Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:16

Farmatsevtlar vrachlarga dorixona ochishga ruxsat berilishidan norozi bo‘lmoqda


Farmatsevtlarning Telegram kanalida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda O‘zbekiston dorixona ko‘pligi bo‘yicha dunyo bo‘ylab yetakchi o‘rinlardan biridadir.
Farmatsevtlarning Telegram kanalida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda O‘zbekiston dorixona ko‘pligi bo‘yicha dunyo bo‘ylab yetakchi o‘rinlardan biridadir.

O‘zbekiston hukumati dorixona ochish huquqini farmatsevtlardan tashqari bundan buyon oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga ham bermoqchi.

Hukumatning bu rejasidan tashvishga tushgan farmatsevtlar joriy etilajak yangi tartibning ijtimoiy xavfidan ogohlantirmoqda.

Vaziyatni sharhlagan vrachlardan birining fikricha, yangi tartib bir tomondan chekka qishloqlarda ishlaydigan vrachlar moddiy ahvolini yaxshilaydi, aholining uzog‘ini yaqin qiladi. Boshqa vrach esa, “aptekachilar sog‘ayotgan sigirni endi oddiy do‘xtir ham sog‘ishi mumkin”, dedi.

Prezidentga murojaat

"Tibbiyot xodimlariga farmatsevtik faoliyat yuritish uchun litsenziya berilishi katta va kechirilmas xato bo‘ladi. O‘zbekiston farmatsevtikasi kelajagini qutqarib qolishda sizdan amaliy yordam kutamiz va sizga ishonamiz!"

Bu xitob prezident Mirziyoyevga qilingan murojaatdan olindi va nomaning to‘liq matni Ozodlikka o‘zbekistonlik farmatsevtlarning Telegramdagi kanalidan keldi.

Murojaatga sabab bo‘lgan bayonot

Vrachlar ham dorixona ochishi mumkinligi o‘tgan haftada e’lon qilingandi.

25 avgustda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi mulozimi bunday dedi:

“Bugungi kun faqat oliy farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar dorixona mudiri sifatida ishlashiga talab bo‘lgan bo‘lsa, endilikda qonunchilikka o‘zgartish kiritish bo‘yicha topshiriqlar berildi, oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar ham dorixona mudiri sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi. Demak, meditsina oliygohlarini tugatgan shaxslar ham dorixona ochishi mumkin degan ma’noni bildiradi.

Farmatsevtlarning tashvishi shu bayonot bilan bog‘liq. Davlat rahbariga qilingan murojaatda, jumladan, bunday deyilgan:

“Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana realizatsiyasiga ruxsat beruvchi litsenziya shu kunga qadar faqat oliy farmatsevtik ma’lumoti bo‘lgan professional mutaxassislarga shaxsan o‘zingizning tashabbusingiz bilan tashkil etilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan berib kelingan. Bu esa xalq salomatligi va davlat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi farmatsevtika sohasiga professional yondoshish imkonini bergan. Tibbiyot xodimlariga farmatsevtik faoliyat yuritish uchun litsenziya berilishi katta va kechirilmas xato bo‘ladi”.

Farmatsevt: "Vertolyot haydaydigan uchuvchi samolyotni boshqarolmaydi"

30 yillik ish tajribali farmatsevt-provizor vrachlarga dorixona ochishga nega ruxsat berilayotganini tushunmayotganini aytarkan, “bunday tajriba boshqa davlatlarda yo‘q”¸ deydi.

Farmatsevt-provizorning fikricha, provizorlik ishi, uning mas’uliyati nimadan iborat ekanligini, dorilarni saqlash tartib-qoidalarini vrachlar tasavvur ham qilolmaydi. Masalaga “vertolyot haydaydigan uchuvchi samolyotniyam boshqaraveradi deganday fikr bilan yondoshmaslik kerak”, deydi farmatsevt-provizor.

10 yil tajribali farmatsevt Komila Mavlonova Ozodlik bilan suhbatda vrachlarga dorixona ochishga ruxsat bermaslik kerakligini aytarkan, bunday dedi:

"Birinchidan, farmatsevtika institutlarida “Farmatsevtika iqtisodiyotini tashkil qilish” kafedrasi bor. Bu kafedrada bo‘lg‘usi farmatsevtlar 3- kursdan 5- kursgacha farmatsevtika iqtisodiyoti ikir-chiqirlarini o‘rganadi. Bu sohani vrachlar bilmaydi. Ikkinchidan, hozir O‘zbekistonda vrachlar firmalar bilan ishlayapti. Ya’ni vrachlar kasallarga o‘sha firmalarning dorisini yozib beradi va evaziga mukofot oladi. Mana shunday sharoitda vrachlar apteka ochsa, sohada korrupsiya yanada kuchayib ketadi".

Agentlik izohi

Ozodlik Farmatsevtlarni tashvishga solayotgan savollarga javob olish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan bog‘landi. Agentlik mulozimi bu haqdagi ma’lumot agentlik rasmiy saytida e’lon qilingani bildirish bilan cheklandi.

Agentlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu o‘zgarishga mamlakat prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi "Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining 5-ilovasi 13-band 2-qismi asos bo‘lgan.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2020 yilning 1 noyabrigacha dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarga dorixona mudiri sifatida faoliyat yuritish huquqini berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish topshirilgan.

Vazirlik tayyorlagan loyiha www.regulation.gov.uz saytida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiradi. Hozircha bunday hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilmagan.

Vrachlar nima deydi?

Andijonlik vrach Otabek Ahliddinov vrachlarga dorixona ochishga ruxsat berishning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari borligini aytdi.

Ijobiy tomoni: Doktorlarda tirikchilik qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Chunki vrachlarning maoshi juda oz. Shuning uchun ham doktorlar dori orqali tirikchilik o‘tkazyapti. Firmalar kelib, dorimni yozib bersang, 5-10 foiz prizi bor deydi. Do‘xtirlarga maxsus kiyim-bosh olib berishadi, kompyuter olib berishadi. Do‘xtirlar o‘zlarining dorixonasini ochsa¸ bunday hamkorlik yanada kuchayadi, ya’ni ularning tirikchiligi yanada yaxshiroq kechadi.

Salbiy tomoni: Xalqqa yanada og‘irroq bo‘ladi. Farmatsevt ham, vrach ham oddiy xalq hisobiga yashaydi. Aptekalar yana ko‘payadi, vrachlarning kerak-kerak emas dorilarni yozishi yana kuchayadi. Menimcha, har mutaxassis o‘z ishini qilishi kerak. Aptekachi aptekachiligini, do‘xtir do‘xtirligini.

Navoiy viloyat, Uchquduq tuman markaziy kasalxonasi vrachi (ismi aytilishini istamadi) andijonlik hamkasbidan farqli o‘laroq vrachlarga dorixona ochish huquqi berilishini olqishladi.

“Bizning Uchquduqda ikkita apteka bor. Ovullarda yo‘q. O‘sha erlardagi qishloq vrachlik punktlarida ishlaydigan vrachlar apteka ochib oladi, yaxshiku, odamlar qiynalmaydi!”

Farmatsevtlarning Telegram kanalida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda O‘zbekistonda 14 409 ta chakana dorixona bo‘lib, mamlakat bu sohada dunyo bo‘ylab “yetakchi o‘rin”lardan biridadir.

Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.

XS
SM
MD
LG