ko‘rinishda jihozlagan holda, aholi punktlarida o‘rnatish choralarini ko‘rish topshirig‘i berilgandi", - deyiladi rasmiy bayonotda.

XS
SM
MD
LG