Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:22

Politsiyaga aylanolmagan o‘zbek militsiyasi - Mirziyoyev ichki ishlar xodimlarini tabrikladi


Joriy yilning dastlabki 5 oyida o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan O‘zbekistonda jinoyatlar soni qariyb 42 foizga ortgan. Ayni paytda ichki ishlar xodimlari ustidan shikoyatlar ham sezilarli darajada ko‘paygan. Biroq bu holat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 25 - oktabrda kasb bayramini nishonlagan ichki ishlar organlari xodimlariga tabrigida o‘z aksini topmadi.

Mamlakat prezidenti tizim xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularga “fidokorona mehnati, o‘z xizmat burchi, Vatan va xalqqa sadoqati uchun chuqur minnatdorchilik” bildirdi.

Prezident tabrigini Ozodlik inson huquqlari himoyachisi va O‘zbekiston prokuraturasining sobiq mulozimi bilan birga o‘qidi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida “ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida katta ishlar olib borilayotganini” aytgan. Biroq shu paytgacha bu organlar kimning manfaatiga xizmat qilib kelgani ochiqlanmagan.

O‘zbekiston prokuraturasi sobiq mulozimi (anonim qolishni istadi) Prezident ochiqlamagan jihatga to‘xtalib, bunday dedi:

“Ichki ishlar tizimi 29 yilda faqat Prezident, hukumat va hokimlarning buyruqlarini so‘zsiz bajarish organiga aylantirildi. Xalqning militsiyaga yoki endilikda “ichki ishlar xodimlari” deb atalayotganlarga nisbatan qalb tubida nafrat yig‘ildi”.

IIV tizimida qancha xodim ishlaydi?

Prezidentning xabar qilishicha, “markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, quyi tizimlarga tushirilgan”. Bu degani IIV markaziy apparati shaxsiy tarkibi 85 foizga yangilandimi yo bu xodimlar ish o‘rni vakant turibdimi – ochiqlanmagan. 85 foiz necha kishi degani? Umuman, tizimda hammasi bo‘lib qancha xodim xizmat qilishi ham aytilmagan.

O‘zbekiston prokuraturasi sobiq mulozimiga ko‘ra, 2016 - yilgacha ichki ishlar tizimida 120 ming xodim ishlagan. Prezident 2018-2019 - yillarda O‘t o‘chirish xizmatidagi 15000 xodimni FF vazirligiga, 25000 xodimni qo‘riqlash xizmatidan Milliy gvardiyaga olib bergan. Hozirda II vazirligining taxminan 80 ming xodimi bor. Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Jinoyatchilik ko‘lami

Prezidentga ko‘ra, “Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, murojaatlarni tunu kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va o‘z vaqtida hal etish maqsadida 200 taga yaqin ichki ishlar bo‘limi va bo‘linmalari faoliyati to‘liq yangitdan tashkil etilgan”. Biroq Prezident tabrigida jinoyatchilik ko‘lami to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.

«Yuksalish» umummilliy harakatining xabar qilishicha, 2020 yilning dastlabki 5 oyida 17 271 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 5 100 taga (41,9 foizga) ko‘pdir. Bezorilik holatlari soni 2,5 martaga, firibgarlik, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar 2 barobarga oshgan. Bosqinchilik va o‘g‘rilik jinoyatlari ham ko‘paygan.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, o‘tgan yildan buyon ichki ishlar xodimlarining o‘zlari ham qonunni ko‘proq buzayotgani jamiyatga kelayotgan shikoyatlardan ko‘rinib turibdi:

Masalan, o‘tgan yilning shu davrida bevosita ichki ishlar organlari faoliyatidan norozi 1998 nafar fuqaro jamiyatimizga arizalar, telefon qo‘ng‘iroqlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgan. Bu yilgi bu ko‘rsatkichlar miqdori 2321 tani tashkil qilmoqda. Ko‘rsatkichlarning kattagina qismi ichki ishlar organining jinoyat qidiruv bo‘limlari, tergov organlari va yo‘l harakati xizmati faoliyati bilan bog‘liqdir. Qiynoqlar, noqonuniy hibsga olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq holatlar soni biroz ortgan”.

IIB xodimlariga g‘amxo‘rlik

Prezident o‘z tabrigida “sohada shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor berilayotganiga” batafsil to‘xtalgan:

so‘nggi 4 yilda 241 ta xizmat uylari qurildi;

2018-2020 - yillarda imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkentda 392 ta, viloyatlarda esa 2 mingga yaqin kvartira ajratildi;

profilaktika inspektorlariga 6 787 ta xizmat uylari qurib berildi, 7 388 ta shaxsiy avtomashina uchun imtiyozli kreditlar ajratildi;

O‘zbekiston prokuraturasi sobiq mulozimining fikricha, imtiyozlarni berar ekan, davlat aholining boshqa qatlamlari kayfiyatini nazardan qochirmasligi kerak. ”Militsiya xodimlarining farzandlariga o‘qishga kirish imtiyozlari berilishi, ko‘pchilikning noroziligiga olib keldi”, dedi u.

Prokuratura sobiq mulozimi ichki ishlar xodimlari sonini ko‘paytirish emas, balki sifatini yaxshilash kerak, deb hisoblaydi.

“Prezident o‘z tabrigida qonuniy harakat qilinglar deyish o‘rniga, afsuski, sizlar xalqning og‘irini yengil qiluvchi tizim vakillarisiz, dedi. Militsiya xodimlari sonini ko‘paytirish emas, sifatini yaxshilash kerak. Bilimini, aql-zakovotini yangilash kerak. Bu tizimga kirgan xodimning ko‘pchiligi qanday pul topsam ekan, qabilida ishga kiradi”.

19 yildan buyon oqlanishni talab qilayotgan sobiq DAN xodimi

Prezident soha faxriylarini ham ularning kasb bayrami bilan tabrikladi. 26 - oktabrda Ozodlik boshqa bir sabab bilan o‘shanday faxriylardan biri, sobiq ichki ishlar xodimi bilan muloqot qildi. 66 yashar Farhod (Parhat) Ahmedovning aytishicha, u Davlat avtomobil nazorati xizmati tizimida 17 yildan ko‘proq ishlagan va 1995 - yil noyabrida qamalgan.

O‘z vaqtida o‘rta bo‘g‘in komandiri bo‘lgan Ahmedov 12 yilga qamalib, 5 yilu 2 oy jazo o‘tagan va 2001 - yil fevralida ozodlikka chiqqan. O‘shandan beri – 19 yildan beri - Farhod Ahmedovning aytishicha, u nohaq qamalganini isbotlashga urinmoqda.

O‘zbekistonda adolat izlayotganlar orasida adolat yoki huquq posbonlarining uchrashi nodir holat emas.

Militsiya yoki ichki ishlar xodimlari o‘zlariga nisbatan mehnat qonunlarining buzilishi yo-da nafaqalarning to‘lanmasligidan Ozodlikka shikoyat qilgan holatlar o‘tmishda ko‘p bo‘lgan.

Politsiyaga aylanolmagan o‘zbek militsiyasi

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach xavfsizlik xizmatlari va IIV tuzilmaviy islohotlarga yuz tutdi.

Qanchalik samarali bo‘lgani savol ostiga olinadigan ayni islohotlar natijasida Milliy xavfsizlik xizmati nomi Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘zgartirildi.

Ammo ko‘pgina sobiq sovet davlatlarida kuzatilgan "militsiya"ning "politsiya"ga aylanish jarayoni O‘zbekistonda yuz bermadi.

Militsiya so‘zi, shunchaki, rasmiy muomaladan yo‘qolib qoldi.

Jamoatchilikda paydo bo‘lgan O‘zbekistonda militsiya bormi, yo‘qmi, degan savolga 2017 - yil mayida o‘sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov rasmiy izoh berishga majbur bo‘lgan edi.

Xalqaro press klubdagi matbuot anjumanida Azizov “militsiya so‘zi muomaladan olingani, buning o‘rniga ichki ishlar idorasi deb atalayotgani” ni ma’lum qilgan.

Ammo vazirning izohidan keyin ham "ichki ishlar idorasi" yoki prezident o‘z tabrigida qo‘llagan "ichki ishlar organlari" (IIO) va "ichki ishlar tizimi" (IIT)ni qisqartma ot shaklida ishlatish rasmiy udumga kirganicha yo‘q.

Kasb bayramini nishonlayotgan ichki ishlar tizimi xodimlari joriy yilning o‘zida ikki nafar fuqaroning qiynab o‘ldirilishi bilan bog‘liq hodisa markazida bo‘lgan.

Xodimlar ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida huquq buzilishlari bilan bog‘liq deyarli har kuni sodir bo‘ladigan mojarolar, fuqarolar bilan yuz beradigan ziddiyatlarning ham markazida.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, o‘tmishda inson huquqlarini poymol etish, jumladan, qiynoqlar bilan nom chiqargan O‘zbekiston ichki ishlar tizimidagi "rebrending" jarayoni ham, xuddi tizimdagi islohotlar singari, chala qolgan.

"MDXga a’zo mamlakatlar ichki ishlar vazirliklarining idoralararo hamkorlikni rivojlantirishga oid shartnomasi mavjud. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari har taraflama takomillashtirilishi, dunyo standartlariga moslashtirilishi lozim. Dunyoda esa, “militsiya” so‘zi deyarli ishlatilmaydi. Bu so‘zning o‘rniga olinishi mumkin bo‘lgan “politsiya” so‘zi esa, aytishlaricha, tepadagilarga yoqmagan. Natijada, hech bir davlatda yo‘q qisqa, lo‘nda nomsiz qolib o‘tiribdi ichki ishlar tizimi...”

XS
SM
MD
LG