Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:53

Tramp va Bayden saylovchilar oldida, bir paytda turli telekanallarda


Prezident Donald Tramp va demokratlar nomzodi Jo Bayden Ohayodagi saylovoldi debatlari chog‘ida, 29 -sentabr, 2020
Prezident Donald Tramp va demokratlar nomzodi Jo Bayden Ohayodagi saylovoldi debatlari chog‘ida, 29 -sentabr, 2020

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden va Oq uyga qayta saylanish umididagi respublikachi Donald Tramp 15 - oktabr kuni oqshom bir paytda turli telekanallarda saylovchilar bilan muloqot qildi. Bayden Trampni koronavirusga qarshi kurashmaganlikda aybladi. Tramp esa pandemiyaga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rganini da’vo qildi.

3 - noyabr, saylov kunigacha, Amerikada koronavirusni yuqtirganlar 9 millionga yetishi mumkin. Kasallikdan o‘lganlar hozir 220 mingga yaqinlashmoqda.

Lekin Oq uy tuzalganlar soniga e’tibor qaratmoqda. Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, virusga chalinganlarning aksariyati sog‘aymoqda, iqtisod astalik bilan izga tushmoqda, ish o‘rinlari ochilmoqda va mamlakat barcha qiyinchiliklarga qaramay oldinga siljimoqda.

Aslida 15 - oktabrda Bayden va Tramp yuzma-yuz debatga kelishi kerak edi. Lekin prezident ham virusni yaqinda yuqtirgani uchun bahs bekor qilindi. Tramp hozirda butkul sog‘ayganini aytadi. Shifokorining ham aytishicha, jamoatchilik bilan uchrashish xavfli emas.

Saylovchilar allaqachon ovoz bera boshlagan. Hozirgacha Amerika bo‘ylab 18 milliondan ortiq fuqaro prezidentlikka kimni istashini bildirib bo‘lgan. Pandemiya sabab aksariyat saylovchilar pochta orqali ovoz berishi kutilmoqda. Natija saylov kunidan keyin e’lon qilinadi.

ABC kanalidagi jonli efirda, Filadelfiya shahridagi saylovchilar oldida, Bayden deydiki, Tramp virus haqida xalqni o‘z vaqtida ogohlantirmagan, aksincha, undan haqiqatni yashirgan.

"Prezident xalq vahimaga tushadi deb bahona qilgan. Amerika xalqi vahimaga tusharmidi? Trampning o‘zi tushgan", - deydi demokrat.

NBC kanalidagi jonli efirda, Mayami shahridagi saylovchilar oldida Tramp deydiki, u - mas’uliyatli rahbar.

"Men yerto‘lada o‘tiradigan odam emasman. Odamlar bilan ko‘rishishni istayman".

Prezident infeksiya ehtimolini pisand qilmay Oq uyda katta tadbirlar o‘tkazganlikda, niqob taqishni majburiyat deb hisoblamaslikda tanqid ostida.

Tramp niqoblar borasida odamlar o‘zi qaror qilsin, deb keladi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddilar niqob virus tarqalishining oldini oladi, deya eslatib turibdi.

Prezident demokratlarga qarshi konspiratsion teoriyalar haqida savolga tutilganida, bu nazariyalarni tarqatayotgan QAnon guruhini qoralamadi. Bu harakat haqida bilmasligini aytdi.

Prezident qancha soliq to‘lagani haqidagi savolga ham aniq javob bermadi.

Amerika matbuotida chiqqan xabarlarni Tramp inkor etmadi, xususan 400 million dollarga yaqin qarzi bor va prezidentlikning birinchi yilida atigi 750 dollar daromad solig‘i to‘lagan, degan ma’lumotlarni.

Reytinglarda Bayden oldinda, lekin saylov natijasida muhim rol o‘ynovchi shtatlarda demokrat nomzod va uning respublikachi raqibi orasidagi farq salmoqli emas.

Tramp va Bayden Oliy sud, shuningdek, abort huquqi va boshqa masalalar yuzasidan ham bir-birini zaiflik va irodasizlikda ayblayapti.

Demokratlar saylov kampaniyasi uchun iyuldan sentabrgacha tarafdorlardan 1, 5 milliard dollar jamg‘argan, respublikachilar esa 623, 5 million dollar.

Nomzodlar shtatma-shtat uchrashuvlarda. Omma bilan yaqindan muloqot pandemiya davrida qanchalik xavotir uyg‘otmasin, saylovoldi tadbirlari kamaymasligi aniq.

XS
SM
MD
LG