Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:50

O‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan talabalar O‘sh oliygohlaridan hujjatlarini olish uchun haftalab navbat kutmoqda (FOTOGALEREYA)


O‘sh davlat universtiteti bosh binosi atrofi va bino ichida bir necha kundan beri talabalar navbat kutib kun o‘tkazyapti.
O‘sh davlat universtiteti bosh binosi atrofi va bino ichida bir necha kundan beri talabalar navbat kutib kun o‘tkazyapti.

O‘shdagi oliygohlarda o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirgani ortidan hujjatlarini olishga kelgan talabalardan iborat uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘ldi.

Navbatga turganlar ko‘pligidan talabalar orasida janjal va tiqilinchda bir-birini bosib ketish holatlari yuz bermoqda.

O‘zbekistonlik talabalar O‘sh oliygohlari mas’ullari hujjatlarini qaytarish ishlarini sekin bajarayotganidan shikoyat qilmoqdalar.

Shuningdek, ayrim talabalar O‘sh oliygohlari ikkinchi yarim yillik uchun kontrakt pullarini talab qilayotganidan norozilik bildirmoqda.

"Bir haftadan beri akademik spravka olish uchun sarson bo‘lib yuribman"

Pandemiya munosabati bilan mart oyida vaqtincha yopilgan o‘zbek-qirg‘iz chegarasi 2 - sentabrda ochilganidan so‘ng hujjatlarini olib ketish uchun O‘shga kelgan o‘zbekistonlik talabalar ko‘paydi.

Masalan, O‘sh davlat universtiteti bosh binosi atrofi va bino ichida bir necha kundan beri talabalar navbat kutib kun o‘tkazyapti.

O‘qishni Andijon qishloq xo‘jaligi institutiga ko‘chirganini bildirgan talaba yigitning aytishicha, u faqat akademik spravka olish uchun bir haftadan beri sarson bo‘lyapti:

- Bir haftadan beri bitta spravka olish uchun yuribmiz. “Obxodnoy”ni olgani ham 3-4 kun shu yerda yurdik. U yerda ham odam ko‘p, bitta xonada bir kishigina ishlaydi. Akademik spavka qolgan, o‘shani olsak qolganlari tez bo‘lib ketsa kerak,- dedi o‘z ismini aytishimizni istamagan andijonlik yigit.

"O‘qimagan kunlarimizga ham kontrakt to‘lash talab qilinmoqda"

O‘zini Muxlisa deb tanishtirgan o‘zbekistonlik talaba qizning aytishicha, u o‘qishni Namagan davlat universtitetiga ko‘chirgan.

Avvaliga unga NamDUda 6 oylik kontrakt pulini shu yerga to‘lashi kerakligi, uning hujjatlarini esa oliygoh o‘zi olib kelishi bildirilgan. Biroq...

- Kontrakt pulini bu yerga birinchi olti oyligini to‘lab chiqib ketganmiz, bu yerda o‘qimaganmiz. Endi hozir ikkinchi olti oylikni ham to‘la deyapti. Qolgan olti oyligini O‘zbekistonga to‘laganmiz. Ikki tomonga ham to‘lashga to‘g‘ri kelyapti. Nimaga endi O‘zbekiston shu hujjatlarni o‘z zimmasiga olmadi. Biz, o‘zbek fuqarolari Qirg‘izistonda sarson bo‘lib yuribmiz. Bu yerga kelganimga uch kun bo‘ldi. Kvartira to‘layapman, yeyishim bor. Bu yerda bizni otchisleniya qilishi kerak. Otchisleniya qilish uchun biz kontrakt to‘lashimiz kerak. Kontraktni qirg‘iz puliga 19 ming chiqarib beripti. O‘zbek puliga 3 millondan katta pul bo‘ladi, biz qayerdan to‘laymiz. O‘zbekistonga o‘tayotganimizda 50 foizini bizga to‘laysan, hujjatlaringni o‘zimiz olib kelamiz degan, hozir Qirg‘iziston ham O‘zbekiston ham bizni qiynayapti, - deydi Muxlisa.

"O‘zbekistondan o‘z vaqtida so‘rovlarimizga javob kelmadi. Shuning uchun kontrakt to‘lash talab qilimoqda"

Talabalar tilga olgan muammolar bilan O‘sh davlat universtiteti rahbariyatiga murojat qildik.

Oliygohning rivojlantirish va investitsiyalar departamenti direktori Janbo‘lo‘t Tursunbayevning aytishicha, o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish jarayonida O‘shdan faqat transkript – yarim yil o‘qigani, topshirgan imtihonlari to‘g‘risida ma’lumotnoma olib ketishgan.

Hujjatlar qaytariladigan paytda esa pandemiya boshlanib, chegaralar yopilib qolgan.

Unga ko‘ra, talabalar o‘qishini ko‘chirib ketgandan so‘ng, hujjatlarini olib ketishi kerak edi. Buning uchun O‘zbekistondagi oliygohlardan “Falonchi talaba bizga o‘qishga qabul qilingani sababli O‘sh davlat universtiteti talabalar safidan chetlatib qo‘yinglar”, degan so‘rov kelishi kerak.

Mana shu hujjat asosida o‘sha talaba o‘qishdan chetlatiladi. O‘qishdan chetlatilgan kundan boshlab ularning kontrakt to‘lovlari to‘xtaydi. Ko‘plab O‘zbekiston oliygohlaridan shunday so‘rovlar kelgan va o‘sha talabalar o‘qishdan chetlatilgan.

- Ba’zi so‘rovlar bizga kelmay qolgan. 1 - sentabr chegara ochilganidan keyin ba’zi talabalar o‘z qo‘li bilan so‘rovni olib kelishayapti. O‘sha hujjatda talabaning O‘zbekistondagi oliygohga qachon joylashgani, ya’ni oyi va kuni qayd etiladi. Biz o‘sha so‘rovdagi qayddan kelib chiqqan holda kontrakt pullarini olishni to‘xtatamiz. Masalan, talaba aprel oyida o‘qishini O‘zbekistonga o‘tkazgan bo‘lsa va bu sana so‘rovda qayd etilgan bo‘lsa, demak talabadan aprel oyidan boshlab kontrakt puli olinmaydi. Hozir 2-3 ming talaba baravariga kelib qolgani uchun O‘sh Davlat universtitetida navbatlar paydo bo‘ldi. Biroq biz ularga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar sonini ko‘paytirdik, - dedi O‘shDUning rivojlantirish va investitsiyalar departamenti direktori Janbo‘lo‘t Tursunbayev.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 6 fevral kungi buyrug‘i bilan Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘qiyotgan o‘n minglab talabaning o‘z o‘qishini imthonsiz mahalliy OTMga ko‘chirishiga ruxsat berilgandi.

O‘shandan keyin minglab talaba o‘qishini o‘z vataniga ko‘chirishni boshlagan. Jumladan, O‘sh davlat universtitetida taxsil olayotgan 3,5 ming o‘zbekistonlik talabaning aksari o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan.

XS
SM
MD
LG