Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:43

Belarusda yana o‘n minglab namoyishchi ko‘chaga chiqdi. Harbiylarni yoniga olgan Lukashenko norozilarni ogohlantirdi (VIDEO)


Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020
Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020

23 avgust kuni o‘n minglab belorus Minsk ko‘chalari bo‘ylab, poytaxt markaziga qadar tinch norozilik yurishida ishtirok etdi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari to‘xtamayotir.

Hozirgacha norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, uch odam o‘ldi. Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.

Yevropa Ittifoqi hamda AQSh saylovni tanqid qilib, namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan choralarni qoraladi.

Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020
Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020

Prezident Aleksandr Lukashenkoning qayta saylanishidan norozilar, saylovdan keyingi namoyishlarda politsiya tomonidan ayovsiz kuch qo‘llanganini ham keskin qoralamoqda.

Yakshanba kuni kolonnalarga birlashib, shahar markaziga yurish qilgan norozilar aksiyasini politsiya va harbiylar qattiq nazorat qildi.

Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020
Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020

Aholisi 9 yarim millionga yaqin bo‘lgan Belarusda 15 kundirki namoyishlar to‘xtamayotir.

Quyida Ozodlik radiosi muxbirlarining Minskdan uzatgan jonli dasturini tomosha qilishingiz mumkin:

22 avgust kuni prezident Aleksandr Lukashenko, mamlakat chegarasi yaqinida harbiy qo‘shinlar to‘planayotgani haqidagi xabarlar fonida, mamlakat armiyasini hozir va hushyor turishga chorladi.

Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa beloruslar "o‘z huquqlari uchun kurashishlari kerakligini" aytib, Lukashenkoning mamlakat harbiy tahdid ostida ekani haqidagi iddaolariga e’tibor bermaslikka chorladi.

Rasmiy natijalarga ko‘ra, saylovda prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagan, Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgan.

Saylovoldi rallilarida o‘n minglab odam qatnashgan Tixanovskaya aslida 60-70 foiz ovoz to‘plaganini iddao qilmoqda.

Saylov ortidan Litvaga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya, AFP xabar agentligiga bergan intervyusida, Lukashenka va uning hukumati haqida:

- Biz Belarus xalqimiz va ko‘pchilikni tashkil qilamiz. Ularga yo‘l ochib bermaymiz. Endi ulardan qo‘rqmaymiz, - dedi.

Lukashenko Polsha va Litvadagi NATO qo‘shinlari Belarus chegaralari yaqinida to‘planayotganini iddao qildi.

Grodno shahridagi harbiy bo‘lim olida so‘zlagan Lukashenka mamlakat armiyasi Belarusning hududiy birligini himoya qilishi kerakligini ta’kidladi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko harbiylar bilan, 22 avgust, 2020
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko harbiylar bilan, 22 avgust, 2020

NATO esa Lukashenko iddaolari asossiz ekanini bildirdi.

Alyans prezident iddaolariga javoban e’lon qilgan bildiruvda «Avval aytib o‘tganimizdek, NATO Belarus yoki boshqa biror davlatga tahdid solmaydi va mintaqada harbiylari sonini oshirayotgani yo‘q», deyiladi.

22 avgust kuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham Lukashenko iddaolarini rad etdi. Litva Tashqi ishlar vazirligi AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Stiven Bigan keyingi haftada Litva va Rossiyaga xizmat safari bilan kelib, Belarusda saylov ortidan kelib chiqqan bo‘hronni muhokama qilishini bildirdi.

Bigan Vilnyusda Tixanovskaya bilan ham uchrashishi xabar qilindi.

Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko hukmronligi davrida o‘tkazilgan birorta saylovni g‘arb davlatlari erkin yoki adolatli deb topmagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG